VYETNAM
XIX asr oxirida aholining ahvoli
XIX asrning ikkinchi yarmida Vyetnam Fransiya tomonidan bosib olingan va Birinchi jahon urushi oxiriga kelib, Fransiya mustamlakasi — Hindixitoy Ittifoqi tarkibiga kirardi. Butun markaziy hokimiyat fransuz general-gubernatori qo‘lida mujassam edi. Mamlakatda monarxiya boshqaruvi saqlanganiga qaramay (nguenlar sulolasi), qirol hokimiyati nomigagina mavjud bo‘lib, Janubi-Sharqiy Vyetnamga umuman joriy qilinmasdi. Maxsus nizomga muvofiq vyetnamliklar oddiy huquqlardan ham mahrum qilingandi: ular mavjud hokimiyatga qarshi norozilikda ozgina gumon boʻyicha ham sudsiz va tergovsiz ushlanishi va qamoq jazosiga hukm qilinishlari mumkin edi. Vyetnamliklar mamlakat ma’muriy apparatida va fuqarolik xizmatlarida yuqori lavozimlarga qoʻyilmasdi.
Mamlakat iqtisodiyotida xorijiy kapital zoʻravonligi
Fransuz kapitali mamlakatda tanho hukmronlik qilardi. Kapitalning katta oqimi, ayniqsa, sanoatda va mineral xomashyo qazish tarmogʻida kuzatilardi. XX asrning 20-yillaridan boshlab qishloq xo‘jaligida kapitalning kuchli oqimi boshlandi. Butun bir elat quvilgan yerlarda kauchuk, kofe va choy plantatsiyalari barpo etildi. Fransuz kapitalining sezilarli qismi bank ishiga, savdo va transportga ham yoʻnaltirildi. Shu tariqa Vyetnam iqtisodiyotining barcha tarmogʻi Fransiyadagi eng yirik Hindixitoy banki qoʻliga o‘tdi. Umuman, mamlakatda sanoat birmuncha rivojlanganiga qaramay, Vyetnam aholisining 95 foizi avvalgidek qishloq xo‘jaligida band edi. Qishloq xo‘jaligida yarimfeodal va feodal munosabatlar hukmronligicha qolgandi.
Mamlakatda ozodlik harakati
XX asrning 20-yillari boshlarida Vyetnamda milliy-ozodlik harakatining yangi yuksalishi boshlandi. Mustamlaka tuzumining tanqidi va demokratik erkinliklar talabi bilan chiqayotgan turli siyosiy partiyalar hamda guruhlar (ʻʻYangi Vyetnam partiyasiʼʼ, ʻʻYoshlar partiyasiʼʼ) vujudga kela boshladi. Demokratik harakatga qarama-qarshi oʻlaroq, yirik burjuaziya va zamindorlar partiyasi — ʻʻKonstitutsiyaviy partiyaʼʼ tashkil etildi. Bu partiya Vyetnamga dominion maqomi berilishi, fransuzlar va vyetnamliklar teng huquqliligi, demokratik erkinliklar berilishi uchun kurashardi. 1927-yilda milliy-ozodlik harakatining demokratik qanotiga mamlakatning bo‘lg‘usi birinchi prezidenti Xo Shi Min boshchilik qila boshladi. Iqtisodiy inqiroz yillari (1929–1931) ozodlik harakatining yanada yuksalishiga olib keldi. Biroq mustamlakachi ma’muriyatning shafqatsiz repressiyalari yo‘li bilan 1930-yili ozodlik harakati asosiy markazlarining tor-mor qilinishiga erishildi. Lekin bu xalqning milliy-ozodlik uchun kurashga bo‘lgan irodasini sindirolmadi.
KOREYA
Mustamlakachilik istibdodi
Yaponiya qadim vaqtlardan Koreyaga o‘z imperiyasining bir qismi sifatida da’vo qilib kelardi va Rossiyaning rus-yapon urushidagi (1905) magʻlubiyatidan foydalanib, 1910-yilda Koreya yarimorolini bosib oldi. Koreyada amalda cheklanmagan hokimiyatga ega yapon general-gubernatori hukm yurgizardi.
