Temirdan foydalanish
Odamlar mis va bronzaga ishlov bergan davrlardan ko‘p asrlar o‘tib, temirdan mehnat qurollari yasash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu jarayon ancha sermashaqqat bo‘lgan, negaki temir misdan ko‘ra ancha yuqori haroratda (1500°C) eriydi. Ammo temir mis va bronzaga nisbatan qattiqroq edi.
Temirdan birinchi bo‘lib Kichik Osiyodagi xettlar (mil. avv. XIV–XIII asrlar), so‘ngra qo‘shni mintaqalardagi (Mesopotamiya, Eron, Kavkazorti) xalqlar foydalana boshlagan. Temir buyumlar sekinlik bilan tarqalib borgan.
Sof temir tabiatda kamyob metall bo‘lgani uchun undan dastlab zeb-ziynat buyumlari yasashda foydalanishgan. Shunday buyumlar Misr fir’avni Tutanxamon maqbarasidan va Kavkazdagi Maykop qo‘rg‘oni yodgorligidan topilgan.
Mehnat qurollarining temirdan yasalishi eng avvalo, dehqonchilikning rivojiga ta’sir qildi. Temir omoch va boltalar paydo bo‘ldi. Bu mehnat qurollari katta maydonlarda dehqonchilikning rivojlanishiga imkon yaratdi. Miloddan avvalgi IX-VIII asrlarda temirdan yasalgan ilk mehnat qurollari O‘rta Osiyodan ham topilgan.
Ijtimoiy tuzum
Temir qurollarning keng tarqalishi mehnat unumdorligini oshirdi. Bu esa ishlab chiqarishning yanada rivojlanishiga zamin yaratdi.
Qabila-urug‘ oqsoqollarining ta’siri tobora sharoitida qabilalar ittifoqlari paydo bo‘ldi. Bu ittifoqlarga harbiy sardorlardan saylangan kishilar rahbarlik qilgan, jamiyat esa harbiy demokratiya tamoyillari asosida yashay boshladi. Temir asri boshlarida O‘rta Osiyoda aholi to‘rtta guruhga bo‘lindi: kohinlar, jangchilar, dehqonlar, hunarmandlar.
O‘rta Osiyo jamiyati asosini tashkil etgan «nmana» – katta patriarxal oilasi haqida «Avesto»dan bilamiz. Bir necha «nmana«lar urug‘ jamoasi – «vis«ni tashkil etgan. Hududiy qo‘shnichilik jamoasi esa «varzana» deb nomlangan. Bunday jamoalar qabilaga – «zantu«ga birlashgan. O‘z hududini himoya qilish uchun bir qancha qabilalar ittifoqqa – «dax’yu«ga uyushishgan. O‘rta Osiyoda temir asriga o‘tish davrida jamiyatning tuzilishi shunday bo‘lgan.