Turkiya Birinchi jahon urushidan soʻng. Usmonli turk imperiyasining boʻlinishi
Birinchi jahon urushi Osiyodagi vaziyatni tubdan oʻzgartirdi. Turkiya Germaniyaning ittifoqchisi boʻlgani bois yengilgan mamlakat qismatini bo‘lishib oldi. To‘g‘ri, Angliya bilan Fransiya o‘rtasidagi ziddiyatlar tufayli gʻolib davlatlar uzoq vaqt mobaynida tinchlik shartnomasi tuzishga muvaffaq boʻlishmadi. Baribir, 1920-yil 10-avgustda Parij yaqinidagi Sevr shahrida shunday shartnoma imzolandi. Bu Turkiya taqdirini hal qilishi lozim edi.
Sevr shartnomasiga koʻra sobiq Usmonli turk imperiyasi amalda Fransiya bilan Angliya oʻrtasida taqsimlandi. Suriya va Livan Fransiya mandati ostiga oʻtdi. Millatlar Ligasidan olgan mandat shartlariga koʻra, Fransiya yigirma yilda Suriya va Livanni mustaqillikka tayyorlashi shart edi. Xuddi shu shartlarda Angliya ham Mesopotamiya (Iroq) va Falastinga mandat oldi. Hijoz qirolligi (Arabiston yarimoroli) mustaqil deb e’lon qilinadigan boʻldi.
Sevr tinchlik shartnomasida nafaqat Usmonli turk imperiyasining boʻlinishi, balki Turkiyaning oʻzini ham parchalash koʻzda tutilgandi. Turkiyada yarimmustamlaka tartiboti oʻrnatilardi va amalda suveren davlat huquqidan mahrum qilingandi. Chet ellik fuqaro turk sudiga boʻysunmasligi mavjud boʻlgan kapitulyatsiya tartiboti ham tiklanardi. Angliya va Fransiya vakillaridan iborat komissiya Turkiya mablagʻlariga egalik qilar, Turkiya byudjetining nazoratini amalga oshirardi.
Milliy-ozodlik harakati
Sevr shartnomasining imzolanishi butun Turkiyada norozilik tugʻyonini uygʻotdi.
Hukumat shartnomani qat’iyan rad etdi. Turkivada Sevr shartnomasini tugatishga qaratilgan milliy-ozodlik harakati boshlandi. Qishloq joylarda partizan boʻlinmalari, shaharlarda ishchi tashkilotlari tuzishga kirishildi. Milliy-ozodlik harakatining tashkil etilishi va tayyorlanishida turk armiyasi generali Mustafo Kamol poshsho katta rol o‘ynadi. U qisqa muddatda turk armiyasini yangidan tuzishga erishdi va bu armiya 1922-yili intervension armiyaning bir qismi bo‘lgan grek qoʻshinlarini mag‘lubiyatga uchratdi. Shundan keyin Mustafo Kamol izdoshlari kamolchilar, Turkiyadagiday yuz bergan inqilob esa kamolchilik inqilobi deb atala boshlandi. Bu davrda Rossiya davlati Turkiyaga katta moddiy-ma’naviy yordam koʻrsatdi. 1921-yil 6-martda Moskvada doʻstlik va birodarlik haqida sovet-turk shartnomasi imzolandi. Sovet hukumati Sevr shartnomasini tan olishi Mustafo Kamol poshsho (Otaturk)dan bosh tortdi va Turkiyaga 10 mln soʻmlik oltin miqdorida tekin yordam berdi. Mustafo Kamol bu mablag‘ni o‘z armiyasining qurol bilan to‘liq jihozlanishiga sarfladi.

Mustafo Kamol poshsho (Otaturk)
Mustafo Kamol (1881–1938) — 1918–1923-yillarda Turkiyadagi milliy-ozodlik kurashining rahbari. 1923-yildan 1938-yilgacha Turkiya respublikasining birinchi prezidenti. Mamlakat milliy mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash uchun kurashgan. Xizmatlarning e’tirofi sifatida Otaturk (turklar otasi) faxriy unvonini olgan.
Dastlabki yutuqlar Mustafo Kamolni yanada ruhlantirdi. Uning tashabbusi bilan sultonlik bekor qilindi va sulton mamlakatdan qochib ketdi. Turkiya qoloqligining, mag‘lubiyatlarining, G‘arb davlatlariga qaram yarimmustamlaka provinsiyaga aylanib qolganligining bosh sababiga barham berildi. 1923-yil aprelida Mustafo Kamol tashabbusi bilan yangi partiya — Xalq partiyasi tashkil etildi. Xalq partiyasi (keyinroq Xalq respublikasi partiyasi — XRP nomini olgan) Mustafo Kamol va uning inqilobiy islohotlari uchun asosiy siyosiy tayanch bo‘lib keldi.
