1918-1939-yillarda Xitoy


Xitoy urushdan keyingi yillarda

Kamolchilik inqilobi bilan deyarli bir vaqtda Osiyoning boshqa burchagida Xitoy inqilobi boshlandi. Bu xalq hokimiyatining qaror topishi bilan yakunlangan haqiqiy milliy-ozodlik inqilobi edi.

Birinchi jahon urushi oxirlarida Xitoy qoloq, yarimfeodal, yarimmustamlaka mamlakat edi. Xitoy yirik dunyo davlatlarining ta’sir doiralariga taqsimlangan, mamlakat sanoati, transporti, banklari, tashqi savdosining asosiy qismi xorijiy kompaniyalarga tegishli edi. Birinchi jahon urushi yillarida mamlakat sanoati o‘sib, milliy ishchilar sinfi shakllandi va bosh maqsadi chet el hukmronligidan to‘liq ozod boʻlishidan iborat milliy-demokratik inqilobning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.

1918-yilga kelib mamlakatda ikki inqilobiy harakat markazi — Xitoy xalqining tan olingan milliy yo‘lboshchisi Sun Yatsen (1867–1925) boshchiligidagi Gomindan hamda Xitoy kommunistik partiyasi tashkil topdi. Sun Yatsen Guanchjouda kommunistlar ham qo‘llab-quvvatlagan hukumat tuzdi. Sovet Ittifoqidan taklif etilgan harbiy mutaxassislar Qizil armiyaning jangovar qismlari o‘zagini tashkil etgan o‘z armiyasini vujudga keltirishda Sun Yatsenga yordam berishdi. Bundan tashqari 1924-yil yanvarida Xitoyning shimoli-sharqida Gomindan va XKP hamkorligi asosida umummilliy birlashgan inqilobiy front tuzildi. Guandun provinsiyasi 1925–1927-yillardagi birinchi inqilobiy fuqarolar urushining tayanch bazasiga aylandi. Xorijiy politsiya tomonidan Shanxaydagi namoyishning o‘qqa tutilishi inqilobga turtki vazifasini o‘tadi.

Sun Yatsen (1866–1925) — Xitoy inqilobchi-demokrati. Xitoyning birinchi (muvaqqat) prezidenti (1912-yil 1-yanvardan 1-aprelgacha). 1912-yildan 1927-yilgacha mamlakatda ilg‘or rol oʻynagan Gomindan milliy partiyasiga asos soldi.


Chan Kayshi mamlakat hukumati tepasida

Shanxaydagi voqealardan so‘ng Gomindan bilan XKP ning yoʻllari ajrala boshladi.
1925-yili Sun Yatsen vafot etdi. Uning o‘rniga kelgan Chan Kayshi (1887–1975) XKP bilan hamkorlikdan bosh tortdi va o‘z tuzumini xorijlik vakillar yordamida qaror toptirishga intildi. U 1927-yili Guanchjouda hukumat tepasiga chiqdi va XKP tarafdorlariga qarshi ularni Guandun provinsiyasidan chiqarib yuborish maqsadida kurasha boshladi. Chan Kayshi hokimiyati barcha chet el vakolatxonalari tomonidan tan olindi va Xitoyning qonuniy hukmdori bo‘lib qoldi.

XKP asosiy kuchlarini Janubiy va Markaziy Xitoyda yig‘a boshladi. Bu yerda xalq ozodlik armiyasining birinchi bo‘linmalari tashkil etildi. Ushbu provinsiyalar hududida armiyaning tayanch bazalari barpo etildi va demokratik ishchi-dehqon hokimiyati o‘rnatildi. 1925–1931-yillarda Uxon provinsiyasi markazida XKP boshchilik qilgan birinchi inqilobiy Xitoy hukumati joylashgandi.

Mamlakatda uchhokimiyatchilik yuzaga keldi: XKP— Uxonda, Gomindan — Guandunda va oʻzlarini ayrim provinsiyalarning hukmdori deb e’lon qilgan ko‘p sonli militaristlar (Chjan Szolin, U. Peyfu va boshqalar). XKP ning Xitoy milliy-ozodlik uchun kurash yagona frontini qaror toptirish yo‘lidagi barcha intilishlari natija bermadi.


Yaponiya agressiyasining boshlanishi

1931-yil sentyabrida Yaponiya Xitoyga qarshi hujumini boshlab, uch oy mobaynida mamlakatning shimoli-sharqiy provinsiyalarini bosib oldi va 1 mln kv km dan ziyod maydonga ega qo‘g‘irchoq davlat tuzdi. Yapon bosqinchilari ushbu qo‘g‘irchoq davlat hukmdorligiga manchjurlar sulolasining soʻnggi imperatori PuIni qo‘yishdi. Ma’lumki, manchjurlar sulolasi 1912-yili Sun Yatsen boshchiligidagi inqilobiy qo‘zg‘olon natijasida ag‘darilgandi. Yapon militaristlari SSSR va MXR bilan chegaradosh bu qo‘g‘irchoq davlat hududini SSSR ga (1938-yili Hasan ko‘li yonida) va MXR ga (1939-yili Xolxin-Gol daryosi yonida) qarshi dushmanlik harakatlari platsdarmiga aylantirishdi.


