Vizantiya: G’arb va Sharq orasida




Imperiyaning tashkil topishi

Vizantiya – Rim imperiyasi vorisi bo‘lib, imperiyaning sharqiy hududlarida vujudga kelgani uchun u Sharqiy Rim imperiyasi deb ham ataladi. Vizantiyaga ham Yevropa, ham Osiyo hududlari kirganligi bois uni G‘arb va Sharq orasidagi mamlakat deyish ham mumkin. Ma’lumki, Imperator Feodosiyning o‘g‘illari 395-yilda Rim imperiyasini ikki mustaqil davlatga: G‘arbiy Rim imperiyasi (poytaxti Rim) va Sharqiy Rim imperiyasi – yana bir nomi Vizantiya (poytaxti Konstantinopol)ga bo‘lib olishadi. Konstantinopol shahri o‘rnidagi yunonlarning Megara shahri koloniyasi Vizantiy nomidan kelib chiqib ko‘pincha Vizantiya deb ham atashgan.

Konstantinopol shahri.

Vizantiya tarkibiga Bolqon yarimoroli, Kichik osiyo, Kavkaz, Suriya, Falastin, Misr, shuningdek, Krit va Kipr orollari kirgan. Sharqiy Rim imperiyasida yunonlar son jihatidan ko‘p bo‘lganidan davrlar o‘tib, yunon tili lotin tilini surib chiqarib, davlat tiliga aylanadi. Sharqiy Rim imperiyasi aholisini yevropaliklar grek (yunon)lar deyishgan. Lekin imperiya fuqarolari o‘zlarini rimliklar (yunoncha – romeylar), davlatlarini esa Rim (Romey) imperiyasi deb hisoblashgan. Ularni Sharq xalqlari ham rimliklar deb bilishgan.

Vizantiya oltin puli.

Vizantiyada qulchilik saqlanib qolsa-da, aholining katta qismini erkin dehqonlar tashkil etishi, sun’iy sug‘orishga asoslangan sermahsul ziroatchilik uning iqtisodiy barqarorligini ta’minlagan. Shuning uchun imperiyada VI asrda ham Konstantinopol, Aleksandriya, Antioxiya, Edessa shaharlari yirik savdo va hunarmandchilik markazlari sifatida gullab-yashnagan. Dunyoning turli mamlakatlari savdogarlari romeylar bozoriga shoshilgan. Konstantinopol Osiyo va Yevropani bog‘laydigan «Oltin ko‘prik» hisoblangan. Vizantiya savdogarlari G‘arbiy Yevropa bozorlariga hashamatli kiyimlar-u zeb-ziynatlar, ziravorlar va qimmatbaho matolar, qurol-yarog‘lar- u idishlar, cherkov anjomlari-yu turli buyumlarni olib borishgan. Vizantiya oltin puli (numisma) ko‘p asrlar davomida eng ishonchli xalqaro pul hisoblangan.


Vasilevs hokimiyati

Vizantiya imperiyasini vasilevs (yunoncha, podsho) boshqargan. Vasilevsga ko‘p sonli sud, harbiy va soliq muassasalari, davlat amaldorlari, shuningdek, maslahat organiga aylangan sinklit (lotincha, senat) bo‘ysungan. Vizantiyada amaldor va senatorlar faqat zodagonlardan bo‘lmagan. Iqtidorli va bilimli oddiy xalq farzandlari ham yuqori lavozimlarga erishishi mumkin edi. Ulardan hatto imperatorlar ham chiqqan. Bu holat romeylarni umuman ajablantirmagan. Sababi, ular qadimgi rimliklar singari imperiyaning barcha fuqarolari tug‘ilishidan teng huquqli, deb hisoblashgan.


Vizantiya hayotida ellinizm

Vizantiya hayotida ko‘p narsalar an’anaviy tusda qolgan. Vizantiyaliklar hayotida ellin madaniyati mustahkam o‘rin olgan. Ippodromlarda xalq avvalgidek chavandozlar, kurashchilar, gimnastlar musobaqalari, mimlar (aktyorlar) chiqishlarini tomosha qilgan. Shahar aholisi ilgarigidek ma’muriyatdan maosh oladigan tabiblarda davolanishgan, jamoa hammomlariga borib turishgan. Eng muhimi, Vizantiya antik davr yunon ilmini saqlab qolgan.

