Birinchi jahon urushidan soʻng Buyuk Britaniyaning iqtisodiyoti
Birinchi jahon urushi Britaniya dunyodagi mavqeyini tubdan oʻzgartirib yubordi.
Bir paytlar jahon sanoat bozorida hukmronlik qilgan Angliya dunyo ʼʼsanoat ustaxonasiʼʼ rolini toʻliq qoʻldan boy berdi. Ingliz mahsulotlarining eksporti kamayib, import koʻpaydi. Angliya harbiy xarajatlarni toʻlashga majbur edi, shu sababli chet el zayom va kreditlaridan foydalanardi. Natijada Angliya AQSHning asosiy qarzdoriga aylandi (urushgacha AQSH uning asosiy qarzdori edi).
Buyuk Britaniya qarzdan qutulish uchun oʻzining chet ellardagi mulklaridan chorak qismini sotib yuborishga majbur boʻldi. Davlat subsidiyalari hisobiga eskirgan korxonalarning qoʻllab-quvvatlanishi urushdan soʻng ingliz sanoatini texnologik qoloqlikka olib keldi.
Bir paytlar Britaniya sanoatining gʻururi boʻlgan va katta foyda keltirgan sohalarning eskirgani, ishchi kuchining armiyaga va harbiy korxonalarga jalb qilinishi, xomashyo yetishmasligi hamda uskunalarning ishdan chiqqani tufayli ishlab chiqarish pasayib ketdi. Koʻmir qazib olish, choʻyan ishlab chiqarishning kamayishi, kemasozlikning qisqarishi bu sohalarni ham turgʻunlikka olib keldi.
Ammo bir paytning oʻzida sanoatning yangi sohalari boʻlgan avtomobilsozlik, kimyo, aviatsiya, qurolsozlik va harbiy zavodlarni taʼminlovchi poʻlat quyish sohalarida oʻsish roʻy berdi.
Sanoat va bank tizimining monopollashuvi
Urush ingliz monopoliyasi uchun ulkan foyda manbayiga aylandi.
U ingliz iqtisodiyotining barcha kuchlarini jamlashni taqozo etdi. Bu esa oʻz navbatida sanoatning va kapitalning birligini kuchaytirdi. Kichik va oʻrta korxonalarning majburiy kooperativlashtirilishi hamda banklarning birlashuvi roʻy berdi. Ayni shu jarayonda yirik London banklari — ʼʼLloydʼʼ, ʼʼBarklayʼʼ, ʼʼMidlendʼʼ, ʼʼVestminsterʼʼ va ingliz bankidan iborat ʼʼkatta beshlikʼʼ vujudga keldi. Ularning tasarrufida Angliya pul resurslarining 85 foizi jamlangan edi. Sanoatda oltita yirik monopoliya paydo boʻldi. Bular ʼʼRoyyal Datch shellʼʼ (neft), ʼʼIngliz-Eron neft kompaniyasiʼʼ (neft), ʼʼYunileverʼʼ (keng isteʼmol mahsulotlari), ʼʼImperial kemikl indastrizʼʼ(kimyo sanoati), ʼʼDanlop rubbersʼʼ (kauchuk, rezina) va ʼʼVikkersʼʼ (qurol-yarogʻ) edi. Mazkur olti yirik monopoliya amalda ishlab chiqarishning barcha sohalarida hukmron edi. Beshta eng yirik bank bilan birgalikda ular Angliya ichki va tashqi siyosatining yoʻnalishlarini ham belgilardilar.
Urush ingliz mehnatkashlar boshiga cheksiz azob-uqubatlar keltirdi.
Urush mobaynida aholining turmush darajasi ancha pasaydi. Ish haqining real darajasi ham pasayib bordi. Deyarli cheklanmagan ish kuni, favqulodda tezkor ish surʼati, oz ish haqi, yomon uy-joy va maishiy sharoitlar, oziq-ovqatlarning yuqori narxlari oʻlim va kasb kasalliklarining yuksak darajada boʻlishiga olib keldi.
Ayni paytda boʻlib oʻtgan urush ingliz mehnatkashlari ijtimoiy ongining yuksalishida katta ahamiyatga ega boʻldi.
