Franklar imperiyasi



Xlodvigning o‘g‘illari davrida Frank qirolligi chegaralari ancha kengaygan. Lekin keyinchalik sulola vakillari orasida kelishmovchiliklar boshlanib, oxir-oqibat yangi sulola taxtga kelgan.


Buyuk Karl

Karl sulola asoschisi Franklar qirolligini (800-yildan imperiyasini) 46 yil (768–814) boshqargan. “Buyuk” nomi unga tarixchilar tomonidan ko‘plab harbiy yurishlarga boshchilik qilib, yirik saltanat tuzgani, bu davlatda yangi qonunlar, maorif va madaniyatga asos solgani uchun berilgan. Karl haqida ko‘plab tarixiy asarlar, afsonalar, rivoyatlar va qo‘shiqlar yaratilgan. Uning ismidan “korol”, ya’ni “qirol” unvoni kelib chiqqan.


Italiya va Ispaniya urushlari

Karl taxtga o‘tirishi bilan istilochilik urushlarini olib borgan. Uning dastlabki harbiy yurishlaridan biri 773-yilda Germanlarning Langobard qabilasi Italiyada tuzgan davlatiga qarshi boshlanadi. Urushda g‘olib bo‘lgan Karl Italiya yerlarini grafliklarga bo‘lib, Frank qirolligiga qo‘shib oladi.

Imperator Buyuk Karl.

Karlning 778-yildagi Arab xalifaligi istilo qilgan Ispaniyaga qarshi yurishi muvaffaqiyatsiz tugaydi. Karlning jiyani graf Roland bu urushda halok bo‘ladi.
Asrlar o‘tib Roland fransuz xalq og‘zaki ijodining sevimli qahramoniga aylanadi va u haqda “Roland haqida qo‘shiq” dostoni yaratiladi. Keyingi yurishlar davomida Pireneya yarimorolining arablardan tortib olingan hududlarida tuzilgan Ispan markasi franklar davlatining chegara viloyatiga aylantiriladi.

Graf Rolandning halok bo‘lishi.


Sakslarga qarshi urushlar

Reyn daryosining o‘ng sohilida yashagan saks qabilalariga qarshi urushlar 30 yildan ortiq (772–804) davom etadi. Bu urush Karl uchun ancha murakkab kechgan. Sakslar Germanlarning Karlga bo‘ysunmagan so‘nggi yirik qabilasi bo‘lgan. Karl sakslarni har qanday yo‘l bilan xristian diniga o‘tkazishga harakat qilgan. Uzoq kurashdan so‘ng Karl sakslarni yangi dinga o‘tkazishga erishgan. Shu tariqa Saksoniya ham Buyuk Karl davlatiga qo‘shib olingan.


Franklar imperiyasi

Buyuk Karl davlati Yevropaning katta qismini egallagan; uning hududini G‘arbiy Rim imperiyasi bilan bemalol taqqoslasa bo‘lar edi. Lekin Karlning hokimiyati so‘nggi Rim imperatorlarinikidan ancha yuksak bo‘lgan. Ayni paytda so‘ngan imperiya haqidagi xotiralar VIII asrda ham G‘arbiy Yevropaning turli xalqlari va qabilalari yodida saqlanib qolgan.

Buyuk Karlning Axendagi saroyi.

Karlning maslahatchilarida uni qadimgi rimliklarga taqlid qilib, imperator deb e’lon qilish g‘oyasi tug‘ilgan. Bunday imkoniyat 800-yilda Rim mahalliy zodagonlarining papa Lev III ga qarshi isyon ko‘tarishi orqali vujudga kelgan. Karl qo‘shin yuborib isyonni bostirgan.

Bu yordam evaziga Rim papasi 800-yilning dekabrida Karlga imperatorlik tojini kiydiradi. Shu tariqa G‘arbda yangidan imperiya paydo bo‘ladi.

Buyuk Karl franklar imperiyasining mutlaq hukmdoriga aylanib, uning farmonlari faqat yirik zodagonlar, yer egalarining yilda ikki marta chaqiriladigan yig‘inida qabul qilingan.

Buyuk Karlning doimiy poytaxti ham yo‘q edi. U o‘z amaldorlari bilan mamlakat bo‘ylab harakatlanib, turli shaharlardagi saroylarida to‘xtagan, mahalliy aholiga og‘irligi tushmasligi uchun uzoq vaqt o‘tmay yana boshqa shaharga yo‘l olgan.

Ritsar.

