1918-1929-yillarda Amerika Qo’shma Shtatlari


AQSH — dunyodagi yetakchi davlat

Birinchi jahon urushi natijasida AQSH dunyodagi yetakchi davlatga aylandi.
Amerika kompaniyalari Yevropa mamlakatlariga ulkan miqdorda va yuqori narxlarda harbiy jihozlar, qurol-yarogʻ va oziq-ovqat yetkazib berdi. Koʻplab Yevropa mamlakatlari AQSHdan urush olib borish uchun kredit oldi va urushdan soʻng AQSH oldida qarzdor boʻlib qoldi. Amerika kompaniyalari urush davrida jami 35 mlrd dollardan ortiq sof daromad oldi. Bundan tashqari, Yevropadagi 20 mamlakat AQSHdan 10 mlrd dollar qarzdor boʻlib qoldi. Ular har yili AQSHga kamida 1 mlrd dollardan toʻlab turishlari lozim edi.

Mamlakatda ishlab chiqarish hajmi oʻsdi. Ayrim sohalar — avtomobilsozlik, rezina, kimyo, poʻlat quyish sanoatlari, shuningdek, kemasozlik, elektrotexnikada, ayniqsa, yuqori natijalarga erishildi. Ular AQSH sanoatining oʻzagini tashkil qildi. Olti yil ichida (1914–1920) mamlakat milliy boyligi 2,5 baravar oshdi. 1920-yilda AQSHda butun dunyoda ishlab chiqarilgan yalpi mahsulotning 47 foizi yaratildi. Boshqa ayrim koʻrsatkichlar boʻyicha AQSHning yutuqlari yanada salmoqliroq edi.
Mamlakatda dunyodagi jami avtomobillarning 80 foizi, neftning 67 foizi ishlab chiqarilardi. Amerika floti urush davomida 10 baravarga oʻsdi. AQSH Angliya qatori dunyodagi yetakchi dengiz davlatiga aylandi. Jahon oltin zaxirasining qariyb 50 foizi AQSHning oltin xazinasi saqlanuvchi Fort Noksda jamlandi. AQSH jahonning moliyaviy markazi, jahon bozorining poydevoriga aylandi.

Birinchi jahon urushidan soʻng millionlab oddiy amerikaliklarning ahvoli deyarli oʻzgarmadi. Yirik sarmoya daromadlarining oʻsishi ularning moddiy ahvoliga hech qanday taʼsir koʻrsatmadi. Jamiyatning boy va qashshoq tabaqalari daromadlari orasidagi farq aql bovar qilmas darajaga yetdi. Buning oqibatida mamlakatda ish tashlashlar avj oldi, ishchilar sinfining faolligi jihatidan AQSH Gʻarb mamlakatlari orasida yetakchi oʻringa chiqdi.


Oʻzgacha fikrlovchilarga qarshi kurash

Urushdan keyingi dastlabki yillardayoq AQSHda mamlakat tarixidagi eng shafqatsiz va keng miqyosli qatagʻon avj oldirildi. 1918-yil mayida AQSH hukumati ʼʼDaʼvatkorlik toʻgʻrisidagi hujjatʼʼni eʼlon qildi. Unga koʻra mamlakatdagi mavjud tuzum toʻgʻrisida bildirilgan barcha salbiy fikrlar jinoyat deb eʼlon qilindi. Bunday ayb bilan qamoqqa olingan har qanday odamga 10 ming dollar jarima solish yoki 20 yil muddatga qamoq jazosi koʻzda tutildi. Ushbu hujjatga koʻra 2 ming kishi jazoga hukm qilindi. Oʻzgacha fikrlovchilarga nisbatan jismoniy tazyiq qoʻllash Amerika huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatida odatiy holga aylandi.

1919-yil hujjati ʼʼsindikalizmʼʼni, yaʼni sanoatdagi xususiy mulkdorlikni qoralovchi har qanday daʼvatlarni man etardi. Oʻzgacha fikrlashda shubha qilingan taraqqiyparvar arboblarga qarshi sud jarayonlari uzluksiz oʻtkazila boshlandi.
1920-yil yanvarida AQSH politsiyasi 70 ta shaharda taraqqiyparvar tashkilotlarning aʼzolariga qarshi tadbir uyushtirdi. 10 mingdan ortiq kishi qamoqqa olindi. Xuddi shu yili kasaba uyushmalari harakati faollari sanalgan italiyalik muhojirlar — Sakko va Vansetti qamoqqa olindilar. Ular bankni oʻgʻirlash va politsiyachini oʻldirishda ayblandi. 1927-yilda ular elektr kursida qatl qilindi. Faqat Ikkinchi jahon urushidan soʻng ularga soxta guvohliklar asosida ayb qoʻyilgani maʼlum boʻldi.

