Qishloq xoʻjaligining rivojlanishi. Sanoatning monopoliyalashuvi
Birinchi jahon urushida Antanta tomonida ishtirok etgan Italiyada anchagina oʻzgarishlar roʻy berdi. Harbiy buyurtmalar ogʻir sanoatning rivojlanishiga, yengil sanoatning bir qadar jonlanishiga sabab boʻldi. Italiya garchi sanoat taraqqiyoti jihatidan rivojlangan industrial davlatlar darajasiga yetmagan boʻlsa-da, agrar mamlakatdan industrial-agrar mamlakatga aylandi.
Italiyada mamlakat iqtisodiy hayotida muhim oʻrin tutgan, sanoatni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega boʻlgan yirik sanoat monopoliyalari shakllandi. ʼʼFiatʼʼ, ʼʼBredaʼʼ, ʼʼSNIAʼʼ, ʼʼIlvaʼʼ, ʼʼTemiʼʼ, ʼʼArsaʼʼ va ʼʼMontekatiniʼʼ kabi iqtisodiy gigantlar Italiya sanoatining oʻzagini tashkil etgan avtomobilsozlik, qora metallurgiya, konchilik va kimyo sanoatida hukmron mavqega erishdilar. Ayni paytda umumiy soni 120 mingga yetgan kichik korxonalar ham mamlakat iqtisodiy hayotida katta oʻrin egallardi. Ularda 800 mingdan ortiq ishchi ishlardi.
Italiya iqtisodiyotining oʻziga xos jihatlaridan biri qishloq xoʻjaligining nihoyatda qoloq ekanligi edi. 40 ming yirik zamindor 10 mln. gektar yerga ega boʻlsa, 2,5 mln. dehqonning bor-yoʻgʻi 6 mln. gektar yeri bor edi. Dehqonlarning yarmi yersiz boʻlib, yirik zamindorlardan dala ijara olishga majbur qilingandi. Ijara uchun dehqon hosilning yarmini berardi. Qishloq xoʻjaligida chorikor — dehqon asosiy kuch edi. Italiya janubi, Sitsiliya hamda Sardiniya orollari,ayniqsa, qoloq edi.
Bu yerda 10 ming gektardan ortiq yerga ega boʻlgan zamindorlar saqlanib qolgandi.
Italiya iqtisodiyoti katta harbiy xarajatlarni koʻtarolmadi. Ichki davlat qarzlari toʻrt yil ichida uch barobar koʻpaydi. Bundan tashqari, Italiya oʻz ittifoqchilaridan ham anchagina qarzdor boʻlib qoldi. Natijada soliqlar keskin oshib ketdi, pul qadrsizlandi. Pulning qiymati 1920-yilning oxiriga kelib 1914-yilga nisbatan besh barobar pasaydi. Birinchi ehtiyoj mahsulotlarining narxi dahshatli tarzda oʻsib bordi. Urushdan keyingi dastlabki yillarda roʻy bergan ocharchilik mamlakat aholisi boshiga koʻp kulfatlar keltirdi.
Gʻoliblar ichida magʻlub mamlakat
Boshqa Yevropa mamlakatlarida boʻlganidek, Italiyada ham urush ijtimoiy va siyosiy ziddiyatlarni nihoyatda keskinlashtirib yubordi. Urushga qarshi kayfiyatlar kuchayib bordi, magʻlubiyat tuygʻusi paydo boʻldi.
1916-yilda Antanta mamlakatlari bilan imzolangan maxfiy bitimga, asosan, Italiya bir qator hududlarni oʻziga qoʻshib olish maqsadida urushga kirgandi. Ammo Parij tinchlik konferensiyasida Angliya va Fransiya oʻz vaʼdalarini bajarishdan bosh tortdilar. Italiya faqat Janubiy Tirol va Adriatika sohilidagi Triest portini olishga muyassar boʻldi. Bundan boshqa talablari rad etildi. Italiya ʼʼgʻoliblar ichidagi magʻlubʼʼ vaziyatida edi. Urushning bunday yakunlanishi mamlakatdagi siyosiy inqirozni yanada chuqurlashtirib yubordi. 1919-yil kuziga kelib mamlakatdagi vaziyat nihoyatda keskin tus oldi.
