1922-1939-yillarda Rossiya


20-yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tizim

1920-yil oktyabrda Sovet-Polsha urushi yakunlandi. 1920-yil noyabrda general Vrangel qoʻmondonligidagi soʻnggi oq gvardiya qismlari Qrimni tark etdi.
Rossiyadagi fuqarolar urushining uch yillik tarixiga yakun yasaldi. Antanta mamlakatlari va AQSH qoʻmondonligi oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketdilar va qamal holatining bekor qilinganini bildirdi. Bolsheviklar gʻalaba qozonib, hokimiyatni oʻz qoʻllarida saqlab qoldilar. Ular oldida endi yana ham murakkabroq vazifa — tinch davrda faoliyat yurituvchi davlat va ijtimoiy-siyosiy tuzumning yangi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy tizimini barpo etish vazifasi turardi.

Yangi iqtisodiy siyosatga oʻtish bolsheviklarning mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga munosabatlari jiddiy oʻzgarganini anglatardi va, balki, u muvaffaqiyat qozongan yoki uzoq vaqt davom etgan taqdirda mamlakatda samarali iqtisodiy tizimning yaratilishiga olib kelishi ham mumkin edi. Yangi iqtisodiy siyosat xoʻjalikni rivojlantirish muammosini yarim-yorti hal qilardi. Sovet hokimiyati barcha yirik sanoat, transport, banklar, tashqi savdo, yerni oʻz qoʻliga olib, xususiy sarmoyani chekladi va tartibga soldi, jamoaviy sektorni oʻstirish va mustahkamlashga zoʻr berdi.

Qishloqda ham oʻzgarishlar sodir boʻldi. Bu yerda ʼʼoziq-ovqat razvyorstkasiʼʼ, yaʼni ortiqcha oziq-ovqatlarning kuch bilan tortib olinishi oziq-ovqat soligʻi bilan almashtirildi. Endi dehqon davlat soligʻini bajarganidan soʻng ortiqcha mahsulotini bozorda erkin narxlarda sotishi mumkin edi. Savdoga xususiy sarmoya qoʻyildi.
Davlat, eng avvalo, sanoat mahsulotlarini taklif qiluvchi yirik ulgurji savdoning tashkilotchisiga aylandi.


Iqtisodiyotni boshqarishning markazlashtirilishi

Yangi iqtisodiy siyosat bilan bir vaqtda sovet davlati iqtisodiyotni boshqarishni imkon qadar markazlashtirish chora-tadbirlarini faol amalga oshirdi. 1920-yil dekabrda GOELRO rejasi — mamlakatni davlat miqyosida elektrlashtirish rejasi qabul qilindi. U sanoat sohasidagi ishlab chiqarishni urushdan oldingi darajaga yetkazish, butun iqtisodiyotni yangi texnik baza va yirik sanoat asosida qayta qurishni koʻzda tutardi. Xususiy sanoat, qishloq mehnatini jamoalashtirish, xalqning farovonligi va madaniyatini oshirish rejalashtirildi.

GOELRO (Rossiyani davlat miqyosida elektrlashtirish) rejasi — Rossiya xalq xoʻjaligini tiklash va yuksaltirish borasidagi 10–15 yilga moʻljallangan birinchi istiqbolli reja. Unda mamlakatni elektrlashtirish asosida xoʻjalikni tubdan qayta qurish koʻzda tutildi.

Mamlakat xalq xoʻjaligini byurokratik markazlashtirishda 1921-yilda tashkil etilgan Rossiya Davlat banki muhim ahamiyatga ega edi. U barcha pul va kredit operatsiyalarini boshqarardi. Hukumat koʻrsatmalari asosida Davlat banki mamlakatda pul massasining aylanishini tartibga solardi.

Xalq xoʻjaligining alohida sohalarini boshqarish maqsadida sohalar boʻyicha xalq komissarliklari tashkil etildi. Ular xoʻjalikni boshqarishning qatʼiy markazlashtirilishiga, hokimiyat tizginining markaziy davlat apparati qoʻliga oʻtishiga erishdilar.

Shunday qilib, mamlakatda bir vaqtning oʻzida ikki bir-biriga zid jarayon kechdi.
Iqtisodiyotning tabiiy rivojlanishi bolsheviklarni xususiy tadbirkorlik, erkin bozor munosabatlari bilan hisoblashishga majbur qildi, biroq gʻoyaviy va siyosiy mulohazalar ishlab chiqarish vositalariga davlatning egalik qilishiga asoslangan ulkan xoʻjalik birlashmalarining tuzilishiga olib keldi. Bunday iqtisodiyot barcha korxona, zavod, fabrika, yer, savdo va moliya tashkilotlarining toʻliq natsionalizatsiya qilinishini koʻzda tutardi.


Yangi iqtisodiy siyosatning natijalari

Yangi iqtisodiy siyosatning birinchi yiliyoq katta falokat — qurgʻoqchilik roʻy berdi.
Rossiyaning ulkan hududi ochlik sirtmogʻida qoldi. Ocharchilik roʻy bergan hududlarda 20 mln.ga yaqin aholi yashardi. Falokat bu yerda salkam bir yil davom etdi. Yuz minglab odamlar ochlikdan, toʻyib ovqat yemaslik oqibatida paydo boʻlgan kasalliklardan halok boʻldilar. Koʻplab odamlar oziq-ovqat serob oʻlkalar, xususan, Oʻrta Osiyoga koʻchdi.

