Me’morchilik, san’at va musiqa


Tayanch tushunchalar: me’morchilik, san’at, naqqoshlik, o‘ymakorlik, xattotlik, shashmaqom


Me’morchilik

O‘rta asr jamiyatining ijtimoiy-siyosiy tuzumi va Islom dini mafkurasi madaniy hayotning me’morchilik sohasiga ham kuchli ta’sir qildi. Samarqand, Buxoro, Urganch, Termiz, O‘zgan va Marv kabi shaharlarda bu davrda ko‘plab saroy, masjid, madrasa, minora, maqbara, tim va karvonsaroylar qurildi. Buxoro shahridagi Ismoil Somoniy maqbarasi, Namozgoh masjidi, Minorai Kalon hamda Vobkent va Jarqo‘rg‘ondagi minoralar va boshqa ko‘plab binolar o‘sha davr me’morchiligining yuksak namunalaridandir. Bu yodgorliklar me’morchilik sohasining rivoj topganidan dalolat beradi.

Bu davrda yo‘nilgan tosh, pishiq g‘isht va suvga chidamli qurilish qorishmalaridan turli xil suv inshootlari: suv omborlari – bandlar, ko‘priklar, sardobalar va korizlar barpo etiladi. Bunday inshootlarning o‘lchamlari matematika nuqtayi nazaridan g‘oyat puxta ishlangan. Masalan, X asrda Nurota tizmalaridagi Pastog‘ darasi to‘sib barpo etilgan Xonbandi suv omboriga 1,5 mln metr kub suv to‘plangan. To‘g‘on granit toshi va suvga chidamli qurilish qorishmasidan qurilgan. Xonbandi suv omborini qurishda suvning vertikal va gorizontal bosim kuchi hamda bu hududlarda tez-tez sodir bo‘ladigan zilzilalarning silkinish kuchlari ham hisobga olingan.

X asr suv omborining to‘g‘oni – Xonbandi. Bu, shubhasiz, XVII asr mashhur fransuz fizigi Blez Paskal tomonidan suvning bosim kuchi to‘g‘risida yaratilgan kashfiyotdan qariyb 7 asr muqaddam movarounnahrlik muhandislarga ma’lum ekanidan dalolat beradi. X asrdan boshlab binokorlikda sinchkori imoratlar keng tarqalgan. Yakkasinch va qo‘shsinchli binolarning tagsinchlaridan tortib ustunlari-yu sarrovlari va to‘sinlarigacha yog‘ochlarni biriktirish uslubida qurilib, sinchlarning orasi xom g‘isht yoki guvalalar bilan urib chiqilgan. Bu tuzilishdagi imoratlarni qurish hozirgacha saqlanib keladi. Afrosiyob, Varaxsha, Buxoro va Poykand shahar xarobalaridagi turarjoy qoldiqlaridan ma’lum bo‘lishicha, X–XI asrlarda ham paxsa va xom g‘ishtdan qurilgan imoratlar shahar me’morchiligida asosiy o‘rinni egallagan.


Naqqoshlik, o‘ymakorlik va xattotlik

IX–XII asr boshlarida me’morchilik bilan birga naqqoshlik va o‘ymakorlik san’ati ham ancha rivoj topadi. Imoratning peshtoqi, eshigi va devorining ayrim qismlari turli mazmundagi bitiklar bilan qoplanar edi.

Bu davrda xattotlik xalq san’atining muhim va keng tarqalgan sohalaridan biri edi. Hali kitob bosish dastgohi kashf etilmagani, qo‘lyozma kitoblarning nusxalari faqat qo‘lda ko‘chirilishi tufayli xattotlik san’ati ancha rivoj topdi. Turli uslubda husnixat bilan bitilgan xattotlik namunalari me’moriy naqshlarda ham hayotiy mazmun va estetik zavq beruvchi bezak sifatida ishlatiladi.


Musiqa san’ati

IX–XIII asr boshlarida musiqa san’ati ham g‘oyat taraqqiy qilgan. Bayramlar, to‘ylar, xalq sayillari va boshqa marosimlar, shubhasiz, kuy va qo‘shiqlarsiz o‘tmas edi. Bu davrda sozandalar ud, tanbur, qo‘biz, rubob, nay, surnay, karnay, qo‘shnay va qonun kabi g‘oyat xilma-xil torli, zarbli va puflab chalinadigan cholg‘u asboblaridan keng foydalangan.

Xalq kuylari asosida keyinchalik tojik va o‘zbek xalqlarining mumtoz kuyi “Shashmaqom” uchun poydevor bo‘lgan “Rost”, “Xusravoniy”, “Boda”, “Ushshoq”, “Zerafkanda”, “Buzruk”, “Sipohon”, “Navo”, “Basta”, “Tarona” kabi yangi-yangi kuylar ijod etilgan. Musiqa san’ati she’riyat hamda musiqashunoslik ilmi bilan uzviy bog‘langan holda taraqqiy etadi.