Mamlakatdagi ichki vaziyat
Kushonlar imperiyasining inqirozidan so‘ng, Hindistonda hokimiyatni egallagan Chandragupta I (320–340) guptalar sulolasiga asos soladi. Guptalar davlatining poytaxti Pataliputra shahri bo‘lgan. IV asrning so‘ngida – guptalar imperiyasi gullab-yashnaydi. Ayni shu paytdan boshlab Hindistonda yer egaligi munosabatlari vujudga keladi.
Hukmdorlar o‘z yaqinlari – amaldorlari, harbiy boshliqlariga yer-mulklar in’om etgan. Natijada yirik yer egalari tabaqasi shakllanadi. Ular dehqonlarning soliqlar to‘lashidan tashqari, mehnat majburiyatlarini o‘tashini ham joriy etadi. Ilk o‘rta asrlarda mamlakat aholisining kasta-varna (toifa)larga bo‘linishi: braxmanlar, kshatriylar, vayshilar va shudralar saqlanib qoladi.
Guptalar davridagi temir ustun. V–VI asrlar.(12-id-45 p 54).
Hindistonda shakllangan ijtimoiy munosabatlar sof feodal ko‘rinishda bo‘lmasdan, qulchilik udumlari ham ma’lum darajada saqlanib qolgan. Ammo qullar mehnatidan ishlab chiqarishda emas, ko‘pincha uy yumushlarida foydalanishgan. Xo‘jayin qulni yegulik bilan ta’minlashdan tashqari unga yilda bir marta kiyim ham olib bergan.
Mamlakatda siyosiy tarqoqlik
VI asrda Hindistonga bostirib kirgan eftaliylar hujumlari ostida guptalar imperiyasi parchalanib, istilochilar mamlakatning katta qismini qo‘lga oladi. Knyazlar bilan rojalar o‘rtasida tinimsiz urushlar bo‘lib turgan. Qo‘lga kiritilgan o‘ljalar va yerlar g‘oliblar orasida taqsimlangan. In’om etilgan yer maydoni grass («bo‘lak» yoki «qultum») deb nomlanib, uni olgan shaxs harbiy xizmat o‘tab berishi lozim bo‘lgan. O‘z xonadoniga mansub bo‘lmagan amaldorlarga rojalar yerni ma’lum muddatga foydalanishga bergan. Bunday yerlar patta («yorliq» yoki «yorliqqa olingan yer») deb nomlangan. Pattadan alohida xizmat ko‘rsatgan kishilarni taqdirlash uchun ham foydalanishgan. Mulkchilik munosabatlari mustahkamlanib borishi bilan patta yerlari ham avloddan-avlodga o‘tadigan merosiy mulkka aylana boshlagan.
O‘zaro urushlardan kuchsizlanib borgan Hindistonni chet bosqinchilar ham talagan. Xususan, arab xalifaligining parchalanishidan vujudga kelgan musulmon davlatlari hukmdorlari XI asrda Hindistonga hujum boshlaydi. G‘azna hukmdori Mahmud G‘aznaviyning qo‘shinlari XI asr boshlarida mamlakat shimoliga 17 marta bosqinchilik yurishlari uyushtirgan. Ma’lum muddat o‘tib Hindistonning shimoliy qismi musulmon hukmdorlari tomonidan to‘liq bosib olinadi.
Aholining mashg‘ulotlari
Sharq xalqlari ertaklarida Hindiston afsonaviy boyliklar mamlakati sifatida tasvirlangan. Yevropada hind rojalarining boyliklari haqida turli afsonalar tarqalgan.
Aslida ushbu boyliklar xalqning mashaqqatli mehnati evaziga yaratilgan. Dehqonlar daryolardan kanal va ariqlar chiqarib, yangi yerlarni o‘zlashtirgan va undan yiliga 2-3 marta hosil olgan. Serunum maydonlarda sholi, paxta, shakarqamish, ziravorlar va choy yetishtirilgan. Asrlar o‘tib bu ekinlar qo‘shni mamlakatlarga ham tarqalgan.
Hind hunarmandlari o‘z mahoratlari bilan shuhrat qozongan. Ular tomonidan tayyorlangan zargarlik buyumlari, oltin va kumushdan yasalgan idishlar Hindistondan chetda ham yuksak baholangan. Fil suyagi, yog‘ochning qattiq navlaridan yasalgan odam va hayvonlar haykalchalari, faqat hind rojalarining emas, xorijiy davlatlar hukmdorlari saroylarini ham bezagan. Yog‘ochdan yasalgan oddiy dastgohlarda to‘quvchilar nafis gazlamalar tayyorlagan.
Savdo-sotiq aloqalari
Hindistonning g‘arbida ko‘plab dengiz porti shaharlari bo‘lib, ularga chet o‘lkalardan turli buyumlar keltirilar va, o‘z navbatida, hind hunarmandlari tayyorlagan xilma-xil buyumlar dunyoning turli burchaklariga olib ketilardi.
Eng yirik port-shahar Kalikut hokimini «dengiz xo‘jayini» deb atashardi.
Shaharlardagi gavjum bozorlarda mahalliy va boshqa mamlakatlardan keltirilgan buyumlar sotilardi. Xitoy, Afrika, Arabiston, O‘rta Osiyodan ko‘plab savdogarlar mato, zargarlik buyumlari, atir-upalar, ziravorlar olish maqsadida hind shaharlariga kelishardi.