Sharqiy slavyanlar joylashuvi va ijtimoiy tuzumi
Sharqiy slavyan qabilalari: drevlyanlar, rodimichlar, tiverlar, dregovichlar, vyatichlar, sevoryanlar va hokazolar ilk o‘rta asrlarda Dnepr daryosi havzasida yashagan. Keyinchalik aynan shu qabilalar birlashuvidan Kiyev Rusi davlati vujudga kelgan. Arxeologlar slavyanlarning dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanganliklarini qazishmalardan topilgan mehnat qurollari, kulolchilik buyumlari, jez va kumushdan yasalgan zeb-ziynatlar orqali aniqlashgan. Vizantiyada VIII asrda yozilgan «Ziroatchilik qonunlari»ga ko‘ra, qishloq jamoasining a’zolari – erkin dehqonlarning yerlari alohida bo‘lib, ular bug‘doy, tariq, arpa va boshqa donli ekinlar yetishtirgan. Qabilalar hayotiga oid muhim masalalar xalq yig‘ini – «veche»da muhokama etish bilan hal qilingan. Slavyanlar yo‘lboshchilari – otliq drujinachilar faqat o‘z hududlarini himoya qilibgina qolmay, qo‘shni o‘lkalarga yurishlar ham uyushtirishgan.

Aka-uka Ryurik, Sineus va Truvorlarning Rusga kelishi.
Davlatning tashkil topishi
Yilnomalarda yozilishicha, Sharqiy slavyan qabilalari varyaglar (skandinaviyalik normannlar)ga elchi jo‘natib, ulardan o‘zlariga knyaz yuborishlarini so‘raydi.
Bu taklifga binoan uch aka-uka: Ryurik, Sineus va Truvorlar Rusga kelib, Ryurik Novgorodda, Sineus Beloozeroda, Truvor Izborskda knyazlik qiladi. Ko‘p o‘tmay ukalari vafot etib, Ryurik yakka hukmronlik qila boshlaydi. Ryurikning vafotidan so‘ng, o‘g‘li Igor yosh bo‘lganligi sababli hokimiyat uning qarindoshi Olegga o‘tadi. Uning boshqaruvi davrida Kiyev Rusi tarixida muhim voqealar bo‘lib o‘tadi. Oleg 882-yilda o‘z lashkari bilan Kiyevni egallab, ayni paytda Kiyev Rusi nomini olgan davlatga asos soladi. Oleg va keyingi knyazlarning asosiy vazifalari: Xazar xoqonligi zulmidan ozod bo‘lish, sharqiy slavyan qabilalarini birlashtirishni davom ettirish, tashqi dushmanlardan davlat chegaralarini asrash, Vizantiya bilan manfaatli savdo munosabatlarini o‘rnatishdan iborat bo‘ladi. Slavyan qabilalarini birlashtirish siyosati shimolda Ladoga ko‘lidan, janubda Dneprning quyilishigacha boʻlgan yerlarning Olegqo‘ lida to‘planishiga imkon beradi. Oleg Vizantiya bilan manfaatli shartnoma tuzadi. Unga ko‘ra, Rus savdogarlariga Vizantiyada bojsiz savdo qilishga ruxsat beriladi. Igor o‘z knyazligini (912–945) ko‘chmanchi bijanak qabilalariga qarshi urushdan boshlaydi. Tuzilgan shartnoma Konstantinopol tomonidan bajarilmagani tufayli Igor Vizantiyaga qarshi ikki marta yurish qiladi. Natijada Vizantiya jangsiz tinchlik shartnomasini tuzib, katta o‘lpon to‘laydi.