Gʻarb davlatlarining sovet davlatiga munosabati bu beqarorlikni yanada chuqurlashtirdi. Angliya va Fransiya Rossiyani 1924-yilgacha tan olmadi, AQSH esa uni faqat 1934-yildagina tan oldi. Mamlakat iqtisodiy qamal iskanjasida edi.
Oʻzaro hisob-kitob qoidalari yoʻqligi sababli valyuta pul munosabatlari oʻrnatilmagandi. Sovet hukumatining savdo aloqalarini rivojlantirish toʻgʻrisidagi barcha takliflariga Gʻarb podsho davridagi qarzlarni toʻlash va natsionalizatsiya qilingan mulkni qaytarish talabi bilan javob berardi. 1924-yilgacha savdo-sotiq faqat Germaniya va qator Skandinaviya davlatlari bilan olib borildi. Hatto oʻta foydali shartlar asosiga qurilgan takliflar ham Gʻarbning munosabatini oʻzgartirmadi.

Sovet davlati ijtimoiy taʼminot sohasida muhim islohotlarni amalga oshira boshladi. 8 soatlik ish kuni joriy etildi, ayollarning mehnatiga erkaklar mehnati bilan teng haq toʻlash belgilandi, nafaqalar, haq toʻlanuvchi taʼtillar, mehnat qobiliyatini yoʻqotganlar uchun kasallik varaqalari, ishchi va xizmatchilarga bepul tibbiy xizmat joriy qilindi. Qrimdagi sobiq shoh saroylari, Kavkazda, Qora dengiz boʻyida, Moskva va Petrograd tevaragida kurortlar, sanatoriylar, ishchilarning dam olish uylari ochildi. Yuz minglab ishchi va xizmatchilar birinchi marta oʻz yozgi taʼtillarini oromgohlarda oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻldilar. Koʻpchilik dam oluvchilarga yoʻllanmalar bepul berildi.

Biroq iqtisodiy qonunlarning buzilishi iqtisodiy rivojlanishdagi beqarorlikka olib keldi. Faqat 1927-yilga kelibgina ishlab chiqarish 1913-yildagi darajasiga yetdi.
Qishloq xoʻjaligi bu yili urushdan oldingi darajaga ham yeta olmadi. Hosildorlik beqaror edi. 1924-yil ham qurgʻoqchil keldi. Chorvachilik 20-yillarda urushdan oldingi darajaga yeta olmadi, dehqon xoʻjaliklarining 30%i otsiz edi.

Xoʻjalikni boshqarishning maʼmuriy-buyruqbozlik usullari qiymatni belgilashda tartibsizliklarni keltirib chiqardi. Sanoat mahsulotlari narxlari sunʼiy ravishda oshirildi, qishloq xoʻjalik mahsulotlarining narxlari esa sunʼiy ravishda pasaytirildi.
Natijada qishloq aholisi sanoat mahsulotlarini xarid qilish imkoniyatidan mahrum boʻldi, sanoat mahsulotlari omborlarda qolib keta boshladi, korxonalar ishchilarga hatto maosh ham toʻlay olmasdilar. Bolsheviklar iqtisodiy konsepsiyasining barbod boʻlgani koʻzga aniq tashlanib qoldi. ʼʼDavlat sotsializmiʼʼning maʼmuriy buyruqbozlik tizimi iqtisodiy yuksalishni taʼminlay olmadi. Amaldorlarning oʻzboshimchaligi, chayqov bozori, korrupsiya, intizomsizlik, rejani bajarish yoʻlida ishlab chiqarish texnologiyasini buzish va shu kabi boshqa qator illatlar koʻzga tashlanib qoldi.

Ishchilar orasida ishsizlikning paydo boʻlishi eng jiddiy hodisa boʻldi. Qishloq aholisi tirikchilik ilinjida shaharga koʻchib kela boshladi. Bu yerda esa ish yoʻq edi. 1923-yili mamlakatda ishsizlar soni 641 ming kishini tashkil qildi, 1924-yilda bu son 1240 ming kishiga yetdi. Uy-joy tanqisligi sezildi. Yangi qurilishlar deyarli olib borilmasdi. Aksariyat ishchilar suv, elektr va boshqa hayotiy zarur sharoitlar boʻlmagan barak va yertoʻlalarda kun kechirardilar. Oziq-ovqat mahsulotlari muttasil yetishmasdi. Davlat shahar aholisini oziq-ovqat bilan yetarli miqdorda taʼminlay olmasdi.

Tashqi savdoga davlat yakka hokimligi 1917-yildayoq joriy etilgan boʻlib, unga doir masalalar Moskvadagi amaldorlarning qisqa doirasi tomonidan koʻrilishi, juda koʻpchilik bilan kelishilishi lozim edi. Bu tashqi iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga toʻsqinlik qildi. Gʻarb bilan aloqa qilishdan, Gʻarb taraqqiyoti va madaniyatining taʼsiridan qoʻrqish, keng avj olgan josuslik vasvasasi sovet iqtisodiyotini dunyo miqyosida rivojlantirish yoʻliga toʻgʻanoq boʻldi.

1925–1926-yillarda xususiy, shu jumladan, mayda va hunarmandchilik ishlab chiqarishi jami ishlab chiqarishning bor-yoʻgʻi 23 foizini, xususiy sektorning umumiy ishlab chiqarishdagi hissasi esa atigi 15 foizini tashkil qildi.


Leninning oʻlimidan keyin hokimiyat uchun kurash

Hukumatning yuqori doiralarida hokimiyat uchun muntazam kurash ketardi.
Biroq Leninning obroʻsi katta boʻlgani sababli uning tirikligida ichki ixtiloflar yashirin kechdi. 1922-yilda Lenin ogʻir betobligi tufayli faol siyosiy hayotdan deyarli ketdi. 1924-yilda Leninning oʻlimi hokimiyat uchun kurashning boshlanishiga turtki boʻldi. Partiya rahbariyatida ikki bosh guruh yuzaga keldi. Birini Trotskiy (L.Bronshteyn, 1879–1940), ikkinchisi esa 1922-yilda partiya Bosh kotibi qilib tayinlanib, partiyada va mamlakatda ulkan hokimiyatni qoʻlga kiritgan Stalin (I. Jugashvili, 1879–1953) boshqardi.

