Yevropa urushdan keyingi barqarorlik yo’lida


Urushdan keyingi dunyo muammolari

Versal-Vashington tartibining yaratilishi Yevropa mamlakatlarining asosiy muammolarini hal etmadi. Aksincha, eski muammolar yoniga yangilari qo‘shildi va ular Birinchi jahon urushidan keyingi dunyoning tarixiy taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Ayrim mamlakatlarda ular ko‘p jihatdan yangi siyosiy vaziyatning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Hokimiyatni qoʻlga kiritishga intilayotgan yangi siyosiy tashkilotlarning paydo boʻlishiga turtki berdi. Urushdan keyingi dunyo duch kelgan asosiy muammolar quyidagilardan iborat edi.


Iqtisodiy muammolar

Birinchi jahon urushida Angliya 750 ming, Fransiya 1,3 mln, Germaniya 2 mln, Rossiya 16 mln kishi yoʻqotdi. 20 mln dan ortiq kishi yaralandi. Koʻpgina sanoat korxonalari vayron boʻldi, transport tarmoqlari, konlar yo‘q qilindi, ko‘plab kemalar cho‘ktirildi. Ularni tiklash ko‘p mablag’ va vaqt talab etar edi.

Urushdan keyin Yevropa mamlakatlarining ahvoli tubdan oʻzgardi. Agar urushgacha ular jahonning asosiy moliyaviy va kredit markazi boʻIgan va kredit oluvchilar, zayomlar, qimmatli qogʻozlarni tarqatish hisobiga qo‘shimcha daromadlar olib turgan bo‘lsa, endi AQSHdan qarzdor boʻlib qolishdi.
Urush paytida oltin zaxirasining katta qismi AQSHga oʻtib ketdi. Qo‘shma Shtatlar bajonidil qarzga oziq-ovqat, qurol-yarogʻ, kiyim-kechak, transport vositalari berar, o‘z ittifoqchilarining og‘ir ahvolidan foydalanib, o‘z mollariga istagancha narx belgilar va katta foyda olar edi.

Yevropa qit’asidagi munosabatlarda ham tub (radikal) oʻzgarishlar ro‘y berdi.
Rossiyaning Yevropa iqtisodiy tuzilmalaridan chetlatilishi shakllangan qit’a bozorining izdan chiqishiga sabab bo‘ldi. Ilgari Yevropa mamlakatlari Rossiyadan xomashyo, ko‘pgina oziq-ovqat mahsulotlari olar va bu mahsulotlar bilan aholini hamda sanoatni barqaror ta’minlab turar edi. O‘z navbatida, Yevropa moliyachilari va sanoatchilari o‘z sarmoyalarini Rossiya iqtisodiyotiga kiritish hamda katta foyda olish imkoniyatiga ega edilar.


Radikalizm (lat. radicalis — tubdan) — keskin choralar va harakatlarga intilish.
Radikal — keskin va qat’iy choralar tarafdori.

Ayni paytda, Avstro-Vengriya imperiyasi yemirilganidan so‘ng uning o‘rnida katta mamlakatlarga qaram boʻlgan, iqtisodiyoti kuchsiz bir qator kichik davlatlar vujudga keldi. Joriy etilgan kuchli bojxona to‘siqlari mollar va sarmoyalarning harakatini qiyinlashtirib qo‘ydi. Natijada oldingi Markaziy Yevropa iqtisodiy mintaqasi buzilib ketdi. Bu esa Yevropa iqtisodiy tartiblari mushtarak tizimini zaiflashtirdi.


Ijtimoiy muammolar.

Urush davrida harbiy sanoat tez sur’atlar bilan rivojlandi, ishchilar sinfining miqdori va uning Yevropa mamlakatlari ijtimoiy tuzilishidagi salmogʻi ortdi. Ularning manfaatlarini himoya qiladigan kasaba uyushmalarining ahamiyati kuchaydi. Kasaba uyushmalarining yutuqlaridan biri jamoa shartnomalarining imzolanishi bo‘ldi. Korxona egasi endi ishchilar bilan o‘zaro munosabatlarning barcha masalalarini faqat kasaba qo‘mitasi bilan kelishgan holda hal qila olar edi. Kasaba uyushmalarining roziligisiz oyliklar kamaytirilishi, birorta ham ishchi ishdan boʻshatilishi, mehnat munosabatlariga oid birorta ham yangilik joriy etilishi mumkin emas edi.

Bu Birinchi jahon urushining ijtimoiy sohadagi eng muhim natijalaridan biri edi.
Mehnatkashlarning turmush sharoitlari yaxshilandi. Ammo bu uzoq davom etmadi — urushdan keyingi inqiroz va ishsizlik koʻplarni bu yutuqlardan mahrum qildi. Yevropa mamlakatlarida urushdan keyingi davrda ijtimoiy ziddiyatlar yanada kuchaydi.


Siyosiy muammolar.

Urush jahonda siyosiy inqirozga sabab bo‘ldi. Urushning talonchilarcha va xalqqa qarshi yo‘nalishi keng qarshilik harakatini uygʻotdi. Bu harakat Versal shartnomasidan keyin yanada kuchaydi. Urush jarayonida keng xalq ommasining ongida xomxayollikdan real voqelikka burilish ro‘y berdi.

