Miloddan avvalgi III-mil. II asrlarda Xitoy


Markazlashgan davlatning tashkil topishi


Mil. avv. 246-yilda Xitoyni o‘z hokimiyati ostida birlashtirgan hukmdor Sin Shixuandi nomini qabul qilgan. Bu nom «Sinning birinchi hukmdori» degan ma’noni bildiradi. O‘z davlati hududini 36 viloyatga taqsimlagan hukmdor har biriga noiblarini rahbar etib tayinladi. Sin Shixuandi hali tirikligidayoq o‘ziga atab maqbara qurishga farmon bergandi. Hashamati va bezaklari jihatidan bu maqbara Misr piramidalari bilan bellasha oladi. Maqbarani 720 ming odam 37 yil mobaynida bunyod etgan. Maqbara bir necha kvadrat kilometr maydonga joylashgan. Sin Shixuandi qabridan hukmdorni «qo‘riqlash» uchun o‘rnatilgan 6 mingta sopol askarlar haykallari topilgan.

Askarlarning sopol haykallari. Sin Shixuandi maqbarasi

Sin Shixuandi o‘z davlatini ko‘chmanchi xunnlarning hujumlaridan himoya qilish uchun Shimoliy Xitoy bo‘ylab qurilgan mudofaa devorini yanada mustahkamlashni buyurgan. Devorni qurish ishlari dastlab mil. avvalgi IV asrda boshlangan. Bu devor tarixda Buyuk Xitoy devori deb atalgan. Uning balandligi 6-10 metr, qalinligi 5-8 metr, uzunligi esa qariyb 4000 kilometrni tashkil etadi. U qadim zamonlarda dushman qo‘shinlari uchun jiddiy to‘siq bo‘lib xizmat qilgan: otliq qo‘shinlar undan oshib o‘ta olmas, qal’alarni hujum bilan zabt etishni esa ko‘chmanchilar hali uddalay olmas edi. Podsho va amaldorlar devor qurilishida minglab dehqonlarni majburan ishlatgan.

Buyuk Xitoy devori

Xitoyda xalq qo‘zg‘olonlari


Mil. avv. 206-yilda Sin sulolasiga qarshi dehqonlar qo‘zg‘oloniga Lyu Ban boshchilik qilgan. Qo‘zg‘olonchilar poytaxtni egallab oladi. Shu tariqa Sin podsholigi tugatildi va Xan sulolasi hukmronligida yangi davlat barpo etildi. Bu sulola davlati U-Di hukmronligi davrida eng qudratli davlatga aylandi.

Xan sulolasining hukmdori – U-Di

Sharqning boshqa davlatlaridagi kabi Xitoyda ham mavjud yerlar hukmdorniki hisoblangan, aholi soliqlar to‘lab, turli mehnat majburiyatlarini bajarishgan. Og‘ir mehnat evaziga yetishtirilgan hosil ko‘pincha dehqonning o‘ziga nasib etavermasdi.


Jabr-zulm hamisha xalq noroziligini kuchaytirib yuboradi. Davlatning turli joylarida qo‘zg‘olonlar boshlanib ketadi. Ulardan biri milodning boshlarida «qizil qoshlilar» qo‘zg‘oloni nomini olgandi, chunki qo‘zg‘olon ko‘targanlar o‘z odamlarini chalkashtirib qo‘ymaslik uchun qoshlarini qizil rangga bo‘yab olgan edi. «Sariq ro‘mollilar» qo‘zg‘oloni II asrdagi eng yirik isyon bo‘ldi. Qo‘zg‘olon butun mamlakatni qamrab oldi. Faqat hukmdorning yaxshi qurollangan va harbiy ta’lim ko‘rgan qo‘shinlarigina uni bostirishning uddasidan chiqishdi. Xunnlar hujumlari kuchayishi bilan davlat ham zaiflashdi. Milodiy III asrda Xan davlati uchta podsholikka parchalanib ketdi.

Xitoydagi xalq qo‘zg‘oloni

Qadimgi Xitoy madaniyati


Qadimgi Xitoyda o‘ziga xos yuksak madaniyat yaratilgan. Mahalliy aholining kundalik hayoti ziroatchilik, hunarmandchilik, binokorlik va boshqa sohalar bilan bog‘liq bo‘lib, ilmiy bilimlarning rivojlanishini taqozo etgan.

Xitoy chinnisi

Shu tariqa matematika, astronomiya va geografiya fanlari rivoj topgan. Shuningdek, qadimiy xitoyliklar me’morchilik va haykaltaroshilik sohalarida katta yutuqlarga erishgan. Qadimgi Xitoyda so‘z va jumlalarni ifodalagan iyeroglif yozuvi mavjud bo‘lgan. Avvaliga xitoyliklar yozuvda bambuk taxtachalaridan foydalangan.

Bambuk taxtachalardagi yozuvlar
Suyakka bitilgan Xitoy yozuvi

Bundan 2,5 ming yil muqaddam yozuv uchun bambuk o‘rnida shoyidan foydalanishga o‘tildi. Shoyi matolariga mo‘yqalam bilan yozilgan. Endi kitob uzun shoyi parchasiga o‘xshar va tayoqchaga o‘ralardi. Mil. avv. I asrga kelib esa qog‘oz ixtiro qilindi. Xitoyliklarning eng ajoyib ixtirolaridan biri kompas bo‘lgan. U magnitlangan temirdan yasalgan uzun dastali katta qoshiqni eslatar edi. Bu moslamani kataklarga ajratilgan zarhallangan yog‘ochga o‘rnatishgan, uning dastasi esa hamma vaqt janubni ko‘rsatgan. Xitoyda zilzilani oldindan aniqlab beruvchi seysmograf ham ixtiro qilingan.

Xitoyda ixtiro qilingan kompas
Seysmograf
Qadimgi Xitoy tarixchisi Sim Syan