Qadimgi Misrda din


Misrliklarning xudolari


Misr aholisi uchun din kundalik turmushning ajralmas bir bo‘lagi hisoblangan.
Qadimgi misrliklar xudolar hayvonlar siymosiga o‘tib olib, mushuk, qo‘y, ho‘kiz, arslon, sigir shaklida odamlar orasida yashaydi, deb hisoblashgan. Misrliklar xudolarning bir qancha joni mavjud: ulardan biri hayvon tanasida, boshqasi esa haykalida yashaydi, deb o‘ylashgan. Kohinlar – ibodatxona ruhoniylari, xudolarni dindorlar in’om tariqasida keltirgan narsalar bilan boqish kerak, deb ishonishgan.
Qadimgi Misr podsholigining poytaxti Memfisning bosh xudosi – Ptax bo‘lgan. Ptax misrliklar e’tiqodicha, shunchalik qudratliki, uni asl qiyofasida ko‘rishning iloji yo‘q. Shu sababli ham bu xudoning Yer yuzidagi qiyofasi Apis bo‘lib, u peshanasi va belida oq qashqasi bo‘lgan qora ho‘kiz timsolida tasavvur etilgan.

Apis. Buqa timsolidagi hosildorlik xudosi

Mil.avv. 2-ming yillikdan boshlab esa Quyosh xudosi Amon-Ra fir’avnlarning bosh ilohi va homiysi hisoblangan. Dastavval ikkita xudo bo‘lgan: Fiva shahri homiysi Amon va Quyosh xudosi Ra, so‘ngra ikkalasi yagona xudoga birlashgan.

Quyosh xudosi – Amon-Ra

Fir’avnlar Quyosh xudosining o‘g‘illaridir, hukmdorlar hamma ishni o‘zining samoviy otasi amri bilan amalga oshiradi, degan qarash mavjud bo‘lgan.
Xapi – Nil xudosi – Misrdagi hayotning birlamchi manbai va posboni, Osiris – yerosti saltanati xudosi hisoblangan. Rivoyatda aytilishicha, Osiris Misrning ilk podsholaridan biri bo‘lib, o‘z xalqini dehqonchilikka o‘rgatgan. Birodari Set esa Osirisni o‘ldiradi. Ammo Osirisning xotini Isida uni mumiyolagan va qayta tiriltirgan ekan. O‘shandan boshlab jon qaytib keladigan bo‘lishi uchun barcha marhumlar mumiyolanadi.

Isida – Osirisning xotini

Kohinlar va ibodatxonalar


Kohinlar xudolar va odamlar o‘rtasida vositachi bo‘lishgan. Kohinlar diniy marosimlarni bilar, qurbonlik o‘tkazar edi. Kundalik turmushda ham kohinlarsiz biron ish qilish mushkul edi. Kohinlar Nil toshqini vaqtini, qachon urug‘lik sochish va hosilni yig‘ishtirib olish muddatini aniq bilishgan. Barcha «nom»larda ibodatxonalar bo‘lgan, fir’avnlar ularga katta-katta boylik va yerlar hadya etishardi.

Tot – Oy, donishmandlik va tabobat xudosi
Anubis – marhumlar va mumiyolanganlar xudosi
Maat – haqiqat va adolat ilohasi
Xatxor – musiqa,go‘zallik va sevgi ilohasi