Xalqlarning buyuk ko‘chishlari
Milodning ilk asrlarida Osiyodagi xunn, Yevropadagi german qabilalarida mulkiy tabaqalanish kuchayib, ular zaiflasha boshlagan Rim imperiyasiga bosqinlarini kuchaytirishgan. Milodiy IV–VI asrlarda Yevropani Xunn qabilalari boshlab bergan «Xalqlarning buyuk ko‘chishlari» jarayoni qamrab oladi. Ushbu jarayonning o‘ziga xos bir qancha sabablari bo‘lgan. Avvalo, german qabilalarida aholi sonining ko‘payib borishi natijasida yangi yerlarga bo‘lgan talabning oshishi, mulkiy tabaqalanish kuchayishi german qabilalarini yangi hududlarni egallashga undadi.
Bundan tashqari, xunnlarning IV asrdan boshlab Sharqdan ko‘chishlari va hujumlari ko‘plab varvar qabilalarini o‘z yerlaridan siljishga majbur qilgan. Yevropada II asrdan iqlimning soviy boshlashi keyingi asrlarda ekinzorlarni qo‘riqqa, suv havzalari va ularga yaqin yerlarni esa botqoqliklarga aylantirdi. Ushbu omillar xalqlarning yashashi va xo‘jalik yuritishi uchun yangi qulay hududlarni izlashiga turtki bo‘lgan.
IV–VI asrlar Yevropa xalqlari tarixi uchun «buyuk ko’chishlar davri» hisoblanadi.

Varvarlar.
German qabilalari va ularning mashg‘ulotlari
Rim imperiyasining shimoli-sharqiy chegaralari bo‘ylab joylashgan varvar qabilalari milodiy asr boshlarida ham urug‘chilik jamoasi darajasida yashar edi. Qadimgi german qabilalari (franklar, vestgotlar, ostgotlar, vandallar, burgundlar, langobardlar) Reyn va Elba daryolari havzasida joylashgan.

German qabilasi.

Temir tishli omoch.
Urug‘ jamoalari hamkorlikda o‘rmondagi daraxtlarni kesib, yangi yerlar ochgan.
Yerga oddiy yog‘och so‘qa bilan ishlov berilishi, yerning o‘g‘itlanmasligi ekinzorlarning kuchsizlanib, 2–3 yildan so‘ng hosilning keskin kamayishiga olib kelgan. Germanlarda keyinchalik omochdan temir plugga o‘tilishi mehnat unumdorligiga, hosilning oshishiga sabab bo‘lgan.
Rimliklar madaniy taraqqiyotning ancha quyi pog‘onasida turuvchi xalqlarni “varvarlar” deb atagan.
Qadimgi germanlar tarixi haqidagi boy ma’lumotlarni Yuliy Sezarning “Galliya urushi haqida xotiralar” va rim tarixchisi Tatsitning ”Germaniya” asarlarida uchratamiz.
Asrlar o‘tib dehqonchilikda almashlab ekish qo‘llana boshlandi. Milodiy IV asrdan bahorgi va kuzgi bug‘doy o‘rniga dukkakli ekinlar ekish, haydalgan yerni ikki dalaga bo‘lib (shuning uchun bu uslub ikki dalali almashlab ekish deyiladi) biriga don sepib, ikkinchisini shudgor qilib dam berish hamda ularni har yili almashtirib turish yo‘lga qo‘yilgan. Bu hosil miqdorini oshirish bilan bir vaqtda ekinzorlarni tez-tez almashtirish zaruriyatidan xalos etadi. Germanlar don va dukkakli ekinlardan tashqari poliz mahsulotlari, sabzavotlar, shu jumladan, karam yetishtirishgan.

Ikki dalali almashlab ekish
Germanlarda hunarmandchilikning to‘qimachilik, yog‘ochsozlik (xususan, qayiq yasash), zargarlik, teriko‘nchilik sohalari taraqqiy etgan. Ichki savdoda eng muhim ashyo temir buyumlar hisoblangan. German qabilalari qo‘shnilari bo‘lgan rimliklarga qullar, chorva mollari, teri, qahrabo1 yetkazib berib, ulardan vino, nafis gazlamalar, sopol idishlar, zeb-ziynat buyumlari olishgan. Savdo mol ayirboshlash shaklida bo‘lib, faqat imperiya bilan chegara hududlarda rim puli ishlatilgan.
Germanlarning ijtimoiy tuzumi
Germanlar jamoasi davlat vujudga kelguniga qadar urug‘chilik bosqichini boshdan kechirgan. IV asrda mulkiy tengsizlik kuchayib, jamoalar boylar va kambag‘allarga ajrala boshladi va zodagonlar, erkin kishilar hamda yarim ozod kishilar toifalari shakllangan. Mulkiy tabaqalanish natijasida ularda konung – zodagonlar yo‘lboshchisi shakllanib, mavqeyi kuchaya borgan.
Konung — qabila boshlig‘i, zodagonlarning oliy vakili.
Normann qabilalarida – harbiy yo‘lboshchi. Germanlar hayotida qabila harbiy qo‘shin boshliqlari o‘rni ham muhim bo‘lgan. Harbiy o‘ljaning katta qismi yo‘lboshchiga tekkan. Sababi, u bo‘linmasi jangchilarini ot, qurol-aslaha, turar joy, oziq-ovqat bilan ta’minlagan.
German qabilalari IV–V asrlardan keng hududlarni nazorat qiluvchi qabila ittifoqlariga birlasha boshlagan. Alemann, got, frank qabila ittifoqlari bir necha yuz ming kishidan iborat bo‘lgan. Qabilalarning oliy organi hisoblangan xalq yig‘inlari sekin-asta o‘z ahamiyatini yo‘qota borib, harbiy bo‘linmalar va ular yo‘lboshchilarining obro‘si oshgan.
Alemann, got, franklar – germanlarning eng yirik qabilalari.
Chegara hududlaridagi ayrim qabila boshliqlari Rim noiblariga yollanma harbiy xizmatga o‘ta boshlagan. Bu harbiy bo‘linmalar Rim qo‘shinlari yurishlari paytida alohida jangovar birlik sifatida qatnashgan. Ba’zida german qabilalari imperiya chegaralarini tashqi dushmanlardan himoyalash vazifasini zimmasiga olgan.
Xristian dini tarqala boshlashi natijasida ijtimoiy taraqqiyot yanada tezlashgan.
Rim imperiyasiga bosqinlar
Zaiflashib qolgan Rim qo‘shni varvarlar hujumini to‘xtata olmagan. Qulchilik zulmidan aziyat chekkan mahalliy aholi german qabilalariga qarshi chiqmay, ba’zida ular tomoniga o‘tib ketgan. V asr boshlarida Pireney yarimoroli va Galliyaning bir qismida dastlabki varvarlar davlati — Vestgot qirolligi tashkil topdi. German qabilalari keyinchalik bosib olingan yerlarda: vandallar (Shimoliy Afrikada), ostgotlar (Italiyada), franklar (Galliyada), angl-sakslar (Britaniyada) o‘z davlatlarini tuzgan.

Vestgotlar.
Germanlar istilosi 476-yilda G‘arbiy Rim imperiyasining qulashiga sabab bo‘lgan.
Yevropada yangi — feodal jamiyatiga o‘tish davri boshlangan.