Yunon-fors urushlarining sabablari
Mil. avv. V asr boshlarida Yunonistonga forslar tahdid sola boshladi. Doro I hukmronlik qilayotgan Fors davlati yangi-yangi mamlakatlarni bosib olishga intilgan. Yunonistonning barcha shaharlarida fors elchilari paydo bo‘lib, ular: «Bizning hukmdorimiz, buyuk shahanshoh Doro, kunchiqardan kunbotargacha barcha mamlakatlarning birdan-bir egasi sizdan yer va suv talab qilmoqdadir», deb baralla aytishardi.
Yunonistondagi ayrim shaharlar aholisi forslarga qarshilik ko‘rsatishning sira iloji yo‘q deb hisoblab, shoh Doro I ning shartlarini qabul qilishga rozi edi.
Afina va Sparta bosqinchilarga itoat etmaslikka ahd qildi. Fors elchilari Afinaga kelganda, shahar aholisi g‘azabdan ularni o‘ldirib, qoyadan tashlab yuboradi. Elchilarni chuqur quduqqa tashlab yuborgan spartaliklar esa zaharxandalik bilan: «Suvni ham, yerni ham quduq tubidan yetarlicha olasizlar», deyishgan ekan.
Fors shohi dastlab Kichik Osiyodagi yunon shaharlarini bosib olgan.
Marafon jangi
Mil. avv. 490-yil fors harbiy floti Egey dengizini kesib o‘tdi va Attika sohiliga langar tashladi. Marafon tekisligiga nayza, xanjar va o‘q-yoylar bilan qurollangan fors suvoriylari va piyoda jangchilari kemadan tushadi. Yunonlar forslarga qaraganda kam sonli edi. Shuning uchun ular fors suvoriylari uchun noqulay bo’lgan qoyali balandliklarga o’rnashib oldi. Yunon lashkari forslarni Attika ichkarisiga boradigan yo’llardan to’sib qo’ydi. Biroq ular ochiq jangga kirishdan cho’chir edi.
Bir hafta o’tdi. Sarkarda Miltiad boshchiligida jangovar falanga tartibida saflangan yunonlar Marafon tekisligida fors qo’shinlariga qarshi hujum boshladi. Qattiq jangda yunon qo’shinlari forslarni qochishga majbur qildi. Forslar o’z kemalariga qarab chekinishga majbur bo’lishdi. Yunonlar forslarning yettita kemasini egallab olgan, boshqa kemalar qochib qolgan.
Marafon jangidagi g’alabani Afinaga yetkazish uchun bir jangchi shaharga qarab yugurdi. Naq 42 kilometr yo’Ini chopib o’tgan jangchi «G’alaba! G’alaba!», deb shu zahotiyoq yuragi yorilib, jon bergan. Keyinchalik olis masofaga yugurish Marafon yugurishi deb atala boshlandi.
Fermopil jangi
Yangi urushga tayyorgarlik ketayotgan paytda Doro I vafot etdi. Yunonistonga qarshi uning o‘g‘li Kserks yurish boshladi. Mil. avv. 480-yilda Kserks qo‘shini shimoliy Yunonistonni ishg‘ol qiladi. Tog‘lardagi Fermopil darasi Yunoniston shimolidan janubiga olib boradigan birdan-bir yo‘l edi. Yunonlar o‘sha joyda pistirma qo‘yishga qaror qilishdi. Yunonlar qo‘shiniga Sparta podshosi Leonid boshchilik qilgan. U forslarning hujumlarini qaytarib turgan. Biroq bir sotqin forslarga tog‘lar orqali o‘tgan boshqa yo‘lni ko‘rsatib bergan.
Bundan xabar topdan Leonid 300 spartalikdan boshqa barcha yunon jangchilariga chekinishni buyurgan. Spartaliklarning barchasi jang maydonida qahramonlarcha halok bo‘ldi. Ushbu voqea «Uch yuz spartalik jasorati», deb tarixda mashhur bo‘lib qolgan. Fermopil jangidan keyin Kserks qo‘shinlari O‘rta Yunonistonga yetib borib, Afinani ishg‘ol qilgan.
Salamin jangi
Yunonlar va forslar o‘rtasidagi hal qiluvchi dengiz jangi mil. avv. 480-yilda tor Salamin bo‘g‘ozida bo‘lib o‘tdi. Yunonlarda 200 ta harbiy kema – triyeralar mavjud edi. Bu kemalar qoyalar orasidan va sayoz joylardan oson suzib o‘tar, o‘sha davr uchun katta – soatiga 18 kilometr tezlikda suza olgan. Yunon shahar-davlatlarining birlashgan floti forslarning harbiy flotidan kuchli bo‘lgan. Yengilganidan keyin Kserks Yunonistonni tark etishga majbur bo‘ldi.
Mil. avv. 479-yilda forslar Afinani bosib olishga yana bir marta urinib ko‘radi. Biroq yunonlarning birlashgan lashkari Plateya shahri yaqinida fors qo‘shinlarini tor-mor etdi. Bu yunon-fors urushlaridagi eng yirik jang bo‘lgan. Yunon-fors urushlari yunonlarning to‘liq g‘alabasi bilan mil. avv. 449-yildagi sulh natijasida yakunlandi.