Muqaddas Rim imperiyasi


Xalqlarning buyuk ko‘chishlari davrida german qabilalari G‘arbiy Yevropa bo‘ylab joylashib, qabila harbiy sarkardalari yurtlaridan uzoq o‘lkalarda davlatlar tuzishgan va ularga qirollik qilishgan. Lekin Germaniyaning o‘zida kuchli mustaqil qirollik nisbatan kech vujudga kelgan.


Yangi qirollik

Franklar imperiyasi 843-yilda uchga bo‘linib ketganida, dastlab ularning hammasini Buyuk Karlning avlodlari boshqargan. Lekin 919-yili Sharqiy Frank qirolligida (bo‘lajak Germaniya) mahalliy zodagonlar knyazlardan eng qudratlisi bo‘lgan Saksoniya gersogi Genrixni qirollikka saylaydi. Natijada franklarning karolinglar sulolasi o‘rniga mahalliy saksoniyaliklar sulolasi hokimiyatga keladi. Shu tariqa yangi davlat – Germaniya qirolligi barpo etiladi. Genrix I uzoqni ko‘zlab, aql bilan ish boshlab, mamlakatni kuchaytirish yo‘lini tutadi.

Zodagonlar gersog Genrixga qirol etib saylanganini bildirishmoqda.

Vengerlar bilan 9 yilga tinchlik sulhi tuzgan qirol mamlakat mudofaa qudratini yuksaltirish maqsadida qator tadbirlarni amalga oshiradi. Genrix qishloqda yashaydigan har 9 kishidan bittasini tanlab, uni burg (qal’a)ga ko‘chiradi.
To‘planganlar burgda o‘z birodarlari uchun ham uy-joy qurishga kirishadi. Qishloqda qolgan sakkiz kishi o‘zlarining jangchilikka tayinlangan sheriklari uchun ham dehqonchilik qilgan. Genrix barcha yig‘inlar, cherkov soborlarini, bazmlarni burgda o‘tkazishni buyuradi. Qurilish kecha-yu kunduz davom etgan, sulh muddati tugaguniga qadar aholining asosiy mulki burglarda bo‘lishi lozim edi.


Vengerlar bilan kurash

Genrix I ning o‘g‘li Otton I (936–973) davrida kuchli nemis otliq qo‘shini vujudga keldi. Uning asosini og‘ir qurollangan ritsarlar otliq qo‘shini tashkil etgan. Burglarga tayangan yangi otliq qo‘shin ko‘magida Otton I vengerlar bilan hal qiluvchi jangga shaylanadi.

Muqaddas Rim imperiyasi imperatorlarining toji.

955-yilda Bavariyaning Lex daryosi bo‘yida bo‘lib o‘tgan og‘ir jangda vengerlar mag‘lub etiladi. Shundan so‘ng ularning Germaniyaga bosqinlari to‘xtaydi.


Yangi imperiya

O‘zidan avval hech kim yenga olmagan dushmanni mag‘lub etgan Otton I o‘zini Yevropadagi eng kuchli qirol deb hisoblay boshlaydi. Ushbu g‘alaba unda Buyuk Karl singari Rimda imperatorlik tojini kiyish hamda imperator unvonini olish istagini uyg‘otadi.

962-yilda o‘z qo‘shini bilan Rimga kelgan Otton I ga papa Ioann XII imperatorlik tojini kiydiradi. Yangi imperiya – Muqaddas Rim imperiyasi nomini oladi. Uning tarkibiga Germaniya yerlaridan tashqari Italiyaning shimoliy hududlari ham kirgan, lekin bu yerdagi shaharlar german imperatorlariga hech qachon to‘liq bo‘ysunmagan. Shunga qaramasdan, har bir german qiroli taxtga kelganidan so‘ng o‘z qo‘shini bilan Alp tog‘lari orqali Italiyaga yurish qilib, Rimda imperatorlik tojini kiyardi.

German imperatorlari o‘z davlatlarini qadimgi Rimning davomchisi deb hisoblagan.
Zamondoshlari «dunyo mo‘jizasi » deb nomlagan Otton I ning nabirasi Otton III Rimni ulkan davlatning poytaxtiga aylantirish orzusida bo‘lgan. U butun xristian dunyosi Rim imperatori hukmida birlashishi lozim deb hisoblagan. Tabiiyki, butun dunyo xristian imperiyasi haqidagi orzularning amalga oshishi mushkul ish edi.
Shunga qaramasdan, german monarxlari o‘z davlatlarini Rim imperiyasi, keyinroq Muqaddas Rim imperiyasi deb atashda davom etadi. Bu davlat uzoq asrlar davomida hukm surgan. Muqaddas Rim imperiyasi 962-yildan 1806-yilgacha hukm surgan. Xristian katolik cherkovi homiyligida bo‘lgani uchun unga «muqaddas» nomi berilgan.


German imperatorlari va cherkov

Yirik mamlakatni boshqarish uchun joylarda qirolning buyruqlarini bajaradigan amaldorlar bo‘lishi lozim edi. Ilk o‘rta asrlarda esa faqat taraqqiy etgan va boy jamiyatgina minglab amaldorlarni ta’minlashi mumkin bo‘lgan. X asrda Germaniya aholisi imperatordan koʻra o‘z gersoglarining gapiga ko‘proq quloq solgan. Bunday vaziyatda Otton I va uning vorislari o‘ziga xos usul qo‘llagan. Ular cherkov tashkilotlaridan o‘z maqsadlarida foydalanishgan. Tarixdan ma’lumki, frank qirollari davridayoq yepiskoplar ularning ishonchli xizmatchisi hisoblangan. Otton I bu borada yanada ilgarilab ketadi. U Germaniyadagi yepiskop va abbatlarga yer-mulk, boyliklardan tashqari ko‘plab huquq va imtiyozlar beradi. Natijada cherkov zodagonlari o‘z imkoniyatlari, hokimyatlari bo‘yicha gersog va graflardan kam bo‘lmagan. Ular har qanday kishini hukmdor irodasiga bo‘ysundirishga qodir edi.
Imperatorning o‘zi esa kerakli odamni cherkov lavozimiga tayinlagan, zarur bo‘lsa yepiskoplarni va hatto, Rim papalarini hech qiyinchiliksiz almashtirgan. Xususan, Otton I Rimda ko‘plab yepiskoplar ishtirokida o‘zi yoqtirmagan papalardan birining ustidan sud jarayonini uyushtirib, uni tahqirli holatda vazifasidan chetlatgan. Uning vorisi Otton III esa o‘zining ustozi Gerbertning Silvestr III (999–1003) nomi bilan Rim papaligiga saylanishiga erishgan.

Otton I rafiqasi bilan.