Mustaqillikning e’lon qilinishi. Inqilobning o‘ziga xosliklari
Turkiya respublikasi G‘arb davlatlarini Sevr shartnomasi oʻrniga yangi shartnoma imzolashga majbur qildi. 1923-yil 24-iyulda Lozanna shahrida imzolangan yangi shartnomaga muvofiq, Antanta davlatlari Turkiya mustaqilligini, kapitulyatsiya va unga asoslangan noteng huquqli shartnomalar bekor qilinishini tan olishdi. Lozanna shartnomasi yangi mustaqil turk davlatining G‘arb davlatlari tomonidan tan olingani hujjati sifatida Turkiya uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega edi. XVII–XVIII asrlardagi puturdan ketgan sultonlik davlati boʻlaklarida demokratik prinsiplarga ega zamonaviy davlat yaratildi. Turkiya nafaqat mustaqillikka erishgan, balki ko‘p partiyali siyosiy platformali prezidentlik respublikasi tarzidagi demokratik boshqaruv prinsiplarini qabul qilgan birinchi Osiyo davlati ham edi.
Turkiyada g‘alaba qilgan kamolchilik inqilobi qator oʻziga xosliklarga ega edi.
Eng avvalo, iqtisodiy rivojlanish asosida iqtisodiyotning davlat tomonidan boshqarilishi turardi. Bu shuni anglatardiki, davlat kapital jamgʻarilishi va xususiy turk kapitalini ragʻbatlantirish uchun barcha o‘z dastaklaridan foydalanadi. Xususiy kapital imtiyozli kreditlar olgani holda imtiyozli holatga qo‘yiladi. Bu milliy xususiy tadbirkorlar qatlamini yaratish uchun shart-sharoitlarni vujudga keltirdi. Shuningdek, pudrat va davlat korxonalariga mahsulot yetkazish bilan shugʻullanadigan xususiy mulkdorlarning boyishi uchun ham imkon yaratdi.
Mazkur siyosat natijalar bera boshladi. 20-yillarda birinchi qand zavodlari qurildi, toʻqimachilik sanoati kengaytirildi, temiryo‘llar tarmogʻi yuzaga keldi, birinchi milliy banklar tashkil etildi. Biroq dehqonlar kamolchilik inqilobidan hech narsa olishmadi — yer avvalgidek zamindorlar va davlat amaldorlari qo‘lida qoldi.
Kamolchilik inqilobining ikkinchi xususiyati qotib qolgan an’analarning sindirilishidan va davlat boshqaruvining isloh qilinishidan iborat edi. 1924-yili o‘tkazilgan islohotlar Turkiyani zamonaviylashtirdi. Musulmon diniy maktablari yopildi, din va vaqf ishlari vazirligi tugatildi, barcha o‘quv yurtlari dunyoviy boʻldi hamda faqat maorif vazirligiga bo‘ysundirildi. Musulmon diniy sudlari ham tugatilib, ularning vazifalari davlat sud muassasalariga berildi. Yangi jinoyat, fuqarolik va boshqa kodekslar nashr qilindi, mamlakat qiyofasini ʻʻyevropalashtirganʼʼ qator islohotlar amalga oshirildi. Xususan, avvalgi arabcha imlodagi alifbo o‘rniga lotincha asosdagi yangi alifbo qabul qilindi. Turkiya uchun zamonaviylashtirish va g‘arbiy qadriyatlar moʻljalga aylandi.
Kamolchilik inqilobining yana bir xususiyati mamlakat rivojlanishining demokratik yoʻlini ta’minlash edi. 1924-yil 20-aprelda Turkiya respublikasining birinchi konstitutsiyasi qabul qilindi. Bu konstitutsiya mehnatkashlarga real huquqlar berdi. Konstitutsiyada koʻpgina kamchiliklar bor edi, demokratik erkinliklarga kafolatlar ta’minlanmagandi. Baribir bu konstitutsiya sultonlik davridagi davlat tuzumiga nisbatan olg‘a tashlangan ulkan qadam edi.
