Yangi hududlarni o‘zlashtirish sabablari
Qadimgi Yunonistonda zodagonlardan qarzdor bo‘lib qolgan, o‘z yer va mulkiga ega bo‘lmagan ko‘plab kishilar o‘z vatanini tark etishga, begona yurtlarda omadini sinab ko‘rishga majbur bo‘lishgan. Yersiz, nochor yunonlar safarga chiqishga hozirlana boshlaydi. Jo‘nab ketish oldidan ular xudolarga qurbonliklar bag‘ishlashgan. O‘zlari bilan birga loy surtilgan qamishdan to‘qilgan savatchalarda olov ham olishgan. Olov ayni mahalda ular umrbod tark etgan vatanning bir parchasi edi.
Yunon koloniyalarining tashkil topishi
Yunonistondan ko‘chib kelganlar Sitsiliya oroli sohili va Apennin yarimoroli janubiga o‘rnashishadi. Ularning manzilgohlari O‘rtayer va Qora dengiz bo‘ylarida ham vujudga keldi. Yunonlarning koloniyalari sekin-asta shahar-davlatlarga aylana bordi. Bu shaharlarning o‘z hokimlari, qo‘shinlari, qonunlari va tangalari bo‘lgan. Ularda savdo-sotiq va hunarmandchilik rivojlangan.


Koloniyalarning aholisi Yunoniston shaharlari – polislari bilan doimiy aloqada bo‘lgan. Yunonlar o‘zini yagona xalq – ellinlar deb, o‘z vatanini esa Ellada deb atashgan. Yunonlar o‘zlashtirilgan yerlar tevaragida yashovchi yunon bo‘lmagan xalqlarni «varvarlar» deb atashgan. Mil. avv. VIII – VI asrlarda ko‘pdan ko‘p yunon koloniyalari tashkil topdi. Bu davr tarixda Buyuk Yunon koloniyalashtirishi nomini olgan. Qora dengiz sohillarida Olviya, Xersones, Pantikapey va boshqa yirik koloniyalar vujudga keldi.


Yangi mamlakatlar bilan tanishuv yunon madaniyatini boyitdi. Masalan, miloddan avvalgi VIII asrda Yunonistonda Finikiya alifbosiga asoslangan yangi yozuv vujudga keldi. Alifbo 24 ta harfdan iborat bo‘lgan. Ular orasida unli harflar paydo bo‘ldi. Koloniyalar va yunon shaharlari o‘rtasida mahsulot ayirboshlanish savdo-sotiq va hunarmandchilik ravnaq topishiga asos yaratdi. Koloniyalardan Elladaga g‘alla, metallar va qullar keltirilar edi.