Fransiya—Prussiya urushi va uning yakunlari


Fransiya—Prussiya urushining sabablari.

XIX asrning 60-yillari ikkinchi yarmidan boshlab Fransiya imperatori Napoleon III mavqeyiga putur yetdi. Bunga sabab—Fransiyaning iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha o‘z qo‘shnilari bo‘lgan Buyuk Britaniya va Germaniyadan tobora orqada qolayotgani bo‘ldi. Ayni paytda, Fransiya tashqi siyosatda ham muvaffaqiyatsizlikka uchray boshladi. Chunonchi, u Prussiyaning Germaniyani birlashtirishiga to‘sqinlik qilolmay qoldi. Germaniya yagona davlatga birlashadigan bo‘lsa, Fransiyaning xalqaro maydondagi obro‘siga jiddiy zarar yetar va Yevropadagi ikkinchi davlatdek mavqeyi barham topardi.

Fransiya hukmron doiralari 1860-yildagi Buyuk Britaniya–Fransiya savdo shartnomasidan ham norozi edi. Chunki ingliz tovarlarining Fransiyaga ko‘plab kiritilishi fransuz tovarlari bilan raqobatni kuchaytirmoqda edi. Bundan tashqari, mamlakatda ishsizlik, qimmatchilik mehnatkashlarning doimiy yo‘ldoshi bo‘lib qolgandi. Bu hodisa ishchilarning keskin noroziligini vujudga keltirdi. Bunday sharoitda, Napoleon III uchun Prussiyaga qarshi g‘olibona urush zarur edi. Bu urush Fransiyaning, shuningdek, Napoleon III ning ham mavqeyini tiklagan bo‘lardi. Buning uchun esa urushda g‘alaba qozonish, Germaniyaning birlashishiga yo‘l qo‘ymaslik va Germaniyaning ba’zi hududlarini bosib olish zarur edi.

Prussiya ham bir necha yillardan beri Fransiyaga qarshi urushga tayyorlanib kelmoqda edi. Uning maqsadi Germaniyada Prussiyaning hukmronligini mustahkamlashga to‘siq bo‘lgan Fransiyani yengish va Germaniyani birlashtirishni nihoyasiga yetkazish edi. Tomonlarga urushni boshlash uchun bir bahona zarur edi xolos. Tez orada bunday bahona ham topildi.

Urushning boshlanishi

Ispaniya taxtiga kimni o‘tqazish masalasi urushning boshlanishi uchun bahona bo‘ldi. Xo‘sh, bu muammo qanday vujudga kelgandi? O‘zining bir vaqtlardagi qudratini yo‘qotgan Ispaniyada 1868-yilda inqilob yuz berdi. Qirolicha Izabella II Fransiyaga qochib ketishga majbur bo‘ldi. Fransiya imperatorining xotini (millati ispan edi) Izabellaga taxtni qaytarib olishida yordam berishga qaror qildi. Biroq tez orada Yevropaning buyuk davlatlari o‘rtasida Ispaniya taxti uchun boshlanib ketgan kurash bunga imkon bermadi. Bunga Germaniyaning ham Ispaniya taxtiga o‘z nomzodini qo‘yishga harakat qilgani sabab bo‘ldi. Fransiya hukumati Germaniyadan o‘z nomzodidan voz kechishini talab etdi. Imperator Vilgelm I bunga rozi bo‘ldi. Biroq bu rozilik Fransiyani qanoatlantirmadi. Endi Fransiya Germaniyadan kelgusida ham Ispan taxti uchun nomzod ko‘rsatmasligini, hozir ko‘rsatgan nomzodidan taxt da’vosidan butunlay voz kechishiga erishishini talab qildi. Imperator Fransiya elchisiga bu masala xususida Berlinga qaytgach javob qaytarishini ma’lum qildi.

Urushga shoshilayotgan Prussiya kansleri Bismark esa gazetada imperator va Fransiya elchisi o‘rtasidagi suhbat tafsilotini atayin buzib talqin etdi. Gazetadagi xabarga ko‘ra, go‘yo imperator Fransiya elchisi bilan gaplashishni xohlamagan va elchiga orqasini o‘girib olgan (bu hodisa tarixga ʻʻEms depeshasiʼʼ nomi bilan kirgan). Bu xabarni Fransiya o‘z sha’ni uchun haqorat deb hisobladi. 1870-yil 17-iyulda Fransiya Prussiyaga qarshi urush e’lon qildi. Shu tariqa, Fransiya—Prussiya urushi boshlandi. Biroq tez orada Fransiya harbiy kuchlarining urushga tayyor emasligi, Fransiyaning Prussiya qudratini yetarli baholamagani ma’lum bo‘lib qoldi.

Imperiyaning halokati

1870-yil 1-sentyabr kuni tarkibida Napoleon III ham bo‘lgan Fransiya qo‘shini Sedan qal’asi yonida qurshab olindi. Fransiya qo‘shini nemislarning 140 minglik qo‘shini orasidan qurshovni yorib o‘tolmadi. Noiloj qolgan Napoleon III 2- sentyabr kuni oq bayroq ko‘tarishga buyruq berishga, o‘zining qilichini esa Prussiya qiroliga jo‘natishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa, bu yerdagi 80 ming kishilik qo‘shin Napoleon boshchiligida taslim bo‘ldi. Napoleon III Sedanda o‘z Vaterloosini topdi. 100 ming kishilik ikkinchi qo‘shin ham Mets qal’asida qurshovga tushib qoldi. Endi Fransiya Germaniyaga tahdid sololmasdi. Bu mag‘lubiyat ayni paytda ikkinchi imperiya hokimiyatining halokati ham bo‘ldi.

Depesha — shoshilinch xabar.

Vaterloo — hozirgi Belgiya hududidagi qishloqning nomi. Bu qishloqda 1815-yilning 18- iyunida Napoleon I qo‘shini tor-mor etilgan jang bo‘lib o‘tgan.