XIX asrning 70-yillarigacha bo’lgan davrda Koreya




Koreyaning kuchsizlanishi

1392-yili hokimiyatga kelgan Li sulolasi asoschisi Li Song (1392–1398) Koreyani, avvalgi sulola davrida atalgan “Koryo o‘rniga”, “Choson” deb atadi. Li Song davrida Koreyaning davlat tuzumi Min sulolasi davridagi Xitoy namunasida qaytadan tashkil qilindi. Ammo yangi davr boshlarida Koreya taraqqiyotda qo‘shni davlatlardan tobora ortda qolib bordi. Buning ichki sabablari XIV–XV asrlarda o‘rnatilgan yerga egalik qilishning feodal shakli saqlanib qolayotganida edi. Natijada feodallar (yer-mulk egalari) va mayda amaldorlar tomonidan davlat yerlarini egallab olish holatlari ko‘paydi. Qishloq xo‘jaligida sudxo‘rlik avj oldi. Erkin dehqonlar soni kamayib ketdi, dehqonlar qo‘zg‘olonlari avj oldi. Qishloq xo‘jaligidagi bunday holatga shahar iqtisodi, sanoat va savdoning past darajasi mos kelardi. Hunarmandlar ham xuddi dehqonlar singari qaram qilingan edi.


1592–1598-yillardagi Yaponiya tajovuzi

XVI asrda markazlashgan mamlakatning asta-sekin zaiflashib borayotgani shimoliy va janubiy chegaralardagi qo‘shni davlatlarning tajovuzlariga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, janubda Yaponiya tomonidan xavf kuchaydi.

1592-yilda Yaponiya qo‘shini Koreya hududiga bostirib kirdi va koreys qo‘shini qarshiligini yengib, dastlab Seulni, keyinroq esa Pxenyanni egalladi. Mamlakatning katta qismi yapon qo‘shinlari tomonidan bosib olindi. Ular tinch aholiga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘ldi. Bu vahshiyliklarga Yaponiyaning Kioto shahridagi “Quloqlar qabristoni” isbot bo‘la oladi. Unga o‘ldirilgan koreyslardan kesib olingan 30 mingta quloq va burun ko‘milgan.

Mamlakatda yapon bosqinchilariga qarshi xalq urushi boshlandi. Bosib olingan hududlarda “Haq ish uchun” xalq partizan guruhlari tuzildi. Xalq qo‘shinlarining harakatlariga Li Sun Sin qo‘mondonligi ostidagi koreys flotining g‘alabalari dalda bo‘ldi. 1592-yilning yozida Li Sun Sin floti yaponlarni tor-mor qildi.

Shu yilning oxirida 50 minglik Xitoy qo‘shinining yordamga kelgani koreyslarning yaponlarga qarshi kurashini yengillashtirdi. 1593-yilda Xitoy va Koreyaning birlashgan qo‘shinlari Pxenyan va Seulni ozod qildi.

Biroq 1597-yilning boshlarida yaponlarning yangi hujumi boshlandi. Koreya endi urushga ancha yaxshi tayyorlangandi. Koreyslar quruqlikda ham, dengizda ham g‘alabalarga erishdi.

Yaponlar bosqini mamlakatda ulkan ma’naviy va moddiy yo‘qotishlarga olib keldi. Ko‘pgina hududlarda faqat vayron qilingan shahar va qishloqlarning qoldiqlarigina qolgandi, xolos. Urush yillarida Koreya poytaxtining aholisi ikki barobar kamaydi. Vayron qilingan saroylarni qayta qurish uchun poytaxtga minglab dehqonlar quvib kelindi. Haydaladigan yer maydonlari keskin qisqarib ketdi. Amaldorlar orasida poraxo‘rlik va jinoyatchilik, xalq orasida esa ocharchilik va vabo avjiga chiqdi. Mamlakat o‘zini tiklayotgan bir paytda unga manchjurlarning hujumi boshlandi.


