Germaniya urushdan keyin
Urush Germaniyada yetilib turgan ijtimoiy nizolarni keskinlashtirib yubordi. U german jamiyatining Kayzer boshchiligidagi oliy tabaqasi bilan nemis mehnatkashlari oʻrtasidagi mavjud jarlikni yaqqol namoyon qildi.
Urush paytida yirik nemis konsernlari, oliy rutbali harbiylar va Kayzerning yaqinlari boyib ketdilar. Germaniya urushda 2 milliondan ortiq qurbon berdi. Yaradorlar, asirlar va bedarak yoʻqolganlar bilan uning jami yoʻqotishi 7,5 million kishini tashkil etdi. Ayni paytda faqatgina Krupp konsemining daromadi 15 marta oshdi.
Fridrix Krupp — XIX asr boshlaridagi Germaniyaning yirik monopolistlaridan biri. U 1811-yilda asos solgan poʻlat quyish zavodi XIX asr oxiriga kelib yirik harbiy-metallurgiya konserniga aylandi.
Germaniyaning yirik biznesi urushdan katta foyda oldi, mamlakatdagi qudratli ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy kuchga aylandi.Harbiy buyurtmalar va harbiy ishlab chiqarishdagi chayqovchilik amallari nemis monopolistlarini nihoyatda boyitib yubordi, ularning saflarini kengaytirib, hukumat siyosatiga ta’sirini kuchaytirdi.
Mamlakatdagi eng ommaviy va nufuzli kuch bo‘lgan Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi bo‘lib yuborildi.Unda uch oqim paydo bo‘ldi: o‘nglar — Ebert, Sheydeman, Bemshteyn, Noske; markazchilar — K. Kautskiy; so‘llar — Karl Libknet va Roza Lyuksemburg boshchiligidagi ʻʻSpartakʼʼ guruhi. O‘nglar mamlakatda tartibning saqlanishi va parlamentar respublika o‘rnatilishi tarafdori edilar. ʻʻSpartakʼʼ guruhi esa Kayzer va hukumatni inqilobiy yo‘l bilan agʻdarib tashlash, ishchilar rahbarligida sotsialistik jamiyat qurish uchun kurash olib borardi.
Veymar Respublikasi
1919-yil yanvarida Berlinda inqilobiy harakatlar qonli yakunlandi. Sotsial-demokratik hukumat Berlin ishchilarining chiqishlarini kuch bilan bostirdi. Kommunistik partiyaning rahbarlari Roza Lyuksemburg va Karl Libknext ham oʻldirildi. Bu voqea 1919-yil 15-yanvarda ro‘y berdi.
Endi Germaniya hukmron doiralari o‘z hokimiyatlarini ochiq shaklda, qiyinchiliksiz yanada mustahkamlash imkoniga ega boʻldilar. 1919-yil 19-yanvarda bo‘lib oʻtgan Ta’sis majlisiga saylovlarda ko‘pgina burjua partiyalari muvaffaqiyat qozondilar.
Milliy Majlis tomonidan 31-iyulda qabul qilingan va 1919-yil 11-avgustda kuchga kirgan Veymar konstitutsiyasi burjua-demokratik yoʻnalishga ega edi. Unda xususiy mulk ʻʻmuqaddas va daxlsizʼʼ deb e’lon qilindi. 20 yoshdan boshlab erkaklar va ayollar uchun yalpi saylov huquqi joriy etildi, so‘z, yig‘ilishlar, matbuot erkinligi e’lon qilindi, umumxalq so‘rovi(referendum) oʻtkazish mo‘ljallandi. Hukumat parlamentda ko‘p o‘rin olgan partiyalar tomonidan tuzilar va parlament oldida mas’ul edi. Kansler prezident tomonidan tayinlanar, ammo parlamentga hisob berardi.
Ikki palatadan iborat bo‘lgan qonun chiqaruvchi hokimiyat ta’sis etildi. Quyi palata — Reyxstag yalpi ovoz berish yo‘li bilan saylanar, yuqori palata — Reyxsrat o‘lka va viloyatlar vakillaridan iborat bo‘lar edi.