Mamlakatning siyosiy taraqqiyoti
Urush mamlakat yetakchi siyosiy partiyalari mavqeyida
katta oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Liberal partiya oʻz mavqeyini boy bergan boʻlsa, Konservativ va Leyborist partiyalar oʻz mavqelarini mustahkamladilar. Garchi ichki va tashqi siyosat borasidagi qarashlari bir-biridan unchalik farq qilmasa-da, leyboristlar mehnatkashlar ommasining yetakchisiga, konservatorlar esa burjuaziya manfaatlari ifodachisiga aylandi. 1918-yil dekabrida Liberal partiya yetakchisi D. Lloyd Jorj (1863–1945) harbiy zafar toʻlqinida tezkor saylovlar oʻtkazdi. U xalqqa tinchlik, ijtimoiy islohotlar, urush aybdorlarini jazolash vaʼdalarini berdi. Saylov huquqi berilgan harbiylarning ovozi evaziga gʻalaba qozondi. Bu Liberal partiyaning soʻnggi muvaffaqiyati edi. D. Lloyd Jorj hukumati 1922-yilgacha davom etgan boʻlsa-da, ichki va tashqi siyosatda magʻlubiyatga uchradi. Bundan keyin Liberal partiya hech qachon hukumatni boshqarish imkoniyatini qoʻlga kiritolmadi.
Devid Lioyd Jorj
Irlandiyadagi voqealar Lloyd Jorjning hokimiyat tepasida qolish umidlarini tamomila puchga chiqardi. 1922-yil 19-oktyabrda hukumat koalitsiyasiga kirgan Konservativ partiya yigʻilishida mazkur koalitsiyadan chiqish haqida qaror qabul qilindi. Shu kuni Lloyd Jorj qirol Georg Beshinchiga (1865–1936) isteʼfonomasini topshirdi va u darhol qabul qilindi.
Hukumat oʻzgarmadi, faqatgina Bosh vazir lavozimiga Konservativ partiya rahbari Bonar Lou (1858–1923) tayinlandi. Koʻp oʻtmay u vafot etdi va uning oʻrnini Stenli Bolduin egalladi. Bolduin Buyuk Britaniya sanoatini surunkali xastalik — ishsizlik va korxonalarning toʻla quvvat bilan ishlamasligidan xalos etmoqchi boʻldi. Shu maqsadda erkin tijoratni bekor qildi va milliy iqtisodiyotni himoya qilish maqsadida bir qator boj soliqlari joriy etdi. Ammo bu choralar foyda bermadi va ingliz iqtisodiyotidagi turgʻunlik 1929-yilgacha davom etdi. Buning ustiga Angliya 1923-yil oxiriga kelib yana iqtisodiy jihatdan boshi berk koʻchaga kirib qoldi.
Birorta ham partiya undan chiqish yoʻlini topa olmadi. Konservatorlarning boj siyosati ham koʻpchilik siyosiy arboblar tomonidan rad etildi.
Stenli Bolduin (1867–1947) — Buyuk Britaniyaning 1923–1924, 1924–1929, 1935–1937-yillardagi Bosh vaziri. Fashizm bosqiniga qarshi beeʼtibor siyosat olib borgan.
Britaniya saylovchilari ham bu siyosatni rad etdilar va 1923-yil dekabrida boʻlib oʻtgan saylovlarda konservatorlar parlamentdagi nisbatan koʻpchilik mavqeyini boy berdilar. Liberal partiya endilikda muxolif partiya rolini bajara olmas edi.
Ikki partiyali tizimda uning oʻrnini egallaydigan yangi kuch zarur edi. Qirol Georg Beshinchi 1923-yil 23-dekabrda Leyborist partiyasi rahbari Ramsey Makdonaldga Angliya tarixida birinchi marta leyboristlar hukumatini tuzishni topshirdi.
Ramsey Makdonald (1866–1937) — Buyuk Britaniya Leyboristlar partiyasining asoschisi va liderlaridan biri. 1924–1929–1931-yillarda mamlakat Bosh vaziri boʻlgan.1931–1935-yillarda koalitsion hukumatni boshqargan.
Ammo leyboristlar hukumati saylov kampaniyasi mobaynida vaʼda qilgan eng juzʼiy rejalarini amalga oshira olmadi. 1924-yil 8-oktyabrda parlamentda Makdonald hukumatiga ishonchsizlik bildirildi. 29-oktyabr kuni esa yangi parlamentga saylovlar boʻlib oʻtdi. Unda konservatorlar gʻalaba qozonib, parlamentda 413 oʻrin oldilar (leyboristlar 151 oʻrin, liberallar 40 oʻrin oldi).