Kiyev Rusi hukmdori Olga.
Igor 945-yilda drevlyan qabilalari bilan to‘qnashuvda halok bo‘lganidan so‘ng, uning rafiqasi Olga o‘g‘li Svyatoslav balog‘atga yetgunicha Kiyev knyazligini boshqargan. U Rus mavqeyini harbiy yurishlar, istilolar bilan emas, mohirona diplomatiya orqali yuksaltirishga intilgan. Olga X asrning 50-yillari o‘rtalarida Konstantinopolga tashrif buyurib, xristianlikni qabul qiladi. Lekin Olganing o‘g‘li Svyatoslav yangi dinni qabul qilishdan bosh tortadi.
Xazarlarga qarshi kurash
Yilnomalarda yozilishicha, Svyatoslav 964-yilda 22 yoshida knyazlik taxtiga o‘tirgach, Sharqqa yurish boshlagan. Svyatoslav Itil (Volga) va Don daryolari oralig‘ida tashkil topgan Xazar xoqonligini mag‘lub etib, uning poytaxti Itil shahrini egallagan. Keyinchalik Svyatoslav Bolgariyaga, ko‘chmanchi bijanaklarga, Vizantiyaga qarshi urushlar olib borgan.
Xristianlikning qabul qilinishi
Svyatoslavning vorislari orasidagi kurash so‘ngida Vladimir (980– 1015) taxtni egallaydi. Dastlab u slavyan qabilalarining isyonini bostirib, Kiyev Rusi chegaralarida yangi mudofaa qal’alarini qurdiradi. Shundan so‘ng knyaz Dunay bo‘ylarida yashagan bulg‘orlarga qarshi harbiy yurish uyushtiradi. Ammo rus tarixida Vladimir istilochi emas, balki 988-yilda ruslarni xristian dinini qabul qildirgan hukmdor sifatida qadrlanadi. Vladimir mahalliy knyazlar sulolalarini tugatib, ularning o‘rniga o‘g‘illarini noiblikka tayinlagan.

Buyuk knyaz Vladimir.
Lekin knyazning katta o‘g‘li, Novgorod noibi Yaroslav Kiyevga boj to‘lashdan bosh tortgan. Vladimir unga qarshi yurishga tayyorgarlik paytida vafot etgan. Uning vorislari orasidagi taxt uchun kurashlarda g‘olib chiqqan Yaroslav (1019–1054) boshqaruvi Kiyev Rusining gullab-yashnagan davri bo‘lgan. Yangi knyaz davrida Kiyev ostonalarida paydo bo‘lgan bijanak qabilalari uzil-kesil mag‘lub etilib, g‘alaba sharafiga Kiyevda avliyo Sofiya ibodatxonasi qurilgan. Yaroslav davrida Rusning Yevropa mamlakatlari bilan munosabatlari rivojlangan.
Qonunchilik
Donishmand nomini olgan Yaroslav davrida rus yerlarining dastlabki yozma qonunlari to‘plami – «Rus haqiqati» tuzilgan. «Rus haqiqati»ga fuqarolik va jinoiy ishlar bo‘yicha qonunlar kiritilgan. Bundan tashqari, undan o‘sha zamon rus jamiyati ijtimoiy munosabatlari, odat, udum va an’analari bo‘yicha ma’lumotlar ham o‘rin olgan. Og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosi belgilangan. Lekin «Rus haqiqati»dagi ko‘pchilik moddalarda jarima to‘lash ko‘zda tutilgan.

Yaroslav huzurida aholiga «Rus haqiqati» o‘qilmoqda.
Kiyev Rusi va qipchoqlar
Ko‘chmanchi qipchoq qabilalari XI asrning o‘rtalarida Yoyiq daryosidan Dunaygacha bo‘lgan hududlarni egallagan. Qipchoq xonlari zarur paytda o‘n minglab jangchilarni safga tizib, Rus knyazlari yerlariga talonchilik bosqinlari uyushtirgan. Rus knyazi Vladimir Monomax (1113–1125) ilk bor qipchoq xonlari qo‘shinini yengadi. Uning davrida urushlar qipchoqlar yashaydigan hududlarga ko‘chadi.

Kiyev Rusining otliq jangchilari.
Lekin Monomaxning vafotidan so‘ng qipchoqlar hujumi qaytadan boshlanadi.
Kiyev Rusi esa siyosiy tarqoqlik bosqichiga kiradi.