Hudud va mashg‘ulotlar
Bolqon yarimoroli va O‘rtayer dengizi orollaridagi qadimgi yunon davlatlarining umumiy nomi Qadimgi Yunoniston deb atalgan. Shimol tarafidan tashqari, Qadimgi Yunonistonni O‘rtayer dengizi suvlari o‘rab turadi.

Yunoniston hududining uchdan bir qismini tog‘lar egallagan. Yunonistonning eng baland tog‘i Olimpdir. Bu tog‘ mamlakatning shimoli-sharqiy qismida joylashgan.
Serunum dalalar faqat vodiylarda bo‘lgan.Tog‘lar o‘t-o‘lanlar va butalar bilan qoplangan.Yunonistonning shimolida va Peloponnesda yunonlar uchun nihoyatda qadrli bo‘lgan nina-bargli o‘rmonlar o‘sgan. Yunonlar qadim zamonlardan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanishgan.

Sivilizatsiyaning vujudga kelishi
Mil. avv. 2-ming yillikda Janubiy Yunoniston va Krit orolida ilk shahar-davlatlar vujudga kela boshladi (Knoss, Miken). Krit orolidagi sivilizatsiya afsonaviy podsho Minos nomi bilan Minoy sivilizatsiyasi deb atalgan. Mazkur sivilizatsiya kuchli zilzila va suv toshqiniga sabab bo‘lgan vulqon otilishi oqibatida vayron bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay qayta tiklangan.
Qit’adagi Yunoniston hududidan jangovar qabilalar bostirib kiradi, ularni axeylar deyishgan. Aynan axeylar Minoy sivilizatsiyasi barbod bo‘lishini nihoyasiga yetkazishdi. Doriylarning Janubiy Yunonistonga bostirib kirishi Miken davlatining tugatilishi va Sparta davlati paydo boʻlishiga olib keldi.

Yunonlarning dengiz sayohatlari
Egey dengizidagi ko‘p sonli katta-kichik orollar, qulay dengiz qirg‘oqlari va qo‘l-tig‘lari yunonlar orasida dengizchilik rivoj topishiga imkon yaratib berdi. Biroq yunonlarda katta kemalar bo‘lmagan, kichik eshkakli qayiqlarda esa sohildan yiroqqa suzib borish ancha xatarli bo‘lgan. Yunonlar adashib qolishdan xavfsirab, ko‘z ilg‘aydigan qisqa masofalarga – oroldan orolga yoki sohil yaqinida suzishgan. Tajribali dengizchilar esa yelkanlardan foydalanib, olis sayohatlarga – Misrga hamda O‘rtayer va Qora dengiz sohillaridagi shaharlarga suzib borishgan. Yunonlar odamlar yashaydigan hududlarni Oykumena deb atashgan.