Buyuk Karl davrida franklarda an’anaviy xalq lashkari o‘rnida otliq ritsarlar qo‘shini vujudga kelgan. Ritsarlar (nemischa ritter – otliq) bo‘linmalarida – faqat boy zamindorlar, ya’ni jangovar ot va qurol-aslahalar sotib olishga imkoniyati bo‘lgan kishilar xizmat qilgan. Hukmdorlar ritsarlarga: ot, qurol-aslahasini tartibda saqlashi, urushlar paytida oilasini ta’minlashi uchun yer-mulk in’om etgan. Bu yer-mulk – feod harbiy xizmat evaziga taqdim etilib, keyinchalik merosiy mulkka aylangan. Feodning egasi feodal deb atalgan. Zamonlar o‘tib harbiy ish faqat feodallar mashg‘uloti bo‘lib qolgan. Yirik feodallar viloyatlarga egalik qilsa, mayda feodalga ma’lum qishloq yoki uning bir qismi taqdim etilishi ham mumkin edi.


Davlat boshqaruvi

Buyuk Karlning saroy xizmatkorlari ayni paytda vazir vazifasini ham bajargan.
Moliya, soliq, harbiy a’yonlar, dasturxonchi, otxona boshlig‘i va boshqalar Franklar davlatidagi muhim lavozimlardan hisoblangan. Yirik qabilalarni gersoglar (nemischa – saylangan harbiy yo‘lboshchi, keyinchalik merosiy qabila boshlig‘i) boshqargan. Davrlar o‘tib gersog eng yuksak unvonlardan biriga aylandi. Yirik bo‘lmagan hududlarni imperator tayinlagan graflar (nemischa – qirol tayinlagan amaldor) boshqargan. Gersog unvoni avvaldan merosiy bo‘lsa, graflarni imperator tayinlagan. Buyuk Karl o‘z davlati chegaralarini mustahkamlash maqsadida markalar (nemischa – chegara harbiy viloyati) tuzib, ularni markgraflar (nemischa – chegara viloyati hokimi) boshqargan.

Yepiskoplar, yirik monastirlar abbatlari imperatorning joylardagi vakillari sifatida uning buyruqlarini bajargan. Safarlari paytida Buyuk Karl yepiskoplar va graflarning ishlari qanday ketayotganini tekshirgan. Agar suiiste’molliklar aniqlansa, javobgar darhol lavozimidan ozod etilgan. Imperatorning o‘zi barcha graflik va yepiskopliklarni aylanib chiqishi qiyin ekanidan ishongan davlat vakillarini mamlakat bo‘ylab jo‘natar edi. Ularga mahalliy hokimlarni jazolash, almashtirish huquqlari berilgan. Franklar mamlakatining hududlari behad katta bo‘lishi nazoratni murakkablashtirgan. Barcha grafliklarni nazoratda saqlash mushkul edi. Bundan tashqari, graflar bor kuchi bilan graflikda o‘rnashishga, uni o‘z avlodlariga meros qilib qoldirishga intilgan. Bu esa franklar imperiyasining kelajakda zaiflashuvi va parchalanishiga yo‘l ochib bergan.

Yevropa hukmdorlari orasida katta hurmatga ega bo‘lgan Karl saroyiga ko‘plab elchilar kelib turishgan. Yilnomalarda yozilishicha, arab xalifasi Horun ar-Rashid o‘z elchilari orqali Karlga qimmatbaho sovg‘alar bilan birga Quddusdagi Iso payg‘ambar qabri joylashgan yerni ham taqdim etgan.


Franklar imperiyasining inqirozi

Yillar o‘tib mamlakatda graflar davlat amaldorlaridan – yirik yer egasi, o‘z viloyatining xo‘jayiniga aylana borgan. Graflikdagi erkin dehqonlar qaramlikka tusha boshlagan. Qirolning sud ishlarini boshqarishni graflarga topshirishi ham ularning hokimiyatini kuchaytirib yuborgan. Buyuk Karlning vafotidan ko‘p o‘tmay, u tuzgan imperiya inqirozga yuz tutadi. Uning nabiralari davrida mamlakat parchalanib ketadi. Verden shahrida 843-yilda tuzilgan shartnomaga binoan vujudga kelgan qirolliklar o‘rnida keyinchalik Fransiya, Germaniya va Italiya davlatlari tashkil topadi. Bu qirolliklarning har biri gersoglik va grafliklarga, ular esa yirik va o‘rta feodal mulklariga bo‘lingan. Shu tariqa Yevropada feodal tarqoqlik davri boshlangan.