Qadimgi Misr


Qadimgi misrliklarning qo‘shnilari


Misr janubdan Nubiya bilan chegaradosh bo‘lgan. Bu mamlakatga misrliklar Nil bo‘ylab oltin, qatron, fil suyagi, nodir navli yog‘ochlarni ayirboshlash uchun borgan. Misr g‘arbida, Liviya cho‘lida shu nomdagi mamlakat joylashgan edi. Sahro aholisi ko‘chmanchi chorvadorlar bo‘lgan. Quyi Misrdagi Memfis shahri orqali o‘tadigan yo‘l Sinay yarimoroliga olib borgan, bu yerda esa mis qazib olingan. Sinay yarimorolidan shimolroqda Falastin, uning yonboshida Suriya joylashgan. Bu mamlakatlar mis va temir rudasiga hamda boshqa foydali qazilmalarga boy bo‘lgan. Misrliklar Falastin va Suriyadan hunarmandlar yasagan nodir buyumlar va qimmatbaho toshlarni olib kelgan.

Tutanxamon taxti

Fir’avnlarning istilolari


Qadimgi podsholik davrida Sinay yarimoroli bosib olinadi, mahalliy qabilalar Misrga soliq to‘lay boshlashdi. Fir’avnlar Nubiya va Liviyaga ham yurish qilib, shaharlarni talaydi, asirlar, chorva mollari va boshqa boyliklarni egallab oldilar. O‘rta podsholik fir’avnlari Janubiy Falastin yerlari va Nubiya shimolini Misrga qo‘shib olishga erishgan.


Mil. avv. XVIII asr oxirida ko‘chmanchi giksos qabilalari Misrga hujum qildi. Misrliklarning piyoda qo‘shinlaridan farqli o‘laroq giksoslarning asosiy kuchi otlar qo‘shilgan jangovar aravalari bo‘lgan. Bir askar otlarni boshqarib turgan, ikkinchisi esa kamondan dushmanlarni nishonga olib o‘q uzgan.

Qadimgi Misr jangchilarining sopoldan yasalgan haykallari

Quyi Misrni bosib olgan giksoslar misrliklarning shahar va qishloqlariga hujum qildi, ularni ayovsiz taladi va odamlarni asirlikka haydab ketdi. Bu vaqtda O‘rta podsholik ko‘plab mayda «nom«larga bo‘linib ketgandi, ular giksoslarga soliq to‘lardi. Faqat Fiva shahri hukmdorlarigina giksoslarga itoat qilmadi. Bosqinchilar zulmidan xalos bo‘lish taraddudiga tushib qolgan «nom«lar hukmdorlari Fiva shahri atrofiga birlasha boshladi.


Bir qancha janglarda Fiva «nom»ining fir’avni Yaxmos giksoslarni tor-mor etib, bosqinchilarni Misrdan haydab chiqardi. Itoatsiz hukmdorlarni o‘ziga bo‘ysundirgan Yaxmos yangi fir’avnlar sulolasi asoschisiga aylandi, ana shu fir’avn zamonidan Yangi podsholik davri boshlandi.


Fir’avnlar yurishlarining natijalari


Yangi podsholik hukmdorlari qo‘shni davlatlar bilan kurashni endi bosqinchi sifatida davom ettirishdi. Fir’avnlar Nubiya va Old Osiyo mamlakatlariga hujumni boshlab yubordi. Fir’avn Tutmos II Falastin, Finikiya va Suriyani istilo qilishni boshladi. Undan keyin fir’avn Tutmos III yurishlarni davom etdi. Old Osiyoda misrliklar hukmronligi o‘rnatildi.

Tutmos III jangchilari shaharga hujum qilmoqda

Bo‘ysundirilgan xalqlar misrliklardan nafratlanib, o‘z erk va ozodliklari uchun kurashgan. Misr fir’avnlari bir necha yil mahalliy qabilalar bilan urushdi. Bu fir’avnlar sillasini quritdi, davlat zaiflashib qoldi, Yangi podsholik ham alohida «nom»larga tarqalib ketdi.


Mil. avv. VII asrda Misr yana yagona davlatga birlashdi, mamlakat iqtisodiyoti va madaniyatida yuksalish boshlandi. Ammo tez orada Misrga yangi bir dushman bostirib kiradi. Forslardan ulkan lashkar to‘plagan shahanshoh Kir II ning o‘g‘li Kambiz II mil. avv. 525-yilda Misrni bosib oldi.

Misrliklarni qadimgi fors podshosi Kambiz II asirlikka olib ketmoqda