Qizil armiyaga bosh qoʻmondonlik qilgan Trotskiy tinch aholiga qarshi ommaviy terror uyushtirish, harbiy asirlarni yoʻq qilish, oʻziga yoqmagan komandirlarni otib tashlash kabi ayblarni sodir etgan edi. U eng qatʼiy choralarni qoʻllash — ʼʼkasaba uyushmalarini davlatga boʻysundirishʼʼ tarafdori hisoblanardi. Shuningdek, Trotskiy ʼʼharbiy kommunizmʼʼ dasturi mualliflaridan biri boʻlib, ʼʼmehnat armiyalariʼʼni tashkil qilish va davlatni harbiy lagerga aylantirishni talab qilardi. U, ayniqsa, dehqonlarga nisbatan shafqatsiz edi. Oʻsha paytda mashhur boʻlgan ʼʼdehqonning yelkasida kommunizmga qadam qoʻyishʼʼ iborasi Trotskiyga tegishli boʻlib, u dehqondan sotsializm qurish uchun zarur barcha narsani tortib olish lozimligini anglatardi.

Birinchi zarba Trotskiyga qarshi qaratildi. 1927-yilda u egallagan barcha lavozimlaridan boʻshatildi, partiyadan haydaldi va mamlakatdan badargʻa qilindi.
Trotskiy bilan birga yana 98 kishi trotskizmda ayblanib, partiyadan haydaldi.
Trotskiyga qarshi kurashda Stalin atoqli partiya arbobi Nikolay Ivanovich Buxarin (1888–1937) va uning tarafdorlaridan ustalik bilan foydalandi. Buxarin ʼʼPravdaʼʼ gazetasining bosh muharriri, Siyosiy byuro aʼzosi boʻlib, partiyada katta mavqega ega edi. Uning Trotskiy va trotskizmga qarshi oʻtkir maqolalari Stalinga Trotskiy va uning taʼlimotini nazariy va gʻoyaviy jihatdan obroʻsizlantirib, uning atrofida siyosiy boʻshliqni paydo qilishga koʻmaklashdi.

Biroq Trotskiydan soʻng boshqalarga ham navbat keldi. Ularning birinchisi Buxarin boʻldi. Buxarin aqlli, nazariy jihatdan kuchli siyosatchi boʻlib, erkin dunyoqarashi bilan ajralib turardi. U Rossiyada ʼʼsotsializm qurishʼʼ rejalari borasida erkin fikr bildirdi. Buxarin sanoatlashtirish va jamoalashtirish bilan bogʻliq avantyuristik rejalar, iqtisodiyot, transport va moliya sohasining haddan ortiq markazlashtirilishiga qarshi turdi va iqtisodiyot ustidan bunday zoʻrlik ijtimoiy taraqqiyot qonunlari hamda iqtisodiyotdagi tabiiy aloqalarning buzilishiga olib kelishi haqida ogohlantirdi. 1929-yili Stalin N. Buxarin va uning tarafdorlarini oʻz gʻoyalarining xato ekanini tan olish va tavba qilishga majbur qildi

Partiyaning atoqli arbobi, taniqli nazariyotchi, publitsist sanalgan Buxarinning taslim boʻlishi Stalin uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega edi — bu Stalinning mamlakatda mutlaq hokimiyatni qoʻlga kiritganidan dalolat berardi. Partiyada endi har qanday mustaqil siyosiy fikr boʻgʻilgan, bahslarga, dohiyning qarorlari muhokama qilinishiga yoʻl qoʻyilmas, uning daholigi va uzoqni koʻra bilishiga shubha qilish ham mumkin emasdi. Partiya yigʻilishlari Stalinning xalq va jahon proletariati oldidagi xizmatlarini koʻkka koʻtarib maqtashdan iborat boʻlib qoldi, partiyaning oʻzi esa unga madhiyalar kuylovchi yakdil va joʻrovoz xorga aylandi.


Mamlakatni sanoatlashtirish siyosati

Sovet davlati rahbarlari qoloq Rossiyani sanoatsiz qudratli zamonaviy davlatga aylantirib boʻlmasligini yaxshi tushunardilar. 1925-yil dekabrda yalpi iqtisodiyotni rivojlantirishning hal qiluvchi vositasi sifatida sanoatlashtirishga oʻtish toʻgʻrisida eʼlon qilindi. Mamlakatda yangi zamonaviy sanoatni barpo etish boʻyicha ulkan ishlar boshlandi. Qisqa vaqt ichida oʻnlab yangi elektr stansiyalari barpo etildi, Kerch, Krivoy Rog, Magnitogorsk, Kuznetsk va Sibirda dunyoda eng yirik metallurgiya korxonalari qurilishi boshlandi. Kimyo sanoati, mashinasozlik, traktor va avtomobilsozlik sanoatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor berildi. 1926–1927-yillarda jami 582 ta yangi korxona barpo etildi.

Mamlakatdagi ishlab chiqaruvchi kuchlarni oqilona joylashtirish hamda milliy respublikalarning iqtisodiy va madaniy jihatdan qoloqligiga barham berish vazifalarini hal qilishga katta eʼtibor qaratildi. Bunda 1927–1930-yillarda qurib bitkazilgan Turkiston-Sibir temiryoʻli (Turksib) muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Uzunligi 1 500 km boʻlgan bu temiryoʻl gʻalla, oʻrmon va koʻmirga boy Sibirni Oʻrta Osiyoning paxtakor respublikalari bilan bogʻladi. Qurilishda 50 mingdan ortiq ishchi mehnat qildi.

