Filipp IV va Papa
Fransiyani markazlashtirishni davom ettirgan Filipp IV (1285–1314) o‘z qirolligining boshlarida Shampan grafligi, Lion shahri va viloyatini qirol domeniga qo‘shib oladi. Uning keyingi harakatlari mamlakat shimolidagi yirik savdo-hunarmandchilik shaharlarini birlashtirgan Flandriyani egallashga qaratiladi. Yevropa hukmdorlaridan Filipp IV birinchi bo‘lib katta yer-mulklarga egalik qilayotgan cherkovdan soliq talab qiladi. Rim papasi Bonifatsiy VIII (1294–1303) ruhoniylarga Fransiya qiroliga soliq to‘lashni man etishdan tashqari, Filipp IV dan Flandriyaga qarshi urushni to‘xtatishini talab qiladi. Fransiya qirolining Papa xohish-irodasiga bo‘ysunmaganligiga javoban Bonifatsiy VIII Filipp IV ning cherkovdan xoliligini tantanali e’lon qilish uchun tayyorgarlikka kirishadi.

Avinondagi papa qarorgohi.
General shtatlar
Bunga javoban Fransiya qiroli 1302-yilda uch toifa vakillari: ruhoniylar, dvoryanlar va shaharliklarni chaqirib, ularga papa bilan mojaroni muhokama qilishni taklif etadi. Fransiyada birinchi va ikkinchi toifalar soliq to‘lamagan, uchinchi toifadan asosan boy shaharliklar chaqirilgan. General shtatlar (yalpi toifalar) – Fransiyadagi oliy tabaqaviy-vakillik muassasasi. Dvoryanlar (nomdor zodagonlar) – feodallar toifasining imtiyozli qismi. Imtiyozlar merosiy bo‘lgan
Keng jamoatchilik ko‘magiga tayangan Filipp IV papaga qarshi harakatni boshlab, to‘liq g‘alaba qozonadi. Fransiya arxiyepiskopi papalikka saylanadi. Uning davrida papa qarorgohini Rimdan Fransiyaning janubi – Avinon shahriga ko‘chrib o‘tkazishga qaror qilinadi. Avinon fransuz qiroli mulkiga kirmasa-da, albatta, uning bu yerdagi ta’siri katta edi. Papalarning Rimga qaytishi uchun qariyb 70 yil kerak bo‘ldi. Bu yillar (1309–1377) Rim cherkovi tarixida «papalarning Avinon tutquni» nomini oladi.
Filipp IV boshlagan «tampliyerlar ishi» ham Yevropada katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. 1307-yilda ordenning ko‘pchilik a’zolari va buyuk magistri qamoqqa olinadi. Ordenning bitmas-tuganmas boyliklari haqidagi mish-mishlar ularning boshiga balo bo‘ladi. «Avinon papa»sidan rozilik olib, tampliyerlarning mol-mulklari musodara qilina boshlanadi. Ko‘plari qiynoqqa solinib, gulxanlarga tashlanadi. Buyuk magistr 1314-yilda o‘limga mahkum etiladi. Shu tariqa XIV asrda Fransiyada toifaviy monarxiya, ya’ni toifa vakillari yig‘iniga tayanadigan, markazlashgan davlat shakllana boshladi.