Urushdan keyin Italiyada roʻy bergan oʻtkir siyosiy kurashda liberal islohotlar oʻtkazishga qodir va siyosiy inqirozni Germaniyadagi Veymar respublikasi singari burjua-demokratik tuzumini oʻrnatish bilan hal etadigan yetakchi siyosiy partiya yoʻq edi.
Xalq partiyasining dastur
«Qizil ikki yillik» va uning yakunlari 1919-yilda katoliklarning ommaviy harakati asosida Xalq partiyasi (ʼʼPopolariʼʼ) tashkil etildi. Yirik sarmoya vakillari, yer egalari, cherkov xizmatchilari va mamlakat aholisining bir qismi mazkur partiyaga qoʻshildi. Bu unga xalqchil partiya koʻrinishini berdi. Partiya dasturidagi ikki band uning saflariga mehnatkashlarning anchagina qismini, eng avvalo, dehqonlarni jalb etdi. Dasturda zamindorlarning bir qism yerini mablagʻ hisobiga olib, uni dehqonlarga boʻlib berish, shuningdek, mehnat uchun adolatli haq toʻlash vaʼda qilingandi. Ammo Xalq partiyasi siyosiy hayotda sezilarli oʻrin egallolmadi.
1919–1920-yillar Italiya tarixiga ʼʼqizil ikki yillikʼʼ sifatida kirdi. Kasaba uyushmalari rahbarligida bu ularda misli koʻrilmagan miqyosda ish tashlashlar, narx-navoning oshishiga qarshi ommaviy chiqishlar boʻlib oʻtdi.
1920-yilda kurash oʻz choʻqqisiga chiqdi. Ish tashlashlarda 2,5 mln. kishi qatnashdi. Shimoliy Italiyada ishchilar zavod va fabrikalarni egallab olib, uch hafta mobaynida oʻz nazoratlari ostida ushlab turdilar. Ular ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydilar, barcha yirik korxonalarni muhofaza ostiga olgan Qizil gvardiya tuzdilar.
Armiya oʻz betarafligini eʼlon qilgach, hukumat uni xalqqa qarshi yuborishga botinmadi. Dehqonlar va shahar aholisi ishchilarga xayrixohlik bilan qarab, yaqindan yordam berdi.
Hukumat va korxona egalari jiddiy yon berishlarga majbur boʻldilar. 8 soatli ish kuni qonunlashtirib qoʻyildi, narxlarning oʻsishini kompensatsiya qilish maqsadida ish haqiga qoʻshimchalar eʼlon qilindi. Chorikorlar tashkilotlari zamindorlarni ishga yollashning qulay shartlariga koʻndirdilar. Parlament mamlakat janubidagi dehqonlar tomonidan egallangan yerlarning bir qismini qonunlashtirib berdi.
1920-yil kuzida Italiya mehnatkashlari hokimiyat tepasiga kelish imkoniyatiga ega edilar. Ammo ommaviy xalq harakatini uyushtiradigan va aniq maqsadga yoʻnaltiradigan kuch topilmadi. Ishchilar sinfining yetakchi partiyasi — 1892-yilda tashkil topgan Italiya sotsialistik partiyasi (ISP) ichki kelishmovchiliklar tufayli kuchsizlangan edi. Italiya kasaba uyushmalari ham xuddi shu ahvolda edi. Ammo ikkala ishchilar tashkiloti ham ijtimoiy va siyosiy oʻzgarishlardan koʻra mavjud tuzumni saqlab qolish haqida koʻproq qaygʻurardi.
Natijada ISP uch oqimga boʻlinib ketdi: inqilobiy harakatlarga tamomila qarshi, mavjud tuzumni asta-sekinlik bilan isloh qilish tarafdori boʻlgan Turati va Dʼ Aragon boshchiligidagi oʻng oqim; inqilobiy soʻzlar va daʼvatlami koʻp ishlatuvchi, ammo uni amalga oshirish uchun hech ish qilmagan maksimalistlar oqimi; uchinchi oqimni ʼʼOrdine nuovoʻʼ (Yangi oqim) guruhi boshqarardi. U keyinchalik mamlakatdagi nufuzli siyosiy kuchga aylandi.
