XIX asrning birinchi yarmida Xiva xonligining tashqi siyosati


Xonlikning Osiyo davlatlari bilan aloqalari

XIX asr birinchi yarmida Xiva xonligining Buxoro, Qo‘qon, Afg‘oniston, Eron, Hindiston va Turkiya kabi davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va elchilik aloqalari rivojlandi. Bunga, bir tomondan, Xiva xonligi hududining o‘rta osiyolik savdogarlar va Haj safariga boruvchilarning Kaspiy dengizi orqali muqaddas Маkkа va boshqa shaharlarga o‘tish manzilgohiga aylanganligi, ikkinchidan esa chet davlatlar bilan savdo-sotiqni rivojlantirish davlat xazinasiga yaxshigina daromad keltirayotganligi sabab bo‘lgan. Avvalgi mavzulardan (19–20-§) Sizga ma’lumki, Xiva–Buxoro munosabatlari har doim ham silliq kechmagan. Xiva xoni Muhammad Rahimxon I Buxoro amirligi bilan elchilik aloqalarini qayta tiklashga va ikki davlat o‘rtasida savdo-sotiqni rivojlantirishga harakat qilgan. Chunonchi, 1811–1812-yillarda Xivaga Buxorodan O‘rozboy Jo‘ra va Avaz Murod yasovulboshi boshchiligida elchilar kelgan. Bunga javoban Muhammad Rahimxon I Buxoroga Hasan Murod otaliq boshchiligida elchilar va savdo karvonlarini yuborgan. Ayni paytda, bu ikki davlatning manfaatlari mintaqaning ayrim hududlarida, xususan, Marv viloyatida ham to‘qnash kelgan. Chunki Marv O‘rta Osiyo davlatlarini Eron bilan bog‘lovchi muhim savdo yo‘li ustida joylashgan edi.


Shuning uchun ham XIX asrning 1-yarmida bu ikki davlat o‘rtasida bir necha bor o‘zaro urushlar yuz bergan. Chunonchi, Muhammad Rahimxon I 1822-yilda Marvni Buxorodan qaytarib olgan. O‘zaro urushlarga qaramay, savdo aloqalari to‘xtab qolmagan. 1812-yilda Xivaga Eron va qozoqlarning O‘rta juz xonligidan elchilar kelishgan. Ular bilan davlat chegaralari xavfsizligi va savdo-sotiq masalalarida kelishuvga erishilgan. XIX asr boshlarida Xiva va Afg‘oniston o‘rtasida elchilik munosabatlari o‘rnatilgan. Muhammad Rahimxon I hatto Afg‘onistonda hokimiyat uchun kurashayotgan shoh Mahmudning ikkinchi marta hokimiyat tepasiga kelishida yordam ham bergan. Buning evaziga Afg‘oniston Xiva xonligi savdogarlariga Kobul bozorida erkin savdo qilish huquqini bergan. Xonlikning Osiyo davlatlari bilan aloqalari Xiva xonligi Qo‘qon xonligi bilan ham o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga harakat qilgan. Chunonchi, 1843–1844-yillarda Xivaga Qo‘qon xonligi elchilarining kelganligi, o‘zaro muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasida hamdo‘stlik o‘rnatishga kelishilganligi va o‘zaro savdo aloqalarini yanada rivojlantirishga kelishilganligi buni tasdiqlaydi. Tabiiyki, u yoki bu davlatga chet ellardan savdogarlarning muntazam kelishi ularga yaratiladigan qulay sharoitga ham bog‘liqdir.


Shuning uchun ham Xiva xonlari chet ellik savdogarlarga shunday sharoit yaratish masalasiga katta e’tibor berishgan. Bunga misol qilib Olloqulixon (1825–1842)ning ajoyib me’moriy obida, xonlik ustalari yuksak mahoratining ko‘zgularidan biri bo‘lgan Karvonsaroy majmuasini bunyod ettirganini keltirish mumkin. Bu majmua 14 gumbazli tim (yopiq bozor), karvonsaroy va omborxonadan iborat qilib qurilgan. Bozorda Hindiston, Xitoy, Eron, Rossiya, Buxoro va Qo‘qon kabi davlatlardan keltirilgan mollar sotilgan. Tim yozda savdo-sotiq uchun juda qulay va salqin bo‘lgan. Karvonsaroy esa ikki qavatli bo‘lib, 105 hujrali edi. Xiva xonligining anori, qovuni, uzumi, nashvatisi, anjiri va o‘rigining shirinligiga chet ellik savdogarlar tan berishgan va bu mahsulotlar chet davlatlarda ham mashhur bo‘lgan.