Reyxstag (nem. Reich — davlat, Tag — majlis) — 1867-yildan 1945-yilgacha Germaniya parlamentining nomi. Yalpi saylov huquqi asosida saylangan. Hukumat reyxstag oldida javob bermas edi. 1933–1945-yillarda u rasman saqlanib, hukumat bayonotlarini (reyxstag nomidan) e’lon qilishda qulay vositaga aylandi.
Reyxsrat (nem. Reich — davlat va Rat — kengashi) — 1919–1934-yillarda Germaniya parlamentining o‘lka va viloyatlar vakillaridan iborat bo‘lgan, qonunchilik va boshqaruv masalalari bo’yicha mas’ul palatasi. Natsistlar (millatchilar) tomonidan 1934-yilda Germaniyaning federativ tuzilishi bekor qilingan paytda tarqatib yuborilgan.
Reyxsrat veto huquqiga ega bo‘lgan nazorat organi edi. Ijroiya hokimiyati rahbari — prezidentga favqulodda keng vakolatlar berilgandi. U mamlakat qurolli kuchlari Reyxsverning bosh qoʻmondoni hisoblanar, chet ellarda davlat nomidan faoliyat olib borar, vazirlar va kanslerni tayinlar va ishdan boʻshatar edi. U reyxstagni tarqatib yuborish va yangi saylovlar belgilash huquqiga ham ega edi.
Reyxsver (nem. Reich — davlat va Wehr — mudofaa) — 1919-1935-yillarda Germaniya qurolli kuchlari. 1919-yilgi Versal tinchlik shartnomasi asosida tashkil etilgan.1935-yil 16-martda Germaniya bir tomonlama tarzda Versal shartnomasining harbiy moddalarini bekor qildi va yalpi harbiy majburiyatni joriy etdi.
Konstitutsiyaning 48-moddasi prezidentga favqulodda dekretlar chiqarish, ya’ni mamlakatni dekretlar vositasida boshqarish, majburlash choralarini qoʻllash, konstitutsiyaning muhim moddalari amaliyotini toʻxtatib qoʻyish huquqini berar edi. Amalda ijroiya hokimiyati diktatura oʻrnatish uchun konstitutsiyaviy asoslarni qo‘lga kiritgandi. Prezident vakolatlari uni qonun chiqaruvchi hokimiyatdan yuksakka qoʻygan, u reyxstagga ham bog‘liq emas edi, chunki yalpi ovoz berish yoʻli bilan 7 yilga saylanardi.
Veymar konstitutsiyasi davlatdagi rahbarlik roli burjuaziyaga o‘tganligidan dalolat edi. Ammo yirik yer egalari — pomeshchiklar ham oʻzlarining kuchli mavqelarini saqlab qolgandilar. Germaniyada e’lon qilingan burjua-demokratik respublikasi burjuaziya siyosiy hukmronligining eng to‘liq shakli edi. Veymar konstitutsiyasi burjuaziyaning siyosiy hukmronligini oʻrnatgan bo‘lsa-da, Germaniya demokratik kuchlarining ham muhim yutugʻi bo‘ldi.
Reaksion kuchlarning hamlasi
Sotsial-demokratik partiya reyxstagda koʻpchilik o‘ringa ega bo‘lmasa ham, Germaniya hukmron doiralari hokimiyatni sotsial-demokratlar qoʻliga topshirishga qaror qildilar. Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) raisi Fridrix Ebert mamlakat prezidenti qilib saylandi, partiya boshqaruvi a’zosi Filipp Sheydeman esa kansler etib tayinlandi.
Fridrix Ebert (1871–1925) — Germaniya siyosiy arbobi.1912-yildan reyxstag deputati.1918-yildan reyxskansler. 1918-yilgi Noyabr Inqilobini bostirishda ishtirok etgan. 1919-yilda Germaniya prezidenti qilib saylandi.
Filipp Sheydeman (1865–1939) 1903–1918–1920–1933-yillarda reyxstag deputati bo‘lgan. 1919-yilda Veymar respublikasining birinchi hukumatini boshqardi.Fashist diktaturasi oʻrnatilgach, Daniyaga koʻchib oʻtdi.