Shuningdek, kamolchilik inqilobi, odatda, respublikaning barcha yutuq va muvaffaqiyatlari sababchisi boʻlgan muayyan shaxs nomi bilan bogʻliq bo‘ldi. Respublika e’lon qilinganidan so‘ng mamlakatda ulkan shuhrat qozongan Mustafo Kamol respublikaning birinchi prezidenti etib saylandi va u bu lavozimni 1938-yilda vafot etguniga qadar uzluksiz egallab turdi. Mustafo Kamol 1927-yili Xalq respublikasi partiyasining umrbod raisligiga saylandi va unga Otaturk, ya’ni Turklar otasi faxriy unvoni berildi. Kamolchilik inqilobidagi shaxs kulti shu bilan izohlanadiki, bunday inqiloblarning harakatlantiruvchi kuchi aholining turli guruhlari — ishchi-dehqonlardan tadbirkorlar, yirik savdogarlar, ziyolilar va yuqori amaldorlargacha boʻladi. Binobarin ularni faqat millat yoʻlboshchisi sifatida hamma tan olgan shaxs birlashtirishi mumkin. Bu yoʻlboshchiga katta ustunliklar beradi — u demokratik atributlardan foydalangan holda islohotlar oʻtkazishga go‘yo butun xalqdan sanksiya oladi. Buni kamolchilik inqilobining eng diqqatga sazovor xususiyati deyish mumkin.
Kamolchilik inqilobining salbiy xususiyatlari
Shu bilan birga kamolchilik inqilobi qator salbiy xususiyatlarga ham ega edi. Avvalo, davlat hokimiyati shovinistik mazmun kasb etgani holda Turkiyaning barcha fuqarolari, dini va millatidan qat’i nazar turklar ekanini e’lon qildi. Bunday shovinizm hukumat qattiq tazyiqqa olgan kurd aholisini chiqishlarga undadi. Boshqa tomondan , kamolchilik hukumati dehqonlarning taqdiriga mutlaqo befarqlik bilan qarardi va ularga yer berilishi uchun hech narsa qilmadi. Hukumat kurdlarning va dehqonlarning barcha chiqishlarini shafqatsizlik bilan bostirdi, mavjud hamda patensial muxolifat vakillari oʻrtasida ko‘p sonli qamashlar o‘tkazildi. Shu tariqa kamolchilik inqilobi asta-sekin o‘z xalqiga qarshi repressiyalar yo‘liga tushib qoldi. Kurdlar va dehqonlar harakati doimiy muammoga aylanib, Mustafo Kamol hukumati vaqti-vaqti bilan ularning chiqishlarini bostirishga intilib, haqiqiy urushlar boshlardi.
Otaturk 1938-yili 57 yoshida vafot etdi. Uning ichki va tashqi siyosatini Ismet Inenyu davom ettirdi. U ham XRP ning umrbod raisligiga saylangandi. U 1950-yilning mayiga qadar mamlakat prezidenti, 1961-yil noyabridan to 1965-yilgacha Bosh vazir bo‘lgan. Ismet Inenyu prezidentligi davrida Turkiya fashistlar Germaniyasi bilan ancha yaqinlashdi. Mamlakat islohotlardan tobora uzoqlashgan holda harbiylashish yo‘liga o‘tdi. Ikkinchi jahon urushi boshlanishidan birmuncha oldin Turkiya Germaniya bilan do‘stlik to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Garchi urush davrida Turkiya betaraflik e’lon qilgan bo‘lsa-da, u Germaniyaga xrom va boshqa qimmatli xomashyolarni yetkazib bergan, bo‘g‘ozlar orqali Qora dengizga fashistlar harbiy kemalarini oʻtkazgan, o‘z hududidan fashistlar josuslariga panoh bergandi.
Qisqacha mazmun
- Birinchi jahon urushida Germaniya ittifoqchisi. 1920-yil 10-avgust — Sevr tinchlik shartnomasi (mamlakat Fransiya va Angliya oʻrtasida boʻlib olindi).
Turkiya mustaqillikdan mahrum etilib, iqtisodiyoti Fransiya va Angliya tomonidan nazorat qilinardi; - Kamolchilik milliy-ozodlik harakati (Mustafo Kamol);
- 1923-yil 24-iyul — Turkiya mustaqilligining tan olinishi, Sevr shartnomasi va kapitulyatsiyaning bekor qilinishi;
- Turkiya — Osiyoda koʻppartiyali siyosiy tizimga ega birinchi prezidentlik respublikasi;
- iqtisodiyotning davlat tomonidan boshqarilishi;
- milliy sanoatning, moliya tizimining rivojlanishi. Lekin yer zamindorlar mulki sifatida qoldi;
- dunyoviy ta’limning joriy etilishi;
- sud yuritish sohasidagi islohotlar, din davlatdan ajratildi;
- 1924-yil 20-aprel — mamlakatning birinchi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Mustafo Kamol — birinchi prezident;
- shovinizm ifodasi — butun aholi turklardir;
- kurdlar masalasi;
- Ismet Inenyu — iqtisodiyotni harbiylashtirish.