Urush butun jahonni qamrab olgandi. Yevropa va AQSH aholisining ayrim guruhlari foydasi haddan ziyod, xalq ommasining faqirligi esa beqiyos edi. Butun dunyoda xalqlarning noroziligi kuchayib borardi. Urush oxirida u mavjud tuzumlarga qarshi ochiqdan ochiq chiqishlarga aylandi.

Urush paytida II xalqaro partiyalari va ularning rahbarlari o‘z hukumatlarining yonini olib, talonchilik urushida sherikka aylandilar. Ular oʻzlarining internatsionalizm tamoyillariga xiyonat qildilar va xalq ommasini ʻʻo‘z millatiʼʼ himoyasiga chaqirib, millatchilik hamda shovinizm mavqeyiga oʻtdilar.


Rossiya va Yevropa davlatlari

1918-yiI 3-martda Brest-Litovskda Germaniya bilan tinchlik shartnomasi tuzgan Rossiya urushdan chiqdi. U barcha mamlakatlarga urushni demokratik tinchlik bilan, ya’ni hududlarni qo‘shib olish va tovonlarsiz (anneksiya va kontributsiya) tugatish taklifi bilan murojaat qildi. Germaniya bilan imzolangan shartnoma Rossiya xalqlariga uzoq kutilgan tinchlikni olib keldi. Sovet Rossiyasi dunyoni bo‘lib olish haqidagi barcha maxfiy shartnomalarni e’lon qildi va ulardan voz kechganini bildirdi.

Jahon urushidan chiqish, yer haqidagi Dekretni amalga oshirish, pomeshchiklarning yerlarini bo‘lib berish, 8 soatli ish kuni joriy etish, yillik ta’tillar, kasallik bo‘yicha ta’tillar va ijtimoiy himoyaga oid boshqa koʻpgina tadbirlar aholining katta qismini bolsheviklar tomoniga ogʻdirdi. Bularning hammasi Rossiyaga G‘arb davlatlari mehnatkashlarining katta qismi xayrixohligini qozonish imkonini berdi. Ishchilar va ziyolilarning keng qatlami unda o‘z ideallarini ro‘yobga chiqarish imkoniyatini ko‘rdi.

G‘arb davlatlari hukmron doiralari o‘z mamlakatlaridagi siyosiy harakatlarning bunday yo‘nalishga kirishidan choʻchib qoldilar va bolsheviklar hokimiyatini yoʻqotish yo‘llarini qidira boshladilar. Ular Rossiyaga qarshi iqtisodiy qamal e’lon qildi. Rossiya bilan barcha savdo aloqalarini to‘xtatib, uning iqtisodiyotini izdan chiqarish, ochlik, ishsizlik tugʻdirish, ijtimoiy siyosatini yoʻqqa chiqarish, qiyinchiliklarni kuchaytirish niyatida edilar. Bu niyatlari amalga oshmagach, Rossiyaga qarshi harbiy intervensiya boshladilar.


Anneksiya (lotincha ʻʻannexioʼʼ — ʻʻqo’shib olishʼʼdan) — magʻlub davlat hududi bir qismining gʻolib mamlakat tomonidan zoʻravonlik bilan qoʻshib olinishi.

Kontributsiya — urush davrida bosqinchi tomonidan egallangan hududda aholidan undiriladigan majburiy yig’imlar; urushdan keyin magʻlub davlatning gʻolib davlat foydasiga toʻlovi.

Arxangelsk va Murmansk shaharlariga ingliz va amerikalik, Vladivostokka yapon va amerikalik askarlar tashlandi. O‘rta Osiyoga ingliz qo‘shinlari bostirib kirdi, Sevastopol va Odessaga fransuz kemalari yuborildi. Hammasi bo‘lib intervensiyada 14 xorijiy davlat ishtirok etdi.

Ammo G‘arb davlatlari hisob-kitoblari va rejalarining tamoman teskarisi ro‘y berdi.
Intervensiya rus xalqi vatanparvarlik tuyg‘ularining kuchayishiga sabab bo‘ldi.
Xonavayron boʻlgan Rossiya Antanta intervensiyasini bartaraf etish uchun o‘zida kuch topdi. Ko‘pgina tarixchilarning fikricha, ayni shu intervensiya rus xalqining bolsheviklar tevaragida jipslashuviga va ular hokimiyatining mustahkamlanishiga yordam berdi.
Interventlar Rossiyada monarxiya tuzumini tiklash niyatida edilar. Rossiya aholisining 70 foizini tashkil etuvchi dehqonlar mafkuradan uzoq, shu sababli ular interventlarni qo‘llab-quvvatlaydi va bolsheviklar tuzumini ag‘darishga yordam beradi deb o‘ylagan edilar. Interventlar Rossiyada monarxiya tuzumini qayta tiklash niyatida edilar, ammo dehqonlar mamlakati chorizmga nafrat bilan qarar edi. Ishchilar va dehqonlardan iborat boʻlgan, yomon qurollangan, yomon kiyintirilgan va tayyorgarlik koʻrgan Qizil armiya Antanta armiyalari bilan janglar olib borishga majbur bo‘ldi.


