Normandlar istilosi
Angliyada qirol hokimiyatining zaiflashuvi uni daniyaliklarning talonchilik maydoniga aylantiradi. Angl-sakslar bunga qarshi XI asrning 40-yillarida qo‘zg‘ olon ko‘targanida, ularga Fransiya shimolidagi Normandiya gersogi yordamga keladi. Ammo ko‘p o‘tmay bu ko‘mak beg‘araz bo‘lmagani tasdiqlanadi.
Gastings jangi.
Normandiya gersogi Vilgelm qo‘shinlari 1066-yilda Angliyaga kelib tushadi. Gastings jangida normandlarning otliq ritsarlari inglizlar piyoda qo‘shinini qurshab oladi. Angliya qiroli Garold va uning qo‘shini tengsiz jangda halok bo‘ladi. Normandiya gersogi qirollik taxtini egallab, Vilgelm I nomini oladi.
Feodal jamiyatining uzil-kesil o‘rnatilishi
Vilgelm mahalliy feodallar – angl-sakslar yerlarini tortib olib, o‘z ritsarlariga bo‘lib beradi. Ayni paytda kichik va o‘rta yer egalari o‘z mulklarini saqlab qolishadi. Mamlakatni itoatda saqlash uchun kuchli qirol hokimiyati zarur edi. Vilgelm I barcha yirik yer egalarini qirolga sodiqlikka qasamyod qildiradi.
London. Tauer qal’asi.
Qirolning eng yirik mulkdor bo‘lishi, baronlarga esa yer-mulklarining turli viloyatlardan taqdim etilishi Fransiyadagi kabi mustaqil grafliklarning tashkil topishiga to‘sqinlik qiladi. Normandlar istilosi natijasida angliya dehqonlariga zulm o‘tkazish kuchayadi.
O‘z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida normandlar Angliya bo‘ylab ko‘plab qal’alar qurdirgan. Ulardan eng mashhuri Londondagi Tauer bo‘lib, u hozirgacha mavjud. Angl-sakslarning doimiy qo‘zg‘olon ko‘tarish xavfi baronlarning qirol tevaragida yanada jipslashuviga olib keladi. Istilo qilingan mamlakat iqtisodiy imkoniyatlarini bilish maqsadida Vilgelm Yevropada ilk marotaba 1086-yili yer-mulk va aholi ro‘yxatini o‘tkazadi. Ro‘yxatga oluvchilar savollariga faqat haqiqatni aytib javob berish haqida qasamyod qildirilishi xalq orasida ro‘yxat varaqalarining «Dahshatli sud kitobi» nomini olishiga sabab bo‘ladi.
Baronlarning aholiga zulmini cheklash uchun grafliklardagi angl-saks mahalliy sudlari saqlab qolinadi. Mamlakat grafliklarga bo‘linib, ularning har biriga qirol vakili – sherif tayinlanadi.
XII–XIII asrlardan boshlab Angliyada dehqonlar kurashi kuchayadi. Ularning bir qismi o‘z xo‘jayinlaridan qochib o‘rmonlarda yashaydi. Qochoqlar birlashib feodallar, yepiskoplar, amaldorlar, qirol sudyalariga hujumlar uyushtiradi.
Ularni aholi qo‘llab-quvvatlaydi. XIV asrda xalq og‘zaki ijodining sevimli qahramoniga aylangan Robin Gud siymosi ana shu boylarning dushmani, ezilgan mehnatkash xalqning himoyachisi sifatida tasvirlanadi.
Genrix II qirolligi davri (1154– 1189)da Angliyada moliya va harbiy islohotlar o‘tkazildi. Baronlarga harbiy xizmat o‘rniga xazinaga «qalqon puli» solig‘i to‘lashiga ruxsat berildi. Bu qirolga muntazam yollanma qo‘shin tuzish imkonini berdi.
«Buyuk ozodlik xartiyasi»
III Salib yurishi ishtirokchisi Richard I Sheryurakning ukasi Ioann qirolligi davrida (1199–1216) qo‘zg‘olonlar avj olgan. O‘z kuchiga ishongan qirol gunohkor hisoblangan baronlarning mulklarini tortib olgan, vassallaridan katta to‘lovlar talab etgan. Natijada bu siyosat barchani qirolga qarshi qilib qo‘ygan.
Robin Gud.
Baronlar ritsarlar va shaharliklar ko‘magida 1215-yilning bahorida isyon ko‘taradi. Poytaxt London aholisi qo‘zg‘olonchilarga darvozalarni ochib beradi. Qirol «Buyuk ozodlik xartiyasi» nomini olgan hujjatni imzolashga majbur bo‘ladi.
Uning asosiy moddalari baronlar va ruhoniylar manfaatini ifodalagan. Qirol cherkovning erkin saylovlariga rioya qilishini, vassallardan odatdagidan ko‘p to‘lovlar olmaslikni, baronlarni qamamaslik, ularning mol-mulkidan mahrum etmaslik shartlarini qabul qiladi.
Yorliq 63 moddadan iborat bo‘lib, ritsarlar va erkin dehqonlarga ham ayrim yengilliklar bergan. Xususan, ulardan belgilanganidan ko‘p xizmat va to‘lovlar olish taqiqlangan. Hujjatda erkin kishilarga qirol amaldorlari o‘zboshimchaliklari va qo‘shimcha jarimalardan himoya va’da qilingan. Lekin shartlarga amalda to‘liq rioya etilmagan.
Angliya parlamenti
Angliyada birinchi parlament 1265-yilda chaqiriladi. Parlament tarkibida baronlardan tashqari, ruhoniylar, har bir graflikdan ikkitadan ritsar hamda yirik shaharlardan ikkitadan vakillar to‘plangan. Parlament XIV asrdan lordlar va umumpalatalarga bo‘linadi. Lordlar palatasida qirol taklif etgan zodagonlar, yepiskoplar, abbatlar majlis o‘tkazgan. Umumpalatada esa ritsarlar va shaharliklar vakillari qatnashgan.
Vestminster saroyi, hozirgi Buyuk Britaniya parlamenti joylashgan bino.
Parlament – fransuzcha parle – «gapirmoq» so‘zidan olingan. XIV asrdan boshlab parlament soliqlar tayinlashdan tashqari, qonunlar ishlab chiqish va qabul qilishda qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.