Qadimgi Yunoniston madaniyati


Gomerning «Iliada» va «Odisseya» dostonlari


Yunonlar Kichik Osiyoda joylashgan Troyaga mo‘l-ko‘l o‘lja ilinjida urush boshlagan.
Biroq yunon rivoyatlari boshqa bir sababni ham bayon qiladi. Eng chiroyli ayol Sparta podshosining rafiqasi Sohibjamol Yelena edi. Troya podshosining o‘g‘li Paris Sparta podshosinikiga keladi va Sohibjamol Yelenani Troyaga o‘g‘irlab ketadi. Voqeadan xabar topgan Sparta podshosi Parisdan qasos olishga ahd qiladi va barcha yunonlarni Troya bilan urushga chaqiradi. Yunonlar to‘qqiz yil Troyani behuda qamal qiladi.

Gomer – qadimgi yunon shoiri

Qadimgi yunon shoiri Gomer «Iliada» va «Odisseya» poemalarini yozdi. «Iliada» ana shu urushning oxirgi, o‘ninchi yili haqida hikoya qiladi. Odisseyning maslahati bilan yunonlar ayyorlikni ishga soladi: ichi bo‘m-bo‘sh ulkan yog‘och ot yasashadi. Ana shu yog‘och ot ichiga yunon qo‘shinlarining bir qismi yashiringan, qo‘shinning boshqa bir qismi esa yaqindagi orollardan biriga o‘rnashib olgan edi. Troyaliklar yunonlar qamal qilishni to‘xtatishdi va Troya homiysi Afina Palladaga xush kelishi uchun bizga ot sovg‘a qilibdi, degan xulosaga kelib, yo‘g‘och otni shaharga olib kiradi. Kechasi otning ichidan chiqqan jangchilar darvozalarni ochadi va Troya bosib olinadi. Hozirgi tillarda «Troya oti» iborasi xosiyatsiz sovg‘a-salom ma’nosini anglatadi.

Troya oti

«Iliada» dostonining bosh qahramoni Axillesdir. O‘g‘lining mangu barhayot bo‘lishini istagan ona chaqalog‘ini Stiks daryosiga botirib oladi. Ayni paytda Axillesning onasi ushlagan tovoniga suv tegmasdan qoladi. Janglardan birida Axilles tovoniga tekkan o‘qdan halok bo‘lgan. O‘sha kezlardan beri «Axilles tovoni» iborasi nozik joyni anglatadi.

«Axilles tovoni»

Troya urushi nihoyasiga yetdi. Yunonlar Troyani taladi va mo‘l-ko‘l o‘ljalar bilan uyga qaytmoqchi bo‘lishdi. Ular Egey dengizi orqali uzoq va xatarli yo‘llardan o‘tishlari kerak edi.


XIX asrning oxirida nemis olimi Genrix Shlimann Gomer hikoyalarini tadqiq qilib, Troya joylashgan yerni aniqladi. Olim Turkiyadagi Hisorlik tepaligi xarobalari hududida qazishma ishlarini boshlab yubordi va chindan ham Troya qoldiqlarini topdi.

Troya urushi

Yunonistonda teatr


Bundan ikki yarim ming yil muqaddam Yunonistonda teatr dunyoga keldi. «Teatr» so‘zi yunonchadan tarjima qilganda «tomoshalar joyi», «tomoshaxona» degan ma’nolarni anglatadi. Tomoshalar faqat bayramlarda uyushtirilgan. Erta tongdan boshlangan tomoshalar kun bo‘yi davom etardi. Tomoshabinlarga bir necha pyesalar namoyish etilardi. Teatrga kirish uchun arzimagan tomosha haqi yig‘ilgan. Qashshoq fuqarolarga teatrga borishi uchun pul berilar edi.

Yunon teatri

Sahnada barcha rollarni faqat erkaklar ijro etishgan. Namoyish ishtirokchilari quvnoq, qayg‘uli va yovuz qiyofadagi turli niqoblardan foydalanishgan. Teatrlarda o‘zaro kurash namoyish etilgan, odatda qatnashuvchi kishilar halok bo‘lishi bilan tugaydigan pyesalar tragediya deyilgan. «Shoh Edip» va «Antigona» singari eng mashhur tragediyalarni Sofokl yozgan.

Sofokl

Ajoyib qochiriqlar, quvnoq sahnalar, nozik yumorga boy komediyalar esa inson nuqsonlari ustidan kuladi. Aristofan komediyalar ustasi edi.

Teatr niqoblari

Haykaltaroshlik va me’morchilik

Yunonlar nafaqat podsholar va zodagonlar uchun saroylar, balki hamma odamlar foydalanadigan jamoat binolarini ham barpo etishgan. Haykallar va boshqa haykaltaroshlik asarlari faqat saroy a’yonlari uylarini bezamasdan, ayni paytda shahar maydonlari, ibodatxonalar, hammaga ochiq tomoshabog‘lar va stadionlarni ham bezab turgan.

Zevs va Apollon

Ibodatxonalar va boshqa jamoat binolari toshdan barpo etilgan. Xususiy uylar esa g‘ishtdan va paxsadan qurilgan.

Parfenon Afina shahri

Yunon haykaltaroshlari o‘z xudolari hamda mashhur olimlari, Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari yoki jangda zafar quchgan qahramonlar sharafiga haykallar tiklashgan.
Eng buyuk yunon haykaltaroshlaridan biri Fidiy edi. U Afinada Parfenon barpo etilishi va Akropolning qayta qurilishiga boshchilik qilgan. Uning mashhur asari, Yer yuzidagi yetti mo‘jizaning biri hisoblangan olimpiyalik Zevs haykalidir. Arxitektor va haykaltarosh Dedal Minos degan podsho uchun mashhur Labirint saroyini barpo etgan. Akropol markazida bunyod etilgan Parfenon Yunonistondagi eng a’lo marmar toshlardan qurilgan. Yorug‘lik tushishiga qarab u o‘z rangini oltin rangidan havorang yoki kulranggacha o‘zgartirib, tuslanib turgan.

Aristofan – komediyalar muallifi