Respublika qurilishi muhokamasi davom etayotgan bir paytda sotsial-demokratlar boshchiligidagi hukumat ikki muhim qadam qo‘ydi. Dastlab Bavariya sovet respublikasi tor-mor qilindi.Bu voqea 1919-yil 1-mayda ro‘y berdi. So‘ngra yangi hukumat vakillari Parijda Versal tinchlik shartnomasini imzoladilar.
Ammo oradan ko‘p o’tmay sotsial-demokratlarni Germaniya xalqini aldashda ayblab, Versal shartnomasi bilan bogʻliq barcha kulfatlarning sababchisi deb qaray boshladilar. Monarxiyani tiklash tarafdori boʻlgan o‘ta o‘ngguruhlar ham eski tartiblarning va yo‘qotilgan imtiyozlarning qayta tiklanishidan umidvor edilar. Ular 1920-yilning 12-martidan 13-martiga o‘tar kechasi reaksion qo‘shinlarning qoldiqlariga tayanib, davlat toʻntarishi qilishga urinib koʻrdilar. Prus yunkerlari vakili, monarxiyachi Kapp o‘zini kansler deb e’lon qildi va Milliy Majlisni tarqatib yubordi.Hukumat Berlindan qochib ketdi. Ammo 12 million ishchi va xizmatchining Germaniya bo‘ylab yalpi ish tashlashi isyonchilarni chekinishga majbur qildi.
1920-yilda yangi konstitutsiya asosida respublikada reyxstagga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylovlar sotsial-demokratlar uchun kutilmagan natija bilan yakunlandi. Ular uchun berilgan ovozlar miqdori ikki baravar kamaydi. Ayni paytda konstitutsiyaviy monarxiya e’lon qilish tarafdori boʻlgan partiyalar uchun berilgan ovozlar miqdori keskin oshdi.
Ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning keskinlashuvi
Urush bilan bogʻliq ulkan sarf-xarajatlar, urushdan keyingi iqtisodiy inqiroz, shuningdek, davlat xarajatlarining bir nechabor oʻsishi narxlarning oshishiga va nemis markasi kursining pasayishiga olib keldi.
Germaniya hukumati va ommaviy axborot vositalari pulning qadrsizlanishini va tovon to‘lashni bir-biriga bogʻlab, inflyatsiyaga asosiy sabab tovon toʻlash ekanligini uqtirishga urindilar. Ammo bu to‘g‘ri emas edi.
Inflyatsiya Versal shartnomasiga qadar boshlangan, tovon pulining miqdori esa belgilanmagan va muntazam to‘lanmas edi. Tovon pulining birinchi hissasi 1921-yilning yozida toʻlandi. 1922-yil iyul oyigacha yana bir necha bor arzimas miqdorda hissalar toʻlandi. Shundan so‘ng tovon toʻlanmay qo‘ydi. Germaniya rahbarlari qaysarlik bilan ʻʻmarka kursi barqarorlashganidan keyingina tovon puli to’lanishi mumkinʼʼ, deb ta’kidlab keldilar. Markani barqarorlashtirish uchun esa Germaniyaga zayom berilishi va tovon puliga moratoriy e’lon qilinishi zarurligini aytdilar.
Inflyatsiya — qog‘oz pullarning qadrsizlanishi va real tovar taklifiga nisbatan muomalada ularning haddan tashqari koʻpayib ketishi bilan bog‘liq boʻlgan xarid qobiliyatining pasayish jarayoni.
Moratoriy (lot. moratorius — sekinlashish, keyinga surish) — xalqaro huquqda qaysidir harakatni ma’lum muddat amalga oshirmaslik yoki uni keyinga surish borasida davlatlar oʻrtasidagi ahdlashuv.
