Yunonistonning Makedoniya tomonidan bosib olinishi


Yunonistonning qulashi sabablari


Yunoniston shaharlari bir-birlari bilan urushayotgan paytda Makedoniya podshosi Filipp II Yunonistonni bosib olishni ko‘zlaydi. Uning qo‘shinlari suvoriylar va piyodalardan tashkil topgandi. Piyoda qo‘shinlar 16 qatordan iborat falangada saflanardi. Falanganing oltinchi qatoridagi nayza birinchi qatordagi jangchini muhofaza etardi. Jang paytida butun falanga zirhlangan temir maxluqotga o‘xshab qolar edi. Falanga qanotlarini otliqlar himoya qilardi.

Makedoniyalik Filipp II

Filipp II Yunonistonga qarshi harbiy yurish qilishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. Mashhur notiq Demosfen Ellada shaharlarini kezib, ularning aholisini birlashish va makedonlarga qarshi kurashishga da’vat etadi. Fiva va ayrim boshqa shaharlar aholisi Filipp II qo‘shinlariga qarshi Afina ittifoqiga qo‘shiladi.

Xeroniya ostonasidagi jang

Mil. avv. 338-yilda yunonlar va makedonlarning asosiy kuchlari Beotiyadagi Xeroniya shahri yaqinida to‘qnashadi. Qattiq jang uzoq davom etadi. Harbiy hiyla qo‘llagan yunonlar ustunlikni qo‘lga oladi. Makedonlar chekina boshlaydi. G‘alaba qilayotganiga ishona boshlagan yunonlar ularni quvishga tushadilar. Yunonlarning qo‘shinlari shunda ikki bo‘lakka ajraladi. Ana shu bo‘laklardan biriga Filipp II ning o‘g‘li Aleksandr qo‘mondonlik qilayotgan suvoriy qo‘shinlar qaqshatqich zarba beradi. Yunon qo‘shinlari chekina boshlaydi va tor-mor etiladi. Jangda yunonlarning aksariyati halok bo‘ldi. Xeroniya ostonasidagi jangdan so‘ng mag‘lubiyat oqibatida Yunoniston Makedoniyaga qaram bo‘lib qoldi.

Yunoniston Makedoniya tarkibida

«Yunonlar ozodligi Xeroniya ostonasida halok bo‘lganlar bilan birgalikda dafn qilindi», degan edi Demosfen. Bu mag‘lubiyatdan keyin Yunoniston aholisi o‘z qismatini qo‘rquv bilan kutib turishdi. Biroq Filipp II o‘zini yunonlar podshosi deb e’lon qilmaydi. Filipp II yunonlar bilan birlashib, forslarga qarshi ittifoq tuzadi.

Demosfen

Demosfen o‘smirligidanoq notiq bo‘lishni orzu qilardi. Lekin u juda past ovozda gapirar va duduqlanardi. Ovozi balandligini oshirishni mashq qilarkan, u dengiz shovqinidan balandroq baqirishga harakat qilardi».


Mil. avv. 337-yilda Spartadan tashqari barcha yunon shahar-davlatlarining vakillari Korinfga yig‘ildi va Makedoniya hokimiyati ostida forslarga qarshi yurish maqsadida yunon shaharlari ittifoqini tuzildi. Ular murosada tinch-totuv yashash, o‘zaro urushlar olib bormaslik va bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik to‘g‘risida bir qarorga kelishdi. Biroq Filipp II forslarga qarshi yurishini amalga oshira olmasdan vafot etdi. Uning o‘g‘li Makedoniyalik Aleksandr hukmdor bo‘ldi.

Filipp II piyodalarining falangasi
Ta’lim jarayoni