Liberal partiya oʻrnini Leyborist partiya egalladi. Nomiga koʻra (ingl. Labour — mehnat) u ishchilar partiyasi boʻlsa ham, amalda Buyuk Britaniya hukmron doiralari manfaatlariga javob beruvchi siyosat olib borardi. Ingliz ishchilar sinfi Leyborist partiya siyosatiga taʼsir oʻtkazishning samarali vositasiga ega edi. Bu ingliz kasaba uyushmalari (tred-yunionlar) boʻlib, u ishchilar harakatiga yetakchilik qilardi. Urush paytida ingliz kasaba uyushmalarining saflari oʻsdi va tashkiliy jihatdan takomillashdi. 1918-yilda Angliya kasaba uyushmalari aʼzolari soni 6,5 millionga yetdi (urushgacha 2,5 million edi). Yangi kasaba uyushmalari paydo boʻldi, ular ishchilarning turmush sharoitlarini yaxshilash, ish haqini oshirish uchun yanada faol kurash olib borishni talab eta boshladilar.
Konservatorlar (lotincha ʼʼconservatorʼʼ — ʼʼmuhofazakorʼʼ, ʼʼsaqlovchiʼʼ) – konservativ qarashlar maslakdoshlari, u yoki bu islohotlar yoxud oʻzgarishlarga qarshilar.
Tred-yunionlar (ingl. ʼʼtradeʼʼ — hunar, kasb + ʼʼunionʼʼ — birlashma ) — ingliz kasaba uyushmalari harakatidagi oqim. Asosiy maqsadi hayotning iqtisodiy shart-sharoitlarini yaxshilash uchun kurash.
Mazkur kuch mamlakat taqdirini keskin burib yuborish qudratiga ega edi.
Kasaba uyushmalarida tashkilotchi yangi mahalliy rahbarlar (shop-styuardlar — sex yetakchilari) paydo boʻldi. Ishchilar harakatini jipslashtirish va tashkiliy jihatdan mustahkamlash uchun harakat kengaya boshladi. 1918-yilda uch eng yirik va nufuzli konchilar, transportchilar va temiryoʻlchilar kasaba uyushmalari oʻzaro hamkorlik haqida Uchlar ittifoqini tuzdilar. Bu ittifoq umumiy talablar ishlab chiqish va zarur boʻlganda bir paytda ish tashlash maqsadida tashkil etilgan edi.
Shop-styuardlar — Angliyadagi fabrikalarda sex yetakchilari, korxonalarda Ishchilar tomonidan saylanadigan vakillar. Turmush darajasini yuksaltirish uchun ommaviy ishchilar harakatining tashkilotchilari. Shop-styuardlarning harakatlari tred-yunionlarnikidan koʻra keskinroq edi.
Uoyd Jorj hukumatining siyosati
1918-yil saylovoldi kampaniyasi paytida D. Lloyd Joij ʼʼmamlakatni jang maydonlaridan qaytayotgan qahramonlarga munosibʼʼ qilish toʻgʻrisida koʻp gapirdi. Amalda esa bunday boʻlmadi. 1924-yildan keyingi bir necha yilni hisobga olmaganda, Britaniya iqtisodiyoti butun yigirmanchi yillar mobaynida chuqur tushkunlik (depressiya) holatida boʻldi. Angliyani urushdan keyingi tiklash rejasi amalga oshmadi. Ishsizlik 10–11 foiz darajada boʻldi. D. Lloyd Joij hukumati ishsizlarga, beva va yetimlarga yordam puli berishni yaxshilaydigan sugʻurta siyosati ishlab chiqdi. Ammo ishsizlikni yoʻqotadigan darajada ish oʻrinlari yarata olmadi.
Depressiya (lotincha ʼʼdepressionʼʼ — tushkunlik) — ortiqcha ishlab chiqarish inqirozidan soʻng roʻy beradigan, iqtisodiyot turgʻunligi, tovarlarga talab kamligi, ommaviy ishsizlik bilan tavsiflanadigan davr.
Lloyd Jorj hukumati (1918–1922) Angliyaning xalqaro mavqeyini saqlab qolishga intildi.U Rossiyaning ichki ishlariga qoʻpol ravishda aralashdi. Ingliz qoʻshinlari Murmansk va Arxangelsk shaharlariga kiritildi, mahalliy hokimiyat agʻdarildi.
