Rim imperiyasi Britaniya orollarini istilo qilganida orol janubida kelt, britt, shimolida – hozirgi Irlandiya va Shotlandiyada – skot, pikt qabilalari yashagan.
Rim legionlari 407-yilda Britaniyani tashlab Italiyaga qaytadi. Ularning ketidan qolgan rimliklar ham Yevropaga keta boshlaydi. Shu tariqa orolning kelt aholisi o‘z holicha qoldiriladi. Kelt qabila boshliqlari esa o‘zaro urushlarga kuch beradi. Ayni paytda shimoldan pikt va skott qabilalari hujumlari boshlanadi.

Britt jangchilari.
Xavfli himoyachilar
Piktlardan himoyalanish uchun mahalliy brittlar ilk marotaba germanlarning yut, angl va saks qabilalaridan yollanma drujinalarni taklif etgan. Bu qabilalar Germaniya shimoli va Yutlandiya yarimorolida yashardi. Dastlab germanlar uchta kemada kelishadi. Lekin ko‘p o‘tmay ularning ortidan ko‘plab qabiladoshlari yo‘lga chiqadi. Germanlarning keltlardan tobora yuqori to‘lov talab qilishi, doimiy isyonlari, mamlakatni talashlari va tahdidlari kuchayib boradi. Yutlar V asr o‘rtalarida Kent viloyatini bosib oladi. Ularning izidan angl-sakslar ham keltlarga hujum boshlab, qattiq qarshilik bo‘lmaganidan mamlakatni istilo qilishga kirishadi. Angl-sakslar mahalliy aholining bir qismini qirib, ayrimlarini qullik asoratiga soladi. Shaharlar katta talafot ko‘radi, majusiy germanlar ibodatxona va monastirlarni talab, yondirib yuboradi. Istilo dahshatidan ko‘pgina keltlar qit’aga, Armorika viloyatiga ko‘chib o‘tadi. Fransiyaning shimoli-g‘arbidagi bu hudud brittlarning ommaviy ko‘chishidan so‘ng Britan nomini olib, bu nomni hozirga qadar saqlab qolgan.
Brittlar – kelt qabilalaridan bo‘lib, Britaniyaning asosiy aholisi hisoblangan.
Drujina – ko‘ngillilardan iborat harbiy bo‘linma. Ushbu bo‘linma bir necha o‘ndan bir necha yuzgacha jangchini birlashtirgan.
Qirol Artur
Britaniya oroliga bostirib kelayotgan germanlarga qarshilik ko‘rsatish Amvrosiy Avrelian nomi bilan bog‘liq. U oroldagi so‘nggi rimliklardan edi. Amvrosiy Avrelian VI asrning boshlarida brittlarni birlashtiradi. Buning natijasida u qator yorqin g‘alabalarga erishadi. Kuchli qo‘shin tuza olgan Amvrosiy Avrelian angl-sakslar tazyiqini deyarli yarim asrga to‘xtatadi.

Qirol Artur.
Kelt qabilalari xotirasida bu g‘alabalar haqidagi ma’lumotlar asrlar davomida saqlanadi. Lekin rivoyatlarda bosqinchilarga zarba bergan qahramonning ismi o‘zgargan. Dostonchilar uni Artorius yoki Artur deb atay boshlashgan. Vaqt o‘tishi bilan Artur siymosi atrofida VI asrga aloqasi bo‘lmagan ko‘plab tarixiy afsonalar to‘planadi. Oradan besh asr o‘tib ham Yevropaning turli mamlakatlari yozuvchilari qirol Artur va uning ritsarlari Lanselot, qirolicha Jinevra, sehrgar Merlinlar haqida asarlarni yaratishda davom etishadi. Bu asarlar kitobxonlar orasida keng tarqaladi.
Kurashning yakuni
Amvrosiy Avreliandan so‘ng brittlarda munosib yo‘lboshchi bo‘lmasligi angl-sakslar tomonidan orolning katta qismi bosib olinishiga imkon beradi. Bosqinga uchramagan kelt qabilalari Irlandiya va Shotlandiyada, qisman Britaniyaning g‘arbiy chekkasida saqlanib qoladi.
Istilochilar Britaniya yerlarida yettita qirollik tuzishadi. Ular turli lahjalarda so‘zlashgan, lekin yillar o‘tib angllar yashagan Mersiya shevasi tobora keng qo‘llana boshlaydi. Shu tufayli keyinchalik istilochilar muomalasidagi til ingliz, mamlakat esa Angliya nomini oladi. Bosqinchilarning ko‘plab qabilalari va bo‘ysundirilgan aholining qolgan qismi yagona xalqqa birlasha boshlaydi. Tarixda ular angl-saks nomini oladi.