Yevropa mamlakatlari va AQSHda Rossiya himoyasi uchun boshlangan harakat

Antanta intervensiyasi Yevropa mamlakatlarida Rossiya himoyasi uchun namoyishlar koʻlamini kengaytirib yubordi. U turli shakllarda namoyon boʻldi va Gʻarbiy Yevropadagi siyosiy inqirozni kuchaytirdi. Fransuz ishchilari ish tashladilar, siyosiy namoyishlar va mitinglar oʻtkazdilar. 1919-yili Parijda bo‘lib o‘tgan 1 may namoyishida 500 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. Ko‘chalarda barrikadalar paydo boʻldi, politsiya va askarlar bilan toʻqnashuvlar roʻy berdi.

1919–1920-yillarda Angliyada ham Rossiyaga qilingan intervensiyaga qarshi ommaviy miting va namoyishlar boʻlib oʻtdi Ingliz ishchilari bu mamlakat himoyasi uchun yalpi ish tashlashga hozir ekanliklarini bayon etdilar. Angliyadan Rossiyaga qarshi qurol-yarogʻ joʻnatishning barcha yoʻllari berkitildi.

AQSHda ham intervensiyaga qarshi harakat boshlandi. Bunda, ayniqsa, amerikalik ishchilar muhim rol oʻynadilar. Mamlakatning koʻpgina yirik shaharlarida AQSHning intervensiyada ishtirokiga qarshi norozilik mitinglari oʻtkazildi. V. Vilson hukumatiga intervensiyani toʻxtatish talabi bitilgan murojaatnoma ostiga imzo to’plash kampaniyasi tashkil etildi. Murojaatnomani minglab ishchilarni birlashtirgan 90 kasaba uyushmasi qoʻllab-quvvatladi. Intervensiyaga qarshi harakatda Amerikaning taniqli jamoat arboblari faol ishtirok etdilar. Jurnalist Jon Rid Rossiyadagi voqealarga xolisona baho berilgan ʻʻDunyoni titratgan oʻn kunʼʼ asarini yozdi va nashr ettirdi.


Yevropa mamlakatlarida siyosiy va ijtimoiy inqiroz

Yevropa Urush Gʻarbiy Yevropada inqirozni keltirib chiqardi. Natijada yirik ijtimoiy va siyosiy larzalar uchun sharoit vujudga keldi. mamlakatlari oʻrtasidagi ajralish aniq boʻlib qoldi. Navbatda turgan muammo esa har bir mamlakatni mulk egalariga va mulksizlarga, boylarga va kambagʻallarga, xalqaro munosabatlarda esa gʻoliblar va magʻlublarga boʻlib tashlagan bu ziddiyatni qanday bartaraf qilish masalasi edi. Yevropa mamlakatlari rahbarlari oldida turgan nihoyatda muhim vazifa iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash boʻlib qolgandi.

Birinchi jahon urushidan keyin Yevropa mamlakatlarida vujudga kelgan keskin ijtimoiy ziddiyatlar sharoitida yangi siyosiy kuch — kommunistik partiya paydo boʻldi. U urush paytida sotsial-demokrat va sotsialist partiyalar oʻrtasida roʻy bergan boʻlinish zaminida tugʻildi. Unga ishchilarning oʻta ekstremist guruhlari, dehqonlarning bir qismi, kasaba uyushmasi arboblari va demokratik kayfiyatdagi ziyolilarning vakillari kirdilar. Sinfiy kurash, ishchilar sinfining internatsional birdamligi gʻoyalari hamda inqilobiy yo‘l bilan hukumatni ag‘darish, proletariat diktaturasini o‘rnatishni o‘z siyosatining bosh yoʻnalishi qilib olgan va sinfiy kurashni tarixiy taraqqiyotning asosi deb bilgan bolshevizm ularni birlashtirib turar edi. Ularning maqsadi iste’molda yalpi tenglikni ta’minlaydigan jamiyat qurish edi. Keyinchalik amaliyot shuni ko‘rsatdiki, bu gʻoyalar xomxayoldan boshqa narsa emas ekan.

  • Birinchi jahon urushigacha Yevropa mamlakatlari — dunyoning asosiy moliyaviy va kredit markazi;
  • Birinchi jahon urushidan keyin Yevropa mamlakatlari AQSHning yetakchiligini e’tirof etdilar;
  • Birinchi jahon urushi tufayli Yevropa mamlakatlarida ro‘y bergan iqtisodiy va siyosiy inqiroz;
  • 1918-yil — Yevropa davlatlari tomonidan Rossiyaning iqtisodiy qamal qilinishi va harbiy intervensiyaning boshlanishi;
  • Yevropa mamlakatlarida ishchilar vakillaridan iborat boʻlgan va inqilobiy yo‘l bilan hokimiyatni egallab, proletariat diktaturasini o‘rnatishni maqsad qilib qoʻygan kommunistik partiyalarning tashkil topishi.