1918-yil yozida ingliz qoʻshinlari Ashxobod va Boku shaharlarini egalladilar va Kaspiy dengizida oʻz flotiliyalarini yaratib, dengizdagi barcha qatnovni nazorat ostiga oldilar. Shuningdek, ular Boku-Batumi temir yoʻli ustidan nazorat oʻrnatdilar, Gruziya, Ozarbayjon va Armanistonda mustaqil hukumatlar tuzilishiga koʻmaklashdilar. Angliyaning maqsadi Rossiyani boʻlib yuborish, 1916-yilda Fransiya bilan bitimda qayd etilgan va 1918-yil 13-noyabrda tasdiqlangan hududlar ustidan oʻz hukmronligini oʻrnatish edi. Angliyaning oʻzida Rossiyaga qarshi harbiy yurish xalqning keskin noroziligi va namoyishlariga sabab boʻldi.
Ingliz hukumati qurolli yoʻl bilan Rossiya hukumatini yoʻq qilishga urinishdan voz kechishga majbur boʻldi. Bu esa Lloyd Jorj hukumatiga berilgan ogʻir zarba edi.
Ammo Angliya Parij konferensiyasida yirik muvaffaqiyatni qoʻlga kiritdi.
Konferensiyada ishlab chiqilgan shartnomaga koʻra, eng koʻp harbiy oʻlja mustamlaka hududlar unga tegdi. Angliya Fransiyaning Yevropa qitʼasida hukmron mavqega erishishiga yoʻl qoʻymadi.Tinch okeandagi oʻz mavqeyini ham Yaponiya kabi ittifoqchisini yoʻqotish evaziga boʻlsa-da saqlab qoldi. Umuman, Versal-Vashington tartibining yaratilishi uning nazorati ostida va unga qulay yoʻnalishda kechdi.
Angliya strategik jihatdan muhim Oʻrta Yer dengizi hududida tayanch nuqtasiga ega boʻlishni istar edi. Kipr Angliya tasarrufida boʻlib, Gretsiyani ham oʻz taʼsir doirasiga olish Oʻrta Yer dengizi mintaqasi taqdirida Angliyaning rolini oshirib yuborar edi.
Angliyaning rejalarini Turkiya buzib yubordi. 1920-yilda Izmirning greklar tomonidan bosib olinishi bilan boshlangan grek-turk urushi 1922-yilgacha davom etdi. Angliya Egey dengizining har ikki tomonida Buyuk Gretsiya davlatini yaratish niyatida boʻlgan greklarning daʼvosini qoʻllab-quvvatladi. Ingliz siyosatining mohiyatini yaxshi tushungan Fransiya va Italiya esa Gretsiyaning kuchayishiga qarshi chiqdilar. Angliya Birinchi jahon urushidan keyin birinchi marta yakkalanib qoldi.
1922-yil 9-sentyabrda Muddaniya yaqinidagi jangda grek qoʻshinlari tor-mor etildi va turk qoʻshinlari Izmirga kirdi. Angliyaning Turkiyaga qarshi urushda yordam soʻrab Yugoslaviya va Ruminiyaga qilgan murojaatlaridan natija chiqmadi.
U oʻziga qaram davlatlardan ham rad javobi oldi. Birinchi jahon urushida gʻalaba qozongan Angliya turk milliy-ozodlik harakati bilan urushda magʻlub boʻldi.
Grek-turk urushidagi bu magʻlubiyat Lloyd Jorj hukumatining ham magʻlubiyati edi. Lloyd Joijga qarshi matbuotda ayovsiz kampaniya boshlandi. Raqiblari uni ʼʼurushni yutib, tinchlikni boy berganlikdaʼʼ aybladilar. Ammo tashqi siyosatdagi xatolar bilan birga ichki siyosiy muammolar ham talaygina edi. Mamlakat oldida ulkan iqtisodiy qiyinchiliklar turardi. Sanoatning ayrim sohalari izdan chiqqan, ishsizlik koʻpayib borardi.
Irlandiyadagi ahvol
Llovd Jorj hukumatiga hal qiluvchi zarba Irlandiyada berildi. Urush payti va undan keyin Angliya va Irlandiya oʻrtasidagi fojiaviy munosabatlar tarixiga yangi bob qoʻshildi. 1914-yilda ingliz parlamenti Irlandiyaga avtonomiya berish haqida bill (qaror) — gomrul qabul qildi. Ammo urush tufayli uni amalga joriy etish kechiktirildi.