Xiva–Rossiya munosabatlarining oziga xos jihatlari

Xiva–Rossiya munosabatlarida muhim jihat shunda ediki, o‘zaro savdodan har ikkala davlat ham birdek manfaatdor edi. Xiva savdogarlari uchun Rossiyaga boradigan savdo yo‘llari xavfsiz edi. Shuningdek, Xiva xonligida Rossiya zavod va fabrikalari ishlab chiqargan tayyor iste’mol mahsulotlariga ehtiyoj baland edi. Ayni paytda, Rossiya Xiva xonligiga o‘z mahsulotlarini sotadigan bozor deb qarar edi. Rossiya mahsulotlari Yevropaning ilg‘or davlatlari tovarlari bilan raqobat qila olmayotgan bir davrda bu juda muhim edi. Ikkinchidan, Xiva xonligi, Rossiya sanoati uchun zarur xomashyo mahsulotlarini arzon narxlarda yetkazib beruvchi o‘lka ham hisoblanardi. Xivadan Rossiyaga paxta, ipak, bo‘z, gilam, hunarmandchilik mahsulotlari, quritilgan meva va boshqa mahsulotlar olib borilgan. Xiva savdogarlari Nijniy Novgorod shahrida o‘tkaziladigan yarmarkalarda qatnashishgan. Rossiyadan esa Xivaga metall, to‘qimachilik mahsulotlari, har xil rangli bo‘yoqlar, mo‘yna terilari, qurol-aslaha keltirilgan. Biroq har ikki davlat o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining qaror topishiga to‘sqinlik qilgan omillar ham mavjud bo‘lgan. Bular: savdo karvonlariga hujum qilish xavfining mavjudligi, har ikki tarafning Kichik juz qozoqlarini va qoraqalpoqlarni o‘z fuqarolari deb hisoblashlari; shuningdek, har ikki tomonning o‘zaro savdodan olinadigan boj hajmi masalasida uzoq vaqt bir to‘xtamga kela olmaganliklari bilan bog‘liq edi.


Xiva–Rossiya munosabatlarining keskinlashuvi

Maqsadi O‘rta Osiyoni egallashdan iborat bo‘lgan podsho Rossiyasi O‘rta Osiyo davlatlariga, xususan, Xiva xonligiga turli bahonalarni ro‘kach qilib, bosim o‘tkazishni kuchaytirib borgan. Ayni paytda, qozoq juzlarini, qoraqalpoqlarni hamda turkmanlarning ayrim qabilalarini Xivaga bo‘ysunmaslikka da’vat etib turgan. Chunonchi, podsho Rossiyasi Xiva xonligi tarkibida yashovchi turkmanlarning yovmut qabilasini Rossiya fuqaroligiga o‘tkazish istiqbollarini hamda savdo karvonlarining xavfsizligini ta’minlash bahonasida chegara hududlarda istehkomlar qurish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida 1819-yilda armiya zobiti N. Muravyov rahbarligida maxsus ekspeditsiya ham yuborgan. Podsho Rossiyasining tajovuzkorligi 1822-yilda O‘rta juz, 1824-yilda esa Kichik juz xonliklarida xonlik hokimiyatini tugatib, ularning Rossiyaga bo‘ysundirilganida yaqqol ko‘rindi. Endi podsho Rossiyasi chegarasi bevosita Xiva xonligi chegarasiga yaqinlashib qoldi. Bunday sharoitda Xiva xonligi qozoq cho‘llarining ikki davlat o‘rtasida bir-birini ajratib turuvchi hudud bo‘lib qolishi uchun harakat qildi. Biroq podsho Rossiyasi buni istamadi.