Yangi sanoat korxonalarining barpo etilishi ishchi kuchi va muhandis-texnik kadrlarga boʻlgan katta talabni paydo qildi. Yangi sanoat bazasi yangi, zamonaviy fan-texnika darajasidagi ishchilar sinfi va texnik kadrlarni dunyoga keltirdi. 1926-yilda zavod va fabrikalarda 2 mln ishchi mehnat qildi, bir yildan soʻng ularning soni 3 mln ga yetdi. Texnik kadrlarning yetishmasligi koʻplab yangi oliy texnika oʻquv yurtlarining ochilishiga turtki boʻldi. Talabalar soni qisqa vaqt ichida 48 mingtadan 235 mingtaga yetdi.

Mamlakatni rivojlantirishning birinchi besh yillik rejasi qabul qilinishi mamlakatni sanoatlashtirishda muhim bosqich boʻldi. Bu rejada aql bovar qilmas vazifalarni amalga oshirish koʻzda tutildi. Umumiy sanoat ishlab chiqarishi besh yil ichida ikki yarim baravarga oʻsishi lozim edi. Asosiy eʼtibor elektrlashtirish, qora va rangli metallurgiya, kimyo sanoati, koʻmir, neft, torf qazib chiqarish, mashinasozlik, elektr sanoatini rivojlantirishga qaratildi. Ogʻir sanoatdagi umumiy oʻsish 230 foizni tashkil qilishi, elektr energiyasini ishlab chiqarish toʻrt baravarga, choʻyan ishlab chiqarish uch baravarga, koʻmir qazib olish esa ikki baravarga oshishi lozim edi.

Sovet davlati xalq xoʻjaligidagi asosiy kamchilik turli sohalarning mutanosib rivojlanishi boʻldi. Xalq xoʻjaligida asosiy eʼtibor sanoat mahsulotlarini oshirishga qaratilib, bu 30-yillardayoq kartochka tramming joriy etilishi va inflyatsiyaning kuchayishiga olib keldi. Isteʼmol mollarini ishlab chiqaruvchi yengil sanoatning hissasi dunyo miqyosida eng oz boʻlib qoldi. Yengil sanoatni rivojlantirishga faqat bir foiz sarmoya jalb qilindi. Mamlakatda keng ehtiyoj mollari— kiyim-kechak, mebel, uy jihozlari, poyabzalning doimiy taqchilligi kuzatildi.


Sanoatlashtirish manbalari

Sanoatlashtirish yangi texnikaga boʻlgan ulkan talabni paydo qildi. Xarajatli iqtisodiyot texnika va yangi texnologiyalarning rivojlanishi, fan-texnika yutuqlarining tadbiq qilinishiga imkon bermasdi, shu sababli yangi texnikaning asosiy oqimi faqat rivojlangan Gʻarb davlatlaridan kelishi mumkin edi. Buning uchun davlatda pul yoʻqligi uni texnika uskunalarini rivojlangan Yevropa mamlakatlaridan oltin, oʻrmon, gʻalla va shu kabilarni sotish evaziga xarid qilishga majbur qildi. Ermitaj xazinasidagi Rembrandt, Rubens, Van Deyk kabi musavvirlarning bebaho asarlari sotilib, ular xususiy kolleksiyalardan oʻrin oldi.
Hukumat cherkov taʼsiriga qarshi kurash va ateizmni joriy qilish bahonasida rus pravoslav cherkovining ulkan boyliklarini musodara qildi. Cherkovlar talandi, oltin va kumush buyumlar — oltin krestlar, ikona qoplamalari, shamdonlar musodara qilindi. Mamlakat hukumati aholidan ham oltin buyumlarni ola boshladi, maxsus tashkil qilingan ʼʼTorgsinʼʼ (Xorijiy davlatlar bilan savdo) doʻkonlari oziq-ovqat mahsulotlari va keng isteʼmol mollari (kiyim-kechak, poyabzal, uy jihozlarini faqat oltin va tilla buyumlar evaziga sota boshladi. Bu yoʻl bilan xalqdan olingan tilla buyumlarning umumiy miqdori qariyb 3 ming tonnani tashkil qildi. Ularning barchasi Gʻarbdan mol va uskunalar sotib olishga sarflandi.

Sanoatlashtirishni mablagʻ bilan taʼminlovchi boshqa bir muhim manba — chet milliy oʻlkalarni Rossiya sanoatining xomashyo ʼʼdumiʼʼga aylantirish boʻldi. Mavjud markazlashgan rejali iqtisodiyot hamda koʻp sonli maʼmuriy kanallar sanoatlashtirish uchun mablagʻning katta qismini milliy respublikalardan jalb qilish imkonini berdi.


SSSRning tashkil topishi

1922-yil dekabrda yagona ittifoqdosh davlat — Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqining tashkil topishi mamlakat rahbariyatida Stalin boshchiligidagi oʻta ekstremist ulugʻ davlatchi kuchlarning gʻalabasi boʻldi. Sovet Ittifoqining butun hududida maʼmuriy-buyruqbozlik tizimi qaror topdi. Shu bilan birga milliy respublikalarning xomashyo manbalarini sanoatlashtirish ehtiyojlari uchun istagancha va deyarli bepul olib chiqib ketish imkonini beruvchi yagona xoʻjalik tizimi vujudga keldi.

Oʻzbekistonda paxtachilikning rivojlantirilishi mamlakatdagi barcha toʻqimachilik fabrikalarini paxta, kimyo sanoatini esa maxsus komponentlar bilan taʼminlash hamda isteʼmol mollari ishlab chiqarishni oshirish imkonini berdi. Oʻzbekistonda paxtachilikning rivojlantirilishi mamlakatdagi barcha toʻqimachilik fabrikalarini paxta, kimyo sanoatini esa maxsus komponentlar bilan taʼminlash hamda isteʼmol mollari ishlab chiqarishni oshirish imkonini berdi.