Yapon hokimiyatini qo‘llab turish uchun bu yerda harbiy eskadralar, ikkita muntazam qo‘shin diviziyasi va dala jandarmeriyasi qismlari saqlab turildi.
Tashkil etilgan davlat apparati yapon bosqinchilari uchun mamlakatning boy tabiiy resurslarini talash va koreys xalqini shafqatsiz tasarruf etish imkoniyatini ta’minlardi.
Beshafqat mustamlakachilik istibdodi koreys xalqining keskin noroziligini uyg‘otdi.
1919-yili butun Koreya boʻylab yaponlarga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Birgina Seuldagi namoyishda 300 ming kishi qatnashdi. Namoyishchilarning asosiy tarkibi talabalar boʻlib, ishchilar, dehqonlar, xizmatchilar, savdogarlar, hunarmandlar va tadbirkorlar ularni qoʻllab-quvvatladi. 1930-yili butun Koreyani qamrab olgan mehnatkashlarning kuchli ish tashlashlari ham yaponlarga qarshi shiorlar ostida o‘tdi. Seul, Pusan, Vonsan va boshqa shaharlarda talabalarning muntazam qo‘shinlar tomonidan bostirilgan chiqishlari bo‘lib o‘tdi. Yaponiyaning urushga tayyorlanishi koreys xalqiga yangidan yangi mushkulliklar, kulfatlar keltirdi. 1931-yili Shimoli-Sharqiy Xitoy (Manchjuriya) bosib olingach, Yaponiya hukumati manchjur-koreys majmuyini, ya’ni Uzoq Sharqdagi bosqinchilik harakatlari uchun iqtisodiy va harbiy platsdarmni yaratishga kirishdi. Shu munosabat bilan Koreya iqtisodiyotiga kapital mablag‘lar sarfi keskin koʻpaydi. Mamlakatda yirik metallurgiya, kimyo korxonalari va elektr stansiyalari qurila boshlandi. Bu korxonalar urush yillarida kerakli ashyolar va buyumlarning uchdan bir qismini Yaponiyaga yetkazib berdi.
Biroq iqtisodiy o‘zgarishlar mamlakatda Yaponiya zo‘ravonligi kuchayishiga olib keldi — kapitalning 94 foizi yapon sanoatchilari va biznesmenlariga tegishli edi. Koreya sanoati yapon iqtisodiyoti uchun zarur buyumlar ishlab chiqarishga moslashtirilgan bo‘lib, Yaponiyaga butunlay bog‘liq edi. Sanoat korxonalari Yaponiyaga mahsulotni olib chiqish qulay bo‘lishi uchun port-shaharlar yaqinida joylashtirildi.
Yapon bosqinchilariga qarshi kurash kuchayishda davom etdi. 1931–1933-yillarda o‘z bazalarini tog‘larda vujudga keltirgan partizan boʻlinmalari tuzildi. 1934-yili partizan bo‘linmalarining birlashishi natijasida Koreya xalq-inqilobiy armiyasi tashkil etildi va bu armiya yapon agressiyasiga qarshi kurashda Xitoy xalq ozodlik armiyasiga gʻoyatda katta yordam ko‘rsatdi.
1936-yili Koreya vatanparvarlik kuchlari Shimoli-Sharqiy Xitoy hududida ʻʻVatanni tiklash jamiyatiʼʼni tuzdi. Mazkur tashkilot dasturida mamlakatda yapon mustamlakachilik tartibini tugatish va Koreya demokratik hukumatini barpo etish koʻzda tutilgandi.
Jamiyat targʻibot ishlaridan tashqari Koreya hududida partizanlarning jangovar harakatlarini ham uyushtirdi. Jumladan, 1937-yili Kim Ii Sen boshchiligidagi partizan boʻlinmasi hatto ma’lum muddatga Pochxonbo shahrini ozod qildi. Partizanlarning harakatlari yapon agressorlari hokimiyatining beqarorligini vujudga keltirib, mamlakat resurslaridan foydalanishlari va talashlarini qiyinlashtirdi.
