Old Osiyo davlatlari


Mil. avv. 2-ming yillikda Old Osiyo hududida yashagan xalqlarni birlashtirgan ilk davlatlar vujudga kela boshladi: Ossuriya, Xett, Mitanni kabi davlatlar va Finikiya shahar-davlatlari shular jumlasidandir. Bu davlatlar doimiy bosqinchilik va mudofaa urushlari olib borgan.

Ossuriya podsholigi

Qadim zamonlarda ossuriyaliklar Frot va Dajla daryolari yuqori oqimidagi kichik hududni egallashgan. Avval Oshshur shahri, keyin esa Nineviya shahri poytaxt bo‘lgan. Aholisining asosiy mashg‘uloti dehqonchilik va savdo-sotiq edi.

Ossuriya poytaxti Nineviya shahri. Tiklangan
Sher bilan jang. Nineviya saroyi devoriga o‘yib ishlangan tasvir

Ossuriyaliklar jangari xalq bo‘lgan. Ular qo‘shni yerlarga tez-tez hujum qilib turardi. Ossuriyaliklarning qudratli lashkari har yili yangi yerlarni zabt etishga erishgan. Bo‘ysundirilgan xalqlar Ossuriya hukmdoriga katta miqdorda o‘lpon to‘lagan.

Ossuriyalik kamonchi

Shaharni bosib olgan ossuriyaliklar qal’a devorlarini, uylar va ibodatxonalarni buzib tashlab, aholini asirlikka haydab olib ketgan.

Ossuriyaliklarning shaharni bosib olishi tasviri

Yurishlarda raqiblardan tortib olingan hamma narsa poytaxtga oqib kelar edi. Ulug‘vor saroylar va ibodatxonalar boylikka to‘lib ketgan. Oshshurbanapal hukmronligi davrida Nineviyada Old Osiyodagi eng yirik sopol taxtachalardan iborat kutubxona jamlangan edi.

Oshshurbanapalning mixxat yozuvidagi kutubxonasi

Asta-sekin Ossuriya davlati zaiflashib bordi. Mil. avv. 605-yilda Ossuriya qo‘shinlari Bobil va Midiya tomonidan qirib tashlangandan keyin davlat zavolga yuz tutdi.

Ossuriya podsholigi

Xett va Mitanni podsholigi


Taxminan mil. avv. XVIII asrda Kichik Osiyo markazida (hozirgi Turkiya hududida) xettlar degan shimollik xalq o‘z davlatiga asos soladi. Xattusa shahri ana shu davlatning poytaxti bo‘lgan. Aholining asosiy mashg‘uloti dehqonchilik va chorvachilik edi. Xettlar qo‘shni mamlakatlar bilan doimiy urushlar olib borishgan. Jangovar aravalar va temir uchli nayzalardan foydalanishgan.

Xettlar jang oldidan

Hozirgi Suriya hududida vujudga kelgan qo‘shni Mitanni podsholigi xettlarning xavfli raqibiga aylandi. Urushlarda mitanniliklar otliq qo‘shindan foydalanishgan.
Tarixda nomlari noma’lum xalqlar (ularni «dengiz xalqlari» deb atashgan) xettlar poytaxtini bosib olib, shaharni butunlay vayronaga aylantirdi. Davlat nuradi, xettlar esa boshqa xalqlarga singishib ketdi.


Urartu podsholigi


Urartu davlati Kavkazortidagi hozirgi Turkiya sharqiy qismida va Armaniston hududlarida joylashgan. Aholisini urartlar deyishgan. Yagona davlat tashkil topishini mudofaa qilish zarurati Ossuriya hujumlaridan tezlashtiradi. Mil. avv. IX–VIII asr boshlarida Urartu davlati gullab-yashnadi. Tushpa shahri Urartu davlati poytaxtiga aylanadi. Urartlar bir necha bosqinchilik yurishlariga chiqishadi va ossuriyaliklar ustidan g‘alaba qozonadi. Ammo keyinroq ossuriyaliklarning qo‘shinlari urartlarni tor-mor etib tashladi. Teyshebaini shahridagi qal’a ish g‘ol etildi va vayron qilib tashlandi. Shundan keyin Urartu podsholigi ancha zaiflashib qoldi.

Teyshebaini shahridagi qal’a

Finikiya va Falastin


Qadim zamonlarda Finikiya O‘rtayer dengizining sharqiy qirg‘og‘i bo‘ylab hozirgi Livan hududida va Suriyaning bir qismida joylashgan. Savdo-sotiq finikiyaliklarning asosiy mashg‘ulotlaridan biri bo‘lgan. Finikiyaliklar qo‘shnilariga yog‘och, metallar va gazlamalar sotardi. O‘rtayer dengizi sohilida Tir, Sidon, Ugarit singari yirik dengizbo‘yi shaharlari vujudga keladi.

Finikiyaliklar

Mil. avv. X asrda Finikiyada 22 undosh harfdan iborat bo‘lgan alifbo yaratildi.
Yunonlar ana shu alifboni o‘zlashtirib, unga unli harflarni ham qo‘shib qo‘yadi.

Mil. avv. XI asrda Falastin hududida Isroil podsholigi vujudga keldi, keyinchalik u Yahudiy podsholigi bilan birlashdi. Ko‘p o‘tmay Yahudiya Bobil podsholigi tomonidan bosib olindi.

Yahudiya podsholarining qasri. Tiklangan

Qadimiy yahudiylarning afsonalari diniy kitoblarga yozib borilgan. Bu kitoblar to‘plami «Bibliya«ga jamlangan, bu so‘z yunonchada «kitob» degan ma’noni anglatadi. «Bibliya«da Olam, Yer yuzidagi ilk odamlar – Odam ato va Momo havoning yaratilishi, Yer yuzini To‘fon bosishi haqida va boshqa rivoyatlar mavjud.