Movarounnahr va Xorazmning madaniy hayoti


Tayanch tushunchalar: “Bayt ul-hikma”, “Dor ul-hikma va maorif”, buyuk allomalar, arab tilining ahamiyati


“Bayt ul-hikma”

IX–XII asrlarda Movarounnahr va Xurosonda sodir bo‘lgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar mamlakat madaniy hayotiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.

Movarounnahr arablar tomonidan istilo qilingach, zabt etilgan boshqa mamlakatlar kabi bu yerda ham Islom dini, arab tili va imlosi joriy etildi. Chunki arab tili xalifalikning ham davlat tili, ham fan tili edi. Shu boisdan arab tilining o‘rni va ahamiyati oshgan va bu tilni o‘zlashtirishga bo‘lgan intilish kuchaygan.

Keyinchalik arab tili va yozuvini o‘zlashtirib olgan bilimdonlar paydo bo‘ldi.
Bag‘dod shahri Sharqning yirik ilm va madaniyat markazi edi. IX asrda bu shaharda “Bayt ul-hikma” tashkil etilgan edi. “Bayt ul-hikma”da katta kutubxona, Bag‘dod va Damashqda astronomik kuzatishlar olib boriladigan rasadxonalar mavjud edi. Bu ilm dargohiga jalb etilgan tolibi ilmlar tadqiqotlar bilan bir qatorda qadimgi yunon va hind olimlarining ilmiy merosini o‘rganish va asarlarini arab tiliga tarjima qilish bilan shug‘ullanar edi. Al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Ahmad al-Marvaziy, al-Abbos Javhariy va Yahyo ibn Abu Mansur kabi Movarounnahr va xurosonlik olimlar ijod qilib, o‘rta asr ilm-faniga katta hissa qo‘shadi.


Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy

Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (783–850) Xorazm diyorida tug‘ilib, voyaga yetadi.


Al-Xorazmiy

Dastlabki savod va turli sohalardagi bilimlarni ona yurti Xorazm va Movarounnahr shaharlarida ko‘pgina ustozlardan oladi. So‘ngra Muso al-Xorazmiy xalifa Ma’mun zamonida (813–833) “Bayt ul-hikma”da mudir sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Zamonasining mashhur matematigi, astronomi va geografi sifatida fanga ulkan hissa qo‘shadi. Al-Xorazmiy 20 dan ortiq asarlar yozdi. Ulardan faqat 10 tasigina bizgacha yetib kelgan. Asarlari orasida, ayniqsa, matematikaga doir “Al-jabr val-muqobala” mashhur hisoblanadi.

Hatto “algebra” atamasi ushbu kitobning “al-jabr” deb yuritilgan qisqacha nomining aynan ifodasidir. Xorazmiy nomi esa matematika fanida “algoritm” atamasi shaklida o‘z ifodasini topdi. Uning “Al-jabr” asari asrlar davomida avlodlar qo‘lida yer o‘lchash, ariq chiqarish, bino qurish, merosni taqsimlash va boshqa turli hisob va o‘lchov ishlarida dasturilamal bo‘lib xizmat qildi.
Xorazmiyning bu risolasi XII asrdayoq Ispaniyada lotin tiliga tarjima qilinadi va qayta ishlanadi. Xorazmiyning arifmetik risolasi hind raqamlariga asoslangan o‘nlik hisoblash tizimining Yevropada, qolaversa, butun dunyoda tarqalishida muhim ahamiyat kasb etdi. Shunday qilib, vatandoshimiz Xorazmiy al-jabrni mustaqil fan darajasiga ko‘tarib, algebra faniga asos soldi va tarixda o‘zidan o‘chmas iz qoldirdi.


Ahmad al-Farg‘oniy

“Bayt ul-hikma”da faoliyat ko‘rsatgan olimlardan yana biri buyuk astronom, matematik va geograf Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg‘oniydir (797–865).

Ahmad al-Farg‘oniy haykali. Farg‘ona shahri.

Olim Farg‘ona vodiysining Quva shahrida tavallud topgani uchun Sharqda Al-Farg‘oniy, Yevropada esa Alfraganus taxallusi bilan shuhrat topgan. U astronomiya, matematika va geografiya fanlari bilan shug‘ullandi. Qator ilmiy va amaliy asarlar yozib qoldirdi. Damashqdagi rasadxonada osmon jismlari harakati va o‘rnini aniqlash, yangicha zij (astronomik jadval) yaratish ishlariga rahbarlik qildi. 832–833-yillarda Suriyaning shimolida Sinjor dashtida va ar-Raqqa oralig‘ida yer meridianining bir darajasi uzunligini o‘lchashda qatnashdi.

861-yilda Farg‘oniy rahbarligida Nil daryosi sohilida qurilgan qadimgi gidrometr – daryo oqimi sathini belgilaydigan “Miqyos an-Nil” inshooti va uning darajoti qayta tiklandi.