Fransiya hukumati Germaniya Versal konferensiyasi qarorlarini bajarmayotganligini e’lon qildi va 1923-yil yanvarida Reyn viloyatini bosib oldi. Bunga javoban Germaniya hukumati tinch qarshilik ko‘rsatish yo‘lini e’lon qilib, koʻmir qazib olish va jo‘natishni to‘xtatib qo‘ydi. Korxona egalariga va ishchilarga yetkazilgan zarar uchun yordam puli berib turildi. Bu esa, o‘z navbatida, inflyatsiyani yanada kuchaytirdi. Ommaviy ishsizlik Rurdan boshlab butun mamlakatga yoyildi, davlat xazinasi bo‘shab, soliq tushumlari keskin kamayib ketdi.
Rurdagi nizo Germaniya iqtisodiyotini ogʻir ahvolga solib qoʻydi. Mamlakatda valyuta chayqovchiligi, yalpi ishsizlik, ochlik va faqirlik avj oldi, ishlab chiqarishizdan chiqdi. Hamma joyda boshboshdoqlik hukmron edi. Yangi inqilobiy to‘lqin kuchayib borardi.1923-yil yozi va kuzida Germaniyada ommaviy g‘alayonlar va ochlarning isyonlari avj olib ketdi. Avgust oyida bo‘lib oʻtgan uch kunlik yalpi ish tashlash hukumat iste’fosiga sabab bo‘ldi.Tyuringiya va Saksoniyada sotsial-demokratlar va kommunistlar ishtirokida ishchi hukumatlari tuzildi. O‘z-o‘zini mudofaa qiluvchi ishchi tashkilotlari — qisman qurollangan ishchi guruhlari, nazorat qo‘mitalari tashkil etildi. Ko‘p joylarda sovetlar vazifasini bajaruvchi harakat qoʻmitalari vujudga keldi.

1923-yil oktyabr oyida Gamburg shahrida E. Telman (1886—1944) boshchiligida amalga oshirilgan qurolli qo‘zg‘olon politsiya tomonidan bostirildi.
Reyn viloyatida Germaniyadan ajralib chiqish va mustaqil Reyn Respublikasi tuzish uchun ayirmachilik harakati avj olib borardi. Unga Kyoln shahri burgomistri, GFRning boʻlajak kansleri Konrad fon Adenauer boshchilik qildi.
1923-yil 8-noyabrda Gitler boshchiligidagi qurolli natsistlar guruhi Bavariyaning amaldagi diktatori tomonidan tashkil etilgan majlis zaliga bostirib kirdi. Adolf Gitler ʻʻxalq inqilobiʼʼ amalga oshirilganligini e’lon qildi.Ertasi kuni politsiya namoyishga chiqqan natsistlami tarqatib yubordi.Isyon shu tariqa yakun topdi. 11-noyabr kuni Gitler va Lyudendorf qamoqqa olindi.
Daues rejasi
Germaniya iqtisodiyotini izdan chiqarish AQSh rejasida yo‘q edi. Shu sababli Amerika hukumati vaziyatni o‘zgartirishga qaror qildi. AQSHning taklifi bilan amerikalik bankir, general Daues boshchiligida ekspertlar komissiyasi tashkil etildi.Komissiya Germaniyaning tovon to‘lovlarini tartibga solish rejasini ishlab chiqdi. Uning takliflari 1924-yil 16-iyulda Londonda boʻlib o’tgan mamlakatlar konferensiyasida qabul qilindi.
Daues rejasiga ko‘ra Germaniya sanoatini chet el zayomlari va kreditlari yordamida, shuningdek, Germaniya va Rossiya oʻrtasidagi savdoni rivojlantirish yoʻli bilan tiklash ko‘zda tutilgandi. Reja bo‘yicha Germaniya 1924–1925 byudjet yilida gʻolib davlatlarga oltin bilan 1 milliard marka tovon toʻlashi kerak edi. Keyingi yillarda toʻlov miqdori yiliga 2,5 milliardgacha koʻpayishi ko‘zda tutilgandi. Asta-sekin to‘lovlar kamaytirilib, Germaniya iqtisodiyotining ahvoliga ko‘ra amalga oshirilishi moʻljallangan edi. Bu shart qabul qilingan taqdirda AQSH Fransiyaning qarzlaridan voz kechishini bildirdi.Fransuzlar bu rejani qabul qildilar va 1925-yilda soʻnggi fransuz askari Rurdan chiqib ketdi. Daues rejasi qabul qilingach, Germaniyaga Amerika sarmoyasi toʻxtovsiz oqib kela boshladi. AQSHda Germaniya sanoatini zaruriy xomashyo bilan ta’minlovchi qoʻshma korxona tashkil etildi. Germaniyaning o‘zida ham Amerika kompaniyalari o‘z sho‘balarini ochib, yangiturdagi mahsulotlarni ishlab chiqara boshladi. 1925-yildan 1930-yilgacha AQSH Germaniya iqtisodiyotiga 10 milliard dollar sarmoya kiritdi. Bu esa Germaniya iqtisodiyotining tez sur’atlar bilan yuksalishi uchun zamin yaratdi.