ʼʼOrdine nuovoʻʼ guruhi Turin universitetining sotsialist talabalari — Antonio Gramshi, Palmiro Tolyatti, Umberto Terrachini, Franchesko Miziano va Anjela Taska tomonidan 1912-yilda tashkil etilgan edi. Ular dadil harakatlar tarafdori edilar.
Kam sonli boʻlishiga qaramasdan, ʼʼOrdine nuovoʻʼ guruhi tez orada mashhur boʻlib ketdi. 1921-yil yanvarida u ISP tarkibidan chiqdi va oʻzini Italiya kommunistik partiyasi (IKP) deb eʼlon qildi. 1921-yil may oyida boʻlib oʻtgan parlament saylovlarida Italiya kommunistlari 15 deputatlik oʻrnini egallab, dastlabki gʻalabani qoʻlga kiritdilar.
Fashizmning tarqalishi.
Mamlakat hukmron doiralari kommunistik toʻntarish xavfini sezib, uning oldini olish va amalga oshirishga ahd qildilar. Terroristik totalitar tuzum ramziga aylangan ʼʼfashizmʼʼ atamasi Italiyada tugʻilgan va u italyanchada ʼʼbogʻlamʼʼ, ʼʼdastaʼʼ degan maʼnoni anglatadi. Bu atama 1919-yilda, frontdan qaytgan sobiq askarlar oʻz manfaatlari himoyasi uchun ʼʼFashi di kombattimentoʻʼ (Quroldoshlar uyushmasi) deb nomlangan tashkilot tuzgan paytda tugʻilgan. Bu harakatni Benito Mussolini (1883–1945) boshqardi.
Mussolini Romanya viloyatida temirchi oilasida dunyoga keldi. Oz muddat oʻqituvchilik qildi, soʻngra ishdan haydalib, ishchi boʻlib yollandi. Benito Mussolinining sotsializmdan fashizmga oʻtish yoʻli amalda burjuaziya parlamentarizmidan hafsalasi pir boʻlgan, Birinchi jahon urushidan keyin turmushini yaxshilash orzulari sarobga aylangan va urush natijalaridan kayfiyati buzilgan koʻpchilik italyanlarning fashist mafkurasiga ogʻishining inʼikosi edi.
Mussolini terroristlaming ishchi va dehqonlar yigʻilishlarini tarqatadigan, ishchilar harakati faollarini kaltaklaydigan, shtreykbrexerlarni qoʻriqlaydigan mahalliy guruhlarini tuzdi. Politsiya va huquqni muhofaza qilish organlari fashistlarning chiqishlarini qoʻllab-quvvatladi. Hukmron doiralar ularga ochiqdan ochiq minnatdorlik bildirardi. Fashistlar Shimoliy Italiyadagi koʻpgina rayonlarning mahalliy munitsipalitetlarini nazorat qila boshladilar. Italiya boshqaruvning yangi shakllarini oʻrnatishga chaqirayotgan yangi lider — Mussoliniga ega boʻldi.
Italiyada fashizmning tezda muvaffaqiyat qozonishiga, shubhasiz, Mussolinining shaxsiy sifatlari katta ahamiyatga ega boʻldi. U qadimgi rimliklarda ʼʼdohiyʼʼ maʼnosini beruvchi ʼʼducheʼʼ soʻzini oʻziga unvon qilvoldi. Uning rahbarligidagi fashizm ramzlarga, marosim va afsonalarga ega boʻlgan oʻziga xos dinga aylandi.
Qora koʻylakli armiya tuzildi. Mussolini saroylar ayvonidan odamlarning koʻp ming kishilik yigʻinlariga qarata yorqin va jonli nutqlar bilan murojaat qilar edi. U oʻz nutqida yirik magnatlarning mehnatsiz daromadlarini, amaldorlarning suiisteʼmollarini, birorta ham muammoni hal etishga qodir boʻlmagan parlamentni fosh etar, bularning hammasini bartaraf etishga va Italiyaning qadimgi ulugʻvorligini tiklashga vaʼda berardi. Sehrlangan omma buni jondildan olqishlar va ʼʼBoshla bizni, ducheʼʼ, deya baqirardi.