INDONEZIYA
Mustamlakachilik istibdodiga qarshi kurash
Indoneziya tarkibiga umumiy maydoni 2 mln kv ni tashkil etuvchi uch mingdan ziyod orol kiradi. Indoneziya aholisi soniga ko‘ra ( 170 mln kishi) dunyoda toʻrtinchi oʻrinni egallaydi. Bu yerda 150 ta elat istiqomat qilib, ular orasida eng ko‘p sonlisi yavaliklar, sundlar, madurliklar va xitoylardir. Aholining 90 foizi sunniy mazhabdagi islom diniga e’tiqod qiladi.
Deyarli 350 yil davomida Indoneziya Gollandiya (Niderlandiya) mustamlakasi bo‘lib, Niderland Hindistoni deb atalardi. Bu dunyodagi eng boy mustamlakalardan biri edi va XX asr boshlaridayoq mustamlakachilikning go‘yo baynalmilal qo‘riqxonasiga aylandiki, Amerika, ingliz va golland kompaniyalari bu yerda birday hukm yuritishardi. Indoneziyadan dunyoning barcha mamlakatlariga kauchuk, qalayi, tamaki, neft, kofe, qand, choy va boshqa ko‘p narsalar yetkazib berilardi.
Ikki jahon urushi oraligʻida Indoneziyadagi xorijiy korxonalarda milliy ishchilar sinfi tarkib topib, mahalliy mayda savdogarlar, burjuaziya, milliy tadbirkorlar paydo bo‘la boshladi. Indoneziya milliy burjuaziyasining asosiy qismi o‘z mamlakatida oʻzining teng huquqli emasligini oʻtkir his etgan holda xalq bilan birga mustamlakachilik hukmdorligidan ozod boʻlish uchun kurashdi.
Mamlakatda eng uyushgan ishchilarni birlashtirgan kasaba uyushmalari yuzaga keldi. Ularning soni tezda koʻpayib, kasaba uyushmalari inqilobiy yo‘nalish va baynalmilal mazmun kasb eta boshladi.
Ishchilarning birlashishga intilishlari tufayli 1919-yil oxirida Indoneziya yagona kasaba uyushma markazi tuzildi. 1918–1919-yillarda barcha orollarda, ayniqsa, Yavada uyushqoqligi bilan ajralib turadigan, mustamlakachilikka qarshi mazmundagi stachkalar avj oldi. Bu inqilobiy kurash to‘lqinida siyosiy partiyalar vujudga keldi. Ularning ba’zilari islohotchilik tusidagi kurash yo‘lini yoqlashsa, boshqalari faol qurolli kurashga qat’iy tarafdor edi.
1926–1927-yillarda butun Indoneziyani qo‘zg‘olon qamrab oldi. Ayniqsa, Yava hamda Sumatra orollarida qo‘zg‘olon kuchli o‘tdi. Mustamlakachilikka qarshi mazmundagi qo‘zg‘olon shafqatsizlarcha bostirildi. Ikki yuz nafar qo‘zg‘olonchi qatl etildi. Gollandiya mustamlakachi hokimiyatining shafqatsizligi dunyoni larzaga soldi. Lekin qo‘zg‘olon Indoneziya xalqining boshqa ko‘plab qatlamlarini, birinchi navbatda ziyolilarini mustaqillik uchun kurashga qo‘zg‘atdi.
Mustaqillik uchun kurash
1927-yili Bandungda Indoneziya Milliy partiyasi tuzildi. Bu partiyaga Indoneziyaning bo‘lg‘usi birinchi prezidenti, muhandis Sukarno boshchilik qildi. Partiya mamlakat mustaqilligiga erishishni o‘z maqsadi deb bilgan holda bunga xalqni birlashtirish yo‘li bilan intila boshladi. Partiyaning ijtimoiy asosi ancha keng, ya’ni ziyolilar, mayda va o‘rta burjuaziya, ishchilar, dehqonlar va hunarmandlardan iborat edi.
Sukarno (1901–1970) — indoneziyaning 1945–1967-yillardagi prezidenti. Indoneziya Milliy partiyasi asoschilaridan biri. Mustamlakachilikka qarshi, mamlakat mustaqilligi e’lon qilinishi uchun faol kurashchi.