Gomindanning XKP bilan kurashi

Yaponiyaning Xitoyga qarshi urushi xitoy xalqining ozodlik urushida yangi bosqichni boshlab berdi. Bu urush yaponlarga qarshi vatanparvarlik chiqishlarining yangi toʻlqinini qo‘zg‘atdi. Bunda tashqi agressiyaga qarshi kurash asosiy markazga qoʻyildi. Begonalar hukmronligiga qarshi ozodlik kurashi bilan xorijiy kompaniyalarning ijtimoiy istibdodiga va xorijiy agressiyaga qarshi kurash yagona oqimga birlashdi. Gomindan rahbariyati yapon agressiyasiga qarshi kurash olib borishdan bosh tortayotganini ko‘rgan XKP o‘z qizil armiyasini janubdan shimolga oʻtkazishdek dadil qaror qabul qildi. Bundan maqsad — yaponlar hujumi yanada rivojlanishiga yo‘l qoʻymaslik edi. 1934–1935-yillarda XKPning qurolli kuchlari shimolga yurishni amalga oshirdi. Ularning soni 300 ming kishiga yetardi, lekin doimiy ravishda oʻzlarini ta’qib qilayotgan gomindanchilarning hujumlarini qaytarishga majbur bo‘lishdi. Janglar bilan Shensi provinsiyasi shimoli tomon 3 ming km yo‘l bosib o‘tildi, 300 ming kishidan 30 ming kishi qoldi.

XKP Shensi provinsiyasida oʻrnashib olgach, xitoy xalqining yapon agressorlariga qarshi kurashiga boshchilik qildi. XKP birodarkush fuqarolar urushini toʻxtatish va Yaponiyaga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirishga chaqirib, Gomindan rahbariyatiga murojaat qildi. Lekin Chan Kayshi bu chaqiriqlarga muntazam ravishda rad etish bilan javob berdi va buning ustiga 1936-yili dekabrda Shensi poytaxt — Sian shahrida Qizil armiyaga qarshi yangi hujum boshlashga harakat qildi.

Ushbu sotqinlikdan gʻazablangan Siandagi Gomindanchi qo‘shinlar isyon ko‘tarib, Chan Kayshini qamoqqa olishdi. Ular Gomindan hukumatining qayta tashkil etilishini, fuqarolar urushi butunlay toʻxtatilishini, Sun Yatsen vasiyatlari bajarilishini va Vatanni qutqarish konferensiyasi chaqirilishini talab qilishdi. Faqat Sianga kelgan XKP vakili, Mao Szedun oʻrinbosari Chjou Enlayning aralashuvi Chan Kayshini sotqinligi uchun jazodan saqlab qoldi. Chjou Enlay bilan muzokaralar natijasida Chan Kayshi fuqarolar urushini toʻxtatish va yapon agressiyasiga qarshilikni tashkil etish haqidagi talabni qabul qildi.

1937-yil iyulida barcha vatanparvar kuchlarni birlashtirgan yagona aksilyapon milliy fronti tashkil etildi. Nisbatan katta boʻlmagan xalq qurolli kuchlari mehnatkashlar ommasining faol madadidan foydalanib, tezda kuchaydi va Xitoyning koʻplab hududlarini ozod qilib, ularni xitoy inqilobining tayanchiga aylantirdi.


Milliy-ozodlik urushi

Xitoy xalqining yapon bosqinchilariga qarshi milliy-ozodlik urushi uzoq va ogʻir bo‘ldi. Bu urush 1937-yil iyulida boshlanib, 8 yil, ya’ni 1945-yil sentyabrigacha davom etdi. Yapon qo‘shinlari Xitoyda shunday keng hududni, jumladan, ko‘plab yirik shaharlarni bosib olishga muvaffaq boʻlishdiki, natijada gomindanchi hukumat ikki marta o‘z qarorgohini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi.

Urush davomida Xitoy xalqi bosqinchilarning ortida yapon istilochilariga qarshilik bazalariga aylangan ozod hududlarni vujudga keltirdi. Ilg‘or demokratik kuchlarning ta’siri kengayib bordi. 1940-yil oxiriga kelib, demokratik kuchlar nazoratida turgan hududlar aholisining soni 100 mln kishini tashkil etardi.
Bu yerda xalq hokimiyati tuzumi shakllandi. Bu yerda Xitoyning kelajagi yaratilardi.
Ayni paytda Gomindan qat’iy harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortib, taslimchilik siyosatini davom ettirdi. Buning ustiga, Gomindanchi hukumat 1937–1938-yillarda agressor bilan murosali bitim haqida yashirin muzokaralar olib borgani ham ma’lum bo‘ldi.


Qisqacha mazmun

  • 1918-yil — Xitoy turmush darajasi eng past boʻlgan yarim feodal, yarim mustamlaka davlat;
  • iqtisodiyotda xorijiy kapital hukmronligi;
  • inqilobiy harakatning ikki markazi — Gomindan (Sun Yatsen boshchiligida) va XKP;
  • 1925–1927-yillar — mamlakatda birinchi inqilobiy fuqarolar urushi;
  • 1925-yil — Sun Yatsenning vafoti. Gomindan boshchiligida — Chan Kayshi; XKP bilan kurash.
  • 1925–1931-yillar — Janubiy va Markaziy Xitoyda demokratik ishchi-dehqon hokimiyatining e’lon qilinishi;
  • Milliy-ozodlik kurashining yagona frontini tuzishga erishilmadi;
  • 1931-yil sentyabr — shimoli-sharqiy provinsiyalarning Yaponiya tomonidan bosib olinishi;
  • 1934–1935-yillar — XKP qurolli kuchlarining yapon intervensiyasiga qarshi kurash uchun mamlakat shimoliga yurishi;
  • Chan Kayshining XKP bilan kuchlarni birlashtirishni rad etishi. Gomindanchi qoʻshinlar isyoni, Chan Kayshining qamoqqa olinishi;
  • 1937-yil — yapon agressorlariga qarshi kurash yagona frontning tashkil etilishi. Kurash 1945-yilgacha davom etdi.