Mussolini milliy tiklanishga daʼvat etardi. U Italiyaning barcha kulfatlari sababchisi parlament tuzumi ekanligini taʼkidlar, bu tuzumni sotqinlikda va korrupsiyada ayblardi. Uning fikricha, Italiyada yangi tartib — ʼʼpostliberalʼʼ, ʼʼpostmarksistikʼʼ, ʼʼpostdemokratikʼʼ, oʻziga xos yangi, italyancha ʼʼmilliy sotsializmʼʼ hukmron boʻlishi zarur edi. Mussolinining ʼʼmilliy sotsializmʼʼ dasturiga koʻra, davlatning mohiyati oʻzgarishi, u mehnat va sarmoya oʻrtasidagi hamkorlik shakliga, ʼʼkorporatsiyaʼʼga aylanishi lozim edi. Mehnat va sarmoyaning samarali oʻzaro taʼsiri natijasida Italiya yagona korporatsiyaga aylanishi, barcha sarmoya egalari va ishchilar, zamindorlar va dehqonlar bir oila aʼzolari sifatida ishlashlari targʻib qilinardi. Albatta, bunda demokratik va progressiv kuchlar siyosiy hayotdan quvilishi kerak edi.
Korporatslya (lot. corporatio — birlashma) — biror guruhning manfaatlarini himoya qilish maqsadida tuzilgan birlashma (sexlar, gildiyalar, diniy ritsarlik ordenlari, yirik monopolistik birlashmalar).
Qisqa muddatda barcha ogʻir muammolarni hal etishni vaʼda qilayotgan Mussoliniga minglab odamlar ishondilar.
1919–1921-yillardagi ichki kurash burjuaziyani mamlakatda ʼʼtartibʼʼ oʻrnata oladigan kuchli hokimiyat qidirishga majbur qildi. Fashistlar bu maqsadga eng mos keladigan kuch edilar. 1920-yilning kuzidan boshlab fashist tashkilotlari tez koʻpaya bordi. Ular zavodlarga ham bordilar va u yerda oʻz kasaba uvushmalarini tashkil etdilar. Qishloqlarda yirik zamindorlar va badavlat dehqonlar kuchi bilan amalda fashistlarning qurolli toʻdalariga aylangan ʼʼoʻz-oʻzini mudofaa otryadlariʼʼ tuzildi.
Fashistlar italiya ko’chalarida
Italiya sotsialistik partiyasi (ISP) va Umumiy mehnat konfederatsiyasi (UMK) 1921-yil 3-avgustda fashist rahbariyati bilan ʼʼtotuvlik paktiʼʼni imzolab, katta xatoga yoʻl qoʻydilar. Bu paktga koʻra, ikkala tomon ham bir-birini tanqid qilishdan voz kechdi. Fashistlar ishchi tashkilotlarining qoʻllab-quvvatlashi tufayli yetakchi siyosiy kuchga aylandilar.
Fashistlar shiddat bilan hokimiyat sari intildilar. 1921-yil may oyidagi saylovlarda ular parlamentda 35 oʻringa ega boʻldilar. 1922-yil kuziga kelib, koʻpgina munitsipalitetlar ustidan nazorat oʻrnatdilar. Mamlakatning Emiliya, Toskana va Lombardiya kabi eng nufuzli viloyatlari ham fashistlar nazorati ostiga oʻtdi.
1922-yil oktyabrida ular oʻz vakillariga bir necha vazirlik lavozimini berish talabi bilan hukumatga murojaat qildilar. Rimga yurish qilish uchun tayyorlanish maqsadida fashist guruhlarining yalpi safarbarligi eʼlon qilindi.
Qirol fashist isyoniga qarshi armiyani qoʻllash huquqini beradigan farmonni imzolashdan bosh tortdi. Buning oʻrniga 29-oktyabr kuni u Milanga telegramma yoʻllab, Mussoliniga bosh vazir boʻlishni taklif qildi. Bunga eʼtiroz belgisi sifatida vazirlar mahkamasi isteʼfoga chiqdi, Mussolini esa Rimga keldi. Tarafdorlari uni qadimiy shahar koʻchalarida hukumat boshligʻi sifatida gulduros qarsaklar bilan kutib oldilar. ʼʼRimga yurishʼʼ hokimiyatni egallash bilan yakunlandi.
