Adabiyot


Tayanch tushunchalar: turkiy yozma adabiyot, “Arab va g‘ayri arablar ustozi”, “Qutadg‘u bilig”, “Devonu lug‘otit turk”, “Hibat ul-haqoyiq”


Turkiy yozma adabiyot

X–XII asrlarda Movarounnahr va Sharqiy Turkistonda turkiy xalqlarning qadimdan davom etib kelayotgan og‘zaki adabiyoti bilan bir qatorda yozma adabiyot yuzaga keladi. Qator asarlar bitildi. Ulardan eng nodirlari Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk”, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq”, Ahmad Yassaviyning “Hikmat” kabi asarlaridir.

Bu davr turkiy adabiy tili eski o‘zbek va uyg‘ur tillarining vujudga kelishida ham muhim bosqich bo‘ldi.


Mahmud az-Zamaxshariy

Abulqosim Mahmud az-Zamaxshariy 1075-yilda Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida dunyoga kelgan. Ilmga bo‘lgan chanqoqlik uni arab tili va adabiyotini, diniy ilmlarni, xattotlik san’atini, arab maqollari va urf-odatlarini chuqur o‘rganishga undaydi. Shu sababdan yirik ilmiy va madaniy shaharlarda, Buxoro, Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bag‘dod, Hirot va Makkada hayot kechiradi. U mintaqa geografiyasiga doir ma’lumotlar to‘playdi.

Mahmud Zamaxshariy turli soha ilmlariga doir 50 dan ortiq asarlar yozib qoldirdi. Ayniqsa, uning arab tili fonetikasi va morfologiyasiga bag‘ishlangan “Al-mufassal”, Qur’oni karim tafsiriga oid “Al-Kashshof” asari musulmon olamida mashhurdir.

Zamaxshariy “Arab va g‘ayri arablar ustozi”, “Xorazm faxri” kabi sharafli nomlar bilan ulug‘langan. U ko‘p asarlarini Makkada yozgani uchun “Jorulloh” (“Allohning qo‘shnisi”) degan sharafli nomga muyassar bo‘ladi. Qohiradagi dunyoga dong‘i ketgan Al-Azhar diniy dorilfununining talabalari hozir ham “Al-Kashshof” asosida Qur’oni karimni o‘rganadi. U, shuningdek, tarixdagi birinchi ko‘p tilli lug‘at – arabcha-forscha-turkiy lug‘atning asoschisi bo‘lgan.
Mahmud Zamaxshariy 1144-yilda Xorazmda vafot etgan.

1995-yilda O‘zbekistonda Mahmud Zamaxshariyning 920 yilligi keng nishonlanadi.


Yusuf Xos Hojib

Turkiygo‘y adib, mutafakkir va davlat arbobi bo‘lgan Yusuf Xos Hojib (XI asr) “Qutadg‘u bilig” dostonining muallifidir. U qoraxoniylarning markaziy shaharlaridan bo‘lgan Bolosog‘unda tug‘ilgan. Yusuf bu yerda arab tili va forsiy tilni, shuningdek, adabiyotini ham puxta o‘rgandi. Falsafa, mantiq, matematika va boshqa bilimlarni mukammal egalladi, davlat ishlari, idora qoidalari bilan qiziqdi. Yusufning hayoti va ijodiy yo‘li haqida ma’lumot beruvchi manbalar juda ham oz. Yusuf Xos Hojib haqida ma’lumot beruvchi yagona manba “Qutadg‘u bilig” dostonidir. U 1069-yilda “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga eltuvchi bilim”) asarini Bolosog‘unda yoza boshlaydi va 1070-yilda Koshg‘arda tugatadi.