Iqtisodiyotning yuksalishi. Sanoatning monopollashuvi
Xorijiy sarmoya yordamida Germaniya sanoatchilari sanoatni tamomila qayta tikladilar va zamonaviylashtirdilar. Sarmoya va ishlab chiqarishni birlashtirish va markazlashtirish tez sur’atlar bilan davom etdi. Germaniyada kimyo, poʻlat quyish va boshqa sohalarda ulkan monopol birlashmalar (IG Farbenindustri, ʻʻPoʻlat trestiʼʼ va boshqalar) vujudga keldi. 1930-yilda bunday yirik konsernlar soni 2 100 taga yetdi. Xoʻjalik sohasi, transport, gazeta-jurnallar, kinostudiyalar, ko‘ngilochar ermaklar, sport ularning tasarrufida edi. Iqtisodiyot va jamoatchilik fikrini belgilashda ular hal qiluvchi mavqega erishdilar.
Germaniya iqtisodiy taraqqiyotda katta muvaffaqiyatni qo‘lga kiritdi. Veymar respublikasi yirik burjuaziyaning boyishi va sanoatning rivojlanishi uchun nihoyatda qulay sharoitlar yaratgan ideal siyosiy ustqurma boʻlib chiqdi. Davlat iqtisodiy yuksalishni faollashtirish maqsadida oʻzining byudjet mablagʻlaridan o‘rinli foydalandi.
Veymar respublikasi eski sarmoya sohiblari guruhini boyitibgina qolmay, yangi sanoatchilarning paydo boʻlishiga ham imkoniyat yaratdi. Masalan, 1925-yilda tashkil etilgan ʻʻIG Farbenindustriʼʼ kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha Yevropadagi eng yirik trestga aylandi. Germaniyaning butun kimyo sanoati uning tasarrufida edi. 1926-yilda tashkil etilgan birlashgan ʻʻPo’lat trestiʼʼ barcha temir va poʻlatning 40 foizini, koʻmirning 25 foizini ishlab chiqarardi.
1928-yilda Germaniyada 1913-yilga nisbatan 5 barobar koʻp elektr energiyasi, 7 barobar koʻp avtomobil, 32 barobar koʻp alyuminiy ishlab chiqarildi. Shu yili Germaniya kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda birinchi va poʻlat ishlab chiqarish bo’yicha ikkinchi oʻrinni egalladi. 1929-yilda Germaniya 16 mln. tonna poʻlat ishlab chiqardi (Angliya — 10 mln., Fransiya — 10 mln.), mashinalar eksporti boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinni oldi.
Mamlakatda konservatorlar hukumatining qaror topishi
Germaniya biznesi iqtisodiy hayotda hukmron mavqega erishdi va endi u mamlakatga o‘z irodasini o‘tkazishi mumkin edi. Germaniya monopoliyalari o‘zlarining siyosiy hukmronliklarini oʻrnatishga kirishdilar. 1924-yil may oyida reyxstagga bo‘lib oʻtgan saylovlarda Veymar koalitsiyasiga kirgan partiyalarning vakillari 11 mlnovoz oldi.