Oqibatda ikki davlat o‘rtasidagi munosabat keskinlasha bordi. Xiva–Rossiya munosabatlari keskinlashgan bir sharoitda Muhammad Rahimxon I vafot etdi. Taxtga o‘g‘li Olloqulixon o‘tirdi. U Xiva–Rossiya munosabatlaridagi keskinlikni yumshatishga urindi. 1826–1829-yillardagi Eron–Rossiya va 1828–1829-yillardagi Rossiya–Turkiya urushi Rossiyani Xiva bilan munosabat!arini yanada keskinlashtirishdan o‘zini tiyishga majbur etdi. Bu orada Buyuk Britaniya razvedkasi Markaziy Osiyo xonliklariga suqilib kira boshladi. Shunday sharoitda Buyuk Britaniya tovarlarining xonliklar bozorini to‘ldirish xavfi ham vujudga keldi. Bundan tashqari, Eron bilan urush oqibatida Rossiya-Eron savdo-sotiq ishlarining ahvoli yomonlashdi. Bunday sharoitda Markaziy Osiyo xonliklari bilan savdo-sotiqni har qachongidan ko‘ra rivojlantirish dolzarb masalaga aylandi. Ayni paytda, Rossiya hukumati Xiva xonligiga nisbatan o‘z talablari ko‘lamini tobora kengaytirib bordi. Chunonchi, u keyinchalik Xivadan Amudaryoda Rossiya savdo kemalarining suzishiga ruxsat berishini ham talab eta boshladi. Bora-bora Rossiya Xiva bilan munosabatni harbiy kuch orqali tartibga solish yo‘lini tanladi. Shu maqsadda 1839-yilda V. Perovskiy harbiy ekspeditsiyasi tashkil etildi. Uning ixtiyorida 4 ming piyoda askar, 12 ta to‘p va yuk ortilgan o‘n ming tuya bor edi. Biroq Ustyurtning qattiq sovug‘i, oziq-ovqat va yem-xashakning yetishmasligi oqibatida ekspeditsiya talafot ko‘rdi. Oqibatda V. Perovskiy orqaga qaytishga majbur bo‘ldi. Lekin ekspeditsiya izsiz ketmadi. V. Perovskiy ekspeditsiyasi Xiva xonini Rossiya bilan kelishuv yo‘lini axtarishga majbur etdi.


Majburiyatlar akti

Vaqt o‘tishi bilan Rossiya hukumati zo‘r berib Xiva xonligiga o‘z hukmini majburan o‘tkazishga kirishdi. Bu maqsadga erishish uchun G. Danilevskiy boshchiligidagi elchilik missiyasini yubordi. Muzokaralar davom etayotgan kunlarda Olloqulixon vafot etdi. Taxtni o‘g‘li Rahimqulixon egalladi. Muzokaralar yakunida Rossiya bosimi ostida 1842-yilning 27-dekabrida Xiva–Rossiya o‘rtasida ʻʻMajburiyatlar aktiʼʼ deb ataluvchi shartnoma imzolandi. Shartnomada Xiva xonining Rossiya bilan tinchlik, mustahkam do‘stlik munosabatida bo‘lishi e’lon qilindi. Bundan tashqari, Xiva xoniga: Xivaning Rossiyaga nisbatan dushmanlik harakatlari sodir etmaslik; savdo karvonlarining talanishiga yo‘l qo‘ymaslik; Rossiya fuqarolarining shaxsiy va mulkiy xavfsizligini ta’minlash kabi majburiyatlar yuklandi. Bular, aslida, podsho Rossiyasining o‘z xohish-istaklarini majburan bajartirishdan boshqa narsa emas edi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalariga ham katta e’tibor berildi. Mazkur masalada ham Rossiya o‘z xohish-istagini majburan qabul qildirgan. Chunonchi, boj toʻlovlari Rossiya tovarlari qiymatining 5% miqdoridan oshmasligi belgilab qo‘yildi. Biroq Rossiya shartnomaning ana shu bandini ham amalda bajarmagan. Oqibatda, o‘zaro munosabatlar tobora keskinlashib borgan.