Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakatning boshlanishi. Turkiston mintaqasida bolsheviklar hukmronligidagi sovet rejimiga qarshi istiqlolchilik harakati 1918-yil fevral oyining so‘nggi o‘n kunligida dastlab Qo‘qon atroflarida boshlandi. Dastlabki guruhlarning tuzilishi Qo‘qon atrofidagi Bachqir qishlog‘idan bo‘lgan Kichik Ergash (1885 – 1918) va Katta Ergash (1882–1921) kabi qo‘rboshilarning nomlari bilan bog‘liqdir. 27-fevralda bolsheviklarning harbiy kuchlariga qarshi bo‘lgan janglarning birida Kichik Ergash shahid bo‘lgach, uning o‘rniga Katta Ergash Farg‘ona vodiysida bolsheviklarning mustamlakachilik tartibiga qarshi ozodlik bayrog‘ini ko‘tardi.
Qo‘qon uyezdidagi harakatning dastlabki tayanch nuqtasi Bachqir edi. 1918-yil mart oyining oxiriga kelib Katta Ergashning nomi Farg‘ona vodiysi aholisi o‘rtasida juda mashhur bo‘lib ketdi. Marg‘ilonda esa militsiyaning sobiq boshlig‘i Madaminbek — Muhammad Aminbek Ahmadbek o‘g‘li (1892–1920) kurash boshladi.

Farg‘ona vodiysida 1918-yilning o‘rtalariga kelib taxminan 100 ga yaqin qo‘rboshi o‘z guruhlari bilan qizil armiya qismlariga qarshi kurash olib bordilar. Biroq sovet hokimiyatining rasmiy hujjatlarida milliy ozodlik harakatining mohiyati soxtalashtirilib, u “bosmachilik” harakati, uning qatnashchilari esa “bosmachilar” tarzida noto‘g‘ri talqin qilindi. Turkistonda istiqlolchilik harakati vujudga kelishining bosh sababi sovet hokimiyatining o‘lkada yuritgan mustamlakachilik va shovinistik siyosati bo‘ldi.
Bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan dastlabki sotsialistik tadbirlar (korxonalarning davlat ixtiyoriga o‘tkazilishi, xususiy mulkning bekor qilinishi, oziq-ovqat razvyorstkasi va g‘alla monopoliyasi, islom dinining cheklanishi va ateizm targ‘iboti, masjid, xususiy maktab va qozixonalarning bekitilishi, majburiy mehnatning joriy qilinishi, bozorlarning yopilishi va b.) hamda qizil armiya jangchilarining talonchilik va bosqinchiliklari istiqlolchilik harakatiga alohida keskinlik va ko‘lam bag‘ishladi, uning tobora kengayishi va rivojlanishiga olib keldi.
Harakatning mohiyati, maqsadlari va ijtimoiy tarkibi
Istiqlolchilik harakatining o‘ziga xos milliy ko‘rinishi va Turkistonga mos xususiyatlari bo‘lgan. Harakatning boshdan oxirigacha ustuvor bo‘lgan fikr bu butun Turkistonning milliy istiqloli va mustaqilligi g‘oyasidir. Istiqlolchilik harakati goh kuchayib, goh pasayib turishiga, unda ishtirok etganlarning tarkibi almashib turganligi va ikkilamchi manfaatlar o‘zgarib turishiga, obyektiv va subyektiv omillar kuchlar muvozanatiga turlicha ta’sir qilishiga qaramay, harakatning asosiy maqsadi Turkiston mustaqilligi uchun kurash bo‘lib qolaverdi.
Harakatning mohiyatini sovet qo‘mondonligi vakillari ham e’tirof etishga majbur bo‘ldilar. Turkiston frontining qo‘mondoni M. Frunze: “Bosmachilikka qarshi kurash tamomila yangi, ayricha xususiyati bo‘lgan, o‘ziga xos dushman bilan kurash demakdir”, deb yozgan edi. Uning gapiga ko‘ra “Yo‘qolsin sovet hokimiyati!” va “Mustaqil bir musulmon davlatini tuzamiz!” shiorlari harakatning lo‘nda g‘oyasini ifodalardi. Istiqlolchilik harakatining asosiy harakatlantiruvchi kuchi dehqonlar, chorikorlar, mardikorlar, hunarmandlar va ziyolilar edi. Turkiston ASSR rahbarlaridan biri Turor Risqulovning e’tiroficha, harakatga asosan dehqonlar va hunarmandlar kelib qo‘shilardi. Ularning milliy tarkibi asosan tub joy aholisi — o‘zbeklar, tojiklar, qirg‘izlar, qozoqlar, turkmanlar, qoraqalpoqlardan iborat edi. O‘zbeklarning miqdori ko‘pchilikni tashkil qilgan. Biroq harakat saflarida ba’zi yevropalik millatlar vakillari, hatto ruslar ham bo‘lib, ular sovet rejimiga qarshi kurashganlar. Kurashga qo‘zg‘algan xalq harakatini uyushtirishda qo‘rboshilarning xizmati katta bo‘lgan.