Bizning davrimizgacha Ahmad al-Farg‘oniyning sakkiz asari saqlanib qolgan bo‘lib, ular orasida “Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum” kitobi ham bordir. Bu kitob XII asrdayoq lotin va ibroniy tillariga tarjima qilinib, nafaqat musulmon Sharqidagi, balki Yevropa mamlakatlaridagi astronomiya ilmining rivojini boshlab berdi. Yevropada mashhur bo‘lgan alloma nomi XVI asrda Oydagi kraterlardan biriga berilgan.

O‘rta asrlar Sharq tarixi shundan dalolat beradiki, madaniyat va ta’lim-tarbiya, tibbiyot, san’at va arxitektura sohalaridagi beqiyos yuksalish, ilmiy maktablarning vujudga kelishi, yangi-yangi iste’dodli avlodlar to‘lqinining paydo bo‘lishi va voyaga yetishi – bularning barchasi birinchi navbatda iqtisodiyot, qishloq va shahar xo‘jaligining ancha jadal o‘sishi, hunarmandchilik va savdo-sotiqning yuksak darajada rivojlanishi, yo‘llar qurilishi, yangi karvon yo‘llarining ochilishi va avvalambor nisbiy barqarorlikning ta’minlanishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan. Islom Karimovning 2014-yil 16-mayda Samarqandda bo‘lib o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutaakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy svilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida so‘zlagan nutqidan. Mustaqillik yillarida Ahmad al-Farg‘oniyning noyob ilmiy merosi xalqimizga qaytarildi. 1998-yil oktabrda alloma Ahmad al-Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligi nishonlandi. Farg‘ona shahrida Farg‘oniy nomi bilan bog‘ yaratildi va buyuk allomaga haykal o‘natildi


Madaniy va ma’naviy uyg‘onish

IX asrning ikkinchi yarmida xalifalik hukmronligi tugab, Somoniylar boshqaruvining qaror topishi bilan madaniy hayotning rivoji uchun keng yo‘l ochiladi. Movarounnahrning madaniy hayotida uyg‘onish davri boshlandi.

Buxoro, Samarqand, Urganch, Marv, Balx, Nishopur kabi markaziy shaharlarda kutubxonalar, kitob do‘konlari qurilgan. Movarounnahr va Xorazm jahon fani va madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk siymolarni o‘z bag‘rida tarbiyalab, kamolotga yetkazadi.

1004-yilda shakllangan “Dor ul-hikma va maorif” (“Bilimdonlik va maorif uyi”) – “Ma’mun akademiyasi”ning asosini Abu Nasr ibn Iroq (X asr–1034), Abulxayr ibn Hammor (991–1048), Abu Sahl Masihiy (970–1011), Abu Rayxon Beruniy (973–1048), Abu Ali ibn Sino (980–1037) va boshqalar tashkil etgan.

1017-yil Mahmud G‘aznaviy Xorazmga bostirib kirgandan so‘ng “Dor ul-hikma va maorif”ning faoliyati tugatilgan, olimlarning ko‘pchiligi G‘azna shahriga majburan olib ketilgan.

1997-yil 11-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorazm Ma’mun akademiyasini qaytadan tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni chiqdi. 2006-yil kuzida Respublikamizda “Xorazm Ma’mun akademiyasi”ning 1000 yilligi nishonlandi.

2014-yil may oyida Samarqand shahrida O‘rta asrlarda Sharq olamida yashab ijod etgan buyuk alloma va mutafakkirlarning ilmiy merosini chuqur muhokama qilish va anglash, uning zamonaviy svilizatsiya tarixida tugan o‘rni va roliga baho berish maqsadida “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy svilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Unda ellikka yaqin mamlakatlardan tashrif buyurgan vakillar ishtirok etdi. Konferensiya yakunida tegishli hujjatlar qabul qilindi.


Abu Nasr Farobiy

Abu Nasr Farobiy (873–950) Aris suvining Sirdaryoga quyilishida joylashgan Farob shahrida tug‘ilgan. U avval ona shahrida, so‘ngra Samarqand, Buxoro va Bag‘dodda bilim olgan. Umrining oxirlarida Halab va Damashq shaharlarida yashagan.

Farobiy riyoziyot, falakiyot, tabobat, musiqa, mantiq, falsafa, tilshunoslik, tarbiyashunoslik va adabiyot sohalarida ijod etgan. U 160 dan ortiq asar yozib, o‘rta asr ilm-fan va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shdi. Bular orasida “Arastuning ‘Metafizika’ asariga sharh”, “Musiqa kitobi”, “Baxt-saodatga erishuv haqida”, “Tirik mavjudot a’zolari haqida”, “Fozil odamlar shahri” va boshqa ko‘pgina asarlari muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Olimning ilm-fan oldidagi xizmatlaridan biri uning yunon mutafakkirlari asarlarini sharhlaganligi va ularni yangi g‘oyalar bilan boyitganligidir. U o‘rta asrda mukammal hisoblangan ilmlar tasnifini yaratdi

Abu Nasr Farobiy

Farobiy yunon falsafasini chuqur bilgani, unga sharhlar bitgani va jahonga targ‘ib qilgani hamda zamonasining ilmlarini puxta o‘zlashtirib, fanlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgani uchun Sharqda Arastudan (Aristotel) keyingi yirik mutafakkir – “Muallim us-soniy” va “Sharq Arastusi” nomlari bilan shuhrat topdi. Ba’zi tarixiy manbalarda keltirilishicha, Farobiy 70 dan ortiq tilni bilgan. Mutafakkir qoldirgan meros faqat Sharq mamlakatlarida emas, balki Yevropada ham tarqaldi va ijtimoiy-falsafiy fikr taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.