Normannlar bosqini.
Yangi bosqin
Norvegiya yoki Daniya sohilidan chiqqan kema Britaniya orollariga bir necha kun ichida suzib borgan. Zamondoshlarining yozishicha, shu sababdan daniyaliklar har yili hujum qilib Angliya xalqining mol-mulkini talagan.
Xattotlik san’ati markazlari bo‘lgan Irland monastirlari normannlar tomonidan yondirilgan. Ichki nizolardan zaiflashgan angl-saks qirolliklari istilochilarni qaytara olmagan. Oqibatda normannlar 842-yilda Londonni bosib olib, talaydi va yondirib yuboradi. Keyinchalik, daniyaliklar talonchilik hujumlaridan so‘ng vatanlariga qaytmasdan Angliyada bosib olgan yerlarida qishlab qoladigan bo‘ladi.
Deyarli barcha angl-saks qirolliklari daniyaliklar tomonidan bo‘ysundiriladi.
Qarshilikni faqat Uesseks qirolligi davom ettiradi.
Qirol Buyuk Alfred
Buyuk Alfred (871—900) Uesseksda taxtga kelguniga qadar daniyaliklarni hech kim to‘xtatishga qodir bo‘lmagan. Buyuk Alfred butun Angliyadan bosqinchilarni jazolash orzusidagi jangchilarni yig‘adi. U bu qo‘shin bilan daniyaliklarni bir necha bor mag‘lub etadi.
Alfred 879-yilda daniyaliklar bilan tinchlik sulhini tuzadi. Unga binoan, butun orol ikki qismga bo‘linib: janubiy hududlar Alfredga, shimoliy hududlar esa daniyaliklarga beriladi. Chegara London va Chechter oralig‘idagi qadimgi rimliklar qurdirgan tosh yo‘l bo‘ylab o‘tadi. Skandinavlarga qoldirilgan yerlar Denlo nomini oladi.
Alfred tinchlik sulhidan yangi kuchli qo‘shin tuzish uchun foydalandi. Ma’lumki, avvallari dushman xavfi tug‘ilganida xalq lashkari to‘planardi. Endi har beshta angl-saks oltinchisini boqishi va qurollantirishi majburiy etib qo‘yiladi.

Vikinglarning irland monastiriga hujumi.
Natijada tinimsiz urushlar davrida qishloqning ko‘pchilik aholisi o‘z ishida ajratilmagan. Yangi qoidaga binoan, besh kishi oltinchisini dubulg‘a, qilich va jang boltasi bilan ta’minlab, vikingdan kam qurollantirmagan. Qolaversa, ushbu oltinchi kishi doimo mashq qilishi, jangga tayyorlanishi shart edi. Uning uchun qolgan beshta qo‘shnisining ishlashi oilasi haqida o‘ylamasligi uchun ham imkon beradi. Shu tariqa son jihatidan qisqargan Alferd qo‘shini sifati bo‘yicha avvalgiga nisbatan sezilarli kuchayadi. Yangi qo‘shinning paydo bo‘lishi bilan jamiyatda ham muhim o‘zgarishlar bo‘ladi. Jamiyatda professional ziroatchilardan tashqari jangchilar toifasi vujudga keladi.
Alfred daniyaliklar qal’alarni qamal qilishni unchalik xush ko‘rmasligini anglab, o‘z mulklari chegaralarida ko‘plab qal’alar – burglar barpo ettiradi. Qirol kema yasaydigan ustalarni topib, daniyaliklarnikidan qolishmaydigan kemalarni yasattiradi.
Qirol Alfred faqat qo‘shin bilan shug‘ullanmagan. U o‘z davrining ma’lumotli kishisi bo‘lgan. Uesseksda esa daniyaliklar hujumlaridan keyin lotin tilini biladigan odamlar deyarli qolmagan edi.
U eski angl-saks qonunlarini yozishni va Angliya tarixiga oid ma’lumotlar to‘plashni buyuradi. Buyuk Alfred davrida «Anglosakson solnomasi» tuzilib, unda yilma-yil muhim voqealar qayd etila boshlanadi.
Denloning qaytarilishi.
Qirol Alfredning o‘limidan so‘ng uning vorislari Denloga hujum boshlaydi. Yangi qo‘shin muvaffaqiyatli harakat qilib, X asrning so‘nggi choragiga kelganda Angliya qirolligi (bu paytda avvalgi Britaniya nomi yangi Angliya atamasi tomonidan uzil-kesil surib chiqarilgan) Daniya qonunlari viloyatini qo‘shib oladi. Bu davrga kelib, Denloga o‘rnashgan daniyaliklar mahalliy aholi bilan ancha yaqinlashib, aralasha boshlagan edi.
Keyinchalik Angliyada yana ichki nizolar boshlanib, davlat zaiflashadi. Ayni paytda, Daniya tez yuksala boshlaydi. Daniya qirolligi Angliyaga hujum qilgan daniyalik vikinglarga nisbatan xavfliroq edi. Angliya qirolligi ichki nizolardan batamom holsizlangandi. Daniya qiroli XI asr boshida ingliz sohiliga o‘z qo‘shinini tushiradi.
Urush uzoq cho‘zilmaydi, faqat London shahri daniyaliklarga ma’lum vaqt qarshilik ko‘rsatib turadi.