Indoneziya Milliy partiyasining syezdida indonez tilini, indonez yurtini va indonez millatini butun arxipelag aholisi uchun yagona deb e’lon qilingan dastur qabul qilindi. Bu hol umumindonez xalqining shakllanish jarayoni boshlanganidan dalolat edi.
1929-yil dekabrida IMP rahbarlari va Sukarno hibsga olinib, turli qamoq muddatlariga hukm qilindi. Ular ʻʻqonuniy hukumatni majburiy ag‘darishʼʼga intilishda ayblandi. IMP tez orada tarqatib yuborildi, lekin ko‘p o‘tmay yangi nom — Indoneziya partiyasi nomi bilan qayta tuzildi va mamlakatdagi milliy-ozodlik harakatini boshqara boshladi. Qamoqdan chiqqanidan keyin Sukarno Indoneziya partiyasiga rahbarlik qildi, biroq tez orada (1933-yil 1-avgust) yana qamoqqa olinib, mamlakatning uzoq joylaridan biriga badargʻa etildi.
Urush yaqinlashishi sharoitlarida mustamlakachi hokimiyat milliy harakatga nisbatan repressiyani kuchaytirdi. Bu o‘z navbatida yashirin harakat qilayotgan so‘l kuchlarni 1937-yili yangi partiya — ʻʻIndoneziya xalqi harakatiʼʼ (Gerindo)ni tuzishga majbur qildi. Bu partiya IMP va Indoneziya partiyasi dasturlarini o‘z faoliyati uchun asos sifatida oldi. 1939-yil yoziga kelib, Gerindo mamlakat mustaqilligi, demokratik huquqlar va erkinliklar e’lon qilinishi uchun kurashayotgan 10 mingdan ziyod kishidan iborat edi.
Qisqacha mazmun
Vyetnam
- XX asr ikkinchi yarmi — Fransiya mustamlakasi (Hindixitoy ittifoqi tarkibida);
- mahalliy aholi diskrinimatsiyasi;
- mamlakatda fransuz kapitali hukmronligi;
- XX asrning 20-yillari — milliy-ozodlik harakatining yangi yuksalishi.
1927-yildan Xo Shi Min rahbarlik qiladi; - 30-yillar— milliy-ozodlik harakatining asosiy markazlari tor-mor etildi.
Mustaqillik, tenglik va demokratik erkinliklar uchun kurash davom etadi.
Koreya - 1910-yildan — Yaponiya mustamlakasi (mamlakatni yapon general-gubernatori boshqaradi);
- 1919-yil — yaponlarga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari.
Qoʻshinlar tomonidan bostirildi; - 30-yillar — yaponlarga qarshi yangi chiqishlar;
- 1931-yildan — Uzoq Sharqni bosib olish uchun harbiy platsdarm sifatida manchjur-koreys majmuyining bunyod etilishi;
- mamlakat iqtisodiyotining Yaponiyaga toʻliq bogʻliqligi;
- ʻʻVatanni tiklash jamiyatiʼʼ — mustamlaka tuzumini tugatish va mamlakatning demokratik hukumatini tuzish uchun kurash.
Indoneziya - XX asr boshlarida — Gollandiya (Niderlandiya) mustamlakasi.
Mamlakat tabiiy resurslarining ingliz, amerika va golland kompaniyalari tomonidan talanishi; - 1918–1919-yillar — mustamlakachilar hukmronligiga qarshi ommaviy chiqishlar;
- 1926–1927-yillar — Gollandiyaning mustamlakachilik siyosatiga qarshi ommaviy chiqishlarning yangi toʻlqini.
Muntazam qoʻshinlar tomonidan bostirilgan; - 1927-yil — milliy-ozodlik harakatiga boshchilik qilgan Indoneziya Milliy partiyasining (IMP) tuzilishi.
Sukarno — IMP ning faol rahbarlaridan biri; - 1929-yil — IMP tarqatildi.
Sukarno qamaldi.
IMP ishini davom ettirgan Indoneziya partiyasi (Partindo) tashkil etildi. - 1937-yil — Mustaqillik va demokratik erkinliklar uchun kurashgan indonez xalqi harakati (Gerindo) tashkil etildi.