Yozuv
Qadimgi misrliklar yozuvi insoniyatning ilk yozuvlaridan biri edi. Avvaliga har bir so‘z rasm ko‘rinishida yozilgan. Yozuvdan duolar va marosimlarni yozib borishda foydalanishgan. Shuning uchun ham uni «muqaddas» yoki «xudolar kalomi» deb nomlashgan.
Qadimgi yunonlar ularni «iyerogliflar» deyishgan («toshga chekilgan muqaddas bitiklar» ma’nosini anglatadi). Yozuvlar maqbaralarning devorlariga va xudolar haykallariga o‘yib yozilgan. Yozuv uchun tosh va sopoldan ham foydalanilgan.
Misrliklar alifbosi 750 iyeroglifdan iborat bo‘lgan. Har bir so‘z o‘zida bir qancha ramzlar va timsollarni ifoda etgan. Iyerogliflarni o‘rganish ancha qiyin ish bo‘lib, savod chiqarish ko‘pchilikka ham nasib etavermagan. Iyerogliflarni qamish qilqalam bilan papirusga, ya’ni papirus poyasidan ishlangan qog‘ozga yozishgan. Turli rangdagi mineral bo‘yoqlar siyoh vazifasini o‘tagan. Ta’lim ola yotganda sopol buyumlar parchasiga yoki ohaktoshga yozishgan. Husnixat san’atini egallagan kishilar yuksak saviyadagi ma’lumotli va savodxon kishilar sanalgan, ular katta imtiyozlarga ega bo‘lib, izzat-hurmatda bo‘lgan.
Iyerogliflar sirining kashf etilishi
Taniqli fransuz olimi Jak-Fransua Shampolyon 1822-yilda jahonshumul ahamiyatga molik kashfiyot qildi: u birinchi bo‘lib Misr matnlarini o‘qishga erishdi. Bu kashfiyotga Qohira shahridan uncha uzoq bo‘lmagan Rozett shahri yaqinidagi bir toshga chekilgan qadimgi Misr va qadimgi yunon tillaridagi bir xil ma’nodagi bitik sabab bo‘ldi. Yunon tilidan tarjima qilish qiyinchilik tug‘dirmadi, matnlarni taqqoslab ko‘rib, har bir iyeroglif anglatgan ma’noni tushuntirib berish imkoni topildi.
Ana shu kashfiyotdan keyin papiruslarga bitilgan ko‘plab matnlar, ibodatxonalar va piramidalar devorlaridagi bitiklar ko‘p asrlik jimjitlikdan so‘ng «tilga kirdi». Tarixchilar esa Qadimgi Misr sivilizatsiyasini o‘rganish uchun muhim va ishonchli manbaga ega bo‘lishdi. Bugungi kunda Rozett bitiktoshi Londondagi Britaniya muzeyida saqlanmoqda.
Nazariy bilimlarning dunyoga kelishi
Misrda nazariy bilimlarning dunyoga kelishi va rivoj topishi misrliklarning kundalik hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan. Ziroatchilar qachon urug‘likni yerga qadash, qay mahalda hosilni yig‘ishtirib olishni bilishi zarur edi. Bu muddatlarni misrliklar yulduzlarga qarab aniqlagan. Shu tariqa, astronomiya, ya’ni yulduzlar haqidagi fan dunyoga keldi.
«Yulduzlarni kuzata turib misrliklar yil davomiyligini 365 kun etib aniq-raso belgiladi, birinchi bo‘lib taqvim tuzdi, 365 kunni esa 30 kundan 12 oyga taqsimladi, ortib qolgan 5 kunni bayram kunlari sanab, hisobga kiritishmadi.»
Anhorlar qazilayotganda, istalgan imorat va inshootni barpo etayotganda maydon hajmini o‘lchash zarur edi, shu tariqa geometriya fani – yer yuzasini o‘lchash ilmi dunyoga keldi. Misrliklar nafaqat oddiy arifmetik hisoblashni, qolaversa kasrlar, maxrajlar va murakkab hisob-kitoblarni ham bilishgan. Matematika fani ana shu asosda taraqqiy etdi.
Misrda asosiy o‘lchov birligi «tirsak» bo‘lib, u tirsakdan barmoqlar uchigacha bo‘lgan uzunlikka teng edi. Qo‘llar uzunligi turlicha bo‘lgani sababli «podsho tirsagi» degan yagona o‘lchov joriy etilgan, u 52,5 santimetrga teng bo‘lgan. Bundan ham qisqa uzunliklarni o‘lchashda kaft yoki barmoqlardan foydalanilgan.
Misrda vaqt 24 ta bo‘lmaga ajratilgan maxsus idishdan iborat bo‘lgan suv soatlari yordamida o‘lchangan. Bir bo‘lmadan ikkinchisiga oqib o‘tadigan suvning hajmi bir soat deb hisoblangan.