Eng qadimgi odamlarning rivojlanish bosqichlari


Eng qadimgi odamlar


Yer yuzidagi dastlabki odamlar qaddi-qomatini tik tutib yurgani, mehnat qurollarini yasash va ularni ishlatishni bilgani uchun hayvonot dunyosidan farqlanib turishgan.
Olimlar turli mintaqalardan o‘ta sodda tosh mehnat qurollari yasashni biladigan eng qadimgi odam suyaklari qoldiqlarini topib o‘rgangan, jumladan, Janubiy Afrikadan – avstralopitek, Sharqiy Afrikadagi Zinj vodiysidan – zinjantrop, Yava orolidan (Indoneziya) – pitekantrop, Xitoy hududidan – sinantrop, shuningdek, Germaniyadan – neandertal va Fransiyadagi Kromanyon g‘oridan – hozirgi qiyofadagi odam – kromanyon suyaklari topilgan.


Yer yuzida iqlim iliq bo‘lgan davrlarda odamlarning makonlari kichik daryolar yoki buloqlar yaqinidagi tepaliklarda joylashgan. Ilk paleolitning oxirlariga kelib Buyuk muzlik davri boshlandi. Ibtidoiy odamlar o‘ta qattiq sinovga duch keldi. Bu hol odamlarni yangicha turmush sharoitiga moslashishga undadi. Bunday paytda kuchlilargina yashab qolgan.

Tog’ darasi

Eng qadimgi odamlarning mashg‘ulotlari


Tarix fanida eng qadimgi odamlar ibtidoiy odamlar deb ataladi. Ularning makonlari Afrika, Osiyo va Yevropaning ko‘pgina hududlaridan topilgan. O‘rta Osiyoda toshdan yasalgan qadimiy mehnat qurollari Farg‘ona vodiysidagi Selungur makonidan va Toshkent vohasidagi Ko‘lbuloq manzilgohidan ham topilgan. Bular qo‘pol tosh qurollar bo‘lib, ularning bir tomoni urib o‘tkirlangan. Arxeologiya fanida bu tosh qurollar chopperlar deb nomlangan. Mehnat qurollari odamlarga yegulik topish uchun kerak bo‘lgan. Dastlabki mehnat qurollari sodda edi. Uchi o‘tkirlangan tosh va tayoq bilan qurollangan odam hayvonlarni ovlagan, uchi o‘tkir tayoq yordamida o‘simliklarning iste’molga yaroqli ildizlari va ildizmevalarini kovlab olgan.

Ayiq ovi


Tabiat insonga nimani in’om etsa, odam shuni olgan, topgan yeguligi bilan qanoatlangan. Shuning uchun ham kishilarning eng qadimiy mashg‘uloti bo‘lgan termachilik va ovchilik o‘zlashtiruvchi xo‘jalik deb ataladi. Boysun tog‘laridan topilgan Teshiktosh g‘ori o‘rta paleolit davri madaniyatining jahonga mashhur yodgorligi hisoblanadi. Teshiktosh g‘oridan tosh qurollari va ularning parchalari, tog‘ echkisi, kiyik, yovvoyi ot, qoplon, quyon, mayda kemiruvchilar, shuningdek, qushlarning suyaklari topilgan. Teshiktosh g‘orida topib tekshirilgan, tosh asriga mansub 8 – 9 yashar neandertal bolaning suyak qoldiqlari eng mashhur topilmadir.

Neandertal bola (Teshiktosh)


Bola jasadi qabrga ko‘milgan. Jasad atrofiga tog‘ echkisi shoxlari qadab chiqilgan. Murdaning dafn etilishi dastlabki diniy e’tiqodlar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Diniy e’tiqodlarning vujudga kelishi

Teshiktosh g’ori topilmalari


Mehnat faoliyati, tevarak olam haqida to‘plangan bilimlar asta-sekin insonning fikrlash qobiliyati va tafakkurini o‘zgartirib bordi. Odamlar o‘zlariga tushunarsiz bo‘lgan hodisalar haqida o‘ylay boshladilar: kun bilan tun, yil fasllari almashishi, vulqonlar otilishi, yer qimirlashi va boshqa tabiat hodisalari odam e’tiborini o‘ziga tortgan. Ana shu hodisalarning sabablarini tushuna olmagan inson momaqaldiroq, yashin, shamol, yomg‘ir kabi tabiat kuchlariga sig‘ina boshladi. Ovchilik va termachilik rivojlangan davrda inson o‘zini tabiiy muhitdan hamda o‘rab olgan hayvonot va o‘simliklar olamidan ajratmagan. U tabiatni jonli deb hisoblagan. Odamlar tabiatdagi turli hodisalar negizida g‘ayritabiiy kuchlar yashiringan deb o‘ylagan. Ular ana shu kuchlarga e’tiqod qilishgan.

Odamlar guruhi jamoasining biror hayvon yoki o‘simlik turi bilan qarindoshlik aloqasiga ishonish totemizm deb ataladi. Odamni o‘rab turgan muhitda jonlar va ruhlarning mavjudligiga e’tiqod fanda animizm nomini olgan. Qadimgi odamlar u yoki bu buyumlar omad keltirishiga yoxud balo-qazoni bartaraf etishiga ham e’tiqod qilgan. Bu e’tiqod fetishizm nomini olgan. So‘nggi paleolit davriga oid g‘orlar devorlarida topib tekshirilgan rasmlar ham qadimgi odamlarning diniy tasavvurlari to‘g‘risida hikoya qiladi. Bunday rasmlardan eng qadimiylari Ispaniyadagi Altamir, Fransiyadagi Lasko va Boshqirdistondagi Kapova g‘orlaridan topilgan.

Qadimgi rassom

Paleolit davri manzilgohlari

Odamlar mazkur rasmlar bo‘lajak ovda ularga yordam beradi, deya ishonishgan. Rasmlar qarshisida hayvonlar harakatlariga taqlid qilib, raqsga tushishgan, ov manzaralarini tasavvurga keltirishgan, nayza uloqtirishni mashq qilishgan.

Ovga tayyorgarlik mavsumi
O‘q-yoy bilan ov qilish tasviri


Qadimgi rasmlar qimmatli tarixiy manbalardir. Ular inson nimalar haqida o‘ylagani, tevarak dunyoni qay yo‘sinda tasavvur etgani, qaysi hayvonlarni ovlagani, qanday mehnat qurollari va qurol-yarog‘dan foydalanganini bilib olish va tushunishga yordam beradi.

Qadimda devoriy rasmlarni chizish


Odamning o‘zini qurshab turgan tevarak olamni tushunishga intilishi eng qadimgi tasviriy san’at rivojlanishi uchun asos bo‘lib xizmat qildi.