Fransiyada mutlaq monarxiya



Yuz yillik urushning davomi

1360-yilda Angliya Fransiyaga taklif etgan tinchlik sulhi bo‘yicha mamlakat hududlarining 1/3 qismi inglizlarga o‘tadi. Fransiya qiroli Karl V harbiy islohotlar o‘tkazib, kuchli flot va to‘pchilar qo‘shini tuzishga kirishadi. Yagona qo‘mondonlik joriy etilib, uning vakolatlari kengaytiriladi. Ushbu lavozimga tayinlangan Dyugeklan yirik janglarga kirmasdan kichik janglar orqali deyarli barcha hududlarini inglizlardan ozod qiladi. Lekin urushdagi g‘alabalar uzoqqa cho‘zilmaydi.

Karl V Dono.

Qirol saroyidagi kelishmovchiliklardan foydalangan inglizlar 1415-yilning kuzida Normandiyaga qo‘shin tushiradi. Azenkur jangida yana fransuzlar qo‘shini tor-mor etiladi. Mamlakatning yarmi angliya qo‘liga o‘tib, cherkov va ruhoniylar ingliz qirolini tan olishadi. Burgundiya gersogi ham inglizlar tomoniga o‘tadi. Uning ko‘magida inglizlar Parijni egallaydi.

Ko‘p o‘tmay, 1420-yilda tuzilgan sulh shartnomasida Angliya qirolining Fransiya malikasidan tug‘ilajak o‘g‘li birlashgan Angliya va Fransiyaning qiroli bo‘lishi ko‘rsatiladi. Fransiya qirolining o‘g‘li hokimiyatdan mahrum etiladi. Ayni paytdan yuz yillik urushning xususiyati o‘zgarib, ingliz qo‘shinlariga qarshi oddiy xalq ko‘tariladi.


Orlean qizi

Ingliz qo‘shinlari orleanga hal qiluvchi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda Karl huzuriga 16 yoshli oddiy dehqon qizi Janna d’ark kelib, uni fransuzlar g‘alabasi muqarrar ekanligiga ishontiradi. Jannaga ritsarlar qo‘shini berilib, orleanni ozod qilish uchun yo‘llangan qo‘shin tarkibiga kiritiladi. Bir necha kun davomida inglizlar qurgan istehkomlar yanchib tashlanib, shahar qamaldan ozod qilinadi. Bu voqeadan so‘ng Jannani «orlean qizi» deb atay boshlashadi. Jannaning qahramonligidan ilhomlangan fransuzlar barcha hududlarda bosqinchilarga qarshi urush boshlaydi.

Reymsda – Fransiya qirollarining an’anaviy toj kiyadigan shahrida Karlning toj kiyish imkoniyati paydo bo‘ladi. Karl VII (1422–1461) Fransiya qiroli bo‘lgach, uning mamlakat va Yevropadagi nufuzi keskin oshadi. Janna d’arkning shuhrati oshib borishi qirol saroyi a’yonlarining hasadini kuchaytiradi.

Janna d’Ark Karl VII ning toj kiyish marosimida.

1430-yilda Kompen qal’asi uchun janglarda Janna burgundlar tomonidan asirga olinib, inglizlarga topshiriladi. Fransiya qiroli qahramon qizni qutqarishga urinib ham ko‘rmaydi. Cherkov sudi Jannani o‘limga hukm etib, 1431-yilning 30-mayida Ruan shahri maydonida gulxanda yondiradi.


Urush yakunlari

Jannaning qahramonligi fransuzlarning vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirib, ozodlik urushida keskin burilish yasaydi. Inglizlarning ketma-ket mag‘lubiyatlari 1453-yilda sulh tuzilishi bilan tugaydi. Ular ixtiyorida faqat Kale porti qoladi.

G‘alaba qirol hokimiyatining kuchayishiga olib keladi. Qirolning muntazam qo‘shini tuzila boshlaydi. Soliqlarning muntazam yig‘ilishi orqali davlat daromadlari oshadi. Markazlashtirish yakunlari

Karl VII uning o‘g‘li Lyudovik XI (1461–1483) o‘z siyosatini Bretan va anju gersoglarini bo‘ysundirishdan boshlaydi. Bunga javoban yirik feodallar «Jamiyat baxt-saodati ittifoqi»ni tuzadi. Uning rahbari Karl Burgundskiyga qarshi Lyudovik muvaffaqiyatli kurash olib borib, Burgundiyaning g‘arbiy qismini Fransiyaga qo‘shib oladi.

Fransiya janubidagi Provans viloyati Marsel porti bilan 1481-yilda qirol hukmiga o‘tadi. Lyudovikning vorisi Karl VIII ning 1491-yilda Bretan gersogining qizi annaga uylanishi bilan Fransiya markazlashuvi yakunlanadi. XV asr oxiriga kelib butun Fransiya yaxlit markaziy hokimiyatga bo‘ysundirildi.