Urush choʻzilib ketgach, irland millatchilarining toqati toq boʻldi va ular Dublinda 1916-yili qoʻzgʻolon koʻtardilar. Angliya hukumati uni bir hafta ichida bostirdi, ammo qoʻzgʻolon rahbarlarini qatl etib, katta xatoga yoʻl qoʻydi. Irlandiyaliklar nazdida ular milliy-ozodlik uchun halok boʻlgan qahramonlarga aylandilar. Parlamentdagi Irlandiya partiyasi ʼʼShinn feynʼʼ (Yolgʻiz oʻzimiz) deb nomlangan ekstremistik tashkilotga aylandi.
1918-yilgi saylovlarda ʼʼShinn feynʼʼ ingliz parlamentining irlandiyaliklarga ajratilgan barcha oʻrinlarini olib qoʻydi. Irlandiyadan saylangan deputatlar parlament ishida qatnashishdan voz kechdilar va 1919-yiI 21-yanvarda oʻzlarini mustaqil Irlandiya parlamenti deb eʼlon qildilar. ʼʼShinn feynʼʼning harbiylashgan qanoti Irlandiya respublikachilar armiyasiga (IRA) aylandi. Asli kelib chiqishi AQSHdan boʻlgan Edmon de Valeri (1882–1975) Irlandiyaning birinchi prezidenti qilib saylandi. Koʻp oʻtmay Britaniya armiyasi bilan IRA oʻrtasida harbiy harakatlar boshlandi, unda irlandiyaliklar partizan urushining barcha usullarini qoʻlladilar.
Irlandiyaliklarni ʼʼBlek end tansʼʼ (qora va qahvarang) nomi bilan mashhur boʻlgan yordamchi otryadlar qoʻllab-quvvatladilar. Ikkala tomon ham murosaga kelishni istamadi.
Irlandiyaga dominion maqomining berilishi
1921-yilda Angliya bilan Irlandiya оʼrtasida boʻlib oʻtgan yopiq muzokaralar natijasida bitim imzolandi va unga koʻra Irlandiyaga dominion maqomi berildi.
Dominion (ingl. dominion — mulk, hokimiyat) — Britaniya imperiyasi tarkibida boʻlgan, ingliz qirolini oʻz rahbari deb eʼtirof etuvchi davlat (1867-yildan Kanada, 1901-yildan Avstraliya ittifoqi, 1907-yildan Yangi Zelandiya va boshqa).
Bitim imzolanganidan soʻng koʻp oʻtmay yana fuqarolar urushi boshlandi. Bu safar Irlandiyaning oʻzida, bitimni qoʻllab-quvvatlagan moʻtadil partiyalar bilan Irlandiyaning Britaniya qiroliga qasamyod etishini bekor qilish va toʻla mustaqil davlat tuzish tarafdori boʻlgan ekstremistik partiyalar oʻrtasida qurolli kurash boshlandi. Faqatgina 1933-yilga kelib Irlandiya parlamenti Britaniya qiroliga qasamyod etish marosimini bekor qildi. Ikkinchi jahon urushi davrida Irlandiya betaraflik eʼlon qildi va 1949-yilda oʻz mustaqilligiga erishdi.
1926-yilgi yalpi ish tashlash va uning yakunlari
Stenli Bolduin 1924-yilda hukumatga qaytib keldi va 1929-yilgacha Bosh vazir boʻlib turdi. Iqtisodiyotdagi turgʻunlik hamon bosh muammo boʻlib qolmoqda edi.
Ishbilarmonlar va siyosiy arboblar qachonlardir jahon bozorida Britaniya hukmronligining asosi boʻlgan hamda Britaniya sanoatining yuksak foyda olishini taʼminlagan tijorat erkinligini tiklashni talab eta boshladilar. Ammo buning uchun, eng avvalo, ingliz valyutasining (funt sterling) oltin asosini yaratish lozim edi.
Faqat shunday tadbirgina ingliz pul tizimining oldingi barqarorligini tiklashi mumkin edi. Ammo hukumat boshqa mamlakatlarning pul birliklariga nisbatan funtning qiymatini yuksak darajada belgilaganligi tufayli ingliz mahsulotlarining narxlari keskin oshib ketdi, natijada ingliz mahsulotlari raqobatga bardosh berolmaydigan boʻlib qoldi. Bu esa turgʻunlikni yanada kuchaytirdi va ishsizlikni keskinlashtirdi.
