Tayanch tushunchalar: hadis, kalom ilmi, fiqh, din, tasavvuf, tariqat, mafkura
Imom al-Buxoriy
Dunyoviy fan olimlari bilan bir qatorda IX asrda islom ta’limotining takomili yo‘lida movarounnahrlik muhaddis ulamolarning ham xizmati katta bo‘ldi. Bu borada, ayniqsa, Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (810–870) va uning zamondoshi hamda shogirdi Abu Iso Muhammad at-Termiziy (824–894)ning hissasi nihoyatda buyukdir.
Imom al-Buxoriy islom ta’limotiga oid yigirmadan ortiq asar yozdi. Uning birgina “Al-jome’ as-sahih” asariga 7275 ta hadis kiritilgan.
1998-yil oktabrda buyuk mutafakkir Imom al-Buxoriy tavalludining 1225 yilligi nishonlandi. Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog‘ida “Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuyi” barpo etildi. 4 jildli “Al-jome’ as-sahih” kitobi ilk bor o‘zbek tiida nashr etilib, kitobxonlarga taqdim etildi.
Samarqanddagi Imom al-Buxoriy yodgorligi.
Hadis (arabcha rivoyat, naql) – Islom dinida Qur’ondan keyingi muqaddas manba, Muhammad payg‘ambar (s.a.v.)ning faoliyati va ko‘rsatmalari haqida to‘plangan ma’lumotlar yig‘indisi
Abu Mansur al-Moturidiy
Kalom ilmi ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma Abu Mansur al-Moturidiy (870–944) Samarqand yaqinidagi Moturid qishlog‘ida tug‘ilgan. Al-Moturidiy islomiy odob qoidalari, ma’naviy-axloqiy kamolot sirlaridan ta’lim berishga mo‘ljallangan qator asarlar yozgan. Ulardan “Kitob at-tavhid” (“Allohning birligi”) va “Tavilot ahl as-sunna” (“Sunniylik an’analari sharhi”) nomli asarlarigina saqlanib qolgan. Ularda diniy ta’limot, islomiy urf-odatlar, insonning kamol topishida dunyoqarashining shakllanish mohiyati kabi fikrlar talqin etilgan. Al-Moturidiy 944-yilda Samarqandda vafot etgan.
Abu Mansur al-Moturidiy yodgorligi. Samarqand.
Mustaqillik sharofati bilan diniy qadriyatlarimiz tiklanayotgan Vatanda 2000-yil noyabrda Imom al-Moturidiy tavalludining 130 yilligi nishonlandi. Samarqandda al-Moturidiy xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuyi barpo etildi, asarlari o‘zbek tilida nashr etildi. Islom olamida “Musulmonlarning e’tiqodini tuzatuvchi” degan yuksak sharafga sazovor bo‘lishi bu nodir shaxsning ukan aql-zakovati va matonatidan dalolat beradi. Islom Karimov. “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”.
Burhoniddin al-Marg‘inoniy
Mashhur fiqh (huquqshunos) olimi Burhoniddin al-Marg‘inoniy 1123-yilda Rishtonda (Farg‘ona vodiysi) tavallud topgan. Al-Marg‘inoniyning eng nodir merosi to‘rt jildli “Hidoya” asaridir “Hidoya” islom huquqshunosligi bo‘yicha mukammal asar bo‘lib, bir necha asrlar davomida musulmon mamlakatlardagi huquqshunoslar uchun ham nazariy, ham amaliy qo‘llanma vazifasini o‘tab kelgan. Kitob bir nechta tillarga tarjima qilingan.
Hozirgi kunda ham muhim manba sifatida foydalanib kelinmoqda.
Shu sababli alloma nafaqat ulamolar, balki oddiy xalq orasida ham “Hidoyat yo‘lining sarboni” deya katta hurmat-e’tibor topdi. Burhoniddin “val-milla” (“Islom dinining dalili, isboti”) degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
2000-yilda al-Marg‘inoniyning 910 yilligi nishonlandi. Shu munosabat bilan Marg‘ilon shahri markazida “Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmuyi” bunyod etilib, ramziy maqbarasi o‘rnatildi.
Din
IX–XIII asr ma’naviy hayotida Islom dini muhim o‘rin egallaydi. Bu davrda musulmon Sharqida keng tarqalib, jahon dini darajasigacha ko‘tarilgan Islom dini xalq hayotida muhim o‘rin tutgan. Movarounnahr aholisi Islom dinini qabul qilib, shariat ahkomlarini bajarishga, arab tili va yozuvini o‘rganishga kirishdi. Markaziy shaharlarda qator masjid va madrasalar qad ko‘tardi.
XII asrda esa Buxoroning Darvozai Mansur mahallasida hatto qonunshunoslar uchun maxsus “Faqihlar madrasasi” qurilgan. Dorilfununda asosan Islom dini ta’limotining asosiy manbalari: Qur’oni karim, Hadisi sharif va arab tilini mukammal o‘rganishga katta e’tibor berilgan. Shariat ahkomlarini har tomonlama chuqur o‘rgatishda “Tafsir” – Qur’oni karimning sharhlari juda boy va qimmatli manba hisoblangan.
Fiqh fani (islom huquqshunosligi) axloq va shariat ahkomlari borasida mukammal ma’lumot beradi.