20-yillar oʻrtasiga kelib AQSHda oʻzgacha fikrlovchilar va soʻl tashkilotlarga barham berildi. Radikal gʻoyalari bilan farq qiluvchi soʻl yoʻnalishdagi kasaba uyushmalari — Jahon sanoati ishchilari deyarli tugatildi (1917-yilda ularning safida 100 ming aʼzo bor edi, 1922-yilga kelib 1000 tagina aʼzo qoldi). Hukumat tomonidan amalga oshirilgan qatagʻon AQSHdagi soʻl harakatning tanazzuliga olib keldi. Ular asosiy fuqaroviy huquqlardan — tashkilotchilik, soʻz erkinligi, matbuot erkinligi va namoyishlar erkinligidan mahrum qilindi. Amerika ishchilar harakatining asosiy quroli hisoblangan ish tashlashlar 1926-yilga kelib deyarli barham topdi.


20-yillarda AQSHda ishlab chiqarishning oʻsishi

20-yillarda AQSHda boshlangan yangi ishlab chiqarish texnika inqilobi oʻzi bilan birga yangi ijtimoiy puch xayollarning oqimini olib keldi. 1922-yilda AQSHda ishlab chiqarishning oʻsishi boshlandi. Avtomobilsozlik, samolyotsozlik, radio, elektrotexnika sanoatlari jadal surʼatlarda rivojlandi. Oʻsish yangi texnikaviy asosda, eng yangi texnika uskunalari, konveyer tizimi, standartlashtirish, modernlashtirish usullarini keng tadbiq etish yoʻli bilan amalga oshirildi. Ishlab chiqarishda yangi fan va texnika kashfiyotlari, seriyali ishlab chiqarish usuli keng qoʻllanila boshlandi. Ishlab chiqarishda aql bovar qilmas oʻsish roʻy berdi. 1927-yilga kelib AQSHda yiliga 7 mln avtomobil ishlab chiqarilardi. Avtomobilsozlikning oʻsishi keng shosse yoʻllarining barpo etilishiga turtki boʻldi, shahar va qishloq qurilishining rivojlanishiga taʼsir koʻrsatdi. Ishlab chiqarishing oʻsishi Amerika monopoliyalariga ulkan daromadlar keltirib, ularning raqobatbardoshligini oshirdi.

Standartlashtirish — xomashyo, ishlab chiqarish jarayonlari, tayyor mahsulotlar va h.k.larga nisbatan davlat miqyosida yagona, qatʼiy belgilangan meʼyor va talablarni oʻrnatish.

Iqtisodiyotdagi jadal oʻsish oʻz qoʻllarida katta iqtisodiy va siyosiy hokimiyatni jamlagan ulkan ishlab chiqarish va moliya birlashmalarining tashkil topishiga olib keldi.

AQSH da 10 millioninchi avtomabil. 1921-yil

Avtomobilsozlikda uch yirik kompaniya — ʼʼFordʼʼ, ʼʼJeneral Motorsʼʼ va ʼʼKrayslerʼʼ butun avtomobil sanoatini oʻziga boʻysundirdi. Kimyo sanoatida ʼʼDyuponʼʼ firmasi, poʻlat quyish sanoatida ʼʼPoʻlat trestiʼʼ hukmronlik qildi. Banklarning hukmronligi, ayniqsa, beqiyos boʻldi. Morgan va Rokfeller nazorati ostidagi olti yirik bank mamlakatdagi jami sarmoyaning yarmidan ortigʻini nazorat qildi. Amerikaning barcha yirik moliya va sanoat kompaniyalari birgalikda mamlakat ichki va tashqi siyosatini, Amerikadagi butun siyosiy tizimni nazorat qildilar. Ular Amerika davlat siyosatining shakllanishiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatdilar.


