Metall davrining asosiy xususiyatlari
Neolit davrining oxirida odamlar misdan mehnat qurollari yasay boshlashdi.
Misdan yasalgan mehnat qurollarining qurollar bilan ishlatilish davri eneolit – mis-tosh asri deb ataladi. Bu davr mil.avv. 4–3- ming yillikning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Metallurgiya rivoji kishilarning moddiy va ma’naviy madaniyatiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Mil. avv. 4-ming yillikda Qadimgi Sharqda ilk shaharlar va davlatlar vujudga kela boshladi.
O‘rta Osiyo janubida sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik vujudga keldi, xom g‘ishtdan ko‘p xonali uylar qurila boshlandi, idishlarni pishirish uchun kulolchilik xumdonlaridan foydalanishga kirishildi. Sopol idishlar hayvonlarning, qushlarning tasvirlari va o‘simlik naqshlari (yaproqlar, gullar) bilan bezatila boshlandi.

Odamlar misni eritib, qalay, qo‘rg‘oshin yoki rux bilan qo‘shib, bronza olishni o‘rgandi. Bronza misdan ko‘ra ancha qattiqligi tufayli mil. avv. 3-ming yillik o‘rtalaridan boshlab asta-sekin mehnat qurollari, qurol-yarog‘lar va zeb-ziynatlar tayyorlashda ishlatiluvchi asosiy ashyoga aylanib qoldi.

Bronza mehnat qurollariga ega bo‘lgan odamlar endi dalalarga ancha durust ishlov berish va ekin maydonlarini kengaytirish imkonini qo‘lga kiritdi. Natijada ular ixtiyorida ortiqcha miqdorda qishloq xo‘jalik mahsulotlari vujudga keldi. Chorvachilik asta-sekin dehqonchilikdan ajralib chiqa boshladi.

Patriarxatning boshlanishi
Tarixning ko‘p davrlari davomida urug‘ jamoasidagi muhim ishlar ayollar zimmasida bo‘lib (bolalarni tarbiyalash, ovqat tayyorlash, hayvon terilarini tozalash, kiyim-bosh tayyorlash), jamoada ularning, ayniqsa, yoshi katta ayollarning mavqeyi erkaklarnikiga nisbatan ancha baland bo‘lgan. Omoch bilan yer haydab, ziroatchilik qilish, chorvachilik, hunarmandchilikning vujudga kelishi natijasida urug‘ni yetarli mahsulotlar bilan ta’minlash erkaklar qo‘liga o‘tdi. Uy xo‘jaligi yumushlari ayollar zimmasida qoldi.
Endi urug‘chilik oilasida erkaklar muhim o‘rin tuta boshladi. Qarindoshchilik erkaklar tomonidan belgilanadigan bo‘ldi va patriarxat davri boshlandi. Oila ota tomonidan yaqin qarindoshlarning bir necha avlodlaridan tashkil topadigan bo‘ldi.
Bronza davri manzilgohlari
Mil. avv. 3-ming yillik oxirlari – 2 ming yillikka oid manzilgohlardan biri Zarafshon daryosi havzasidagi Zamonbobo ko‘li yaqinidan topilgan (Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani). Xorazm vohasida ham bronza davriga oid manzilgohlar o‘rganilgan.



Arxeologlar Surxondaryo vohasidan qadimgi ziroatchilar manzilgohlaridan biri bo‘lgan Sopollitepani topishdi (Muzrabod tumani). Qazishmalar davomida bu yerdan xom g‘ishtdan qurilgan uy-joylar, sopol buyumlar, bronzadan yasalgan mehnat qurollari va zeb-ziynatlar yasalgan ustaxona qoldiqlari, shuningdek, yirik xumlarda saqlangan bug‘doy va arpa doni topilgan.

Surxon vohasida (hozirgi Sheroboddan uncha uzoq bo‘lmagan joy) Jarqo‘ton manzilgohi vujudga kelgan. Jarqo‘ton qurilishi tarixida ilk shahar alomatlari ko‘zga tashlanadi. U ikki qismdan iborat bo‘lgan: qal’a va uning atrofida jamoa a’zolari bo‘lmish hunarmand va dehqonlarning uylari joylashgan. Jarqo‘tonda ibodatxona qoldiqlari topilgan.

Bronza davri manzilgohlari aholisi har xil hunarmandchilik, to‘quvchilik, kulolchilikni rivoj toptirishda zeb-ziynat buyumlarini yasash, qurilish sohasida katta yutuqlarga erishgan. Bronza davrida odamlar kulolchilik charxi va g‘ildirakni kashf etdi. Shu tariqa dastlabki aravalar vujudga kelgan.