Islom dini ta’limotining ravnaqi va targ‘ibotining kengayishida, ayniqsa, Buxoro shahri markazga aylandi. Buxoro madrasalaridan juda ko‘p yetuk fiqhshunos olimlar, qozilar, imomlar yetishib chiqadi. Shu boisdan Buxoro IX asrdan boshlab “Qubbat ul-islom” – Islom dinining gumbazi nomi bilan shuhrat topadi.
Tasavvuf
Tasavvuf o‘rta asrlar musulmon Sharqida keng tarqaladi. Bu ta’limot dastlab VIII asr o‘rtalarida Iroqda yuzaga kelgan.
Tasavvuf ta’limoti asosida inson faoliyati va uning kamoloti yotadi. Movarounnahrning turli o‘lkalarida tasavvufning tariqatlari paydo bo‘ladi. Turkistonda XII asrda Yassaviya, XII asr oxirida Xorazmda Kubroviya, XIV asrda Buxoroda Naqshbandiya va boshqa tariqatlar vujudga keladi.
Tasavvuf (sufiylik) – musulmonlarni halollikka, poklikka, tenglikka, inson qadr-qimmatini yerga urmaslikka chorlovchi, har kimni o‘zining halol mehnati bilan yashashga, boshqalarning kuchidan foydalanmaslikka davat etuvchi ta’limot
Tariqat – tasavvuf qoidalariga amal qilib yashash, ya’ni komil inson darajasiga erishishni ko‘rsatuvchi yo‘l
Movarounnahrda yangi yoyilgan tasavvuf – Yassaviya tariqati bo‘lib, unga Ahmad Yassaviy asos soladi. Tariqatning asoslari Yassaviyning mashhur “Hikmat” asarida bayon etiladi. Ahmad Yassaviyning fikricha, shariasiz tariqat, tariqatsiz ma’rifat, ma’rifatsiz haqiqat bo‘la olmaydi. Ularning biri ikkinchisini to‘ldiradi va takomillashtiradi. Yassaviya tariqatining asosida kamolotga uzlat va tarkidunyochilik orqali yetishish g‘oyasi ilgari suriladi. Unga faqat bu dunyo rohati va farog‘atidan voz kechib, uzlatda toat va ibodat yo‘lida zahmat chekib, mashaqqatli mehnat qila olgan kishigina yetib boradi. Xullas, Yassaviya tariqatida mashaqqatli mehnat va aziyat shariat yo‘lida bo‘lishi kerak ekani aytiladi. Tarkidunyochilik targ‘ib etiladi. Biroq inson zoti sharif darajasida ulug‘lanadi. Insonning har qanday mol-dunyodan va davlatdan ustun turishi ta’kidlanadi. Tasavvuf ta’limotining buyuk siymolaridan yana biri Najmiddin Kubro (1145–1221) edi. U Xorazmda “Kubroviya” tariqatiga asos soladi. Yassaviyadan farqli o‘laroq, Kubroviya tariqati tarkidunyochilikni rad etadi. Kubroviya tariqatida ham kamolotga erishish uchun mashaqqatli mehnat olib borish kerak. Biroq bu jarayonda dunyo noz-ne’matlaridan bahramand bo‘lish joiz. Kubroviya tariqatida xalqqa va Vatanga bo‘lgan muhabbat nihoyatda kuchli bo‘lgan. Har qanday og‘ir damlarda ham omma bilan birga bo‘lish, Vatanni mudofaa qilish va uning mustaqilligi uchun kurashga da’vat etiladi.
Tasavvuf XIV asrda Naqshbandiya tariqatida yanada rivoj topadi.
Unga Bahouddin Naqshband asos soladi. U 1318-yilda Buxoro yaqinida Qasri Hinduvon qishlog‘ida matolarga naqsh bosuvchi hunarmand oilasida dunyoga keladi. Yoshligida ta’lim olish bilan bir qatorda kimxob matoga gul bosishni puxta o‘rganib, ota kasbi naqqoshlikni egallagan.
Xoja Bahouddin “Hayotnoma” va “Dalil al-oshiqin” nomli asarlar yozib, o‘z tariqatini yaratadi. Naqshbandiya tariqati Movarounnahr, Xuroson va Xorazmda keng tarqaladi. Naqshbandiya tariqati insonlarni halol va pok bo‘lishga, o‘z mehnati bilan kun kechirishga, muhtojlarga xayr-ehson berishga, sofdil va kamtar bo‘lishga chaqiradi. Uning “Dil ba yor-u dast ba kor” (“Ko‘ngil Allohda bo‘lsin-u, qo‘l mehnat bilan band bo‘lsin”) hikmati Naqshbandiya tariqatining hayotiy mohiyatini ifodalaydi. U tarkidunyochilikni rad etib, mehnatsevarlik, odillik va bilimdonlikni targ‘ib etadi. Naqshbandiya tariqati taraqqiyotiga keyingi asrlarda Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Xoja Ahror kabi buyuk allomalar katta hissa qo‘shadi.
Mustaqillik sharofati bilan Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro singari bobokalonlarimizning aziz nomlari tiklandi, qadamjolari obod etildi. Asarlari chop etilib, bebaho ma’naviy xazinalaridan hozirgi avlodlar bahramand bo‘lmoqda. Holbuki, islomiy ta’lim-tarbiya asosida ajdodlarimiz kamol topib, o‘zidan o‘chmas tarixiy meros qoldirgan.