Yangi ijtimoiy falsafa

20-yillarda mamlakat siyosiy hayotida yangi sharoitga moslashishga erishgan respublikachilar partiyasi muhim rol oʻynadi. 1920-yildagi prezidentlikka saylovlarda Demokratlar partiyasi magʻlubiyatga uchradi va Oq uyni respublikachilar egalladilar. Ular Oq uy va Kongressda 1932-yilgacha hukmronlik qildilar. Bu davrda prezidentlik kursida U. Garding (1921–1923), K. Kulij (1923–1924, 1925–1929) va G. Guver (1929–1932) oʻtirdi. Bu davr Amerika iqtisodiyotining gullab-yashnash (prosperiti) davri boʻldi. Unga U. Garding asos soldi. 1922-yilda u qoʻshimcha foyda soligʻini, narx-navo ustidan nazoratni bekor qildi va kompaniyalarga ishchilar bilan munosabatlarda toʻliq erkinlik berdi.

Garding Uorren (1865–1923) — respublikachilar partiyasidan saylangan AQSHning 29-prezidenti.

Kulij Kalvin (1872–1933) — respublikachilar partiyasidan saylangan AQSHning 30-prezidenti. Kulij boshchiligidagi hukumat Germaniya harbiy va ishlab chiqarish qudratining tiklanishiga koʻmaklashdi.

Guver Gubert Klark (1874–1964) — respublikachilar partiyasidan saylangan AQSHning 31-prezidenti. Guver hukumati ham Germaniya sanoatining tiklanishiga koʻmaklashdi.


U. Garding ishini davom ettirgan K. Kulij 1925-yilda: ʼʼAmerikaning ishi — tijoratʼʼ, deb eʼlon qildi. Bu jumla Amerika hukmron doiralarining bosh tamoyiliga aylandi.
Ishlab chiqarish Amerika jamiyati taraqqiyotini harakatlantiruvchi kuch hisoblanib, u tinimsiz oʻsishi va boyliklar yaratishi, ularning bir qismi AQSHdagi qashshoqlikka barham berishga sarflanishi lozim edi. Agar Yevropada ijtimoiy muammolarni ijtimoiy islohotlar yoʻli bilan hal qilishga uringan boʻlsalar, AQSHda boshqa yoʻldan borildi. Bu yerda tadbirkorlik faoliyatining oʻsishi, yuqori tabaqalarning boyishi bevosita qashshoqlikning tugatilishiga olib kelishi lozim edi. Bu ijtimoiy falsafa boylar boyigani sari, boylikning bir qismi, shubhasiz, qashshoqlarga ham tegadi, degan qarashdan kelib chiqqandi. Ushbu falsafa tarafdorlari Amerikada roʻy berayotgan oʻzgarishlarni roʻkach qildi. 1928-yilda Amerikada 28 mln avtomobil bor edi, yaʼni Amerikadagi deyarli har bir oila XX asrning bu ardoqli kashfiyotiga egalik qilish imkoniyatini qoʻlga kiritgandi. Avtomobillashtirish Amerika maishiy hayotining muhim omili hisoblanardi. ʼʼHamma narsa gʻildiraklar uchunʼʼ shiori amerikaliklarning eng suygan shiori edi. Shu bilan birga, isteʼmol mollari — radiopriyomniklar, elektr jihozlari, yoʻlovchilar samolyotlari, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish ham jadal rivojlandi, mamlakatni yalpi telefonlashtirish amalga oshirildi. Tovarlarni kreditga sotish keng yoʻlga qoʻyildi, bu esa tijorat va ishlab chiqarishning yuksalishiga turtki berdi.

Ushbu falsafani hayotga tadbiq etishda Amerika kasaba uyushmalari hal qiluvchi oʻrin tutdilar. Ular bu falsafani qoʻllab-quvvatladi, uning faol tarafdorlariga aylandi.
ATF (Amerika tred-yunionlar federatsiyasi) rahbarlari AQSHda sinfiy ixtiloflar oʻrniga yakka tadbirkor va butun jamiyatning manfaatlari uygʻunligi yuzaga kelayotganini daʼvo qildi. Ishchilar hamda korxona va sarmoyalarning egalari Amerika jamiyatining birdek aʼzolari edilar va ular mamlakat va xalq oldidagi burchlarini sharaf bilan bajarishlari lozim edi.