Koreyaga manchjurlarning bostirib kirishi

Xitoyda o‘z hukmronligini o‘rnatishga intilayotgan manchjurlar 1627-yili Koreyaga bostirib kirdi. Ular koreys qo‘shinining qarshiligini yengib, ko‘plab shaharlarni egallab oldi va taladi. Koreys hukumati Kanxva oroliga ko‘chib o‘tdi va u yerdan turib bosqinchilar bilan muzokaralar olib bordi. Ikki tomon o‘rtasida imzolangan tinchlik shartnomasiga ko‘ra, Koreya Xitoyning yordamidan va u bilan ittifoqchilik munosabatlaridan voz kechishi kerak edi

Ammo 1636-yilda manchjur qo‘shinlari Koreyaga yangi hujum boshladi.
Manchjurlar Seulni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Noiloj qolgan Koreya taslim bo‘ldi. 1637-yildagi yangi shartnomaga ko‘ra, Koreya qiroli o‘zini manchjurlarning vassali deb tan oldi. Koreys hukumati Min sulolasi bilan har qanday munosabatlarni to‘xtatish va manchjurlarga qo‘shin, qurol-aslaha, kemalar bilan Xitoyga qarshi bo‘lajak urushda yordam berish, har yili oltin, kumush, guruch, ipak, matolar va qog‘oz bilan o‘lpon to‘lab turish majburiyatini oldi.

Chet davlatlarning hujumi qirolni Koreyani chet mamlakatlar uchun yopiq deb e’lon qilishga majbur etdi. Chet elliklar bilan har qanday aloqa uchun o‘lim jazosi belgilandi. Bu taqiqni buzgan chet ellik fuqarolarni ham shunday qismat kutardi. Manchjurlar bosqini natijasida hali yaponlarning talonchiligidan o‘ziga kela olmagan Koreya yangi qiyinchiliklarga duchor bo‘ldi. Ko‘pgina shahar va qishloqlar talangan hamda vayron qilingan, ularning aholisi esa qullikka haydab ketilgan edi. Qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilikka katta zarar yetkazildi.

Manchjurlarga to‘lanadigan ulkan o‘lpon xonavayron aholiga og‘ir yuk bo‘ldi. Bularning barchasi ishlab chiqaruvchi kuchlarning vayron bo‘lishiga olib keldi va Koreyaning busiz ham og‘ir iqtisodiy holatini yanada chuqurlashtirdi.


Ijtimoiy taraqqiyot

Og‘ir iqtisodiy va siyosiy inqiroz Koreya hukmdorlarini mamlakatda islohotlar o‘tkazishga majbur qildi. Aholining ilg‘or qatlami ham hukumatni shunga undayotgan edi. Feodal munosabatlarning to‘siq bo‘lishiga qaramay, mamlakatda mahalliy bozorlar shakllandi, yarmarka va yirik savdo markazlari paydo bo‘ldi. Xitoy bilan savdo aloqalari kengaydi.

Qirol Yonchjon (1725–1776) davrida mamlakatni rivojlantirish maqsadida islohot o‘tkazildi. To‘g‘onlar, suv omborlari qurildi, ocharchilik holati uchun maxsus don omborlari tashkil qilindi. Shuningdek, guruchdan spirtli ichimliklar tayyorlash man qilindi va ba’zi bir davlat soliqlari bekor qilindi yoki kamaytirildi. So‘roq qilish paytida qiynoqning eng og‘ir turlari (oyoqlarni sindirish) taqiqlandi. Qirol Yonchjon davrida dehqonlarning katta yer egalariga shaxsiy qaramligini bekor qilish va qul ayolning nevarasi ozod inson bo‘lishi haqida deklaratsiya e’lon qilindi. Zaiflashayotgan feodal tuzumni mustahkamlashga bo‘lgan urunishlar 1785-yilda “Qonunlarning buyuk to‘plami” deb nomlangan hujjatda o‘z ifodasini topdi. Biroq katta yer egalari va amaldorlar hukmronligini mustahkamlash maqsadida qilingan bu kabi qisman yon berishlar mamlakatdagi butun feodal tuzumning chuqur inqirozini to‘xtata olmadi. Mamlakat Xitoy, Yaponiya, Rossiya, AQSH va Yevropa davlatlarining mustamlakachilik obyektiga aylanib bordi.