Ingliz sanoatchilari koʻpgina salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan eng soʻnggi choraga qoʻl urdilar — ishchilarning usiz ham past darajada boʻlgan ish haqini qisqartirishga qaror qildilar. Dastlab koʻmir sanoatidan boshlashga ahd qilindi. Chunki u ingliz sanoatining energetik asosini tashkil etardi.
Koʻmir tannarxining pasaytirilishi boshqa sohalarda ish haqini kamaytirmasdan tannarxni pasaytirishga olib kelishi mumkin edi. Ammo konchilarning ish haqini qisqartirishga urinishi barcha ishchilarning keskin noroziligini uygʻotdi.
Hukumat konchilarning ish haqi darajasini saqlab turish uchun togʻ-kon sanoatiga moddiy yordam berishga qaror qildi. Ammo berilgan moddiy yordam bor-yoʻgʻi bir yilga yetdi. 1926-yil mayida kon egalari ish haqi pasaytirilishini eʼlon qildi.
Bunga javoban Tred-yunionlar Bosh kengashi (ingliz kasaba uyushmalarining rahbar organi) barcha ishchilarni yalpi ish tashlashga chaqirdi. 1926-yil 4-mayda Angliyada ishchilarning yalpi ish tashlashi boshlandi. Sanoatning ish tashlagan sohalarida faoliyat tamomila toʻxtadi.
Joylarda harakat kengashlari tuzilib, ular amalda hokimiyat organlariga aylandilar.
Davlat muassasalari yonidagi namoyishlar ularning ishini qiyinlashtirib qoʻydi. Ish tashlashlar iqtisodiy doiradan chiqib, siyosiy nizoga aylanishi xavfi tugʻildi. Oʻsha kunlari turli mamlakatlarning ishchilari ingliz ishchilari bilan birdam ekanliklarini namoyish etdilar. Angliyaga joʻnatilishi moʻljallangan yuklarni ortish toʻxtatib qoʻyildi. Ish tashlagan ingliz ishchilari jamgʻarmasiga mablagʻlar toʻplandi.
Ishchilar oʻz harakatlarini gʻalabagacha davom ettirishga rozi edilar.
Ammo ularning yetakchilari — Leyborist partiyasi ijroiya qoʻmitasi va Tred-yunionlar Bosh kengashi kurash eng qizigan paytda — 1926-yil 12-mayda uni toʻxtatishga qaror qildilar.Konchilar 1926-yil dekabr oyigacha chidadilar, faqatgina barcha imkoniyatlari tugagach, ishga qaytdilar. Angliyaning eng qudratli kasaba uyushmasi — Konchilar federatsiyasi kurashni davom ettirish imkoni yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, ishchilarni oʻz ish joylariga qaytishga daʼvat etdi.
Ishchi tashkilotlarining rahbarlari ishchilarning magʻlub boʻlishidan koʻra, ularning gʻalaba qozonishidan koʻproq qoʻrqardilar. Chunki bunday kurashning siyosiy nizoga aylanib ketishidan nihoyatda choʻchirdilar. Kasaba uyushmalari rahbarlari Britaniya ijtimoiy-siyosiy tizimining tarkibiy qismiga aylangan va bu tizimni saqlash, Britaniya iqtisodiyotining barqarorligini taʼminlash borasida koʻproq tashvishlanardilar.
Qisqaсha mazmuni
• Birinchi jahon urushidan keyin Buyuk Britaniya ʼʼsanoat ustaxonasiʼʼ maqomini yoʻqotdi va AQSHning asosiy qarzdorlaridan biri boʻlib qoldi;
• 1918-yil — sanoat ishlab chiqarishining pasayishi, mahsulot importining koʻpayishi;
• Sanoat va sarmoyaning birlashuvi (yetti yirik sanoat birlashmasi va besh bank mamlakat ichki va tashqi siyosatini belgilaydi);
• Lloyd Jorj hukumati (1918—1922).
Uning ichki va tashqi siyosati magʻlubiyati.
Ishsizlikning ortishi, iqtisodiyotning inqirozi.
Rossiyaga qarshi harbiy intervensiyada ishtirok etish, grek-turk urushidagi magʻlubiyat;
• Gomrul haqida bill (Irlandiyaga muxtoriyat berilishi — 1914-yil).
Irlandiya xalqining mustaqillik uchun kurashi.
Irlandiyaga dominion maqomining berilishi (1922);
• Stenli Bolduin (1924–1929) boshqaruvi, iqtisodiyotda inqirozning davom etishi;
• 1926-yil — yalpi ish tashlash.