Amerika kasaba uyushmalarining rahbarlari 1923-yilda ishchilar tashkilotlari tomonidan ʼʼBaltimor Ogayoʻʼ rejasining qabul qilinishiga erishdi. Unga koʻra tadbirkorlar maoshni oshirish majburiyatini olardilar, bunga javoban esa kasaba uyushmalari ish tashlashlarga yoʻl qoʻymaslik, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va ish kunini uzaytirishga rozilik berish majburiyatini olardi. Amerika ishchilarini Amerika iqtisod tizimiga yanada kuchliroq bogʻlash va ularning ongiga ijtimoiy tenglik gʻoyasini singdirish maqsadida Amerika kasaba uyushmalari rahbarlari ʼʼishchi banklariʼʼni tashkil qila boshladi. Bu banklarning asosiy mijozlari va hissadorlari ishchilarning oʻzi edi.

Ammo AQSH sanoatidagi yuksalish qishloq xoʻjaligida salbiy oqibatlarga olib keldi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining boshqa mamlakatlardan keltirilishi natijasida fermerlar kasodga uchrab, ularning aksar qismi shaharlarga koʻchib keta boshladi, fermalar sotildi. Bu Amerika iqtisodiyotida oʻta ogʻir oqibatlarni keltirib chiqardi. 20-yillar boshida AQSHda fermerlarni qoʻllab-quvvatlash, demokratik jamiyat asosini yaratish, mamlakatda ishlab chiqariluvchi boyliklarning yanada adolatli taqsimlanishiga erishishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishni talab qilgan keng harakat boshlandi.

AQSHning 20-yillardagi tashqi siyosati

Amerika tashqi siyosatida ikki yoʻnalish — izolyatsionizm va internatsionalizm tarafdorlari doimiy kurash olib bordi. AQSHning 20-yillardagi tashqi siyosati izolyatsionistlar AQSH, eng avvalo, ichki muammolar bilan shugʻullanishi, qimmat tashqi siyosiy tadbirlarga pul va mablagʻ sarflamasligi lozim deb hisoblardi.
Internatsionalistlar esa, aksincha, AQShning faol tashqi siyosati natijasida Amerika tijorati faqat yutadi degan gʻoyani ilgari surardi. AQSHning jahon iqtisodiyotidagi yuksak mavqeyi uning Birinchi jahon urushidan soʻng jahon siyosatida yetakchi davlatga aylanishiga olib keldi.

1919-yildan 1935-yilgacha boʻlgan davrda AQSHning hukmron doiralari Lotin Amerikasi va Osiyodagi turli mamlakatlarga milliy-ozodlik harakatlarini bostirish uchun bir necha marta qoʻshin yubordi. Amerika dengiz piyodalari Panama (1919–1921), Gonduras (1919–1924–1925), Xitoy (1920–1924–1925), Kosta Rika (1921)ga tushirildi. 1926-yildan 1935-yilgacha Amerika qoʻshinlari Nikaragua va Kubada saqlab turildi. 20-yillarda Amerika sarmoyasi gʻarbiy yarim sharda tanho hukmronlik qildi. Lotin Amerikasidagi 20 mamlakatning 14 tasi AQSHning moddiy nazorati ostida boʻlib, bu mamlakatlarda Amerika hukmron doiralarining irodasiga boʻysungan tuzumlar qaror topdi.

AQSH Gʻarbiy Yevropadagi moliya tizimlarida ham yetakchi marralarni qoʻlga kiritib, bundan qitʼa ustida oʻz siyosiy hukmronligini oʻrnatish yoʻlida foydalandi. Daues rejasi (1924) koʻmagida moliya sarmoyasi Gʻarbiy Yevropaga kiritildi va Germaniya harbiy ishlab chiqarish qudrati hamda Germaniya militarizmining tiklanishiga koʻmaklashdi. Amerika kompaniyalarida, ayniqsa, Polsha katta qiziqish uygʻotdi, Amerika sarmoyasi bu yerda Polsha qazilma va metallurgiya sanoatining 50 foizi ustidan nazorat oʻrnatishga erishdi.


Qisqacha mazmun

• AQSHning Birinchi jahon urushidan soʻng dunyoda yetakchi davlatga aylanishi;
• ishlab chiqarishning oʻsishi. AQSH — jahonning moliyaviy markazi;
• texnik taraqqiyot natijasida shahar aholisi turmush darajasining keskin oʻsishi;
• taraqqiyparvar tashkilotlar va ishchilar harakatiga qarshi kurash;
• qashshoqlikka barham berish maqsadida mamlakat boyligini oshirish nazariyasi;
• ATFning mehnatkashlar huquqlari uchun muvaffaqiyatli kurashi;
• AQSH iqtisodiyotining Yevropa mamlakatlari taraqqiyotiga taʼsiri.