Farg‘ona vodiysi va Samarqand viloyatidagi istiqlol janglari
Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati 1919-yil yozining oxiri va kuzida o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Sentyabr oyining dastlabki kunlarida Madaminbek lashkarlari Jalolobod va O‘sh shaharlarini egallashdi. Ular Eski Marg‘ilon shahrini qizil bosqinchilardan ozod qildilar. Shu bilan birga vodiydagi eng yirik strategik shahar — Andijonni qamal qilishga kirishdilar.

Madaminbek boshchiligidagi qo‘shinning hujumi Farg‘ona vodiysini larzaga keltirdi. 1919-yil 12-oktyabrda Pomirning Ergashtom ovulida bo‘lgan anjumanda Madaminbek boshchiligida Farg‘ona muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzildi. Hukumat tarkibiga 16 nafar tub aholi va 8 nafar ruslar kiritilgan edi. Madaminbek hukumat boshlig‘i bo‘lish bilan birga qo‘shinning Oliy bosh qo‘mondoni etib ham tayinlandi.

1919-yilning kech kuziga kelib Madaminbek qo‘l ostida 30 000 nafarga yaqin yigit qizil armiyaga qarshi istiqlol janglarini olib bordilar. Bu paytda Shermuhammadbek qo‘l ostida 20 000, Katta Ergash qo‘rboshida 8000 nafar askar bo‘lgan. Ana shu uchta lashkarboshi vodiydagi jangovar harakatlarni yo‘naltirib turdilar. Farg‘ona vodiysiga bolsheviklar tomonidan qo‘shimcha kuchlarning boshlanishi natijasida 1920-yil yanvar oyining o‘rtalariga kelib jangovar tashabbus qizil armiya qo‘liga o‘tdi. Katta Ergash qo‘rboshining qo‘shini mag‘lubiyatga uchragach, Shermuhammadbek asosiy kuchlarini olib Oloy vohasiga chekindi. Madaminbek vaqtdan yutish uchun Farg‘ona fronti qo‘shinlari qo‘mondonligiga yarash muzokaralari boshlashni taklif qildi.
Natijada Madaminbek bilan 2-Turkiston o‘qchi diviziyasining boshlig‘i N. Veryovkin-Roxalskiy o‘rtasida 1920-yil 6-martda Skobelev shahrida yarash bitimi imzolandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay sovet qo‘mondonligi tomonidan qo‘rboshilar o‘rdasiga yuborilgan Madaminbek noaniq vaziyatda (1920-yil may) o‘ldirildi.
Turkistondagi harakat 1920-yilning yozi va kuzida o‘zining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Farg‘ona vodiysi va Samarqand viloyatidagi vatanparvarlar bilan bir qatorda endilikda Buxoro va Xorazmda ham bosqinchi qizil armiyaga qarshi kurash boshlandi. 1920-yil 3-mayda Shermuhammadbek boshchiligida Turkiston-turk mustaqil islom jumhuriyati tashkil topdi. Shermuhammadbek istiqlolchilik harakatiga bosh bo‘ldi. Keng miqyosdagi qatag‘onlar va qizil armiya tomonidan harbiy harakatlarning kuchaytirilishi ham istiqlolchilarni kurashdan qaytara olmadi. Farg‘ona armiya guruhi shtabining “mutlaqo maxfiy” ma’lumotlariga qaraganda, 1921-yil iyun–sentyabr oylarida viloyatda 200 dan ortiq qo‘rboshi guruhlari harakat qilgan.
1921-yil 13-sentyabrda Farg‘ona vodiysida favqulodda holat e’lon qilindi. 1921-yil noyabrda Farg‘ona viloyatida sovet hokimiyati tomonidan harbiy diktatura o‘rnatildi va Turkiston fronti harbiy inqilobiy kengashi a’zosi P. Baranov Farg‘ona viloyatining harbiy diktatori qilib tayinlandi.
