1918-1939-yillarda Hindiston


Hind milliy kongressining mustamlakachilikka qarshi kurashi

Birinchi jahon urushidan keyingi voqealar shuni ko‘rsatdiki, Hind milliy kongressi (HMK) hind xalqi orasida katta obro‘-e’tiborga ega, xalqning o‘zi ham zolimlarga qarshi yangidan kurash boshlashga shay. Shu bilan birga ingliz hukumati Angliya tojining eng boy va eng go‘zal qismi bo‘lgan Hindistondan ketmoqchi emasligini ko‘rsatdi.

1919-yil 13-aprelda Amritsar shahrida (Panjob poytaxti) ingliz qo‘shinlari taniqli siyosiy arboblarning, HMK faol rahbarlarining shahardan chiqarib yuborilishiga qarshi norozilik mitingini o‘qqa tutdi. Maydonda 20 ming kishi to‘plangan edi. Qo‘shinlar qurolsiz kishilarga qarata o‘q ota boshlashdi. Mingdan ziyod kishi o‘ldirildi, ikki mingdan ko‘prog‘i yaralandi. Hind xalqi ommaviy chiqishlar, namoyishlar, ish tashlashlar bilan javob qaytardi, hamma joyda politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz bera boshladi. Mamlakat fuqarolar urushi yoqasiga kelib qoldi.

Biroq HMK boshlangan ommaviy harakatni qo‘llab-quvvatlamadi. Partiyada kurashning kuch ishlatish shakllarini inkor etib, faqat tinch, zo‘rliksiz shakllariga yo‘l qo‘yadigan gandicha mafkura g‘alaba qozondi. Kurashning bu shaklini Gandi satiyagraxa — “qat’iylik haqiqatda” deb nomladi.

Gandi 1915-yildan HMKga boshchilik qildi. U mamlakat aholisining ishtirokisiz Hindiston mustaqilligiga erishish mumkin emasligini yaxshi tushunardi, lekin boshqa tomondan ommaviy chiqishlar zo‘rliksiz harakatlar doirasidan tashqariga toshib ketishidan xavfsirardi, zero bunda Hindiston inqilobiy tartibsizlik domiga cho‘kkan bo‘lardi. Gandi Lev Tolstoy bilan yaqin aloqada edi va Tolstoyning yomonlikka zo‘ravonlik bilan qarshi chiqmaslik haqidagi ta’limotini qabul qilgandi.
Tolstoy va Gandi uzoq vaqt xat yozishib turishdi hamda Gandi o‘zini Tolstoyning shogirdi deb bilardi.

Gandi Mahatma Karamchand

Gandi Mahatma Karamchand (1869–1948) — milliy-ozodlik harakatining yo‘lboshchilaridan biri. 1915-yildan Hindiston milliy kongressi partiyasi rahbari.
Mustaqillik uchun milliy-ozodlik kurashi ta’limoti va dasturini ishlab chiqqan.
Hind-musulmon to‘qnashuvlaridan birida o‘ldirilgan.

Mustaqillik uchun kurashning kuchayishi

1918-yildan HMK burjuaziya va ziyolilarining kichik tashkilotidan ommaviy partiyaga aylana boshladi. Gandining tinch namoyishlarda va tinch yurishlarda qatnashishga chaqirig‘i hind mehnatkashlarining keng ommasini milliy-ozodlik harakatiga jalb etish uchun imkon yaratdi.

Shu bilan birga stixiyali ravishda kuchayib borayotgan milliy-ozodlik harakati, zavod va fabrikalardagi ish tashlashlar, provinsiyalardagi dehqonlar g‘alayonlari, ko‘plab shaharlardagi talabalar va o‘quvchilarning chiqishlari Milliy kongress harakatlarini faollashtirish uchun rag‘batlantiruvchi omildek edi. Partiyaning o‘zida ham bo‘linish yuz berdi. Gandining harakatlaridan norozi yosh kongresschilarning bir guruhi J. Neru boshchiligida mustaqillik uchun kurash kuchaytirilishini talab qilgan Umumhindiston mustaqillik ligasini tuzishdi.

Neru Javaharla’I (1889–1964) — mamlakat mustaqilligi uchun kurashda M. Gandining safdoshi. Hokimiyat tomonidan ta’qib qilingan, 10 yildan ko‘proq qamoqda bo‘lgan. 1947-yildan — Hindiston respublikasi Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri.