SSSRni tashkil qilish toʻgʻrisidagi shartnoma oʻta markazlashgan qoʻshma davlatni vujudga keltirdi. Unda markaziy hukumat qoʻliga imkon qadar koʻproq hokimiyatni olishga urindi, milliy respublikalarning huquqlari esa juda ozchilikni tashkil qildi.
Byudjet markaz tomonidan belgilandi, pul markazdan turib taqsimlandi, respublikalardagi xalq komissarliklari markaziy xalq komissarliklariga boʻysundi, markaz armiya, ichki ishlar xalq komissarligi, tashqi siyosat va tashqi savdo, aloqa va aloqa yoʻllarini oʻz qoʻliga oldi.

Toʻgʻri, Shartnomaning 26-moddasi har bir respublika Ittifoqdan chiqish huquqiga egaligini koʻzda tutardi. Biroq hech bir respublika hech qachon bu ʼʼhuquqʼʼdan foydalanolmadi. Jinoiy huquq Ittifoqning yaxlitligiga qarshi har qanday daxlni ogʻir jinoyat deb hisoblab, uni sodir etganlik uchun oʻlim jazosini koʻzda tutdi. Markazning ixtiyorida armiya va OGPUning jazo idoralari boʻlib, ular mustaqillikka boʻlgan har qanday intilishni shafqatsiz jazolardi.

Qoʻshma (unitar, lotincha unitas — birdamlik) davlat— davlat tuzilishi shakli, bunda hudud, federatsiyadan farqli oʻlaroq, muxtor qismlarga boʻlinmaydi, balki faqat maʼmuriy-hududiy boʻlinishga ega boʻladi.

Sovet totalitarizmi xalqni yangi sanoatlashgan davlatni qurishga safarbar qiloldi.
U qoloq davlatning iqtisodiy rivojlanishida samarali vosita boʻldi. 1929–1932-yillarda Yevropadagi barcha mamlakatlar va AQSH jahon iqtisodiy inqirozini boshdan kechirayotgan bir paytda, SSSR tashabbuskorlik va majburiy mehnatga asoslangan ulkan qurilish maydoniga aylandi.

30-yillarda SSSR sanoatni jadal rivojlantirish davriga qadam qoʻydi.
Umumiy ishlab chiqarish 1928-yildan 1939-yilgacha boʻlgan davrda 6 baravar, elektr energiyasini ishlab chiqarish 14, qora metallurgiya 6, kimyo va neft-kimyo sanoati 15, mashinasozlik 15 baravar oʻsdi. Yangi shaharlar, sanoat gigantlari, ishlab chiqarish komplekslari barpo qilindi. Biroq bu rivojlanish hanuz bir tomonlama edi.
Asosiy eʼtibor ogʻir sanoat : metall, poʻlat, koʻmir, elektr energiyasini ishlab chiqarishga qaratildi. Isteʼmol tovarlarini ishlab chiqarish past darajada qoldi.
Ogʻir sanoatni rivojlantirish uchun mablagʻ bu yillarda ichki ehtiyojga xilof boʻlsa-da, chet mamlakatlarga gʻalla sotish evaziga olindi.


Madaniy inqilob

SSSR 20–30-yillarda madaniyat va taʼlim sohasida erishgan natijalar madaniy inqilob deb nomlandi. 1939-yilga kelib SSSRda yoshi katta aholi oʻrtasida savodsizlik deyarli tugatildi, 13 mln dan ortiq kishi oʻrta maʼlumotga ega boʻldi.
Bepul oliy taʼlim tizimining joriy qilinishi ishchi va dehqonlarning farzandlariga texnikum va oliy oʻquv yurtlarida oʻqish imkonini berdi. 20–30-yillarda Belorussiya, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon va Oʻrta Osiyo respublikalarida texnikum va oliy oʻquv yurtlari ochildi. Jumladan, 1933-yilda Toshkentda respublikadagi birinchi oliy oʻquv yurti — Turkiston davlat universiteti ochildi.

1939-yilga kelib jami ziyolilarning 80 foizini mamlakatdagi barcha millat va elatlarga mansub mehnatkashlarning farzandlari tashkil qildi.

Biroq aholining turmush darajasi Yevropa standartlaridan ancha past boʻlib qoldi.
Aholining turar joy, oziq-ovqatga ehtiyoji katta edi. Tantanali eʼlon qilingan inson huquqlari moddiy taʼminlanmadi, ularning shunchaki quruq shior ekani koʻrinib qoldi. Insonning kundalik hayoti koʻplab taqiqlar bilan chegaralangan edi: barcha uchun bir pasport tartibi va kolxozchilarda pasportlarning yoʻqligi harakatlanish erkinligini qatʼiy chegaralardi; mafkuradan har qanday chetga chiqish, oʻzgacha fikrlash taʼqib ostiga olinardi; har narsadan shubhalanish, qoʻrqish va chaqimchilik, ayniqsa, avj oldi, sudsiz jazolash, maʼmuriy surgun qilish va sudsiz xususiy mulkdan mahrum etish tizimi keng tarqaldi.


Qishloq xoʻjaligini jamoalashtirish va uning natijalari

SSSRda xalq xoʻjaligining bir maromda, barqaror rivojlanishiga 1929–1932-yillarda oʻtkazilgan qishloq xojaligini jamoalashtirish qattiq zarba berdi. U qishloqning yangilanishi gʻoyasini qoʻpol maʼmuriylashtirish, zoʻravonlik, xoʻjasizlik va aholining qashshoqlashishi bilan bogʻladi. Mamlakat qishloq xoʻjaligi tabiiy iqtisodiy qonunlar asosida emas, yuqoridan berilgan buyruq va yoʻl-yoʻriqlarga koʻra rivojlana boshladi.