Shermuhammadbek qo‘rboshi Afg‘oniston davlatiga o‘tib ketgach, 1923–1924-yillarda Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilar qo‘shiniga Islom Polvon va Yormat Maxsum kabi qo‘rboshilar rahbarlik qildilar. Bu paytda ular kichik-kichik guruhlar tuzib, qizil armiyaga qarshi kurashdilar. Lekin ular kurashning mazkur bosqichida turli sabablar va mahalliy shart-sharoitlar natijasida doim ham bir-birlari bilan kelishib ish ko‘rmadilar. Samarqand viloyatidagi istiqlolchilarga 1918–1923-yillarda Bahrombek va Ochilbek kabi mashhur qo‘rboshilar rahbarlik qilgan. Bahrombek 1918-yildan boshlab 2000 yigit bilan Samarqand viloyatida qizil armiyaga qarshi janglarda faol qatnashdi. Samarqand atrofidagi Pastqishloqda tug‘ilgan Hamroqulbek qo‘rboshi uning yaqin yordamchisi bo‘lgan. Bahrombek o‘z yigitlari bilan 1922-yil yozigacha qizil armiyaga qarshi faol kurashgan. Bolsheviklar chekistlar va josuslar yordamida 1922-yil kuzida Bahrombek va ukasi Shahriyor qo‘rboshini qo‘lga olishib, Samarqand shahrida otib tashlashgan.
Ahmad Zaki Validiyning yozishicha, Ochilbek 1921-yildan boshlab “Turkiston milliy birligi” tashkiloti ko‘rsatmalari asosida faoliyat ko‘rsatgan. Kitob atrofida 1923-yil 10-mayda qizil askarlar bilan bo‘lgan janglarning birida Ochilbek (u xalq o‘rtasida jasurligi uchun Ochildov sifatida mashhur bo‘lgan) mardlarcha halok bo‘lgan. Qo‘rboshilar faoliyati hamda qo‘rboshilar qurultoylari. Qo‘rboshilar istiqlolchilarning harbiy rahbarlari bo‘lib, ular xalq o‘rtasida o‘z jangovarliklari bilan mashhur edi. O‘z vaqtida Farg‘ona vodiysida Kichik Ergash, Katta Ergash, Madaminbek, Shermuhammadbek, Islom Polvon, Samarqand viloyatida Ochilbek, Bahrombek va boshqalar harakatga rahbarlik qildilar. Ularning aksariyati savodli kishilar edi. Farg‘ona vodiysida Shakarxon va Muhiddinbekning onasi, Buxoroda Nodira qiz singari o‘zbek xotin-qizlaridan yetishib chiqqan ayol qo‘rboshilar Turkistondagi milliy istiqlol kurashi tarixiga shonli sahifalar qo‘shdilar. Madaminbek siymosida sarkardalik, davlat va siyosiy arbobga xos sifatlar uyg‘unlashgan edi. U vodiydagi sovet hokimiyati organlariga muqobil ravishda o‘z siyosiy boshqaruv usulini joriy qildi.
Istiqlolchilik harakatini tashkiliy jihatdan uyushtirishda Farg‘ona vodiysi, Buxoro va Xorazmdagi qo‘rboshilarning mazkur davrda bo‘lib o‘tgan 30 dan ortiq qurultoylarining ahamiyati katta bo‘lgan. Ularda rahbarlar saylangan, qo‘rboshilar yagona qo‘mondonlik qo‘l ostiga birlashtirilgan. Ammo bunga doim ham amal qilinmas edi. Shuningdek, qurultoylarda qo‘rboshilar guruhlari harakat qiladigan joylar va ularning ta’sir doirasi belgilab olingan. Qo‘rboshilar 1924-yil oxiriga kelib Turkistondagi iqtisodiy inqiroz va qashshoqlik, dahshatli ocharchilik, xalqning og‘ir turmushini ko‘rmasliklari mumkin emas edi. Tinimsiz davom etgan yetti yillik kurashdan ular ham, xalq ham charchagan edi. Shuning uchun tirik qolgan qasoskorlarning ko‘pchiligi 1924-yil davomida qarshilikni to‘xtatdilar. Xullas, 1924-yil oxirida Turkiston mintaqasida istiqlolchilik harakatining birinchi davri yakunlandi. Lekin hali oldinda kurashning to‘liq o‘n yili turar edi. Qo‘rboshi — O‘rta asrlarda O‘rta Osiyo xonliklari qurol-yarog‘ ombori (qo‘r) mutasaddisi hamda qurol-aslaha, turli yarog‘lar va to‘p yasash korxonalari (qo‘rxona) boshlig‘i bo‘lib, Turkiston o‘lkasida Oktyabr to‘ntarishigacha bo‘lgan davrda mahalliy politsiya boshlig‘i hamda keyinchalik, Turkistonda sovet rejimiga qarshi istiqlolchilik harakati rahbarlarining unvoniga aylangan.
“Bosmachilik” — Turkistonda 1918–1925-yillarda keng xalq ommasi vakillarining bosqinchi qizil armiyaga qarshi olib borgan qurolli harakatiga sho‘ro hukumati davrida buyuk davlat shovinistlari tomonidan berilgan rasmiy nom.