Germaniya



Mamlakat xo‘jaligi

Germaniyada ishlab chiqarish kuchlarining o‘sishi XII asrdan boshlanadi. O‘rmonlar kesilib, botqoqlar quritilib ekinzorlarga aylantirila boshlanadi. Mehnat qurollarining takomillashuvi hosildorlikni oshiradi. Donli ekinlardan tashqari zig‘ir yetishtirish, bog‘dorchilik, uzumchilik rivojlanadi. Qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti shaharlarning vujudga kelishi, yuksalishi bilan bevosita bog‘liq edi. Kyoln, Vorms, Frankfurt, Ulm, Nyurnberg, Augsburglar yirik hunarmandchilik va savdo markazlariga aylanadi. Germaniya shaharlari qo‘shni Fransiya, Niderlandiya, Italiya, Vengriya, Bolqon yarimorolidagi mamlakatlar bilan qizg‘in savdo-sotiq olib borgan. Nemis hunarmandlari ishlab chiqargan movut, surp, metalldan yasalgan qurol-aslahalar, buyumlar boshqa o‘lkalarda ham qadrlangan.


Siyosiy taraqqiyot

Shtaufenlar sulolasining eng mashhur vakillaridan biri Fridrix I Barbarossa (1152–1190) edi. Dastlab Fridrix o‘z istilolarini salib yurishlari tufayli boyib ketgan Italiya shaharlariga qaratadi. Bunga faqat Milan va Lombardiyaning bir necha shaharlari qarshi chiqadi. 1158-yilda Ronkal vodiysida chaqirilgan seym (kengash) imperatorning Italiyadagi hokimiyatini cheklanmagan deb e’tirof etadi. Fridrix I ning Bolonyadan taklif etgan eng bilimdon huquqshunoslari uning xizmatiga kirib, qonunlar majmualarini tuzib beradi. Bu qonun to‘plamlarida Fridrix I «yerdagi jonli qonun» deb e’tirof etiladi.

Fridrix I Barbarossa.

Mavjud vaziyatda Milan boshchiligida Lombardiya shaharlari bosqinchilarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradi. Qo‘zg‘olonni bostirish davomida Milan aholisiga sakkiz kunda shaharni tashlab ketish sharti qo‘yiladi. Lekin Milan XII asrning 60-70-yillarida qayta tiklanib, yangi jangga hozirlik ko‘ra boshlaydi. 1176-yilda Lenyano jangida Liga qo‘shini imperator ritsarlarini tor-mor qiladi. Fridrix I Shimoliy Italiya shaharlariga kommuna – erkinlik huquqini berishga majbur bo‘ladi.


Innokentiy III

Germaniya siyosatiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan Rim papasi bo‘ldi. U deyarli barcha tomonidan unutilgan Barbarossaning 18 yoshli nabirasini dastlab german knyazlari 1212-yilda qirol deb tan olinishiga erishadi. Keyingi papaning qo‘llashida Fridrix II oradan sakkiz yil o‘tib imperator deb e’lon qilinadi. Fridrix II imperatorligining yigirma yilidan ko‘pini Italiyada, Sitsiliya qirolligida o‘tkazadi.

Rim papasi Innokentiy III.

Uning saroyida arab, vizantiyalik va yahudiy olimlar to‘plangan. Fridrixning o‘zi arab va yunon tillarini bilgan, lotin va italyan tillarida ijod qilgan. Uning Palermodagi saroyi arab xalifalarining saroylarini eslatar edi. Imperator Sharq musiqasi, raqslari, Sharq adabiyoti va she’riyati, Sharq me’morchiligining muxlisi bo‘lgan. Sharq hukmdorlarining ayrimlari bilan do‘st tutingan. Imperator mamlakat bo‘ylab harakatlanganida uni jangchilar va filbonlar o‘tirgan fillar kuzatib borgan. Fillar ortidan tuyalar, yo‘lbarslar, sherlar, qoplonlar yetaklab yurilgan. Fuqarolarda bu jarayon kuchli taassurot qoldirgan. Fridrix II devonxonasida lotin tilining nozik jihatlaridan foydalanib, maktublar, hujjatlar bitilganki, unga butun Yevropa taqlid qilgan. Fridrix II yozgan «Qushlar bilan ov qilish» asari uning bu sohadan yaxshi xabardorligidan darak beradi; asar hozirgacha saqlanib qolgan. Imperator qator maktablar va Neapol universiteti asoschisidir. U cherkov yoki shahar kengashi emas, hukmdor tomonidan tashkil etilgan birinchi universitet bo‘lgan.

Fridrix II.

Zamondoshlari Fridrix II ning g‘ayritabiiy qobiliyati va qudratiga qoyil qolib, unga «Jahon hayrati» deb nom berishgan. Fridrix II ning vafotidan so‘ng papalar tarafdorlari shtaufenlar sulolasining vakillarini taxtdan chetlatishga intilishgan. Germaniyada yigirma yil davomida umuman imperator saylanmaydi. Knyazlar 1273-yilda to‘planib Rudolf Gabsburgni taxtga o‘tqazadi. Ammo Gabsburglarning dastlabki boshqaruvi uzoq davom etmagan Lyuksemburglar sulolasiga qarshi kurash olib boradi. Gabsburglarning 369 yillik imperatorlik davri faqat 1437-yildan boshlanadi. Germaniyada Saksoniyaliklar, Frankoniya, Shtaufenlar, Lyuksemburglar, Gabsburglar sulolalari hukmronlik qilgan.


German shaharlari

Nemis knyazlari, salibchi ritsarlarning Boltiqbo‘yidagi istilolari Germaniyaning shimolidagi shaharlarning yuksalishiga yo‘l ochadi. Bu shaharlar XIV asrning o‘rtalariga kelib Ganza ittifoqiga birlashadi. Bu ittifoq faqat iqtisodiy masalalar hamda savdo-sotiq bilangina shug‘ullanib qolmasdan, XIV asrning 70-yillarida Shimoliy dengizda savdodagi raqobatchisi Daniya qiroliga jiddiy zarba beradi. Ganza ittifoqidan tashqari so‘nggi o‘rta asrlarda Germaniyaning boshqa qismidagi shaharlar ham yuksaladi. Dunay sohili bo‘ylab joylashgan 90 ta shaharni birlashtirgan Shvabiya ittifoqi Italiya shaharlari bilan bevosita savdo qilgan. Augsburg, Ulm va Nyurnberg shaharlari movut, surp, ip-gazlamalar ishlab chiqarishda, metall buyum, qurol-aslahalar yasashda yetakchi o‘rinni egallagan. Germaniya shaharlari Ganza va Shvabiya savdo ittifoqlariga birlashadi. Reyn daryosi bo‘ylab joylashgan shaharlar Kyoln, Vorms, Strasburglarda metall ishlab chiqarish va movut to‘qish rivojlangan. Bu shaharlar Niderlandiya, Fransiya va Italiya bilan savdo-sotiq olib borgan.