Kolxozlar davrining birinchi yiliyoq Rossiya tarixida boʻlmagan ocharchilikni yuzaga keltirdi. U 30 mln aholini qamrab oldi. Ocharchilik Ukraina, Don, Shimoliy Kavkaz, Volgaboʻyi, Janubiy Ural, Qozogʻistondagi gʻalla yetishtiruvchi hududlarda roʻy berdi. Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan eng kam darajada taʼminlash maqsadida mamlakatda kartochka tizimi joriy qilindi.

Gʻalla tayyorlash kampaniyalari 1932-yildan boshlab dehqonlarga qarshi chinakam urushlarga aylandi. Har kuzda qishloqlarga gʻalla boʻyicha maxsus vakolat olgan xodimlar yopirilardi. Sabr kosasi toʻlgan dehqonlar qoʻlga qurol oldilar. ʼʼQuloqlar isyonlariʼʼni bostirishga Qizil armiya qismlari tashlandi. Oʻn minglab dehqonlar sudsiz otib tashlandi, yuz minglab dehqonlar badargʻa qilindi, ularning koʻpchiligi surgun qilingan yerlarida halok boʻldilar. ʼʼQuloqʼʼ — iqtisodiy jihatdan erkin tovar ishlab chiqaruvchi iqtisodiyotni maʼmuriy boshqarish tizimi doirasiga sigʻmasdi.
Oʻz xoʻjaligida yollangan ishchi kuchidan foydalangani uchun u ekspluatatsiya qiluvchi, demak, sovet hukumatining dushmani deb eʼlon qilindi. Xoʻjaligini yoʻlga sola bilgan millionlab dehqonlar sinfiy dushman deb eʼlon qilinib, mamlakatning olis hududlariga surgun qilindi.

Jamoa xoʻjaliklari (kolxozlar) SSSR totalitar tuzumining ajralmas boʻgʻiniga aylandi.
Maxsus tashkil qilingan tizim qishloqdan shahar, armiya, sanoatni taʼminlash uchun zarur boʻlgan mahsulotlarni sogʻib olish bilan shugʻullandi. Oʻrniga oʻrin qilib qishloqqa mahsulot qaytarilmadi. Mustaqil, qonun bilan muhofaza qilingan dehqonning oʻrniga qishloqda ishining sifati, mehnatining natijasiga befarq yollanma ishchi yetakchi oʻringa chiqdi. Uning bu befarqligi sababi shunda ediki, yer ham, uning neʼmatlari ham unga tegishli emasdi.

Bularning barchasi qishloq xoʻjaligida turgʻunlikning yuzaga kelishi, dehqonlarning qishloqdan shaharga qochishlari, qishloqlarning boʻshab qolishiga sabab boʻldi.
Dehqonlarni maʼmuriy ravishda qishloqlarga bogʻlash — ularga pasport bermaslik chorasi ham dehqonlarning qishloqlarni ommaviy ravishda tashlab ketishlarini toʻxtatolmadi.

1932–1933-yillarda Volgaboʻyi, Shimoliy Kavkaz, Gʻarbiy Sibir hududlarida roʻy bergan qurgʻoqchilik natijasida SSSRda ocharchilik boshlandi. Biroq shunga qaramay, gʻalla tayyorlash rejalari oshirildi, bunga koʻra gʻallani eksport qilish ham oshdi. 1932-yil 7-avgustdagi qonunga muvofiq ʼʼsotsialistik mulkni qoʻriqlashʼʼ boʻyicha oʻta keskin choralar koʻrila boshlandi. Xalq orasida ʼʼboshoqlar toʻgʻrisidagi qonunʼʼ nomi bilan mashhur bu qonunga muvofiq kolxoz mulkini oʻgʻirlaganlik (dalada boshoq terganlik) uchun butun mulkini musodara qilgan holda oʻlim jazosi yoki 10 yil muddatga surgun koʻzda tutildi.

Ocharchilik oqibatida yuz minglab dehqonlar halok boʻldi, ayniqsa, Ukraina aholisi ocharchilikdan qattiq talafot koʻrdi.


OGPU faoliyati Terror va qatagʻon

Mamlakatda oʻzgacha fikrlovchilar va hukumat olib borayotgan siyosatga qarshi chiqishlarni bostirish maqsadida ʼʼDavlat ahamiyatiga molik 120 jinoyatlar toʻgʻrisidaʼʼgi nizom eʼlon qilinib, u terrorni qonunlashtirdi va huquqiy jihatdan asosladi. Stalin oʻz siyosiy raqiblari va mavjud tuzum dushmanlarini yoʻq qilish huquqini beruvchi qonunga ega boʻldi. Shu vaqtdan boshlab ishdagi har qanday kamchilik, Stalinning buyruq va koʻrsatmalaridan har qanday chekinish davlat jinoyati xususiyatiga ega boʻla boshladi. OGPU (Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi) terror va qatagʻonni amalga oshiruvchi idoraga aylandi. 1934-yilda u qayta tuzilib, NKVD (Ichki ishlar xalq komissarligi)ga aylantirildi. OGPU (Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi)— SSSR Xalq Komissarlar Kengashi huzurida 1923–1934-yillarda faoliyat koʻrsatgan davlat xavfsizligini qoʻriqlash idorasi. Keyin NKVD tarkibiga kiritilib, Davlat xavfsizligi Bosh boshqarmasi deb oʻzgartirilgan.

