Qadimgi Yunoniston afsonalari


Afsonalar: haqiqat va uydirma


Yunon afsonalari – xudolar va bahodirlar haqidagi rivoyatlardir. Ularning qahramonlari turli xil titanlar, yovuz maxluqotlar, sirenalar (yarim qush, yarim ayollar), kentavrlar (yarim otlar, yarim odamlar), sikloplar – peshonasida bitta ko‘zi bo‘lgan afsonaviy mavjudotlar va boshqalardir.

Sirenalar tasviri
Kentavr va jangchi
Siklop

Afsonalar (yunon tilida «mif») mamlakat tarixidagi qadimgi davr haqida ko‘p narsalarni bilishga imkon beradi. Ular Olamning yaratilishi, Yer yuzida hayot va odamning paydo bo‘lishi, qahramonlar jasorati va dengiz sayohatlari haqida hikoya qiladi.


Yunon afsonalari rang-barang va qiziqarlidir. Olam va xudolarning kelib chiqishi haqidagi afsona ham maroqli. Eng avvalo (Yer va Osmon) Geya va Uran paydo bo‘ldi. Ularning farzandlari – titanlar Olimp tog‘ida yashovchi xudolar ularni taxtdan ag‘darmaguncha olamga hukmronlik qilgan. Afsonalarda aytilishicha, azalda Yer hamma tomondan dengizlar bilan o‘ralgan. Dastlab ularning hukmdori Okean degan titan bo‘lgan. Atlas degan titan ulkan osmon gumbazini yelkasida suyab turgan. Yunonlarning rivoyatlari Gerakl, Axilles va boshqa bahodir qahramonlar jasorati haqida ham hikoya qiladi. O‘n ikki jasorati tufayli Gerakl Olimp tog‘idagi xudolar saltanatida faxrli o‘ringa ega bo‘lgan ekan.


Qadimgi yunonlarning xudolari


Qadimgi yunonlar ham ularning hayoti va tevarak olam ko‘zga ko‘rinmas sirli kuchlarga tobe ekanligiga ishongan. Bu ko‘rinmas kuchlarni yunonlar xudolar deb atagan. Xudolar ularning Yer yuzi va marhumlar saltanatidagi hayotida hukmron edi. Qadimgi yunonlarning uch xudosi Olamni boshqarar edi: Zevs osmonda, Poseydon dengizda, Aid marhumlar saltanatida oliy xudo deb hisoblangan. Qolgan xudolar esa dehqonchilik va hunarmandchilik, san’at va she’riyat, muhabbat va go‘zallik homiylari bo‘lishgan. Urush va g‘alaba, adliya, uyqu va tonggi shafaq xudolari, shuningdek, past tabaqali ma’budlar satirlar va nimfalar ham mavjud bo‘lgan. Ular o‘rmonlar, daryolar va tog‘larda yashaydi deb tasavvur etilgan.

Aid – marhumlar saltanatining xudosi
Qadimgi yunonlarning xudolari
Dionis – uzumchilik xudosi
Gefest – temirchilik va hunarmandchilik xudosi
Artemida – ov xudosi

Qadimgi yunonlarning xudolari va ilohalari ham odamlarga ancha o‘xshaydi. Yunonlar Olimp tog‘i xudolari timsolini tasvirlar ekan, ularni qizg‘anchiq va shafqatsiz, kunni bazmi jamshid va ermakbozlikda o‘tkazadi, bir-biri bilan tortishadi, deb hisoblashgan. Xudolar qattiqqo‘l va qasoskor. Yunonlarning xudolari xohish-irodasiga qarshi borganlarni shafqatsiz jazolaydi. Shuning uchun ham yunonlar o‘zlari yaratgan xudolardan qo‘rqishar, ular sharafiga ko‘plab ibodatxonalar barpo etib, qurbonliklar qilishgan.

Ares – urush xudosi
Demetra – dehqonchilik va hosildorlik xudosi