Ahamoniylar davlati


Qadimgi Eron aholisi


Mil. avv. VI asrda hozirgi Eron hududida Ahamoniylar sulolasiga mansub shohlar asos solgan Fors podsholigi vujudga keldi. Ahamoniylar davlati jahondagi eng yirik davlatlardan biri bo‘lgan. Hozirgi Eron hududida qadim zamonlarda kassiylar, elamiylar singari turli qabilalar yashab kelgan.

Qadimgi Fors davlati

Vaqt o‘tib bu mamlakatga midiyaliklar va forslar ko‘chib o‘rnashadi. Tog‘oldi vodiylarda aholi dehqonchilik bilan shug‘ullangan, dasht mintaqalarida chorvadorlar kun kechirgan. Eron turli mamlakatlarni bog‘lab turgan karvon yo‘llari chorrahasida joylashgan.


Eron hududida qadimgi davlatlar


Mil. avv. 3-ming yillikda Eronning janubi-g‘arbiy qismida Elam davlati vujudga keldi. Bu davlatning poytaxti Suza shahri bo‘lgan. Elamda jahondagi eng qadimiy yozuvlardan biri yaratilgan.

Qadimiy qo‘lyozma

Kaspiy dengizidan janubi-g‘arbda joylashgan Midiyada qabilalar ittifoqlari vujudga keldi. Mil. avv. VII asrda podsho Kiaksar hukmronligi davrida Midiya qudratli davlatga aylandi. Midiya davlati Bobil bilan ittifoq bo‘lib, Ossuriyani bosib oladi. Eronning janubida, Fors ko‘rfaziga tutashib ketgan yerlarda Fors viloyati – qadimgi forslar o‘rnashgan o‘lka joylashgan.


Kir II – Fors hukmdori


Mil. avv. 558-yilda ahamoniylar sulolasidan bo‘lmish podsho Kir II barcha forslarni o‘z hokimiyati ostida birlashtirdi. Midiya podsholigini bo‘ysundirganidan so‘ng Kir II ulkan lashkar tuzdi va bosqinchilik yurishlarini davom ettirdi. Armaniston, Lidiya va Bobil zabt etildi. Forslar O‘rtayer dengizi sohiliga chiqib, Falastin va Finikiyani bo‘ysundirdi. Kir II ning istilochilik siyosatini vorislari Kambiz II va Doro I davom ettirdi. Kambiz II Misrni zabt etish orqali Fors davlati hududini nihoyatda kengaytirdi.

Forslar jangda
Kir II

Doro I ning islohotlari


Miloddan avvalgi 522-yilda shoh Doro I Qadimgi Fors davlati taxtiga chiqdi. Bu paytda bosib olingan barcha mamlakatlarda qo‘zg‘olonlar avj olib ketgan edi. Ammo ahamoniylar shohi Doro I ularni bostirishga erishdi.

Doro I taxtda

Doro I Qora dengiz bo‘ylarida yashovchi skiflar ustiga yurish qildi. Doro I ning Kichik Osiyodagi yunonlar koloniyalari va Bolqon yarimoroli sharqida joylashgan Frakiyani bosib olishi yunon-fors urushlari boshlanib ketishiga sabab bo‘ldi. Doro I hukmronligi davrida Hindiston shimolidan O‘rtayer dengiziga qadar cho‘zilgan ulkan davlat barpo etildi.

Doro I soqchilari

Doro I butun mamlakat uchun «darik» deb nomlangan yagona oltin tangani muomalaga kiritdi. U qadimgi Fors podsholigi qarorgohi Persepol shahridan O‘rtayer dengiziga qadar «shoh yo‘li» degan savdo yo‘lini qurdirgan edi. Doro I qo‘shinlarni qaytadan tuzdi, saltanatni «satrapliklar» deb nomlangan alohida harbiy-ma’muriy o‘lkalarga taqsimladi. Makedoniyalik Aleksandr mil. avv. 330-yilda Fors davlatini bosib oldi.

Oltin tanga

Qadimgi forslar madaniyati


Suza, Ekbatana va boshqa shaharlar Ahamoniylar davlatining muhim savdo markazlari bo‘lgan. Persepol shahrida Doro I va Kserksning yuz ustunli zali bo‘lgan saroyi qoldiqlari saqlanib qolgan. Saroy afsonaviy va xayoliy qushlar tasviri bilan bezatilgandi. Persepol saroyi devorlaridagi bo‘rtma naqshlarda Ahamoniylar bo‘ysundirgan ko‘pgina elatlar vakillarining tasvirlari saqlanib qolgan. Ular asosan Fors shohlariga o‘lpon keltirayotgan holatda tasvirlangan.


Qadimgi forslar mixxat belgi yozuvidan foydalanishgan. Fors shohlarining bitiklari Behistun va Naqshi Rustam qoyalariga, shuningdek, Persepol saroyi devorlariga o‘yib yozilgan. Ular yurishlar, qo‘zg‘olonlar va davlat hayotidagi muhim voqealar haqida ma’lumot beradi.

Asirlikka olingan qo‘zg‘olon boshliqlarining Doro I huzuriga olib kelinishi. Behistun qoyasi