XX asr boshlarida mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli
Yaponiya ikkita burjua-demokratik inqilobini boshidan kechirdi. Birinchi inqilob 1867–1868-yillarda bo‘lib o‘tdi va “Meydzi restavratsiyasi” nomi bilan tarixda qoldi. 1889-yilgi konstitutsiya bo‘yicha Yaponiya imperator boshchiligidagi monarxiya deb e’lon qilingan edi, lekin qonun chiqarish hokimiyati imperator bilan birga qonunlar ishlab chiqishi shart bo‘lgan parlamentga berilgandi. Burjua islohotlarining amalga oshirilishi bozor munosabatlari rivojlanishi uchun zamin yaratdi va XIX–XX asrlar chegarasida Yaponiya jadal sur’atlar bilan boshqariladigan bozor munosabatlari bosqichiga kirdi.
Davlat iqtisodiyot rivojlanishini kuchli nazorat qilardi — zavod-fabrikalar qurib, xususiy kapitalni jalb etishi shart bo‘lgan korxonalar tuzardi. Yirik moliyaviy oligarxiyalar — dzaybatsular: Mitsui, Mitsubisi, Sumitomo, Yasuda va Okura vujudga kelib, amalda yapon iqtisodiyotining xo‘jayinlariga aylanishdi. Ular orasida Mitsui va Mitsubisi asosiy rolni o‘ynardi. Yapon iqtisodiyotida bu ikki moliyaviy gigantning kapitali qatnashmagan biror tarmoq yo‘q edi. Ular Yaponiyaning yirik banklariga ham egalik qilardi. Mazkur yirik kompaniyalar iqtisodiyotga sarflangan barcha kapitalning kamida chorak qismini tashkil qiluvchi davlat kapitali bilan mustahkam hamkorlikda ishlashardi.
Byurokratik davlat mashinasining butun yuqori qismi dzaybatsular bilan bog‘liq bo‘lib, ularning aksiyalariga egalik qilgani holda dzaybatsular ravnaqidan manfaatdor edi. Shu tariqa Yaponiyada bozor munosabatlari rivojlanishi davlat apparatiga bog‘liq edi va bu hol unga Yaponiyaning ichki hamda tashqi siyosatida ustuvor mavqe yaratardi.
Yaponiya foydali qazilmalar jihatdan boy davlat emas edi. Qishloq xo‘jaligida feodal-samuraylarning zo‘ravonligi Yaponiyaning xomashyo resurslari va oziq-ovqat imkoniyatlarini chegaralar, ichki bozorni toraytirardi. Bu hol yapon harbiylarini katta tashqi siyosiy mojarolarga undab, harbiylar siyosatda rahbar kuchga aylandi. Natijada harbiylarning o‘ta agressivligi kuchaydi, ularning dzaybatsular tomonidan quvvatlanishi esa asta-sekin Yaponiyani harbiylashgan mamlakatga aylantirdi.
Ichki va tashqi siyosatning harbiylashtirilishi
Yaponiya 1894–1895-yillarda Xitoyga, 1904–1905-yillarda Rossiyaga qarshi ikkita muvaffaqiyatli urush o‘tkazdi. Bu g‘alabalar Yaponiyani buyuk davlatlar darajasiga chiqardi. Yaponiya Birinchi jahon urushida Antanta tomonidan qatnashdi va g‘oliblar qatorida bo‘ldi. U mukofot tariqasida Shandun yarimorolini, Tinch okeanidagi Germaniyaga qarashli Mariana, Karolina, Marshall orollariga mandatni oldi. Ushbu orollarning olinishi Yaponiyani Tinch okeani akvatoriyasi markaziga chiqarib, AQSHning asosiy harbiy-dengiz bazasi — Gavayi orollariga yaqinlashtirdi.
Imperator, dzaybatsular, samuraylar va yapon generallari Birinchi jahon urushidan keyinoq buyuk yapon imperiyasini yaratish rejalarini tuza boshladi. Sovet Rossiyasi agressiyaning birinchi qurboni bo‘ldi. 1918-yili yapon qo‘shinlari sovet Rossiyasi hududiga bostirib kirib, Vladivostok, Primore, Sharqiy Sibir va Shimoliy Saxalinni egallab oldi. Butun Sibirni bosib olish rejalashtirilgan edi. Kolchak va ataman Semenov qo‘shilmalarining tor-mor qilinganligi, shuningdek, boshlanib ketgan partizanlik harakati yaponlarni Rossiyadan ketishga majbur qildi.
Biroq yapon harbiylarini to‘xtatish endi qiyin bo‘lib qolgan edi. Urushni boshlashga tayyorlanayotgan, qudratli flot va zamonaviy aviatsiyaga ega ulkan armiya tuzilgandi. Yaqinda esa cheksiz inson resurslariga ega ulkan Xitoy, tabiiy resurslarga boy Janubi-Sharqiy Osiyo, Britaniya mustamlakalari — Birma, Malayya, Hindiston joylashgan edi. 1931-yil sentyabrida Yaponiya Xitoyning shimoli-sharqiy provinsiyalarini bosib olib, bu yerda Manchjou-Go qo‘g‘irchoq davlatini barpo etdi. Xuddi shu vaqtdan Xitoy bilan 1945-yilgacha davom etgan uzoq urush boshlandi.