Abu Ali ibn Sino

Abu Ali ibn Sino 980-yilda Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog‘ida mahalliy amaldor oilasida dunyoga keldi. Maktabni bitirgach, ustozi Abu Abdullohdan mantiq, falsafa, riyoziyot va fiqh ilmlarini o‘rganadi. O‘n olti yoshidan boshlab turli fanlar bo‘yicha Sharq va G‘arb olimlarining ilmiy asarlarini mustaqil o‘rgandi.

Abu Ali ibn Sino

Gippokrat va Galen hamda o‘rta asr Sharqining buyuk hakimi va mutafakkiri Abu Bakr ar-Roziyning (865–925) asarlarini puxta o‘rganadi.
Ibn Sino o‘n yetti yoshidanoq e’tiborli hakim va olim bo‘lib yetishadi. U amir Nuh ibn Mansurni davolab tuzatgach, somoniylarning saroy kutubxonasidan foydalanishga ruxsat oladi. Ibn Sino taqdir hukmi bilan Gurganchdagi (Urganch) Xorazm Ma’mun akademiyasi olimlari qatorida ijod qiladi . U 1037-yilda vafot etadi va Hamadonda dafn etiladi.

Abu Ali ibn Sino Sharqda “Shayx ur-rais”, G‘arbda esa “Avitsenna” nomlari bilan shuhrat topdi.


Ibn Sino 450 dan ortiq, shu jumladan, tibbiyotga doir 43 ta asar yozgan.
Uning 5 jildli “Al-qonun fit-tib” (“Tib qonunlari”) nomli qomusiy asarida kasalliklarning kelib chiqish sabablari va manbalari, tashxis, muolaja usullari, dorivor o‘simliklar va dori-darmonlarning xususiyatlari, parhez, inson salomatligi uchun jismoniy tarbiyaning ahamiyati kabi tabobatning g‘oyat muhim masalalariga alohida e’tibor berilgan. Uning “Al-qonun fit-tib” asari XII asrdayoq lotinchaga tarjima qilinib, to XVII asrgacha Yevropa tabobatida asosiy qo‘llanma sifatida foydalanilgan.


Abu Rayhon Beruniy

Abu Rayhon Beruniy (973–1048) Xorazmning Kat shahrida tug‘ilib, Urganchda ta’lim olgan. Xorazmshoh Abul Abbos Ma’mun II saroyida to‘plangan olimlar bilan birgalikda Ma’mun akademiyasida ijod qilgan.
Xorazm Mahmud G‘aznaviy tomonidan bosib olingach, Beruniy boshqa olimlar bilan birga G‘azna shahriga olib ketiladi va umrining oxirigacha shu yerda ijod qildi. Beruniy 1048-yilda G‘aznada vafot etadi.

Abu Rayhon Beruniy

Beruniy astronomiya, geografiya, matematika va tarix fanlari bo‘yicha 160 dan ortiq asarlar yozgan. Uning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”, “Mineralogiya”, “Geodeziya” kabi yirik asarlari shular jumlasidandir. U o‘zining astronomiyaga oid asarlarida Kopernikdan qariyb besh asr muqaddam Yerning Quyosh atrofida aylanishi haqidagi fikrni o‘rta asrlarda birinchi bo‘lib ilgari surdi.

Beruniy yering dumaloq shaklda ekanini isbotlab berdi. U 1029 ta yulduzning koordinatlari kattaliklari qayd etilgan yulduzlar jadvalini hamda dunyoning geografik kartasini tuzgan. Beruniy yevropalik olimlardan 450 yilcha oldin Amerika qit’asi mavjudligini taxmin qilib, o‘z asarlarida bir necha bor yozgan. Beruniyning g‘arbiy yarimsharda katta quruqlik borligi to‘g‘risidagi fikri XV–XVI asrlarda o‘z tasdig‘ini topdi. Beruniy Yer aylanasi uzunligini o‘lchashda yangi usul – matematik usulni ishlab chiqdi. U birinchi bo‘lib Yer shari globusini yaratgan. Beruniyning ilmiy va falsafiy ulkan merosi, shubhasiz, jahon fani va madaniyati xazinasiga qo‘shgan ulkan hissa bo‘ldi.

…agar Yevropa Uyg‘onish davrining natijalari sifatida adabiyot va san’at asarlari, arxitektura durdonalari, tibbiyot va insonni anglash borasida yangi kashfiyotlar yuzaga kelgan bo‘lsa, Sharq Uyg‘onish davrining o‘ziga xos xususiyati, avvalo, matematika, astronomiya, fizika, ximiya, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot kabi aniq va tabiiy fanlarning, shuningdek, tarix, falsafa va adabiyotning rivojlanishida namoyon bo‘ldi.
Islom Karimov