ʼʼBuzgʻunchilikʼʼ xatti-harakatlarini isbotlovchi barcha dalillarga ayblanuvchilarning iqrorlari asos qilib olindi. Sudda ular sabotaj va buzgʻunchilik borasidagi ayblovning bosh asosiga aylandilar. Aksariyat iqrorlar maʼnaviy va jismoniy tazyiq vositasida olinardi. Tashkil qilingan jarayonlarning koʻpchiligida ayblanuvchi sifatida qora kursidan taniqli iqtisodchi olimlar hamda eski mutaxassis va olimlar sirasidan boʻlgan rahbarlar oʻrin oldilar. Bunday sud jarayonlari yordamida davlat rahbariyati mamlakatda umumiy ishonchsizlik ruhini oʻrnatish va fuqarolar ongida qatagʻonni yanada kuchaytirish zarurligiga ishonch tuygʻusini qaror topdirishga urindi.

1936-yildan boshlab Moskvada qator koʻrgazmali jarayonlar oʻtkazildi.
Eng yuqori lavozimlarda ishlagan sovet rahbarlari boʻynilariga qoʻyilgan barcha siyosiy ayblarni sodir etganliklariga iqror boʻldilar. Ularning koʻpchiligi uzoq muddatlarga qamoq jazosiga hukm etildi, aksariyati esa qatl qilindi. Arxivlardagi hujjatlarni oʻrganish, zamondoshlarning guvohliklari ʼʼjinoyatlarʼʼ qiynoq va qoʻrqitish yoʻli bilan ularning boʻyniga qoʻyilganini koʻrsatdi. Ular oilalarining kelajagidan qoʻrqib, ochiq-oydin yolgʻon koʻrsatmalar berdilar va oʻzlariga oʻzlari tuhmat qildilar.

Terror harbiy rahbarlarni ham chetlab oʻtmadi. Yirik harbiy qoʻmondonlar, hatto fuqarolar urushi qahramonlari ham josuslikda ayblanib, qatl qilindilar. Jazolovchi idoralar va ularning qurbonlari soni shu sayin oshib bordi. 1936–1938-yillarda Moskvada bolsheviklar partiyasining sobiq rahbarlari ustidan sud jarayonlari boʻlib oʻtdi. N. I. Buxarin, G. Y. Zinovev, L. B. Kamenev, A. I. Rikov, M. P. Tomskiy va boshqalar fitna, diversiyalar uyushtirganlik, josuslikda ayblanib, oʻlim jazosiga hukm qilindi. Shundan soʻng Stalin yakka diktatorga aylandi. Ommaviy axborot vositalari uning qoʻlida Stalin shaxsiga sigʻinishni, tuzumning amaldagi va ehtimoliy dushmanlarini maʼnaviy va ruhiy terror qilishni targʻib qiluvchi vositaga aylanib qoldi. Partiyaning oliy boshqaruv idorasi hisoblangan syezdlar 1939-yildan 1952-yilgacha biror marta ham chaqirilmadi. Diktator hokimiyatni hech kim bilan boʻlishishni istamadi.

Lenin tomonidan yaratilgan davlat sotsializmi Stalin hukmronligi davrida puxta yoʻlga qoʻyilgan terror va qatagʻon mashinasiga aylandi. Davlatni boshqarish idoralari tizimining oʻzi shunday qurilgan ediki, u mamlakatning butun aholisini qarshilik koʻrsatish befoydaligiga, hokimiyatga qarshi boʻlgan har bir inson yoʻq qilinishiga ishontirishga urinardi.

ʼʼSotsialistik demokratiyaʼʼ va mamlakat iqtisodiyoti muammolarini hal qilish yoʻllari

1936-yilda davlat sotsializmining totalitar tizimi mamlakatning yangi konstitutsiyasi bilan mustahkamlandi. Bu hujjatda fuqarolarning huquqlari, demokratiya va qonuniylik, adolat va insonparvarlik toʻgʻrisida koʻp gapirilardi. Aslida esa, konstitutsiya ham, proletariat diktaturasi ham demokratiya oʻrniga kelgan kommunistik partiya oliy idorasining diktaturasini mustahkamlardi. Partiya qarorlari endi bajarilishi shart boʻlgan qonunlar bilan tenglashtirildi. Partiya apparati davlat apparati oʻrnini egalladi. U bir vaqtning oʻzida qonun chiqaruvchi va ijrochi hokimiyatga aylandi. Hukumat idoralari endi faqat partiya apparati irodasini soʻzsiz bajarish bilangina shugʻullanuvchi itoatgoʻy idoralarga aylandilar. Biroq yangi konstitutsiyaning qabul qilinishi natijasida yuzaga kelgan siyosiy tizim samarasiz boʻlib chiqdi.

U iqtisodiyotning real qonun-qoidalari bilan toʻqnashuvda magʻlubiyatga uchradi.
Maʼmuriy xoʻjalik tizimi iqtisodiy nuqtai nazardan bemaʼni sanalgan qarorlar ham soʻzsiz bajarilishi lozimligi tufayli samaradorlik, sifat va raqobatbardoshlik masalalarini hal qila olmadi. Mehnatning past samaradorligini qoplash maqsadida korxonalar juda koʻp ortiqcha ishchi kuchlarni saqlab turdilar. Rahbarlikning boshqaruv usullari qattiqlashishi natijasida boshqaruv apparati jadal surʼatlarda oʻsib bordi. Harbiy xavfning kuchayishi, armiya soni va mudofaa uchun xarajatlarning jiddiy oshishi bu muammolarni yanada keskinlashtirdi.