Hindistonda ish tashlashlar to‘lqini avj oldi. Kasaba uyushmalarining ta’siri kuchaydi. Stachkalar siyosiy tus olib, tez-tez birdamlik ish tashlashlari o‘tkazildi. Ishchilar bilan dehqonlarning birlashishi kuzatilgani holda ishchi-dehqonlarning birlashgan namoyishlari o‘tkazila boshladi va ishchi-dehqon partiyalari tuzildi. Gandi qon to‘kilishini, adovat va qahr-u g‘azabni istamas, mustaqillikka kuch ishlatmaslik yo‘Ii bilan erishishni ko‘zda tutardi. Mustaqillik uchun kurash kuchayib, qonli to‘qnashuvlar boshlanganini ko‘rgach,

Gandi barcha chiqishlar oqimini fuqarolar bo‘ysunmasligi o‘zaniga burishga qaror qildi. U ingliz hokimiyatidan tuz solig‘i bekor qilinishini talab qildi. 1865-yili inglizlar tomonidan joriy etilgan bu soliq tuz savdosini Angliya hukumatining monopoliyasi deb e’lon qildi. Tuz narxi yuz barobar oshib ketdi va natijada ko‘pchilik hindlar uchun tuz olish imkonsiz holga aylandi. Tuz yetishmasligi tufayli organizmda qaytarilmas o‘zgarishlar yuz berdi, bu esa jismoniy tanazzulga olib keldi. Hind xalqining ko‘pchilik qismi shu qismatga duchor bo‘ldi.

Javaharla’l Neru

Fuqarolar bo‘ysunmasligi kompaniyasi

Mustamlakachilar hokimiyati Gandining talablarini bajarishdan bosh tortdi.
Shunda Gandi Kongress rahbariyati bilan fuqarolar bo‘ysunmasligi kompaniyasini boshladi. 1930-yil 12-martda Gandi bir guruh izdoshlari bilan Arabiston dengizi sohiliga yo‘l oldi va bu yerda ingliz tuz kompaniyasiga bo‘ysunmaslik belgisi sifatida tuz pishira boshladi. Gandi sheriklari bilan birga qamoqqa olindi, Kongressning boshqa rahbarlari, shu jumladan, J. Neru ham hibsga olindi. Umuman 60 mingdan ziyod kishi qamaldi. Milliy kongress qonundan tashqari deb e’lon qilindi.

Javob sifatida butun Hindistonda fuqarolar bo‘ysunmasligi harakati boshlandi, shimoli-g‘arbiy chegara provinsiyada qo‘zg‘olonlar, Abdul G‘afforxon boshchiligidagi pushtu qabilalari bilan qurolli to‘qnashuvlar yuz berdi. Ingliz hukumati ularga qarshi aviatsiyani qo‘llashga majbur bo‘ldi. 1930-yil yozida Peshavor, Chittagong, Bombey, Kalkutta, Madras shaharlaridagi g‘alayonlar munosabati bilan harbiy holat e’lon qilindi.

Fuqarolar bo‘ysunmasligi bilan bir paytda dehqonlarning g‘alayonlari ham boshlandi. Hamma joyda dehqonlar bo‘linmalari tuzildi. Ularga qarshi politsiya qismlari tashlandi va dehqonlar yo‘lboshchilarining ko‘pchiligi hibsga olindi.

1930–1931-yillarda Hindistonda avj olgan ommaviy milliy-ozodlik harakatini shafqatsiz repressiyalar tufayli bostirishga muvaffaq bo‘lindi. Shu bilan birga mustamlakachi hukmdorlar milliy harakatni bo‘lib yuborish maqsadida nayranglar ishlata boshlashdi. 1931-yili Londonda “doira stoli” konferensiyasi ochildi va bunda Angliya vakillari kastalar va diniy guruhlar (hindparastlar va musulmonlar) o‘rtasiga nifoq solishga urindi. “Doira stoli” ishining to‘liq befoyda ekanligiga ishonch hosil qilgan Gandi Hindistonga qaytdi va 1931-yil dekabrida ikkinchi fuqarolar bo‘ysunmasligi kompaniyasini boshladi. Gandi va Kongress sessiyasining barcha qatnashchilari yana qamoqqa olindi.

Hindistonning ko‘plab shaharlari va provinsiyalarida yana namoyishlar, fuqarolar bo‘ysunmasligi kompaniyalari, norozilik mitinglari va ish tashlashlar avj oldi.
Kuchli dehqonlar g‘alayonlari ilgari bu kuchsiz bo‘lgan joylarda g‘oyatda tug‘yonli o‘tdi. Dehqonlar uyushmalari va ishchi-dehqon partiyalari tuzila boshlandi.
Harakatga Kashmir ham qo‘shildi.

Qisqacha mazmun

  • 1915-yil — M. Gandi HMK rahbari (kurashning zo‘rliksiz usullari);
  • 1919-yil — namoyishning o‘qqa tutilishi, mamlakatda ommaviy g‘alayonlar, HMK qoʻllab-quvvatlamadi;
  • HMKdagi bo‘linish. Umumhindiston mustaqillik ligasi tuzildi (J. Neru);
  • M. Gandi tomonidan fuqarolar boʻysunmasligi kompaniyasining o‘tkazilishi;
  • 1930 yil — M. Gandi va J. Neruning hibsga olinishi, НМК — qonundan tashqari. Qurolli ziddiyatlar. Mamlakatda — harbiy holat;
  • Ikkinchi fuqarolar bo‘ysunmasligi kompaniyasi. Mag‘lubiyat va M. Gandining qamoqqa olinishi bilan yakunlandi.