XIX asrning 30–60-yillarida Koreya

XIX asrning 30-yillaridan koreys jamiyatining barcha tizimlaridagi inqiroz yanada keskinlashdi. Ichki siyosiy ziddiyatlar tufayli zaiflashgan Li sulolasi tanazzulga yuz tutdi. Ana shunday paytda mamlakatga Koreyani chet davlat uchun ochish va uni mustamlakaga aylantirishga intilayotgan kapitalistik davlatlar xavf solayotgan edi. Bu xavf dastlab yevropalik xristian missionerlarining faolligi oshgani bilan ifodalandi. 1831-yili Rim papasi Koreya yepiskopligi tuzilganini e’lon qildi. 1832-yili Koreya qirg‘oqlari yaqinida paydo bo‘lgan kema Buyuk Britaniya nomidan savdo munosabatlari o‘rnatishni taklif qildi, lekin rad javobini oldi. Bu orada xristian cherkovi missionerlari vakillari Koreyaga yashirin kirib kelib, o‘z faoliyatini olib borayotgan edi. Ular, asosan, fransuz missionerlari edi. Bu missionerlarning xristian dinini qabul qilgan koreyslar bilan birga qatl etilishi Koreyaga fransuz harbiy kemalari yuborilishi uchun bahona bo‘ldi. Harbiy kuchga tayangan fransuzlar missionerlarning o‘limi uchun tovon sifatida Koreya portlarining ochilishini talab qildi. Biroq tashrif muvaffaqiyatsiz bo‘ldi — ikkita kema Koreya qirg‘oqlari yaqinida sayozlikka o‘tirib qoldi.

Xitoyning chet davlatlar uchun zo‘ravonlik bilan “ochilishi” va manchjurlarning G‘arbning qudratli davlatlariga taslim bo‘lishi Koreyaning hukmron doiralariga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Seullik hukmdorlar mamlakatni tashqi dunyodan yana ham qattiqroq va yana ham to‘laroq ajratib qo‘yish yo‘liga o‘tdi.

XIX asrning o‘rtalarida Koreyadagi ichki vaziyat xalq g‘azabining oshib borishi bilan xarakterlanadi. Missionerlardan biri yashirin xabarida: “Kichik bir uchqun shunday yong‘in keltirib chiqarishi mumkinki, uning oqibatlarini hatto hisobga olib ham bo‘lmaydi”, – deya yozgandi. 60-yillarning boshidagi ocharchilik ahvolni yanada og‘irlashtirib yubordi. Dehqonlarning ko‘plab qo‘zg‘olonlari ko‘tarildi, biroq ularning hammasi hukumat tomonidan shafqatsizlik bilan bostirildi. Bu orada kapitalistik davlatlarning Koreyaga bosimi ham kuchaydi. Ayniqsa, amerikaliklar bir necha bor Koreya portlarini o‘zlari uchun ochishga va teng bo‘lmagan shartnomalar tuzishga urinib ko‘rdi. Lekin ularning barcha urinishlari koreyslarning qattiq qarshiligiga uchradi va amalga oshmadi.

Biroq Koreya hukmron tabaqalarining zamon talablariga mos iqtisodiy islohotlarni o‘tkazmagani va mamlakatni tashqi dunyodan ajratib qo‘ygani Koreya iqtisodiyotining nochor ahvolda qolaverishiga sabab bo‘ldi. Bu esa oxir-oqibat Koreyaning Yaponiya mustamlakasiga aylanib qolishiga olib keldi.