Arabiston ilk o’rta asrlarda




Arabiston

Arab qabilalari arabiston yarimoroli va unga tutash hududlarda yashagan. Ular somiy (semit) xalqlaridan bo‘lib, somiylarga arablardan tashqari: yahudiylar, ossuriylar, finikiyaliklar va oromiylar ham mansub bo‘lishgan. Bu xalqlar Qadimgi Sharqning mashhur davlatlari: Akkad, Bobil, Isroil podsholiklarini tashkil etgan.

Ko‘chmanchi arablar – badaviy (sahroyi)lar tuyachilik, qo‘ychilik va yilqichilik bilan shug‘ullanib kelgan. Badaviylar cho‘l va yaylovlarda mol boqib, ko‘chib yurgan.

Arabistonning janubi va g‘arbidagi o‘troq dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi aholisi soy va jilg‘alar, quduqlar bo‘ylarida xurmo bog‘lari va uzumzorlar barpo etgan. Xuddi shu yerlardan Vizantiyadan janubga, Afrikaga va Hindistonga boradigan karvon yo‘li o‘tardi. Buyuk Ipak Yo‘li o‘tgan mamlakatlarda notinchlik bo‘lgan paytlarida karvon yo‘llari arabistonga siljirdi. Zamonlar o‘tib bu karvon yo‘llari bo‘yida aholi qo‘rg‘onlari va shaharlar vujudga kelgan. Ularda yashagan aholi esa karvon yo‘llaridagi savdogarlar, sayyohlarga xizmat qilish bilan shug‘ullangan.

Bu qo‘rg‘onlardan eng yirigi Makka shahri bo‘lgan. Ko‘chmanchilar mollarini shaharlarga keltirib, mahalliy aholidan don, gazlama, qurollarga ayirboshlagan.

Arabistonning eng taraqqiy etgan viloyatlari – Yaman va Hijoz edi. Yaman yerlari unumdorligi bilan nom chiqargan. Unda suv yetarli bo‘lganidan mevali daraxtlar o‘stirilgan xurmozor bog‘lar barpo etilgan. «Yaman» arabcha «haq», «baxtli» ma’nosini bildirgan. Rim tarixchilari Yamanni «Baxtli arabiston» (Arabia felix) deb nomlagan.


Arablar e’tiqodi

Arablarning ko‘pchiligi majusiy bo‘lishgan. Ularning dinlari qo‘shni semit xalqlari dinlari bilan ko‘plab umumiylikka ega bo‘lgan. Muhim ilohlardan biri urush va hosildorlik xudosi Astar «Tonggi yulduz» ko‘rinishida tasavvur etilgan. Oy xudosi – Sin, ona xudo – Lat bo‘lgan. Quyosh xudosi dahshatli va halokatli hisoblangan. Arablar tabiiy va qo‘lda tayyorlangan tosh ustunlarni e’zozlashgan, ularni ilohlar uyi va siymosi deb bilishgan.


Ijtimoiy tengsizlikning paydo bo‘lishi

VI asrda aholi soni ko‘payib, qabilalar orasida suv manbalari va yaylovlar uchun kurash kuchaygan. Ularning turli ilohlarga sig‘inganligi ham qabilalar orasidagi ziddiyatlarni yanada keskinlashtirgan. Urushlarda olingan harbiy o‘ljalar qabila sardorlari va harbiy yo‘lboshchilarning boyib borishiga olib kelgan. Buning natijasi o‘laroq urug‘-qabila zodagonlari shakllana boshlagan. Bu jarayon VII asrning boshlarida urug‘chilik tuzumining inqirozini tezlashtirgan.

Arab jangchilari.

Eron shohi xisrav I Yamanni 570-yilda istilo qilishi bilan karvon yo‘li eronliklarga qarashli Ikki daryo oralig‘ iga siljiydi. Savdoning inqirozi barcha arab aholisining hayotini mushkullashtirgan. Bu holat markazi Makka shahri bo‘lgan, asosan quraysh qabilasi yashaydigan Hijozda aniq-ravshan namoyon bo‘ladi.