Asarni qoraxoniylar hukmdorlaridan bo‘lgan Tavg‘och Bug‘roxonga taqdim etadi. “Qutadg‘u bilig” Tavg‘och Bug‘roxonga ma’qul kelib, Yusufga “Xos Hojib” (eshik og‘asi) martabasini berdi. Shu paytdan boshlab adib Yusuf Xos Hojib deb atala boshlangan. Asarda inson va uning ijtimoiy mohiyati, hayotdagi o‘rni va vazifasi har tomonlama tahlil qilindi. “Qutadg‘u bilig”da oddiy xalq, mehnatkash inson alohida ehtirom bilan tasvirlanadi. “Qutadg‘u bilig”da axloq, odob, sadoqat va sevgi kabi masalalar haqida hikmatli so‘zlar yuritadi. U ilm va ma’rifatga saodatning kaliti deb qaraydi. Shuning uchun ham o‘z dostonini “Qutadg‘u bilig” deb ataydi. Asarda ilm va ma’rifatni targ‘ib qiladi, olimlarni ulug‘laydi, davlat boshliqlarini ilm-fan ahllaridan ta’lim olishga va ularning maslahatlari bilan ish ko‘rishga da’vat qiladi.


Mahmud Koshg‘ariy

XI asrda yashab ijod etgan Mahmud Koshg‘ariy hayoti va ijodiy faoliyati haqida yetarli ma’lumot saqlanib qolmagan. Olimning to‘liq ismi Mahmud Koshg‘ariy ibn Husayn ibn Muhamaddir. Ijtimoiy kelib chiqishi jihatidan qoraxoniylar sulolasiga mansub bo‘lgan. Yoshligida boshlang‘ich ta’limni olib, Koshg‘ar, Buxoro, Samarqand, Marv, Nishopur shaharlarida bilimini oshirgan.
U arab, fors, turkiy kabi 7-8 tilni puxta egallagan. 1056–1057-yillarda mamlakatdagi ichki nizolar natijasida olim o‘z vatanini tark etib, 15 yil davomida atrofdagi qardosh xalqlar orasida yurishga majbur bo‘lgan. Ana shu yillarda u turkiy xalqlar yashaydigan o‘lkalarni kezib, bu yerlardagi turkiy qabila va urug‘lar, ularning kelib chiqishi va nomlanishi, joylashish o‘rinlari, urf-odatlari, ayniqsa, til xususiyatlarini sinchiklab o‘rganadi. So‘ng Bag‘dodga borib, 1072-yil dunyoga mashhur asari “Devonu lug‘otit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”)ni yozib tugatdi.

Mahmud Koshg‘ariyning bu asari o‘sha davrdagi O‘rta Osiyo xalqlari tarixi, turmushi, madaniyati, urf-odatlari, adabiyotini o‘rganishda eng noyob manbadir. “Devonu lug‘otit turk” asari dastlabki universal lug‘at bo‘lib, o‘z muallifini dunyoga qomusiy olim sifatida tanitdi.Bu asarida olim turkiy qabila va urug‘lar (xalqlar) tillaridagi so‘zlar ma’nosini arab tilida izohlab beradi. Mahmud Koshg‘ariy asari, o‘zi ta’kidlashicha, “oldin hech kim tuzmagan va hech kimga ma’lum bo‘lmagan alohida bir tartibda” tuzilgan. Shunga ko‘ra, Mahmud Koshg‘ariy turkiy xalqlarning tili, madaniyati, etnografiyasi va folklorining birinchi tadqiqotchisi hisoblanadi. “Devonu lug‘otit turk”ning qimmati yana shundaki, olim o‘z asarida dunyo xaritasini ilova qilgan.


Ahmad Yugnakiy

XII asrda turkiy tilda ijod etgan shoir va mutafakkirlardan yana biri Ahmad Yugnakiy edi. Ahmad Yugnakiydan yagona adabiy meros “Hibat ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar tuhfasi”) saqlanib qolgan. U turkiy adabiy tilining qimmatli va nodir yodgorligi hisoblanadi. O‘z asarida Yusuf Xos Hojib singari ilm-fan, olim va fozillarni ulug‘laydi, ma’rifatparvarlikni targ‘ib etadi, kishilarni ilmli va ma’rifatli bo‘lishga chaqiradi.

Yugnakiy o‘zini shoir emas, balki adab muallimi deb hisoblagan. O‘ziga xos axloq kitobi bo‘lgan bu asarga Qur’oni karim va Hadisi sharif ma’nolari singdirilgan. U Islom dini axloqini tashviq qilish, komil insonni tarbiyalab yetishtirish maqsadi bilan yozilgan.