Yuzaki qaraganda, Mussolini hokimiyatga qonuniy yoʻl bilan kelgandi. Chunki qirol istagan paytida bosh vazir tayinlash huquqiga ega edi. Ammo Mussolini tarafdorlari parlamentda ozchilik edi: 420 deputatlik oʻrnidan bor-yoʻgʻi 35 tasi fashistlarga tekkandi. Hokimiyatni bunday osongina egallashning ortida hukmron doiralar, yirik sanoatchilar, moliyachilar va zamindorlarning manfaatlari yotardi. Ular mamlakatdagi demokratik kuchlarga qarshi kurashda Mussolinidan zarbdor kuch sifatida foydalanishni oʻylagandilar.
Dastlabki davrda yetarli kuch toʻplay olmagan Mussolini demokratik partiyalar, kasaba uyushmalari va muxolif matbuot bilan murosa qilib keldi. Uning hukumati koalitsiya asosiga qurilgandi: 1923-yil aprelgacha Xalq partiyasi bilan, 1924-yilning oxirigacha Liberal partiya bilan hamkorlik qildi.
Mussolini Benito (1883–1945) — 1922–1943-yillarda Italiyaning fashist diktatori.
1919-yilda fashist partiyasini tuzdi. 1922-yilda mamlakatda hokimiyatni egallab oldi va fashist diktaturasi oʻrnatdi. 1945-yilda harbiy tribunal hukmi bilan qatl etilgan.
Italiyaning yangi dohiysi shaxsiy hokimiyatini mustahkamlash uchun tadbirlar belgilab, shiddatli va qatʼiy tarzda ishga kirishdi. Konstitutsiyaga zid ravishda partiya rahbariyati aʼzolaridan iborat Katta fashist kengashini tuzdi. Kengash amalda parlamentga taqdim etiladigan barcha dekretlar va qonurlar loyihasini, hukumatdagi oʻz aʼzolari orqali esa hukumat faoliyatini nazorat qilar edi. 1922-yil 23-noyabrda qirol va parlament Mussoliniga cheklanmagan hokimiyat berdi. Endi u vazifalarga tayinlash tartibini ham belgilar edi. Shundan keyin barcha amaldorlar va davlat xizmatchilari fashist partiyasi aʼzolari boʻlishi yoki partiya rahbarlari roziligi bilan tayinlanishi zarurligi belgilab qoʻyildi.
1924-yil oxirida Mussolinining tazyiqi ostida parlament saylov qonunini oʻzgartirdi. Yangi qonunga koʻra, saylovlarda eng koʻp ovoz olgan partiya (kamida 25 foiz ovoz) deputatlar palatasida oʻrinlarning uchdan ikki qismini olardi. 1924-yilgi saylovlarda fashistlar katta gʻalabaga erishdilar va deputatlar palatasini toʻla oʻz nazoratlari ostiga oldilar. Bu imkoniyatdan ular mamlakatdagi qonun chiqaruvchi parlament hokimiyatini uzil-kesil bartaraf etish uchun foydalandilar.
1925–1926-yillarda qabul qilingan bir qator qarorlar Mussoliniga amalda yakka hukmronlik oʻrnatish imkonini berdi. 1926-yilda boshqa siyosiy partiyalar tarqatib yuborildi. Yil oxirida Italiya bir partiyali diktatorlik davlatiga aylantirildi.
Lateran bitimlari
Italiya diktatori oʻzining mamlakatdagi hokimiyatini mustahkamlash yoʻlida yana bir muhim qadam qoʻydi. Mussolini bilan katolik cherkovi oʻrtasida imzolangan Lateran bitimlari Vatikan bilan Italiya davlati oʻrtasida totuvlik oʻrnatdi. Italiya armiyasi papaga qarashli yerlarni bosib olgan 1860-yildan beri cherkov davlatga dushmanlik koʻzi bilan qarar edi. Papalar amalda faqat Vatikan doirasida qolgan edilar. 1929-yilgi bitim papani Vatikanning dunyoviy hukmdori deb eʼtirof etdi. Italiya hukumati musodara qilingan yerlar uchun pul toʻlashga rozi boʻldi. Davlat katolitsizmni milliy din deb eʼtirof etdi, cherkov mulkini soliqlardan ozod qildi va cherkovga nikoh qonunlarini belgilash huquqini berdi.