1924-yil dekabriga kelib ular 18 mln ovoz oldi va parlamentda mutlaq ko‘pchilik mavqeyiga erishdi. 1925-yilda sotsial-demokratlardan saylangan prezident Ebert vafot etdi. Yangi prezident saylovlarida Birinchi jahon urushida Germaniya armiyasi bosh qoʻmondoni boʻlgan, ashaddiy konservativ monarxiyachi, Kayzer monarxiyasining sodiq tarafdori feldmarshal Paul Gindenburg katta farq bilan gʻalaba qozondi. Gindenburgning prezident qilib saylanishi mamlakatda reaksion va konservativ kuchlarning ta’siri kuchayib borayotganidan dalolat berar edi.
Gindenburg Paul (1874–1934) — 1925-yildan Germaniya prezidenti, 1914-yildan general-feldmarshal.1933-yil 30-yanvarda Gitlerga hukumat tuzishni topshirib, hokimiyatni fashistlar qoʻliga berib qo‘ydi.
Shtrezeman hukumatining tashqi siyosati
Germaniya tarixining 1923-yildan 1929-yilgacha boʻlgan davrini Nemis xalq partiyasi rahbari Shtrezeman davri deb atash mumkin. U 1923-vil avgustidan noyabriga qadar kansler boʻlib turdi, ammo 1929-yilda vafot etguniga qadar bir qancha hukumatlar davrida og’ishmay tashqi ishlar vaziri lavozimini bajardi. Uning dasturi oddiy edi: Germaniya Gʻarb davlatlari bilan yarashish yoʻlini qidiradi, Sharqda esa oʻzining azaliy hududlari qaytarib berilishini talab qiladi.
Gustav Shtrezemanning asosiy yutugʻi Lokamo bitimi edi.1925-yil oktyabr oyida G. Shtrezemanning taklifiga binoan Angliya (Ostin Chemberlen), Fransiya (Aristid Brian), Germaniya (G. Shtrezeman) va Italiya tashqi ishlar vazirlari Lokarno (Shveysariya) shahrida uchrashdilar. Sobiq duashmandlar muzokaralar stoli atrofida Yevropada yangi tartiblar oʻrnatish haqida kelishib oldilar. Fransiya va Germaniya Versalda belgilangan oʻzaro chegaralarning qonuniyligi va buzilmasligini tasdiqladilar. Angliya va Italiya bu bitimning kafolatchisi boʻldi. Tomonlardan biri shartlarni buzgan taqdirda yoki Germaniya harbiylaridan xoli Reyn viloyatiga qoʻshin kiritgudek boʻlsa, ular har biy yo’l bilan tartib oʻrnatish majburiyatini oldilar. Bundan tashqari Fransiya, Belgiya, va Germaniya chegarasida Angliya bitimining kafolatchisi sifatida ekpeditsiya korpusini saqlab turishga rozi boʻldi. Germaniyaning sharqiy chegaralari boʻyicha bunday bitim ishlab chiqarilmaganligi sababli bu yoʻnalishda u istagan ishni qilishi mumkin edi. Germaniya Millatlar Ligasiga kirishga, Fransiya esa Versal shartnomasida belgilangan muddatdan besh yil oldin, 1930-yilda Reyn viloyatidan oʻz qoʻshinlarini olib chiqishga rozilik bildirdi.
Versal shartnomasini cheklashlarning bartaraf etilishi
Ayni paytda Germaniya Versal tartibini yoʻqotish va ittifoqchilar nazorati ostidan xalos boʻlishga intilmoqda edi. 1929-yilda Daues rejasi Yung (amerikalik yirik bankir, ʻʻJeneral elektrikʼʼ kompaniyasi prezidenti) rejasi bilan almashtirildi. Bu rejaga koʻra tovon toʻlovlarni yanada kamaytirildi, uni tamomila toʻxtatish shartlari kiritildi. Germaniya ustidan barcha turdagi xorijiy nazorat va kuzatuv bekor qilindi. Urushdagi magʻlubiyat va Versal shartnomasi imzolaganidan oʻn yil keyin Germaniya uning barcha cheklashlarni bartaraf etdi va yana mustaqil, ulkan Yevropa davlatiga aylandi.
