Frank qabilalari
Buyuk ko‘chishlar boshlanishiga qadar german qabilalariga mansub franklar Reyn daryosi quyi oqimidagi hududlarda yashab istiqomat qilgan. Ularda urug‘chilik tuzumi mavjud bo‘lib, qabila yo‘lboshchilari harbiy ishda alohida jasorat ko‘rsatgan kishilardan saylab qo‘yilgan. Rim-gallar bilan yaqin qo‘shnichilik munosabatlarida bo‘lgan franklarning tashqi ko‘rinishi ham boshqa german qabilalaridan ancha farqlangan.

Frank jangchi.
G‘arbiy Rim imperiyasi inqirozidan keyin Galliyada rim noibi Egidiy mustaqil knyazlik tuzadi. Xuddi shu davrdan franklarning Galliyaga hujumlari yanada kuchayadi. Ularga frank qabilalaridan biri, merovinglar sardori Xlodvig boshchilik qiladi. Xlodvig tez orada o‘z raqiblarini yengib, barcha frank qabilalari ustidan hukmronligini o‘rnatadi.
486-yilda Xlodvig franklar davlatiga asos soladi. Franklar tuzgan davlat dastlab sulolalar nomi bilan atalgan. X asrdan Parij atrofidagi viloyat ilde Frans davlat nomiga asos bo‘ladi va u Fransiya deb atala boshlandi.
Franklarda xristianlikning qabul qilinishi
Varvar qabilalari yo‘lboshchilari ichida birinchi bo‘lib Xlodvig xristianlikni Rimdan qabul qiladi. Uning ketidan sekin-asta boshqa franklar ham xristianlikka o‘tadi.
Franklarning ko‘pchiligi Xlodvigning bu qarorini yoqlamagan, ammo ular o‘z qirollaridan qo‘rqqan. Rimliklar esa bu ishdan xursand bo‘lishgan. Ulardan biri “Sizning yangi diningiz bu – bizning g‘alabamiz!” – deb bejiz yozmagan edi.
Xlodvig amalga oshirgan tadbir oqilona yo‘l bo‘lgan. Xristianlik orqali Rim madaniyatining turli sohalari franklar davlatiga kirib kela boshlagan. Shu davrdan boshlab franklar va rimliklar asta-sekin yaqinlashgan.