Fashist tuzumining iqtisodiy tuzllishi
Shunday qilib, Italiyada Gʻarbdagi birinchi totalitar tuzum tashkil topdi. Bu tuzum iqtisodiy qayta qurish sohasida nihoyatda katta vazifalarni ilgari surdi. Fashist davlati mamlakatdagi butun ijtimoiy va iqtisodiy hayotni qamrab oladigan ʼʼkorporativ tartibʼʼ yaratishni rejalashtirgan edi. Bu tartibning asosiy tamoyillari Katta fashist kengashi tomonidan 1927-yilda qabul qilingan ʼʼMehnat xartiyasiʼʼda bayon etilgan edi. U ishlab chiqarish muammolarini birgalikda hal etish uchun kasaba uyushmalarini va ishbilarmonlarni teng asosda korporatsiyalarda birlashtirishni nazarda tutardi. Ishbilarmonlar va ishchilar bir tashkilotning teng huquqli aʼzolariga aylanardilar. Xalq xoʻjaligining sanoat, qishloq xoʻjaligi, savdo, banklar, transport kabi sohalariga mos keladigan 22 korporatsiya tuzildi.
Totalitarizm (lot. “totalis” — butun, hammasi, toʻla) — davlat boshqaruvining shakllaridan biri boʻlib, jamiyat hayotining barcha sohalari ustidan toʻla davlat nazorati oʻmatilganligi bilan xarakterlanadi. XX asrning 20-yillarida Germaniya va Italiya fashizmning rasmiy mafkurasiga aylandi.
Bu besoʻnaqay tashkilotning tepasida Korporatsiyalar milliy kengashi turardi.
Unga ishbilarmonlar va ishchilar vakillaridan tashqari fashist partiyasidan vakillar ham kiritilgandi. Korporativ tizim ʼʼijtimoiy inqilobʼʼ gʻalabasini anglatibgina qolmay, ʼʼiqtisodiy hayotga yangicha rahbarlikʼʼ namunasi ham boʻlishi zarur edi.
Fashizm ishlab chiqarish vositalari va qurollariga, xususiy mulk tamoyillariga tajovuz qilmadi, aksincha, hamisha ularning oʻzgarmasligini taʼkidlab keldi. Italiyaning barcha yirik monopoliyalari oʻz mavqelarini saqlabgina qolmay, uni yanada mustahkamladilar.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda davlat sektorining majburiy rivojlantirilishi fashizmning oʻziga xos belgilaridan biridir. Mamlakat iqtisodiy hayotini boshqarishni davlat qoʻliga olib berishni taʼminlaydigan ikki muassasa tuzildi.
Sanoatni tiklash instituti (STI) yirik davlat trestiga aylandi. U choʻyan eritishning 90, poʻlat ishlab chiqarishning 70, mashinasozlik mahsulotining 25 foizini oʻz qoʻliga olgandi. Italiyaning butun tijorat floti, xalqaro aviatsiyasi, telefon aloqasi, avtomobil yoʻllari unga qarardi. Boshqa hukumat muassasasi — Suyuq yonilgʻi boʻyicha milliy boshqarma (SYoMB) gaz qazib olishning 75 foiziga, sunʼiy kauchuk ishlab chiqarishning 100 foiziga va neftni qayta ishlash zavodlarining 30 foiziga egalik qilardi.
Korporatsiya, xususiy mulk va davlat sektori — totalitar fashist tuzumining iqtisodiy tuzilishi ana shulardan iborat edi. Uning tepasida zoʻravon totalitar siyosiy apparat ish olib borar, bu tizimni hayotga tadbiq etish bilan shugʻullanardi.
Qisqacha mazmun
• 1918-yil — Italiyaning industrial-agrar mamlakatga aylanishi.
Yirik monopolistik birlashmalarning tashkil etilishi. Qishloq xoʻjaligining qoloqligi;
• 1919-yil — narxlarning oshishi, inflyatsiya, ishsizlik, ijtimoiy va siyosiy muammolarning keskinlashuvi;
• Mussolini va mamlakatda fashizmning yoyilishi;
• 1922-yil — fashistlarning hokimiyat tepasiga kelishi, Yevropada birinchi totalitar tuzumning oʻrnatilishi;
• Mamlakat iqtisodiyotining korporativ tartibi yaratilishi.