Germaniyadagi konservativ kuchlar tashqi siyosat maydonidagi bu yutuqlardan ruhlanib, mamlakatda tartib va barqarorlik oʻrnatish talablari bilan chiqdilar. Ularning fikricha, buning uchun hech qanday toʻsiq bilan cheklanmagan kuchli hokimiyat, shuningdek, mamlakatda kuchli diktatura oʻrnata oladigan va demokratiya bilan bogʻliq oʻyinlarga barham beradigan kuchli shaxs lozim edi. Germaniyaning tojsiz qirollari hisoblangan yirik magnatlar mana shunday kuchli shaxs topilsa, unga butun hokimiyatni topshirishga tayyor edilar.
Natsional-sotsialistik ishchi partiyasi — fashizm partiyasi
Germaniyada Veymar respublikasi davrida vujudga kelgan siyosiy va iqtisodiy vaziyat yana bir siyosiy kuchni — o‘tao‘ng, reaksion va agressiv yoʻnalishga ega boʻlgan, Natsional-sotsialistik ishchi partiyasi deb nomlangan fashizm partiyasini shakllantirdi.
Fashizm (ital. fascicmo soʻzidan, fascio — birlashma) — 20-yillarda Italiyada paydo bo‘lgan siyosiy oqim.Burjuaziyaning eng reaksion va agressiv kuchlari manfaatlari ifodachisi.Hokimiyat tepasiga kelgach, fashistlar zoʻravonlikning ashaddiy shakllarini qoʻllovchi va jamiyat ustidan yalpi nazorat oʻrnatuvchi terroristik diktatura barpo etdilar.
U 1919-yilda Myunxen shahrida vujudga keldi va o‘sha paytda Germaniya ishchi partiyasi deb ataldi. Adolf Gitler ham unga a’zo bo‘lib kirdi. 1920-yil oktyabrida, hali oz sonli ekanligida, Germaniya natsional-sotsialistik ishchi partiyasi (GNSIP) deb nomlandi. O‘sha yili partiya rahbari Xorst Vessel o‘ldirilgach, uning oʻrnini Gitler egalladi.
Adolf Gitler (haqiqiy familiyasi Shiklgruber) 1889-yilda Vena shahrida avstriyalik kichik bojxona amaldori oilasida dunyoga keldi. U rassom bo‘lishni orzu qilgan bo‘lsa-da, otasi vafot etganidan soʻng tayinlangan yetimlar uchun nafaqa ta’lim olishi uchun kamlik qildi. U plakatlar chizib, tirikchilik oʻtkazdi. Natsistlar partiyasi rahbarligini egallagach, Gitler marksizmni yoʻqotish, Versal shartnomasini bekor qilish uchun kurashni partiyaning rasmiy siyosiy strategiyasiga aylantirdi. O‘sha yili partiya oq doira ichiga qora svastika rasmi tushirilgan bayroqlar bilan ommaviy namoyishlar o‘tkaza boshladi.
Natsizm — Germaniya fashizmi nomlaridan biri.1933-yilda hokimiyatni egallab, mamlakatda fashizm tuzumini oʻrnatgan Natsional-sotsialistik partiya nomidan kelib chiqqan.
Natsional-sotsialistik partiya dasturi
Natsional-sotsialistlar 25 banddan iborat partiya dasturini qabul qildi. Dasturda Versal shartnomasini bekor qilish, Avstriya va Germaniyani birlashtirish, yahudiylarni nemis fuqaroligidan mahrum etish, agrar islohatlar oʻtkazish, yer-mulk chayqovchiligini taqiqlash, harbiy daromadlarni musodara qilish, ulkan kartellar ustidan davlat nazoratini oʻrnatish, yirik universal magazinlarni tugatib oʻrniga kichik doʻkonlar qurish kabi bandlar bor edi.
Natsistlar, shuningdek, nafaqalarni koʻpaytirish, barcha uchun yetarli turmush sharoitini yaratish, onalik va bolalikni himoya qilish, barcha fuqarolarning huquq va majburiyatlarida tengligi, bolalar mehnatini taqiqlash sportni rivojlantirish kabi vaʼdalarni ham unutmagan edi. Ammo asosiysi dasturning tashqi siyosat qismida edi. U ochiqdan ochiq agressiv igʻvogarona ruhda bitilgandi.
