Qadimgi Yunonistonning yuksalishi


Yunon shaharlari


Yunonistonda dehqonchilik va hunarmandchilik rivoj topishi bilan shaharlar soni ham ortib boradi. Yunon shaharlarining ko‘pchiligi bir qancha manzilgohlar birlashishi yo‘li bilan tashkil topadi. Bunday shaharlar yunoncha «polis», ya’ni «shahar» deb atalgan. Ular shahar-davlatlarni tashkil etgan. Barcha shahar-davlatlar o‘z qo‘shinlariga ega bo‘lgan. Polislar bir-birlari bilan tez-tez urushib turgan. Shu sababli yunonlar askarlarga ta’lim-tarbiya berishga va durust qurollantirishga intilar edi. Qo‘shinlarning asosini og‘ir qurollangan askarlar – goplitlar tashkil etgan. Ular to‘rtburchak shaklini yuzaga keltiruvchi bir-biriga zich joylashgan qatorlar bilan jang qilishgan. Bunday jangovar safga tizilish falanga deb atalgan.

Yunon gopliti
Yunon piyodalarining safga zich tizilishi (falanga)

Afina davlati

O‘rta Yunonistonning janubi-sharqiy qismida tog‘lik Attika viloyati joylashgan yarimorol mavjud edi. Mil. avv. 2-ming yillikda Attikaning g‘arbiy qismida yunonlar «Akropol», ya’ni «Yuqori shahar» deb atalgan qal’a quradi. Bora-bora Akropol tevaragiga odamlar ko‘chib kelib o‘rnasha boshlaydi. Shu tariqa Afina shahri vujudga keldi. Attika aholisi uchta katta guruhga bo‘lingan, jumladan: fuqarolar, chet elliklar – meteklar va qullar. Otasi va onasi ozod afinalik bo‘lgan erkaklargina Afina fuqarosi bo‘la olgan. Afina davlati fuqarosi bo‘lish faxrli edi. Faqat fuqarolargina barcha huquqlardan foydalana olardi. Ular og‘ir mehnat va salomatlikka zarar yetkazuvchi ishlardan ozod qilingan edi.

Afina fuqarolari

Afina davlatiga kumush konlarining mahsuloti va tuz qazib olish katta daromad keltirgan. Bundan tashqari, Afina dengiz ittifoqi mustahkamlanishi bilan dengiz savdosi ham rivoj topadi. Afinaning asosiy portiga aylangan Pirey bandargohidan mamlakatga xilma-xil tovarlar bilan qullar ham keltirilgan.

Afina bandargohida


Afinada ta’lim


Afinada davlat maktablari bo‘lmagan. Ota-onalar o‘z bolalarini pedagogga (yunonchada «pedagog» so‘zi «bolani yo‘lda kuzatib boruvchi» ma’nosini anglatadi) haq to‘lab o‘qitishgan. Qonun bo‘yicha faqat o‘g‘il bolalar uchun ta’lim olish majburiy bo‘lgan.


Yetti yoshdan boshlab bolalarga yozuv va hisob o‘rgatilgan. Stil bilan mum surkalgan taxtachalarga harflarni metall tayoqcha bilan yozishgan. Aksariyat fuqarolar uchun ta’lim shundangina iborat bo‘lgan. Puldor ota-onalarning farzandlari esa palestra – xususiy gimnastika maktablarida tahsilni davom ettirishgan. Palestrada adabiyot o‘qitilar, she’r yozish va musiqa ham o‘rgatilar edi.
O‘g‘il bolalar 14 yoshdan gimnastika bilan shug‘ullanardi. Ayni paytda ularga kurash, nayza otish va disk uloqtirish, uzunlikka va balandlikka sakrash hamda yugurish ham o‘rgatilardi. O‘spirinlar, shuningdek, qo‘l jangi, harbiy ishlar va otga minib yurishni o‘rganishgan.


Palestralarda mashhur haykaltaroshlar ishlagan haykallar turgan. Masalan, palestralardan birida Mironning «Diskobol» («Disk uloqtiruvchi») degan haykali o‘rnatilgan. Haykal vositasida yigit kishi qanday bo‘lishi – kuchli, jismonan barkamol va o‘z vatani himoyasiga shay turishi kerakligi uqtirilgan.

Disk uloqtiruvchi. Haykaltarosh Miron

Afinada oliy ma’lumot beradigan o‘quv yurtlari ham bo‘lgan. Ammo ularda faqat o‘ta boy ota-onalarning farzandlarigina o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishgan. Bunday ta’lim muassasalarida astronomiya, geometriya, geografiya, tarix o‘qitilardi. Mil. avv. XII asrda Janubiy Yunoniston (Lakonika) hududiga doriylar qabilasi bostirib kirdi. Ular Sparta shahar-davlatiga asos soladi. Sparta eng yirik yunon davlatlaridan biriga aylandi. Spartaliklar qulga aylantirgan mahalliy aholi – ilotlar ham aslida yunonlar bo‘lib, ular bilan bir tilda so‘zlashgan.


Ilotlar spartaliklardan qattiq nafratlanar edi. Bunday sharoitda o‘z hukmronligini faqat kuch bilan saqlab qolish mumkin bo‘lgan. Shuning uchun ham spartaliklar o‘z davlatlarida alohida shart-sharoitlar yaratadi, jumladan, hamma qat’iy intizomga amal qilar, yengilganlar shafqatsiz jazolanardi. Sparta urushga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir shaharga o‘xshab qolgan. Chet elliklar Spartaga kiritilmagan. Savdo-sotiq sust rivojlangan, san’at asarlari, chiroyli ibodatxonalar ham bo‘lmagan. Hamma uylar bir-biriga o‘xshatib qurilgan.


Ilotlar kichik-kichik qishloqlarda yashagan. Ular butun boshli davlatning mulki hisoblanardilar. Ilotlar alohida spartaliklar oilasi yeriga ishlov berib, chorvani boqishgan va boshqa majburiyatlarni bajarishgan. Spartaliklar esa faqat jangchi edi. Ular dehqonchilik bilan ham, chorvachilik bilan ham shug‘ullanmagan.

Ilotlar hosil yig‘imida
Spartaliklar jangda

Ilotlardan tashqari Spartada to‘la-to‘kis huquqlarga ega bo‘lmagan, shaxsan ozod kishilar – perieklar ham yashagan.

Periek kulollar ish ustida


Qadimgi Spartada kuchli va chidamli jangchilar nihoyatda qadrlangan. Bolalar ancha qattiq sharoitda voyaga yetishgan. Sparta maktablarida bolalarni harbiy ishlarga o‘rgatib bo‘lajak jangchilar va Spartaning sodiq himoyachilari etib tarbiyalashardi. Spartalik o‘smirlar ota-onalaridan alohida yashagan. Yigirma yoshga to‘lgan hamma yigitlar jangchi qo‘shinlariga qabul qilinib, qo‘shinda keksa yoshga qadar xizmat qilgan.

Sparta fuqarolari (spartaliklar)
Spartalik jangchi