Ushbu munosabat bilan davlat idoralari intizomni tartibga solish va kadrlarning qoʻnimsizligiga barham berish maqsadida shafqatsiz repressiv choralarni keng qoʻllay boshladi. Sababsiz ishga kelmaganlik, kech qolganlik, ishdan ruxsatsiz ketganlikni qattiq jazolovchi qator choralar qabul qilindi. Ishdan qolganlik yoki ruxsatsiz ketganlik uchun toʻrt oy muddatgacha qamoq jazosi koʻzda tutildi.
Farmon qabul qilinganidan keyingi bir oyning ichida yuz mingdan ortiq bunday jinoiy ishlar qoʻzgʻatildi. Ishchilar shu taxlit ish joylariga ipsiz bogʻlandilar, oʻz ixtiyorlari bilan ular ish joylarini oʻzgartirolmasdi. Mavjud iqtisodiy tizimning samaradorligini oshirish maqsadida xalq xoʻjaligida mahbuslar mehnatidan keng foydalanila boshlandi. OGPU davlat buyurtmalarining eng yirik ijrochisiga aylandi.
Yangi qurilishlarning 15 foizidan ortigʻi OGPUga topshirilib, ularda GULAG mahbuslarining mehnatidan foydalanildi.

GULAG — Axloq tuzatish-mehnat lagerlari va qamoq joylari Bosh boshqarmasi.
1934-yilda tashkil topdi va 1956-yilgacha faoliyat koʻrsatdi.
GULAG tizimida 30–50-yillardagi shaxsga sigʻinish davri ommaviy qatagʻonlari hamda SSSRdagi totalitar tuzum qurbonlari saqlandi.

Mahbuslar oʻz mehnatlari uchun haq olmasdilar, buning evaziga ularga tegishli daraja va sifatli maxsus lager kiyimi va ovqat berilishi koʻzda tutilardi. Shunday qilib qashshoq dehqonlar va mahbuslar butun dunyoga ishchi va dehqonlarni ekspluatatsiyadan ozod qilgani toʻgʻrisida jar solgan mamlakatni moliyaviy halokatdan saqlab qoldilar.


SSSR tashqi siyosati

30-yillarda sobiq SSSRning tashqi dunyo bilan aloqalarda коʼplab qiyinchiliklarga duch keldi. Ular, eng avvalo, podsho hukumatining qarzlarini toʻlash, xorijiy mulkni ularning eski egalariga qaytarish, xalqaro aloqalardagi teng huquqlilik, mustaqillik muammolari bilan bogʻliq boʻldi. Ammo bu qiyinchiliklarga qaramay, sovet diplomatiyasi tashqi munosabatlarni sekin-asta oʻzgartirishga erishdi. 20-yillarning boshida Angliya, Germaniya, Avstriya, Norvegiya, Italiya va boshqa mamlakatlar bilan ilk savdo aloqalari oʻrnatildi.

Yevropa mamlakatlari va AQSH bilan iqtisodiy aloqalarning bir maromda rivojlanishiga tashqi savdoning davlat tomonidan monopoliyalashtirilgani toʻgʻanoq boʻldi. Bu tufayli AQSH SSSR bilan savdo aloqalari oʻrnatishni qatʼiyan rad etdi.

Sovet diplomatiyasi SSSRda kolonializmga qarshi kurashda oʻz ittifoqchisini koʻrgan Osiyo mamlakatlari bilan doʻstona munosabatlarni oʻrnatishda maʼlum muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritdi. 1921-yilda Eron, Afgʻoniston, Turkiya va Mongoliya bilan doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar tuzildi.

Rossiya va Germaniya taqdirida 1922-yili Genuyada imzolangan Rappalo bitimi katta ahamiyatga ega boʻldi. U ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatdi.
Ushbu bitim Gʻarb davlatlarining SSSRga nisbatan siyosiy qamalini barbod qildi.
Rappalo bitimidan soʻng boshqa davlatlar ham SSSRni tan ola boshladilar. 1924-yilda Angliya va Fransiya bilan diplomatik aloqalar oʻrnatildi. Xuddi shu yili Yevropadagi koʻplab davlatlar sovet davlatini diplomatik jihatdan tan olishi va u bilan diplomatik aloqalar oʻrnatishini bildirdi. 1925-yil yanvarda sovet-yapon bitimi imzolandi. 1921–1925-yillarda SSSR chet mamlakatlar bilan jami 40 dan ortiq turli bitim va shartnomalar tuzdi.


Qisqacha mazmun

• Yangi iqtisodiy siyosat — iqtisodiyotni boshqarish markazlashtirilgan sharoitda xususiy sarmoya va xususiy mehnatdan foydalanish;
• GOELRO rejasi — elektrlashtirish hamda sanoat va qishloq xoʻjaligini urushdan oldingi darajaga yetkazish rejasi;
• Rossiyaning Gʻarb mamlakatlari va AQSH tomonidan iqtisodiy qamal qilinishi;
• iqtisodiy qonunlarning buzilishi natijasida iqtisodiy rivojlanishdagi beqarorlik;
• Davlat sotsializmi maʼmuriy-buyruqbozlik tizimi gʻoyasining barbod boʻlishi — narx-navoning oshishi, ishsizlik, ocharchilik, chayqov bozori, korrupsiya, amaldorlar apparatining oʻzboshimchaligi;
• Stalinning hokimiyat uchun kurashi va Stalin yakkahokimligining oʻrnatilishi;
• mamlakatni sanoatlashtirish siyosati, ishlab chiqarishning oʻsishi, muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash, madaniy inqilob davrida savodsizlikni tugatish;
• aholi turmush darajasining pastligi. Iqtisodiyotdagi ʼʼАʼʼ va ʼʼВʼʼ guruhlarning nomutanosib rivojlanishi;
• jamoalashtirish: qishloq xoʻjaligi rivojlanishining deformatsiyalanishi, ʼʼquloqlarʼʼga qarshi kurash, ocharchilik, kartochka tizimi;
• OGPU va NKVD faoliyati, terror va qatagʻonlar; GULAG.