Natsistlar dasturi barcha nemislarni bir davlatda — Buyuk Germaniyada birlashtirishini talab etardi. Bu esa nemislar yashaydigan hududlarni — Chexoslovakiya, Avstriya, Polshaning bir qismi, Belgiya, Gollandiya va Boltiqboʻyini Germaniyaga qoʻshib olishni bildirardi. Dasturda ʻʻyerlarʼʼ va ʻʻmustamlakalarʼʼ zarurligi ilgari surilib, ular goʻyo Germaniya aholisini zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlaydi va ortiqcha aholini joylashtirish uchun lozim boʻlishi koʻrsatilgandi. AQSH ham, Angliya va Fransiya ham bunga eʼtibor bermadi va fashistlarga jiddiy yondashmadi.
1923-yilda yirij sanoatchi G. Stinnesning masblagʻiga fashizm yoʻnalishidagi ʻʻFyolkisher Beobaxterʼʼ kundalik gazetasi tashkil etildi. Natsizm dasturini va ularning shakllangan mafkurasini targʻib qiluvchi boshqa davriy nashrlar ham chiqa boshladi. Hujumkor guruhlar(HG) tashkil etildi. Bu harbiylashtirilgan tashkilotlar oʻz aʼzolarini oziq-ovqat va kiyim bilan taʼminlanar edi. Keyinchallik ularga maʼlum miqdorda pul ham bera boshladi. 1924-yil bu tashkilotlar oʻz jagarrang askarlik kiyimlarini kiyib oldi. Hujumkor guruhlarning vazifasi ʻʻnatsional-sotsializm dasturlariniʼʼ jismonan yoʻq qilish edi. Ular mamlakatda avj olgan terror va dahshatning asosiy quroliga aylandi.
1923-yilda Gitler hokimiyatga kelishga tayyor ekanligini koʻrsatib qoʻymoqchi boʻldi. Bavariyada davlat to‘ntarishi qilishga urindi, hukumat ag‘darilganligini e’lon qildi. Bir guruh tarafdorlari bilan Berlinga yurish boshladi. Ammo fashistlarning gali hali kelmagan, qonuniy tuzum hamon kuchli edi. Gitler va uning tarafdorlari qamoqqa olindi. U 13 oy qamoqda yotib, fashizm mafkurasining bosh asari bo‘lgan “Mayn kampf” (Mening kurashim) kitobini yozdi.
Shunday qilib, Germaniyada mamlakatning urushdan oldingi holatini tiklashni talab etish bilan cheklanmay, ochiqdan ochiq mustamlakalar va hududlarga da’vogarligini bayon etgan, faqat dunyoviy hukmronlik sharoitidagina amalga oshirish mumkin bo‘lgan talablarni ilgari surgan siyosiy partiya paydo bo‘ldi.
Qisqacha mazmun
- Birinchi jahon urushi yillarida yirik nemis sanoatchilari nihoyatda boyib ketdi;
- 1919-yil 11-avgust — Veymar konstitutsiyasi qabul qilindi;
- 1919-yil — Fridrix Ebert mamlakat prezidenti qilib saylandi;
- 20-yillar — ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning keskinlashuvi.
Inflyatsiyaning oʻsishi, yalpi ishsizlik, iqtisodiyotning inqirozi; - Daues rejasi (1924-yildan boshlab) bo‘yicha Germaniyaga AQSH kreditlari va zayomlarining berilishi;
- Zayomlar hisobiga sanoatning qayta tiklanishi va zamonaviylashtirilishi;
- 1923–1929-yillar — Shtrezeman hukmronligi yillarida tashqi siyosat;
- 1929-yil — Versal shartnomasi tomonidan belgilangan cheklashlarning toʻla bekor qilinishi;
- Natsional-sotsialistik partiya faoliyati va fashizm mafkurasining mamlakatdagi targʻiboti.
Hujumkor guruhlarning (HG) tashkil etilishi.