Xlodvig
Xlodvigning xristianlikka o‘tishi unga aholi orasida ta’siri kuchli bo‘lgan gall yepiskopligining qo‘llashini ta’minlaydi. Shu tariqa xristianlikning qabul qilinishi qirolni kuchaytirib, uni o‘z qabiladoshlari orasida yangi cho‘qqilarga ko‘taradi.
Franklarda ijtimoiy munosabatlar
Franklar istilo qilgan hududlarda rimlik quldorlarning hashamatli saroylari, ulkan yer-mulklari saqlanib qolgan. Mahalliy aholining asosiy qismini rimgallar tashkil qilgan. Franklar davrida ham mamlakatda asosiy ishchi kuchi qullar va kolonlar bo‘lib qolavergan. Dastlabki paytda franklar gallardan alohida yashagan Luara daryosidan shimoldagi german qabilalari esa yana uzoq yillar urug‘ jamoa bo‘lib yashashda davom etgan. Mamlakat janubidagi Gallar esa son jihatidan german qabilalaridan ham ko‘proq bo‘lgan.
Davlat hokimiyatini mustahkamlash maqsadida Xlodvig vorislari boshqaruvi paytida qirollar alohida xizmatlari evaziga jangchilar va yaqin hamkorlariga yirik yer-mulk – benefitsiylar taqdim etgan.
Benefitsiy (lotincha) – senyorning o‘z vassaliga harbiy xizmati evaziga in’om etgan yer-mulk. Sharqda u iqto’ deb nomlangan.
Senyor (lotincha, katta) – o‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropada ixtiyorida qaram dehqonlari va mayda feodal-vassallari bo‘lgan yer egasi.
Vassallik – G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida bir feodalning boshqa feodalga bo‘ysunish tartibi.
Shu tariqa qirol va uning jangchilari, ruhoniylar, qirol saroyiga yaqin rimgall zodagonlari, quldorlardan yangi yirik yer egalari – feodallar toifasi vujudga kelgan.
Ularning yerlarida VI asr oxiridan boshlab qullar, kolonlardan tashqari o‘z erkinligini yo‘qotgan franklar ham ishlagan. Natijada, yangi jamiyatning feodallar va qaram dehqonlar kabi asosiy toifalari yuzaga kelgan.
Davlatning paydo bo‘lishi
Shimoliy Galliyada tashkil topgan frank qirolligi Xlodvigning vorislari davrida Burgundiya va Provansni bosib oladi. Franklar germanlarning tyuring, alemann, bavar qabilalarini ham bo‘ysundirib, ularni har yili o‘lpon to‘lashga majbur etadi.
Qirollar hokimiyati kuchayib borishi natijasida muhim qonunlar, qarorlar qabul qilish uchun xalq yig‘inlarini chaqirmay qo‘yadi. Qirol tomonidan qabul qilingan yangi qonunlar esa xususiy mulkchilik va tengsizlikni mustahkamlashga xizmat qilgan.
Yirik yer egalari – feodallar toifasi esa qirol hokimiyatining tayanchiga aylanadi. Davlat qirol boshchiligida yirik mulk egalarining yangi yerlarni istilo qilishini qo‘llab-quvvatlar edi.
Xlodvig davrida franklarda mamlakat viloyatlarga bo‘linib, ularni qirol tayinlagan graflar boshqara boshlagan. Graf o‘z hududlarini qirol nomidan boshqarib, aholidan soliqlarni yig‘ib olish, harbiy qo‘shinga boshchilik qilish, sud qilish kabi ishlarni bajargan. Sudning qarori bilan yig‘ilgan jarimalarning 1/3 qismi qirol xazinasiga yuborilar edi. Franklar soliq tartiblarini rimliklardan qabul qilgan.
Urug‘ jamoachilik an’analari esa har yili o‘tkaziladigan harbiy ko‘rik tarzida va mahalliy boshqaruvda saqlanib qolgan. Mahalliy boshqaruv asosini erkin franklarning yuzlik yig‘inlari tashkil etib, uning boshlig‘i, yuzboshisi – tungin deb nomlangan.
Yirik yer egaligining shakllanishi
VI asr oxiridan franklarning chek yerlari dehqon oilasining sotishi yoki in’om etishi mumkin bo‘lgan mulki – allodga aylanadi. Qirollar tomonidan chiqarilgan yangi qonunlar yerning xususiy mulkka aylanishini tezlashtiradi. Qirol Xilperik davrida yangi qonun chiqarilib, u o‘g‘il voris bo‘lmasa, yerni avvalgidek jamoaga emas, marhumning qizi, singlisi yoki ukasiga o‘tish huquqini tasdiqlaydi.
Yerning xususiy mulkka aylanishi mulkiy tabaqalanishni tezlashtirib, yirik yer egaligining o‘sishiga olib keladi. Galliyadagi Rim imperatoriga tegishli yerlarni o‘z mulkiga aylantirgan frank qirollari, uning bir qismini o‘z yaqinlari va cherkovga ham in’om etgan.
Allod (yunoncha) – yerga to‘la egalik qilish; G‘arbiy Yevropa feodal jamiyatida avloddan-avlodga meros bo‘lib o‘tadigan yer-mulk.
Yirik yer egaligi jamoa yerlari hisobiga ham kengaya boradi. Tabiiy ofatlar, qurg‘oqchilik, hosilsizlikning tez-tez takrorlanib turishi dehqonlarni o‘z yerlaridan ajralishiga, so‘ng feodaldan ijaraga yer olib ishlashga majbur etadi. Soliq to‘lashdan tashqari, yirik yer egasi ekinzorlarida ishlab berishga majbur bo‘lgan dehqon sekin-asta qaram kishiga aylana borgan.

Xlodvig “Sali haqiqati”ni o‘qib eshittirmoqda
“Sali haqiqati”
Xlodvig buyrug‘iga binoan yozilgan franklarning an’anaviy odatlari to‘plami “Sali haqiqati” deb nomlangan. Bu to‘plam Yevropadagi eng mashhur odat huquqlari yodgorligiga aylanadi. To‘plamning nomi unga faqat franklarning sali qabilasi qonunlari kiritilganini anglatadi.
Qirol aslida bu qoidalar orqali biror narsa izohtalab bo‘lsa, buning uchun qirolga murojaat qilinishi, u esa o‘z manfaatlari yuzasidan javob berishini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bundan tashqari, qirol “Sali haqiqati”ga qadimgi odatlardan o‘ziga foyda keltiradiganlarini kiritgan. Natijada, qadimgi odatlardan qirolni qoniqtirmaganlari unutilib, foydalilari to‘plamda batafsil yoritilgan. “Sali haqiqati” franklarda qirol hokimiyatining kuchayganini ko‘rsatadi.
Shunday bo‘lsa-da, “Sali haqiqati”da franklar hayoti, ularning urf-odatlari, xo‘jaligi, diniy e’tiqodlariga oid ko‘plab ma’lumotlar mavjud. Jumladan, yerning boshqa xo‘jayinga o‘tishi “sotuvchi”ning yeridagi yashil shoxcha yoki poyaning “oluvchi” yeriga berilishi bilan tasdiqlangan. Bu kelishuvni farzand va nabiralar ham qonuniy deb bilishgan.