Islom dini va arablarning birlashuvi.

Vujudga kelgan iqtisodiy inqiroz ko‘chmanchilarni yangi yerlarni istilo qilishga, yaylovlarni kengaytirishga undaydi. Bu paytda qo‘shni Vizantiya va Eron kabi davlatlarda iqtisodiy tanglik, kuchli qo‘shinning bo‘lmasligi arablarga qo‘l keladi. Vujudga kelgan vaziyatda yangi – islom dini arablarning birlashuviga xizmat qiladi.

Islom (arabcha, itoat, tobelik) jahonda keng tarqalgan dinlardan biridir. Unga e’tiqod qiluvchilar musulmonlar deb ataladi.

Islom tarixchilari uning asoschisi bo‘lajak payg‘ambar Muhammad alayhissalomning 570-yilda Makkada tavallud topganini yozadi. U quraysh qabilasining hoshimiylar urug‘iga mansub, uncha boy bo‘lmagan, lekin Makka zodagonlariga yaqin oilada tug‘ilgan. Muhammad (s.a.v.) go‘dakligidayoq yetim qolgan. Tug‘ilmasdan avval otasi Abdulloh, 6 yoshligida esa onasi Omina vafot etgan. Uning keyingi hayoti bobosi Abdulmutalib homiyligi ostida o‘ta boshlagan. Bobosining o‘limidan so‘ng Muhammad (s.a.v.) amakisi abu Tolib tarbiyasida qolgan.

Islom dini manbalarida yozilishicha, 610-yildan boshlab Muhammad alayhissalomga Alloh taolodan vahiy kela boshlaydi. U qudratli yakka-yu yagona xudodan, ya’ni Alloh taolodan o‘zga hech qanday xudo yo‘q deb, o‘zini rasululloh – xudoning elchisi, payg‘ambari deya e’lon qiladi.

Qur’on (arabcha, qiroat, o‘qish) – islom diniga e’tiqod etuvchilarning muqaddas kitobi bo‘lib, Alloh taolo tomonidan Muhammad (s.a.v.)ga vahiy orqali nozil qilingan. Qur’on yigirma uch yil davomida nozil qilingan bo‘lib, 114 suradan iborat.

Makka.Ka’ba.

Dastlab Makka qurayshlari tomonidan yangi din yaxshi qarshilanmaydi. Natijada 622-yilda Muhammad (s.a.v.) o‘z tarafdorlari bilan Yasrib (Madina)ga keladi. Bu voqea hijrat (ko‘chish) nomini olib, musulmon yil hisobining boshlanish sanasi hisoblanadi.

Yasrib Muhammad (s.a.v.)ni yaxshi kutib oladi. Musulmon bo‘lgan madinaliklar va ularga qo‘shilgan ko‘plab arab qabilalarining Makka uchun kurashi muvaffaqiyatli tugaydi. Shahar jangsiz olinib, muqaddas dargohlar qabila diniy sanamlari, ma’budalaridan tozalanadi. Makkadagi Ka’ba musulmonlarning asosiy ziyoratgohiga aylantiriladi. Muhammad (s.a.v.) arab qabilalarining o‘zaro urushlariga chek qo‘yib, islom dinini qabul qilishga chaqiradi. Keyingi 10-12 yil davomida Arabiston shaharlari va ko‘chmanchi qabilalar birin-ketin Muhammad (s.a.v.)ga itoat etadi.

630-yilga kelib arablarning katta qismi musulmon bo‘ladi. Makka – islom dinining markazi dunyodagi barcha musulmonlar uchun muqaddas shaharga aylanadi. Natijada islom dini asosida Arabiston yarimorolida ko‘chmanchi va o‘troq qabilalarni birlashtirgan yagona davlat vujudga keladi.