Imperator Yustinian

Boshlang‘ich va o‘rta maktablarning ko‘pchiligi G‘arbiy Yevropadagi cherkov va monastir o‘quv muassasalaridan farqliroq, xususiy yoki davlatniki bo‘lgan.


Vizantiyaning oltin asri

Vizantiya imperiyasi o‘z qudrati cho‘qqisiga Yustinian I imperatorligi davri (527–565)da erishadi. U kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan. Amakisi Yustin oddiy askardan sarkarda darajasigacha ko‘tarilib, imperatorlik taxtini egallaydi. Yustin jiyanini saroyga yaqinlashtirib, uning yaxshi ta’lim olishiga sharoit yaratadi.

Amakisining vafotidan so‘ng Yustinian taxtga o‘tiradi. Yangi imperator mamlakat hayotini islohotlar orqali ancha yangilaydi, xalqaro savdoni jonlantirib, davlat xazinasini to‘ldiribgina qolmasdan, xalq farovonligini ham ta’minlaydi. Yustinian I siymosida harakatchanlik, qat’iyat bilan bir qatorda siyosatdonlarga xos ikkiyuzlamachilik, mug‘ombirlik, zolimlik xususiyatlari ham mujassamlashgan. Yustinianning rafiqasi malika Feodora ham o‘z davrida mashhur bo‘lgan.

Feodora yoshligida aktrisa bo‘lgan. U davrda aktyorlik e’zozli kasb hisoblanmasa- da, Feodoraning chiroyiga mahliyo bo‘lgan Yustinian I jamoatchilikning salbiy fikriga qaramasdan unga uylangan (Feodora aqli, shuhratparastligi, qo‘rqmasligi bilan ajralib turgan).


Yustinian yurishlari

Yustinian I ning maqsadi Rim imperiyasining avvalgi hududlarini tiklash edi. U 534-yilda sarkarda Velisariyni Shimoliy Afrikada joylashib davlat tuzgan va O‘rta dengizda savdo kemalarini talash bilan shug‘ullangan vandallarga qarshi yuboradi. Yaxshi qurollangan vizantiyaliklar qo‘shini vandallar qirolligini bo‘ysundirib, Shimoliy Afrikani Vizantiya viloyatiga aylantiradilar. Shundan so‘ng Velisariy Italiyaga yo‘l oladi. Vizantiyaliklar Sitsiliya orolini qiyinchiliksiz qo‘lga kiritadi. Lekin Italiyada ular ostgotlarning qattiq qarshiligiga uchraydi. Velisariyga qarshi kurashda ostgotlar qochoq qullarga ozodlik berib, ulardan foydalanishgan. Vizantiyaliklar esa aksincha, qulchilikni tiklashgan, har qanday aybi uchun qulni qattiq jazolashgan. Shunga qaramasdan, vizantiyaliklar Italiyaning katta qismini bo‘ysundirib, poytaxti Ravenna bo‘lgan alohida noiblik tuzishadi.

Vizantiya qo‘shini

Italiyadagi urush so‘ngida Yustinian I Ispaniyaga ham qo‘shin yuboradi. Ispaniyada vestgotlar hukmronlik qilar edi. Vestgotlar qo‘shinini qiyinchiliksiz yenggan Vizantiya janubiy viloyatlarni egallab, Gibraltar bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatadi.

Vizantiyada feodal munosabatlarning shakllanishi. Vizantiyaga VI asrning o‘rtalaridan slavyan qabilalari kelib o‘rnasha boshladi. VII asrda arab xalifaligi hujumlari tufayli vizantiyaliklar Suriya va Misrni ham boy beradi. Vizantiya qishloq xo‘jaligida erkin dehqonlar qashshoqlashib, qaramlikka tushishi davom etadi.

Qishloqda mulkiy tabaqalanish jarayoni kuchayib, yirik yer egalari – feodallar hamda yersiz dehqonlar toifalari paydo bo‘ladi. X–XI asrlarda imperatorlar amaldorlar, ibodatxonalar va monastirlarga ko‘plab yer-mulklar in’om etadilar.
Ma’lum vaqt o‘tib Vizantiyada ham feodallar qal’alar qurib, harbiy bo‘linmalar tuzadi. Feodallar hokimiyatining kuchayishi va markaziy hokimiyatning zaiflashishi IX–XI asrlarda yer egaligi munosabatlarining uzil-kesil o‘rnatilishiga olib keladi.