Yaponiya fashistik davlatlar bilan yaqinlashish yo‘lini tanladi. Bu 1940-yili agressorlar — Yaponiya, Germaniya va Italiyaning uchyoqlama pakti bilan rasmiylashtirildi. Uchyoqlama pakt Germaniyaning raqiblari — AQSH, Angliya va Fransiyaga qarshi yo‘naltirilgan edi. Germaniya va Italiyadan madad berish va’dasini olgan Yaponiya Tinch okeanidagi o‘z asosiy raqibini safdan chiqarish uchun AQSHga, mustamlakalarini bosib olish maqsadida Angliyaga qarshi urushga faol tayyorlana boshladi.
Ikki jahon urushi oralig‘ida Yaponiyaning rivojlanishi tekis kechmadi. Birinchi jahon urushida u Tinch okeani bozoriga o‘z eksportini keskin oshirishga erishdi. Yaponiyaning chet elga kapital sarfi deyarli besh karra miqdorda ortdi. Butun Xitoy tashqi savdosining 50 foizi Yaponiya hissasiga to‘g‘ri kelardi. Harbiy ta’minot va tashqi iqtisodiy ekspansiya sanoat rivojlanishiga kuchli turtki berdi. Urush yapon burjuaziyasini boyitdi. Aksiyadorlik jamiyatlarining kapitali 2,5 barobar ko‘paydi.
Dzaybatsularning yapon siyosatiga ta’siri yanada kuchaydi. “Mitsubisi” konserni 20-yillarda 120 ta kompaniyani nazorat qilardi va o‘z tarkibida temiryo‘l, elektrotexnika, metallurgiya, kemasozlik, kemachilik kompaniyalariga ega edi. Dastlab bankirlik uyi bo‘lgan “Yasuda” birlashmasi urush paytida katta miqdordagi sanoat korxonalarini sotib oldi. Dzaybatsularning kuchayishiga yondosh ravishda davlatning tadbirkorlik faoliyatidagi roli ortib bordi. Davlat iqtisodiyotga katta mablag‘larni sarflar va bu mablag‘larning barchasi dzaybatsularga berilgandi. Imperator (mikado) mamlakatning eng yirik zamindori bo‘lgani holda “Mitsui” va “Mitsubisi” konsernlarining ham yirik aksiyadori edi. Yaponiya 20-yillarda yirik jahon davlatiga aylandi.
Lekin Yaponiya iqtisodiyotida hamma narsa joyida emas edi. Avvalo, 20–30-yillarda qishloq xo‘jaligi og‘ir inqirozni boshidan kechirdi. Qishloqda pomeshchik samuraylarning hukmronligi dehqonlar mehnati samaradorligining pasayishiga olib keldi. Konsernlarning qudratli byurokratik apparati bilan texnik jihatdan qoloq mayda va o‘rta sanoat o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga keldi. Ichki bozorga xizmat ko‘rsatuvchi qator tarmoqlarda 30-yillar boshlarida ham sanoat rekonstruksiyasi tugallanmagan va ular oddiy asbob-uskunalatda ishlashardi. Monopoliyalarning rivojlanishi mustamlakalarni, norentabel korxonalar mahsuloti va raqobatbardosh bo‘lmagan buyumlarni sotish bozorlarini talab qilardi. Yaponiyada mustamlakalarni bosib olishga tayyorlanayotgan va mustahkam siyosiy ittifoqqa birlashgan harbiylar, pomeshchik-samuraylar hamda dzaybatsular diktaturasi shakllandi.
Tegishli rejalarni amalga oshirish uchun mamlakat iqtisodiyotini harbiylashtirish o‘tkazildi. 1934-yilda Yaponiya dunyodagi eng qudratli armiyalardan biriga ega bo‘lib, urushga tayyor edi. Butun iqtisodiyot harbiy kuchlarga yo‘naltirildi. 1938-yil martida “Millatni umumiy safarbar qilish haqida”gi qonun qabul qilinib, bunda dzaybatsular va ishlab chiqarishga aloqador kompaniyalarga kreditlar, xomashyo, ishchi kuchi va kafolatli buyurtmalar olishda ulkan imtiyozlar berildi. “Umumiy safarbar qilish haqida”gi qonun bo‘yicha har qanday ish tashlashlar va yig‘ilishlar ta’qiqlandi, ish kuni 14–16 soatgacha davom etardi.
Qisqacha mazmun
- 1889-yil — Yaponiya parlamentli monarxiya;
- XIX asr oxiri — davlat tomonidan boshqariluvchi bozor munosabatlarining keng joriy etilishi;
- Dzaybatsular — yirik moliyaviy tashkilotlar — Mitsui, Mitsubisi, Sumitomo va boshqalar;
- Qishloq xo‘jaligi rivojlanishining past darajasi;
- Tashqi siyosatdagi agressivlik;
- 1918-yil — Rossiya Uzoq Sharqi va Sibiriga muvaffaqiyatsiz intervensiya;
- 1931-yil — Xitoy shimoli-sharqiy hududlarining bosib olinishi, Manchjou-Go davlatining tashkil topishi;
- 1938-yildan — mamlakatni harbiylashtirishning jadallashuvi;
- Xitoyga qarshi kurash 1945-yilgacha davom etdi.