Xalifalikning vujudga kelishi
Muhammad (s.a.v.) vafotidan keyin uning yaqin safdoshi abu Bakr (632–634) xalifalikka (o‘rinbosar) saylanadi. Uning boshqaruvi davrida Arabiston yarimoroli aholisi islomni to‘liq qabul qildi. Keyingi xalifa Umar (634–644) islom dunyosida o‘zining saxiyligi, adolatparvarligi va din masalalarida qat’iyligi bilan shuhrat qozongan. Uning davrida arablar Falastin, Suriya, Misr va Liviyani, Eronning katta qismini istilo qilgan.
Arab xalifaligi jangchisi.
Usmon xalifaligi davrida (644–656) Eron to‘liq bosib olingan. Arab qo‘shinlari Dog‘istonni egallab, amudaryo sohillariga chiqadi. Usmon davrida Qurʼon oyatlari to‘planib yagona kitob holiga keltirilgan. So‘nggi xalifa Ali (656–661) hukmronligi o‘z raqiblari bilan to‘xtovsiz urushlarda o‘tadi.
Xalifalik qo‘shinlari VIII asr boshlarida Shimoliy Afrikani to‘liq bo‘ysundiradi. Toriq ibn Said boshchiligida arablar qo‘shini 711-yilda keyinchalik uning nomi bilan atalgan Gibraltar (Jabal at-Toriq – «Toriq tog‘ri» so‘zidan) bo‘g‘ozidan o‘tib, Ispaniyani bosib oladi. Yevropagi yurishlar Bordo shahri bo‘sag‘alariga qadar davom etadi. Puate jangida 732-yilda franklar hukmdori Karl Martell arablarni yengib, ularning Yevropaga yurishlariga chek qo‘yadi.
Sharqda arablar Kavkazorti va O‘rta Osiyoni bosib olib, aholini islom diniga kiritadi.
Xalifalikning sharqqa yurishlari O‘rta Osiyoda Talas, Hindistonda Mo‘ltonga qadar davom etadi. Natijada, VII–VIII asrning birinchi yarmida ulkan hududlarni egallagan davlat – Arab xalifaligi tashkil topadi.
Toshkentda saqlanayotgan xalifa Usmon Qur’oni.
Xalifalikda yer-mulk munosabatlari.
Arablar istilo qilgan barcha mamlakatlardagi yerlar davlatniki deb e’lon qilinsa-da, amalda avvalgi egalari qo‘lida qoladi.
Suriya va Eron istilo etilgach, zodagonlar xalifaga bosib olingan yerlarni taqsimlash taklifi bilan murojaat qiladi. Lekin xalifa Umar yerni egalarida qoldirishni buyuradi.
Istilo qilingan mamlakatlar hukmdorlari, janglarda halok bo‘lgan amaldorlar, hokimiyat vakillari yerlari xalifalik xazinasiga o‘tgan. Bunday yerlar nihoyatda katta maydonlarni tashkil etgan.
Arablar joriy etgan yer solig‘i – xiroj hosilning 1/3 qismini tashkil etgan. Islomni qabul qilmagan boylardan 48, o‘rtahollardan 24, kambag‘al dehqon va hunarmandlardan 12 dirhamdan jizya solig‘i olingan. Chorva mollari va savdodan olingan zakot 1/40 hissani tashkil etgan. Xalifalikda qullar mehnatidan ham foydalanilgan.
732-yil, Puate jangi.
Arablarga qarshi xalq qo‘zg‘olonlari
VIII–IX asrlarda istilo qilingan mamlakatlarda qator xalq qo‘zg‘olonlari bo‘lib o‘tgan. Iroqning Kufa shahrida 685–687-yillarda bo‘lgan qo‘zg‘olonda arab va forslar – shahar kambag‘allari va hunarmandlar qatnashgan.
O‘rta Osiyoning Janubi Marv vohasida 747-yilda boshlangan abu Muslim boshchiligidagi qo‘zg‘olonda aholining barcha toifalari ishtirok etadi. Qo‘zg‘olon Movarounnahr va Xurosonni qamrab oladi. Abu Muslim boshchiligidagi qo‘zg‘olon natijasida Umaviylar hukmronligi tugatilib, xalifalikda boshqaruv yangi sulola Abbosiylarga o‘tadi. Arab xalifaligi 630–1258-yillarda hukm surgan. Unda Umaviylar (661–750) va Abbosiylar sulolalari (750–1258) hukmronlik qilgan.
Movarounnahr markazi Sug‘diyonada 769–783-yillarda Muqanna boshchiligida yirik xalq qo‘zg‘oloni bo‘lib o‘tadi. Qo‘zg‘olonchilar uzoq yillar arab qo‘shinlariga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib boradi. Ozarbayjonda 815-yilda boshlangan Bobak boshchiligidagi qo‘zg‘olon ham 20 yildan ortiq davom etadi. Tarixda «qizil ko‘ylaklilar» nomini olgan bu qo‘zg‘olon qatnashchilarining shiori quyidagicha edi: «Qirq yil qul bo‘lib yashagandan bir kun ozod bo‘lib yashagan ma’qul!».
Xalq qo‘zg‘olonlari, urushlar, hokimiyat uchun kurashlar xalifalikning siyosiy inqiroziga sabab bo‘ladi. Xalifalikdan ajrab chiqqan birinchi mustaqil amirlik 756-yilda Ispaniyada tashkil topadi. U X asrdan Qurdoba (Kordova) amirligi nomini oladi. IX asrdan Misr, Eron, Movarounnahr va Xuroson mustaqillikka erishadi.
Abbosiylar qo‘lida Yaqin Sharq va Arabiston yarimoroli qoladi xolos.
Bobak boshchiligidagi qo‘zg‘olon.
Mo‘g‘ul xoni Xuloku 1258-yilda Bag‘dodni egallagandan so‘ng, Arab xalifaligi barham topadi.