“Buyuk geografik kashfiyotlar” atamasi haqida.
“Buyuk geografik kashfiyotlar” atamasi XV asr oxiri – XVII asr o‘rtalarida yevropalik sayyohlar tomonidan amalga oshirilgan yirik geografik kashfiyotlarga nisbatan qo‘llanadi. Geografik kashfiyotlar esa odamlar uchun shu vaqtgacha noma’lum bo‘lgan yangi yerlarning qidirib topilishidir. XV asr oxiridan boshlab quyidagi omillar buyuk geografik kashfiyotlarning amalga oshirilishiga sabab bo‘ldi.
Birinchidan, XV asr oxiri – XVI asr boshlariga kelib, Yevropada tovar ishlab chiqarish yuqori sur’atlarda o‘sa boshladi. Bu esa xomashyoga bo‘lgan talabni oshirib yubordi.
Ikkinchidan, quruqlik va O‘rta Yer dengizi orqali o‘tadigan savdo yo‘llari, shu jumladan, Buyuk Ipak yo‘li ustidan nazorat Turkiya qo‘liga o‘tib ketadi. Usmoniylar imperiyasi Yevropa mamlakatlarining asosiy raqibi bo‘lgani uchun bu yo‘llar yevropalik savdogarlar uchun xavfli bo‘lib qoldi.
Binobarin, endi yevropaliklar oldida yangi dengiz savdo yo‘llari ochish tarixiy zaruratga aylandi. Ularda dengiz savdo yo‘llarini ochishga imkon beruvchi zamonaviy kemalar va harbiy qurollar ham mavjud edi. Bundan tashqari, dengizda kompasdan foydalanish, astrolyabiya (usturlob) ixtiro qilingan edi. Shuningdek, italiyalik olim P.Toskanelli yerning dumaloqligi haqidagi ta’limot asosida dunyo xaritasini yaratgani ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu xaritada Osiyo qit’asi qirg‘oqlari Atlantika okeanining g‘arbiy sohillarida ekani belgilangan edi. Shu tufayli P.Toskanelli Yevropa qirg‘oqlaridan G‘arb tomonga suzib Hindistonga borish mumkin ekaniga ishonardi.

Astrolyabiya
Buyuk geografik kashfiyotlarning boshlanishi.
Buyuk geografik kashfiyotlarning tashabbuskorlari Portugaliya va Ispaniya dengiz sayyohlari bo‘ldi.
Shunday dengiz sayyohlaridan biri asli genuyalik admiral Xristofor Kolumb (1451–1505) edi. U o‘z oldiga Atlantika okeani orqali Hindistonga boradigan yo‘l ochishni maqsad qilib qo‘ygan edi.
Nihoyat, X.Kolumb Ispaniya qirollik oilasi bilan Hindistonga yo‘l ochish uchun ekspeditsiyani boshlash haqida shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘ldi.

Xristofor Kolumb
Shartnomaga muvofiq qirol ekspeditsiya xarajatlarini o‘z zimmasiga oladi.
X.Kolumb 1492-yilning 6-avgust kuni 3 ta kemada birinchi ekspeditsiyasini boshladi.
Amerikaning kashf etilishi.
1492-yilning 12-oktabr kuni X.Kolimb ekspeditsiya a’zolari Karib dengizidagi orollardan biriga kelib tushdi. X.Kolumb bu orolni San-Salvador (“Muqaddas xaloskor”) deb atadi (Bagama orollari davlati hududidagi orol). Shu tariqa Hindistonga olib boradigan suv yo‘lini ochish maqsadida uyushtirilgan ekspeditsiya Amerika qit’asining kashf etilishiga sabab bo‘ldi. Bu voqea dunyo xaritasini tuzgan XV asr olimlari, xususan, P.Toskanellining xatosi tufayli yuz berdi. Chunki P.Toskanelli yerning ekvator bo‘ylab uzunligini aniqlashda 12 ming kilometrga adashgan edi. Keyinchalik olimlar bu yanglishishni Buyuk kashfiyotga olib kelgan buyuk xato deya ataydi. 1492-yil 12-oktabr Amerika qit’asining rasman kashf etilgan kuni hisoblanadi.
Biroq X.Kolumb 1492-yilda Hindistonga emas, Amerikaga kelib qolganini anglamaydi. U Hindistonga keldim, deb hisoblar edi. Shuning uchun ham Kolumb Amerikaning mahalliy aholisini hindular deb atadi. Amerikaga 4 marta ekspeditsiya uyushtirildi. Bu ekspeditsiyalar natijasida ochilgan hududlarda Ispaniya bayrog‘i hilpiray boshladi. Shu tariqa bu hududlar Ispaniya mulkiga aylandi. X.Kolumb esa o‘sha hududlarning vite-qiroli etib tayinlandi. Yangi qit’aning Kolumbiya deb emas, Amerika deb atalishi Italiya dengizchisi va astronomi Amerigo Vespuchchi (1454–1512) nomi bilan bog‘liq.
U 1499–1501-yillarda portugaliyaliklar ekspeditsiyasi tarkibida Braziliya qirg‘oqlarini tekshirdi. Buning natijasida Kolumb ochgan yerlar Hindiston emas, balki yangi qit’a ekani to‘g‘risidagi xulosaga keladi. U keyinchalik o‘zining nomi bilan atalgan qit’aga “Yangi Dunyo” deb nom berdi. 1507-yilda lotaringiyalik xaritashunos olim M.Valdzemuller Kolumb kashf etgan yangi qit’ani Amerigo Vespuchchi sharafiga Amerika deb atashni taklif etdi.
Bu nom hammaga ma’qul bo‘ldi. 1515-yilda Yangi Dunyo “Amerika” deb atalgan birinchi globus Germaniyada yaratildi. Keyinchalik boshqa xaritalarda ham Kolumb kashf etgan yerlar Amerika deb yoziladigan bo‘ldi.
Keyingi kashfiyotlar.
1498-yilda Ispaniyadan dengiz sayohatiga chiqqan portugaliyalik Vasko da Gama Atlantika okeani orqali Hindistonga boriladigan dengiz yo‘lini kashf etdi. 1519-yilda Ispaniyadan sayohatga chiqqan dengizchi F.Magellan (asli portugaliyalik) Amerika qit’asini aylanib o‘tib, Hindistonga boradigan dengiz yo‘lini ochdi. 1522-yilda dunyoni aylanib suzish nihoyasiga yetadi.

F.Magellan
Bu ekspeditsiya yerning dumaloq ekani hamda katta qismi suv bilan qoplanganini isbotladi. 1605-yilda L.V.Torres boshchiligidagi ekspeditsiya esa Avstraliyani kashf etdi.

Dunyo bo‘ylab birinchi sayohat sharafiga yasalgan gerb.
Buyuk geografik kashfiyotlarning ahamiyati.
Buyuk geografik kashfiyotlar ilm-fan uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Uning natijasida geografiya, tarix, etnografiya va okeanshunoslik fanlari yangi xulosalar, ma’lumotlar bilan boyidi. Bundan tashqari, bu kashfiyotlar tufayli yangi dengiz savdo yo‘llari ochildi. Mazkur yo‘llar O‘rta Yer dengizidan Atlantika okeaniga ko‘chdi. Bu esa, o‘z navbatida, jahon savdosini vujudga keltirdi. Shu tariqa Buyuk geografik kashfiyotlar tufayli global sivilizatsiyaning asoslari yaratildi.
Admiral (arabcha – dengiz hukmdori, hokimi) – harbiy dengiz floti qo‘mondonlariga beriladigan unvon.
Astrolyabiya (yunoncha) – joyning geografik koordinatalarini, vaqtni, yulduzlarning chiqish va botish paytini aniqlovchi astronomik asbob.
Vitse – o‘rinbosar, vitse-qirollikda qirol nomidan mustamlaka o‘lkalarni boshqaruvchi davlat amaldori.
Kashfiyot – izlab topish, tekshirish natijasida topiladigan va yaratiladigan ilmiy yangilik.